Tarixi muhammadiy
Download 5.12 Kb. Pdf ko'rish
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- HUNAYN G‘AZOTI
www.ziyouz.com kutubxonasi 235 Alarning so‘zlari tamom bo‘lishi bilan ularning ustiga Rasululloh keldilar va: — Shu hozirda aytgan so‘zlaringizni Alloh menga bildirdi, — deb alarning aytgan so‘zlarini o‘zlariga aytib berdilar. Buni eshitgach, Horis ibn Hishom, Atob ibn Usayd: — Biz endi aniq ishondik, bu kishi payg‘ambar ekandur, yo‘q ersa, Allohdan o‘zga unga xabarni kim yetkazdi? Og‘zimizdan chiqishi bilan aytgan so‘zimizni qaytarib berdi, — deyishib, har ikkovi ham musulmon bo‘ldi. Makka fath bo‘lgan kuni madinalik ansor sahobalar o‘ltirishib, o‘zaro shundoq so‘zlashur edilar: — Rasululloh endi o‘z el-yurtlariga, qavmu-qarindoshlarining ichiga keldilar. Bu yer esa o‘z vatanlari, tug‘ilib o‘sgan joylaridur. Endi shu yerda turishga ko‘ngillari moyil bo‘lib qolsa, qanday qilgaymiz? — deb qayg‘urishdilar. Rasululloh buni sezib, ularga qarab: — Nimalarni so‘zlashayotirsiz? — deb so‘radilar. — Hech so‘z aytmadik, Yo Rasulalloh, — deb yashirgan bo‘lsalar ham, yo‘q aytinglar, deb qistaganlaridan keyin, u so‘zni aytishga majbur bo‘ldilar. Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: — Alloh saqlasin, o‘lsak-tirilsak bir yerda bo‘lurmiz, bir-birimizdan ajrashmoq yo‘qdur, — dedilar. Bu so‘zni anglashlari bilan madinalik butun sahobalarning yuzlari kulib, ko‘ngillari quvondi. Rasulullohdan ajrab qolgaymizmi, degan gumonlari ko‘ngillaridan chiqdi. Yana shu kuni Rasululloh Baytullohni tavof qilib yurgan chog‘larida Fuzola ibn Umayr degan kishi ham Baytullohni tavof qilmoqchi bo‘lib, Payg‘ambarimiz yonlarida ergashib yurdi. Tavof ichida niyati buzilib, Rasulullohni o‘ldirishga qasd qilib, yaqinlashib keldi. Rasululloh unga qarab aytdilar: — Ey Fuzola, shu hozirda sen nimani o‘ylab turibsan? Anda ul aytdi: — Hech narsani o‘ylaganim yo‘qdir, Yo Rasulalloh. Allohni yod qilib zikr ayturman. Rasululloh buning so‘ziga kuldilar. So‘ngra: — Ey Fuzalo, tavba qil, istig‘for aytgil, — deb uning ko‘ksiga muborak qo‘llarini qo‘yib edilar, shu onda uning ko‘nglidan barcha buzuq xayollar ko‘tarildi. Shu haqda Fuzalo aytur: — Menimcha yer yuzida eng yomon ko‘rgan kishim qo‘lini ko‘ksimga qo‘yib edi ani ko‘tarmay turib, eng yaxshi ko‘rgan kishim bo‘ldi. Yana Abu Sufyon shunday aytadi: «Makka fathi bo‘lgan kunlari tavof qilgali Baytullohga kirdim. Mendan keyin Rasululloh ham kirib tavof qildilar. Ko‘zim yuzlariga tushishi bilan ko‘nglimga shunday fikr keldi: «Bu kishi nima sabab bilan bizga g‘alaba qildi?» Darhol Rasululloh menga qarab oldimga keldilar: — Allohning yordami bilan seni g‘alaba qildim, ey Abu Sufyon deb yelkamga qoqib qo‘ydilar. Anda men: «Endi aniq bildim, siz Allohning payg‘ambari ekansiz, yo‘q ersa, ko‘nglimga kelgan bu so‘zni Xudo bildirmagan bo‘lsa, qaydan bilursiz? — dedim». Rasululloh Makkada turganlarida hazrati Bilol Ka’ba ustiga chiqib besh vaqt namozga azon aytar edi. Quraysh yigitlaridan bir nechalari aning aytgan azonini do‘rab (masxara qilib), bular ham azon aytar edilar. Bir kuni shular ichidan Abu Mahzura degan yigit o‘z odaticha Hazrati Bilolni do‘rab azon aytganida Rasululloh eshitib qoldilar. Qarasalar uning ovozi yoqimli ekan, uni chaqirtirib kishi yubordilar. U ham bu ishim uchun o‘limga chaqirildim, deb qo‘rqib keldi. Oldilariga Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 236 kelgach, uning manglayini, ko‘ksini qutlug‘ qo‘llari bilan silagan edilar, ko‘nglida iymon nuri yoridi. So‘ngra azon aytishni unga o‘rgatdilar: — Mana endi sen aniq azonchi bo‘lding. Shu kundan boshlab, Makka xalqiga azon o‘qib turgin, — dedilar. Shuning bilan bu kishi Baytullohga muazzin bo‘lib qoldi. Vafot bo‘lgunchalik shu xizmatda turib, o‘zidan keyin ham ko‘p yillargacha Baytulloh muazzini shu avloddan qo‘yilar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma kuni ertalab Makkaga kirdilar. Shu kuni kechgacha qarshilik qiluvchilar bilan urushmakqa, zararlik kimsa bo‘lsa o‘ldirmakka ruxsat bergan edilar. Shu vaqt o‘tgandan keyin Makka ichida qurol qo‘llanmoq man qilinmish edi. Shunday bo‘lsa ham, buyruqqa qaramay, Islom tarafdori Xuzo’a qabilasi shahar olingan kunning ertasi dushmanlari bo‘lgan Bani Bakr qabilasidan Ibn Aqra’ degan kishini o‘ldirib qo‘ydilar. Bu o‘ldirilgan kishi mushriklardan bo‘lib, hali dinga kirmagan edi. Islom dinida odam o‘ldirish, ayniqsa, Haram tuprog‘ida bu ishning bo‘lishi eng ulug‘ gunoh bo‘lganlikdan Rasululloh bilib, o‘ldiruvchini bek yomonladilar. So‘ngra shu kuni peshin namozini o‘tagandan keyin Ka’ba tomiga (devoriga) suyanib turib ko‘pchilik xalqqa qarata uzoq bir va’z so‘zladilar. Dastlabda Allohning o‘ziga yarasha ulug‘lab, anga hamdu-sano aytdilar. So‘ngra ko‘pchilik xalqqa qarab: — Ey odamlar, bilinglarkim, Alloh taolo yeru- ko‘kni yaratgan kunidan boshlab, bu yerni hurmatli qilmishdir. Va qiyomatgacha bu joyning hurmatini o‘zi saqlaydi. Allohga, oxirat kuniga iymon keltirmish mo’minlar buning hurmatini saqlashlari albatta lozimdur. Bu joyda urush qilib, qon to‘kish u yoqda tursin, bu yer hurmati uchun hayvonlari ham ovlanmaydi, ko‘kargan yog‘ochlari kesilmaydi, jonivorlari qo‘rqitilmaydi. Mendan ilgari ham bu yerda urush qilmoq, buning hurmatini buzmoq hech kimga halol qilinmagan edi, mendan keyin ham hech kimga halol qilinmag‘ay. Haram tuprog‘ida urush qilish, qon to‘kish Xudo tomonidan mengagina ruxsat qilindi. Bu ham ersa vaqtlik bo‘lib, bir kunlik edi. Cheklangan vaqti o‘tgach, yana bu joy o‘z hurmatiga qaytdi. Buni anglaganlar anglamaganlarga, bor kishilar yo‘q kishilarga aytsinlar. Ey Xuzo’a qabilasi! Bundan keyin urushdan qo‘l tortinglar, kishi o‘ldirishdan saqlaninglar. Kim bo‘lsa bo‘lsin, ul odam o‘ldirdi esa, o‘limdan qutila olmaydi. Udurkim, qasos qilib o‘zini o‘ldirgaymiz. YOki o‘lik egasi rozilik berar ekan, xun to‘latgaymiz, — dedilar. So‘ngra Xuzo’a kabilasi o‘ldirgan kishi uchun xazinadan tovon to‘lashga buyurdilar. Yana shu kuni kim Allohga qiyomat kunigacha iymon keltirmish ersa, uylarida bo‘lgan butlarini qo‘ymay sindirsinlar, deb butun xalqqa jar chaqirtirdilar. Bu yerdan chiqqandan so‘ngra Makka xalqi uylaridagi borliq butlarini qoldirmay sindirishdilar. Shu kundan boshlab, Makka shahri ichida butga topinuvchilik qolmaganday bo‘ldi. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xolid ibn Validni o‘ttiz kishi bilan borib, Uzzo nomli butni sindirib, butxonasini buzib kelmakka buyurdilar. Bu esa Makkaga yaqin Nahla degan joyda edi. Hazrati Xolid borib butxonani buzib qaytgach: — U yerda nima ko‘rding? — deb so‘radilar. — Hech nimarsa, Yo Rasulalloh, — dedi Xolid. — Andog‘ ersa butxona buzilmabdur, tez borib uni buzgil, — dedilar Payg‘ambarimiz. Hazrat Xolid darhol u joyga qaytib kelib, butxona vayronasiga g‘azabi bilan qilich sug‘urib kirdi. Qarasa yap-yalang‘och, sochlari xurpaygan bir qop-qora xotin jonining Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 237 boricha Xolidga qarab yugurdi. Butxona boshchisi: — Ey Uzzo, tut dushmaningni, ol ularni, — deb ortidan qichqirur edi. Hazrati Xolid bir qilich urib, uni ikki bo‘lib parchalab tashladi. U yerdan kelib, Rasulullohga buni aytdi ersa: — Uzzo endi o‘ldirilmish. Bu joyda but bo‘lib, o‘ziga topindirishdan uning umidi uzilmishdur, — dedilar. Uzzo arablarning sayidi sanalgan Quraysh va Bani Kanona qabilasining topinadigan atoqlik butlari edi. Arab mushriklari ersa shu butning ilohiy kuchi bor, deb ishonur edilar. Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Amr ibn Osni Huzayl qabilasining butxonasini buzib kelishga buyurdilar. Bularning ersa Suvo’ nomli butlari bor edi. Amr ibn Os u yerga borgandan so‘ngra butxona shayxini ko‘rib, meni Rasululloh bu joyni buzmoqqa yubormishdur, dedi. Anda Sodin degan butxona shayxi: — Buni buzishga kuching yetmaydi. Agar, Suvo’ning qahri kelur bo‘lsa, barchangiz xalok bo‘lgaysiz, — dedi. Amr ibn Os: — Ey bechora, Ka’baga osilmish uch yuz oltmish butni sindirib oyoq ostiga tashladilar. Bu ishdan ziyon ko‘rgan hech kishi yo‘qdur. Haligacha bu buzuq xayol sendan chiqmagan ekan, — deb, o‘zi boshlab urib butni sindirgach, boshqalar butxonani buzib, bir damda vayron qildilar. Sodin bu ishga hayron qolib: — Allohning qudratiga taslim bo‘ldim, — dedi. Yana shu kunlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Manot ismlik butni sindirib, butxonasini buzmakka Sa’d ibn Zaydni yubordilar. Bu esa Makka tog‘lari ichida Qudayd degan joyda yasalgan butxona edi. Madinalik Avs, Xazraj boshliq G‘asson qabilasi va boshqa bir necha qabilalarning Islomdan ilgari kelib topinadigan butlari edi. Buni buzmoqqa sahobalardan yigirma kishi otliq Sa’dga qo‘shilib kelgan edilar. Hazrati Sa’d qilich sug‘urib butxonaga boshlab kirdi ersa, bir qop-qora xotin qip-yalang‘och, sochi yoyilgan, yuz-ko‘ziga urib, «dod-voy» solib yig‘laganicha yugurib chiqdi. Butxona shayxi esa: — Ey Manot, dushmanlaringni ur, ushla! — deb xotin ketidan qichqirur edi. Hazrat Sa’d qilich urib, uni parchalab tashladi. Shuning bilan Makka atrofidagi butun atoqli butlar sindirilib, butxonalari buzildi. Makkaning fath bo‘lgani, arab mushriklari oldida muqaddas hisoblangan butxonalar buzilgani ersa, necha ming yillab qabilachilik dahshati ostida eng og‘ir turmush kechirib kelayotgan arab xalqining bir baxtlik davlatga ega bo‘lishlarining boshlanishi edi. Makkaning fath bo‘lishi, Qurayshning yengilishi butun Arabistonga tarqalgach, arablar o‘zlaridagi qarshilik kuchlarining ildizi bo‘shab qolganini sezmish edilar. Chunki arablar oldida bu ishning yuzaga chiqishi-chiqmasligi Quraysh xalqining yengish-engilishlariga bog‘lanib turgan edi. Shuning uchun Makka olingandan so‘ngra Havozin qabilasidan boshqalari bu ishga ko‘p qarshilik qila olmadilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkaga kirishlarida to‘qqiz kishini ko‘rgan yerda o‘ldirishga buyurgan edilar. Shularning birovi Quraysh raislaridan Safvon ibn Umayya edi. Bu ersa Islom askari Makkaga kirgan kunida jonidan qo‘rqib qochgan edi. Buning amakisining o‘g‘li Umayr ibn Vahb degan kishi iymon keltirgandan keyin Rasululloh qoshlariga kelib: — Yo Rasulalloh, bizning raisimiz Safvon jonidan umid uzib, o‘zini dengizga tashlamoqchi bo‘lib ketmishdur. Shuning joniga omonlik berur bo‘lsangiz, halok bo‘lmasdan oldinroq yetib borib, uni qaytarib keltirur edim. Undan gunohi og‘ir odamlarga ham omonlik berdingiz, Yo Rasulalloh, — dedi. Buni anglab darrov boshlaridan sallalarini olib unga berib: Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 238 — Bu narsa omonlik berganligim uchun belgi bo‘lsin. Tezroq borib uni qaytarib keltir, — dedilar. Rasulullohdan bu iltifotni ko‘rgach, u ham kecha-kunduzlab yurganicha dengiz bo‘yiga yetib bordi. Qarasa kemaga tushib, boshqa bir yoqqa ketmoqchi bo‘lib turgan ekan. Uni ko‘rib: — Ey Safvon, odamning eng yaxshisi oldidan keldim. Mol-joningga ziyon yetmaslik uchun undan omon oldim. Senga ishonchlik bo‘lg‘ay deb, mana, bu dastorini berdi. Endigi maslahat shuldurki, hozir qaytib oldiga boraylik. Sendan ham gunohi og‘irroq bir qancha kishilar ersa undan omon olib, iltifot ko‘rdilar. Agar oldiga borur bo‘lsak, sen ham yaxshilik ko‘rarsan, — deb ko‘p yolvordi. U esa Rasulullohga o‘tmishdagi qilgan yomonliklarini eslab jonidan qo‘rqib, qaytmaslikni aniqlab qo‘ygan edi. Shunday bo‘lsa ham muborak dastorlarini ko‘rgach, bu zotning va’da buzmasligini ilgaridan bilganligi uchun qaytishga ko‘ngil moyil bo‘ldi. Shuning bilan u yerdan qaytib, to‘g‘ri Rasululloh oldilariga keldi. Ko‘rishgandan so‘ng Safvon aytdi: — Ey Muhammad, oldimga bormish bu kishi so‘zicha menim jonimga omon bermishdursiz. Agar bu so‘z to‘g‘ri ersa, Islomni qabul qilish uchun menga ikki oy muxlat bering. Rasululloh: — Ey Safvon, senga to‘rt oy muxlat berdim, — dedilar. Yana, Rasulullohga eng qattiq dushman bo‘lib, ozor bergan kishi Makkada Abu Jahl edi. Badr urushida o‘ldirilgandan so‘ng o‘g‘li Ikrimaning dushmanchiligi otasidan ham ortiqroq bo‘ldi. Chunki u qasos olish uchun Islom qonini ichishga qasam qilmish edi. Shuning uchun: «Uni qayerda tutsangiz, o‘ldiring», deb Rasululloh buyruq berdilar. U buni anglab, qo‘rqqanidan Yaman mamlakatiga qarab qochdi. Uning xotini Ummu Hakim Islomga kirgach, Payg‘ambarimiz oldilariga kelib: — Yo Rasulalloh, sizdan yaxshilik kutib kelgan kishilarning birovini ham quruq qaytarmadingiz. Shu qatorda men ham quruq qaytmasligimga ishonib, erim uchun omon so‘rab keldim. Yana qochib yurib xafalikdan o‘zini halok qilib qo‘ymasin, Yo Rasulalloh, — dedi. Ana Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: — Agar uni qaytarib kelur bo‘lsang, yaxshilik qilurmiz, — dedilar. Buni anglagach, u xotin eri orqasidan yurib dengiz bo‘yiga kelganda unga yetdi. Qarasa, Yaman viloyatiga ketmak uchun kemaga tushmoqchi bo‘lib turmish edi. Unga qarab: — Ey qarindoshim! Eng yaxshi, eng rahmli, eng vafoli kishi oldidan keldim. Shundayin kishi o‘z og‘zi bilan senga omonlik berdi. Abu Qubays tog‘i o‘rnidan ko‘chishi mumkindur, ammo Muhammad bergan va’dasini buzishi mumkin emasdur, — dedi. Qaytishga rozi bo‘lmay turgan kishi xotinidan bu so‘zni anglab ko‘ngli eridi. Har ikkovi birgalashib Rasululloh qoshlariga keldi. So‘ngra Rasulullohga qarab: — Ey Muhammad, xotinimning aytishicha, u sizdan men uchun omon olmishdur. Bu so‘zga ishonganimdan keldim, — dedi. Anda Rasululloh: — Xotining to‘g‘ri demishdur, qo‘limdan kelgudek narsani so‘rar ekansan, uni berurman, — dedilar. Darhol u ham shahodat aytib Islomga musharraf bo‘ldi. Lekin o‘tgan ishlardan uyalib, boshini ko‘tarolmay: — Yo Rasulalloh, ko‘p o‘rinlarda sizga dushmanchilik qilib qarshilik ko‘rsatdim. Meni shu gunohimni Xudoyim kecharmikan? — dedi. Anda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: — Ey bori Xudoyo, Ikrimaning dushmanchilik bilan qilgan ishlarining, meni haqimda Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 239 aytgan so‘zlarining gunohlarini kechirgil, — deb duo qildilar. Ikrimaning kelayotganini ko‘rib, suyunganlikdan o‘rinlaridan turib, arablar odaticha: «Marhabo, xush kelding» deb ridolarini uning ostiga solmish edilar. Ikrima iymonga kirmasdan ilgari urush maydonida bir sahobani o‘ldirmish edi. Buni ko‘rib Rasululloh kuldilar. Anda sahobalar: — Yo Rasulalloh, bizdan bir kishi dushman qo‘lida o‘ldirilganlikdan musibat ustida erurmiz. Bu holda turgan chog‘da kulishingizga nima sababdur? — deb so‘radilar. Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: — Bu ikkovining jannatda bir o‘rinda o‘ltirganlarini ko‘rdim. Bu yerda ersa bir-birlarini o‘ldirishurlar. Shunga ajablanib kuldim, — dedilar. Yana bir kuni Rasululloh tush ko‘rdilar ersa, jannatga kirmish erurlar. Anda har xil uzumlar pishib turgan bir bog‘ni ko‘rib: «Bu joy kimning bog‘i bo‘lgay?» deb so‘radilar. Anda farishtalar: «Abu Jahlning joyidur», deb javob berdilar. Rasululloh: «U jannatga qandoq kirgay, jannat mo’minlarning joyidur», dedilar. So‘ngra Ikrimaning Islomga kirganini ko‘rgach, otasi Abu Jahl haqida ko‘rgan tushlarini o‘g‘li Ikrimaga yo‘ridilar. Shuning uchun Rasulullohning bu qilganlaridan ulgu olib, tush yo‘rimchilar qay bir vaqtlarda otaga ko‘rgan tushni bolaga, bolaga ko‘rganni otaga yuritdilar. Bu yerda Rasulullohning Abu Jahlni ko‘rgan tushlari ersa, o‘g‘li Ikrimaga to‘g‘ri keldi. Hazrati Ikrima Islomga kirgan kunidan boshlab, vafot bo‘lgunchalik katta o‘rinlarda, muhim xizmatda bo‘lib keldi. Hazrati Abu Bakr Siddiq xalifalik davrlarida Shom o‘lkasini fath qilish uchun Xolid ibn Valid qo‘mondasida Suriyaga qirq olti ming Islom askari bilan kirmish edi. Bularga qarshi Rum podshosi Qaysar Hirakl tomonidan yuborilgan ikki yuz ellik ming kuffor askari bilan Yarmuq degan yerda to‘qnashdilar. O‘zlaridan to‘rt-besh barobar ortiq bo‘lgan kuffor askarini shu yerda qattiq yengdilar. Bu esa Rum tuprog‘ida dastlab kirgan Islom askarining birinchi g‘alaba qozonishi edi. Shu urush tugaguncha bosh qo‘mondon Xolid ibn Valid qo‘lida sakkiz qilich singanligi mashhur tarixlarda yozilmishdur. Hazrati Ikrima ham shu qo‘shin ichida bir firqa askar boshlig‘i bo‘lib Shom g‘azotiga chiqmish ekan. Yarmukda bo‘lgan qattiq urushda shahodat topdi. Raziyallohu anhu. Islomga kirmasdan ilgari, yuqorida yozilganicha, urush maydonida bir sahobani shahid qilgan edi. Islomga kirgandan keyin, Shom tuprog‘iga o‘tib, Yarmuq urushida o‘zi shahodat topdi. Har ikkovi jannatning oliy maqomida birga o‘ltirganlarini ko‘rib, Rasululloh kulgan edilar. Buning sirini shu choqqacha hech kishi bilmagan edi. Qachon bu kishi Yarmuqda shahodat topdi ersa, kulganlarining siri shunda ma’lum bo‘ldi. Ikrima kelmasdan turib Rasululloh sahobalarga qarab: — Ikrima kelib iymon keltirur, uning otasi Abu Jahlni so‘kib, yana o‘g‘liga ozor bermanglar. O‘liklarni so‘kish, ulardan qolgan tiriklarini haqorat qilishdur, — dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makka fath bo‘lganidan so‘ng, u joyda o‘n to‘qqiz kun turdilar. So‘ngra Makkadan yuz chaqirim chamalik uzoqlikdagi Toyif shahriga yurmakchi bo‘ldilar. Toyif shahrida Bani Saqif qabilasi yashamoqda edi. Bu safarda askarga sarf qilmoq uchun uch nafar Quraysh raislaridan bir yuz o‘ttiz ming tanga qarz oldilar. Safvon ibn Umayya ellik ming tanga qarz berdi. Abdulloh ibn Abi Rabiy’a, Xuvaytib ibn Abdul Uzzo — bu ikkovidan sakson ming tanga olib, jami bir yuz o‘ttiz ming tanga bo‘ldi. So‘ng bu pullarni askar ichidagi chog‘aylarga ulashtirdilar. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Safo tog‘iga chiqib o‘ltirib, barcha yig‘ilmish kishilardan Islom dini uzra bay’at oldilar. Kelgan kishilar: «Ashhadu alla ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rosuluhu». Ya’ni: «Allohning birligiga, aning quli Muhammadning payg‘ambarligiga ishondim» deb, Rasulullohning qo‘llarini tutib turgan holda iymon keltirur edilar. Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 240 Odamlar to‘p-to‘p bo‘lishib Islom diniga kirgali turdilar. Bu haqda Nasr surasi tushdi: — «Iza jaa nasrullohi val-fathu va roaytannasa yadhuluna fi dinillahi afvajan». Ya’ni: Ey Muhammad, «har qachon Allohdan fath — nusrat kelur bo‘lsa, ko‘rursankim, odamlar to‘p-to‘p bo‘lishib Islom diniga kirgaylar» demakdur. Makkaning fath bo‘lgani, Quraysh mushriklarining yengilgani butun Arabistonga tarqalib ma’lum bo‘ldi. Shu bilan Islom dinining shon-shavkati ko‘tarildi. Barcha arab qabilalariga qo‘rqinch tushdi. Butparastlik davlati yiqilib, Islom davlati rivojga kirdi. Arab qabilalari ersa, qaysi biri qo‘rqqanidan, qaysi biri suyganidan dinga kirisha boshladilar. Yolg‘izlanib toyifliklar va uning atrofidagi Havozin, Saqif qabilalari tushunmaslikdan, o‘jarlik qilishib, Rasulullohga qarshi urushmoqchi bo‘ldilar. Buning xabari anglangach, ular ustiga yurish qilib, Islom haybatini ko‘rsatmoq lozim bo‘ldi. Itob ibn Usayd ismli Quraysh raislaridan yangi musulmon bo‘lgan bir kishini Makka shahriga voliy qilib qo‘ydilar. Bu esa shu kunlarda yigirma besh yoshli o‘spirin yigit edi. Besh vaqt namozga imom bo‘lish vazifasini ham unga topshirdilar. Ansor sahobalarning olimlaridan hazrati Mu’oz ibn Jabalni xalqqa dinni o‘rgatish, Qur’on o‘qitish uchun Makkada qoldirdilar. HUNAYN G‘AZOTI Makka shahri fath qilingandan keyin Havozin, Saqif qabilalarining raislariga qo‘rqinch tushdi. Barchalari yig‘ilishib bu haqda kengash to‘plandig‘i tuzdilar. Alar: — Muhammad ersa o‘z qavmi Quraysh ishidan qo‘li bo‘shandi. Ularning raislari chor- nochor unga bo‘ysunishdilar. Endi bizning ustimizga kelishdan uni to‘skudek hech narsa yo‘qdur. Endigi maslahat shuldurkim, Muhammad bosh-oyog‘ini yig‘ib kuch olgunchalik uning ustiga biz bostirib boraylik, — deyishib shunga to‘xtam qilishdilar. O‘zlaridan boshqa turlik qabilalardan ularga ko‘p xalq qo‘shildi. Har qabila ustiga o‘z raislaridan boshliq sayladilar. Butun yig‘ilgan qo‘shin ustiga Havozin raislaridan Molik ibn Avf degan kishi bosh qo‘mondonlikka tayinlandi. So‘ngra u kishi har bir askar xotin- bolasini, mol-chorvasini o‘zi bilan birga olib kelsin, deb buyruq chiqardi. Bu kelgan dushman qabilalari ichida Bani Sa’d qabilasi ham bor edi. Bu ersa Rasulullohning tug‘ilgandan keyin to‘rt yoshga yetguncha emizib boqqan enagalari Halima xotunning qabilasi edi. Bular ichida Durayd ibn Simma nomli atoqli zo‘r bahodirlardan bir kishi ham bor edi. Lekin bu kishi ersa qarilik vaqti yetib yoshi yuzdan o‘zg‘on, ko‘z ko‘rar nuridan ajrag‘on edi. Shundoq bo‘lsa ham urush ishidagi tajribasidan foydalanmoq uchun uni birga olib yurgan edilar. Bu odam askar ichiga kelgandan so‘ngra, bolalar yig‘isini, har xil hayvonlarning turlik ravishda tovushini qulog‘i eshitib, buning sababi nimadur, deb askar boshlig‘i Molik ibn Avfdan so‘radi. Bu kishi ersa yoshi o‘ttizdan oshab, kamolga yetgan kishi edi. Anda ul: — Dunyoda turgan har kishi uch narsa — joni, oilasi va moli uchun urush qilgay. Mana shularni saqlamoq uchun eng so‘ngi kuchlari bilan urushurlar deb, har askar safining orqasiga o‘z xotin-bolalarini, mol-dunyolarini keltirib qo‘ydim. Endi alar hech qachon bularni tashlab qocholmagaylar. Xotin-bolalarini qo‘riqlab, dushmanga qarshi o‘lgunlaricha urushgaylar,— dedi. Buning shu so‘zini anglagach, qari bahodir: — Hoy kishi, sen askar qo‘mondoni emas, qo‘y-echkilarning cho‘poni ekansan. Dushmandan yengilib qochgan askar oldini hech narsa to‘sa olmagay. Urush ishi o‘lish ishidur. Qilich-nayzasini qo‘lidan tushirmay turib, jon bergan askarlargina dushmanni yenga oladi. Xotin-bola, mol-dunYo qo‘rqqan kishini yo‘lidan qaytara olmagay. Agar dushmanni yengar bo‘lsak, barchamizning tilagimiz shuldur, unda yaxshi ish bo‘lur edi. Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 241 Agar dushmandan yengilar bo‘lsak, mol-jon ketib, yana xotin-bolalarimizni dushmanlarimiz asir, mollarimizni o‘lja qilgaylar. Bu ishdan hech qanday foyda biz uchun chiqmaydur. Endi men maslahat berurman, bu fikrdan qaytib, xotin-bolalarni tarqatib, o‘z joylariga qaytargaysan, — dedi. Yana shunga o‘xshash bir qancha tajribalik ishlarni aytdi ersa, hech birini ham qabul qilmay: — Sen qarilikdan o‘tib, aljib qolibsan, — deb qo‘pollik bilan unga javob qaytardi. Yo‘q ersa buning maslahatidan chiqmaslikka o‘zi va’da bergan edi. So‘ngra qari bahodir buning so‘zidan ko‘ngli og‘rib: — Ey Havozin xalqi, bu kishi ersa menga bergan va’dasini o‘zi buzdi. Ko‘rsatgan yo‘limga yurmadi. Bundan boshqa foyda berarli menda hech ish yo‘qdur. Foyda o‘rniga ziyon chiqarmu deb, qo‘rqib qoldim. Ish bunday bo‘lgach, meni o‘z yerimga yetkazinglar, qaytgayman,— dedi. Anda askar boshlig‘i qilichini qo‘liga oldi va: — Ey xalq! Agar menim shu fikrimga yurmas ekansiz, shu qilichimni ko‘ksimdan qo‘yib, orqamdan chiqargayman, — deb o‘zini o‘ldirmoqqa qasd qildi. Buni ko‘rgan askar boshliqlari: — Qanday bo‘lsa ham senga itoat qildik, sening so‘zing bilan yurgaymiz, — deb har tomondan qichqirdilar. Ulardan va’da olgandan so‘ngra askar tartibini tuza boshladi. Otliq askarlar oldingi safda turdilar. Bular keyinidan nayzalik piyodalarni qo‘ydi. Buning ortidan tuya mingan xotin- bolalar qalin saf bog‘lab turdilar. Qolgan hayvonlar — qo‘y, echki, sigirlarni bir-birlariga bog‘lab, qochganlar o‘tolmagudek qilib zich bog‘lab eng orqaga turg‘uzdi. Bu xabar Rasulullohga borib yetgach, so‘z kelturmak uchun tingchi qilib ikki kishini yubordilar. Bular borib ularning urush o‘rnini bilib, xotin-bola, mol-chorvalari bilan ko‘chib kelgan xabarini keltirdilar. Rasululloh bu so‘zni anglagach, kulimsirab: — Ertaga, inshaalloh, bu narsalar barchasi musulmonlarga o‘lja bo‘lg‘ay, — dedilar. Dushman ustiga yurishdan ilgari askarga ko‘rik o‘tkazish lozim edi. Ko‘rik qilgandan so‘ngra qarasalar, qurol-yarog‘ yetarlik chiqmadi. Anda Quraysh raislaridan Safvon ibn Umayyada urush asboblari borligini anglab, Rasululloh undan so‘radilar. U chog‘da bu kishi iymon keltirmagan edi. Anda ul: — Ey Muhammad, zo‘rlik bilan bo‘lmay, omonat tariqasida olur bo‘lsang, yo‘qolsa to‘lanur bo‘lsa, bor qurolimni bergayman, — deb yuz kishilik qurol keltirdi. Rasululloh: — Bu yarog‘lar esa bizda omonat bo‘lg‘ay, hojat o‘talgandan so‘ngra o‘zingga qaytargaymiz, — dedilar. Yana o‘zlarining yaqin qarindoshlari Horis o‘g‘li Navfaldan uch ming kishilik nayzani urush o‘tgandan keyin o‘ziga qaytarish sharti bilan omonat oldilar. Shuning bilan urush asboblari tugallangan bo‘lib, yurishga buyurdilar. Qarasalar, askar soni o‘n ikki ming bo‘lmishdur. Bulardan o‘n ming askar madinalik ersa, ikki ming askar Makkadan qo‘shilmish edilar. Yana bulardan boshqa otliq, yayov, qari-qartang, xotin-xalajlar ham ko‘p edi. O‘lja olish umidi bilan chiqqan kishilar ham oz emas edi. Safvon ibn Umayya, Suhayl ibn Amr va shunga o‘xshash iymon keltirmagan Quraysh raislariga qo‘shilib, mushriklardan ham sakson kishi chiqdilar. Bularning maqsadlari ersa, o‘lja yoki payt topsalar o‘ch olmoq edi. Shuning bilan yurib-o‘ltirib, dushman yeriga yaqin kelganda, askarga saf bog‘latib, ularga tug‘, bayroq topshirdilar. Muhojir sahobalarga: Hazrati Umar, Hazrati Ali, Hazrati Sa’d ibn Abi Vaqqosga uch tug‘ berildi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling