Tarixiy roman
Download 4.8 Kb. Pdf ko'rish
|
oilaviy hayotini ham fosh qilish mumkin.
Pulni sevadi. Keraksiz joyga xirmon sovurgandek pul sochadi. Kerakli joyga qolganda esa har qanday xasisga ham dars beradi. Keyingi paytda chet elliklar bilan yaqin aloqa qila boshladi. Ba’zilaridan yordam ham oldi. Filmga tushirganmiz. Hasadgo’y. Boshqalarni mensimaydi. Doktorlarning bizga taqdim etgan hujjatlarga ko’ra, paranoya xastaligiga duchor. Agar rahbarlik jilovi qo’liga tegsa, ashaddiy diktatorga aylanadi. Juda tez o’zgaruvchan. Bugun aytgan fikridan ertaga osonlik bilan qaytadi. Ammo birovni dushman deb bilsa, bu fikridan hech qachon qaytmaydi. Xayolparast. Har bir kichik ishini katta qilib ko’rsatishga urinadi. Hozir atrofini o’rab olganmiz. Qayoqqa boshlasak, o’sha yoqqa yuradi… “ Ikkinchi kotib mashinani “almashtirarkan” ish papkalarini qo’ltig’iga yashirdi. O’ziga ajratilgan xizmat mashinasiga mingach ularni qayta varaqlay boshladi. Lekin xayollari “ko’cha kezardi”. Balki mana shu shofer ham ularning odamidir, deb o’yladi. Balki, bu ham men haqimda ana shunday narsalar yozib berar. Balki, ilgaridan bir necha papkalar to’lgandir? Yo’q, xavfsizlik qo’mitasi qarorlarimizga rioya qiladi. Partiyamiz rahbarlari haqida biror bir hujjat to’planishi mumkin emas. Agar shunday hol yuz bersa va u o’rtaga chiqib qolsa, hammasining boshi ketadi. Ammo bularga ishonish qiyin. O’z manfaatlari uchun hech narsadan chekinishmaydi. Karimovning suhbatini yozib olibdi-yu menikini yozmaydimi? O’chirib tashladim, deganiga ishonadigan ahmoq bormi? Birok mendan qo’rqadi. Ikki yildan buyon birgamiz. Haftada bir saunaga boramiz. Bugunga qadar biror joyda hidi chiqmadi. O’zining ham gunohlari menikidan kam emas. Menga o’n sakkiz yoshli qiz topsa, o’ziga o’n etti yoshlisini topadi. Uning dushmanlari yo’qmi? Balki uning orqasidan kuzatadiganlar bordir? Ikki yildan buyon bir qancha ish papkalarini to’lg’azib qo’yishgandir, balki? Ertangi saunani bekor qilsammi? Yo’q, la’nat shaytonga, unga ishonmasam kimga ishonaman? U bilan nima ishlar qilmadik? Vodiydagi voqealar rejasini ikkalamiz o’tirib tuzmadik-mi? Xullas, hammasiga sherikmiz! Aslida nega undan cho’chiy boshladim? Nazarimda Karimov bizning oramizga ham soya tashladi. Uning nomzodini o’zimiz ko’rsatdik. Lekin o’zimizga balo bo’ladiganga o’xshaydi. Ilgari viloyatda ishlaganida sovg’a- salom berib turardi. Endi o’sha sovg’alarni burnimizdan sug’urib oladi-yov?! Moskvadagi rahbarimiz latta bo’lmaganda-ku, buni boplardik. Ha, bo’pti nimalar haqida o’ylayapman o’zi? U xayol surib borarkan beixtiyor ikkinchi “Ish papkasi”ni ochib, uning ilk sahifasini o’qiyotgan edi: “Shavkat Temur. (Sh. Temurov ) 1945 yil tug’ilgan. Ikki marta uylangan. Birinchi xotini bilan ajrlagan. Ish yerida rahbari bilan orasi ochiq. Rahbari millatchi edi, shuning qo’li bilan yer tishlatdik. Uning Moskvadagi idoramiz bilan aloqasi bor. Ammo jilovini bizga berishmayati. U qo’rqmay chet elliklar bilan tez-tez uchrasha boshladi. Topshiriq bizdan emas, Markazdan bo’lishi mumkin. Ulardan ochiqchasiga yordam ham olmoqda. Siyosiy faoliyat bilan birga ingliz tilini ham o’rganmokda. Bu esa uning chet elliklar bilan to’g’ridan-to’g’ri aloqa qilish niyati borligini yoki kelgusida undan boshqa niyatlarda foydalanish rejasi borligini ko’rsatadi. Lekin ikki ukasi va akasi bizning hisobda. Jahlini chiqarish oson. O’jar. O’z fikrini boshqalarnikidan ustun qo’yadi. Atrofiga o’z odamlarini to’plashga harakat qiladi. Majlislarga qarindosh-urug’larini boshlab kelishga usta. Boshqa jumhuriyatlardagi harakat liderlari bilan aloqa o’rnatgan. Tog’asi hukumatga yaqin odam. Undan foydalanish mumkin. Aka-ukalarini rahbarlik ishlariga tortib, jilovlab qo’yish mumkin. Janjalchi. Boshqa liderlar bilan orasiini buzib qo’yish uchun bu fe’lidan foydalanish mumkin. Rahbar bo’lishni, rahbarlik qilishni yaxshi ko’radi va juda istaydi. Ammo quruq nazariyaga bog’lanib qolgan. Boshlagan ishini yarim yo’lda tashlamaydi. Raqibining kichik bir xatosini ko’rsa, undan ustalik bilan foydalanadi. Poytaxt mafiyasiga aloqasi bor. Diniy idoraning sobiq rahbarlari bilan aloqa o’rnatgan. Muftini qo’zg’olon yo’li bilan yiqitish uchun ish olib bormokda. O’zi dindan uzoq. Aroq ichadi. Dindorlar ichidagi odamlarimiz orqali “Namoz o’qimaydi, ichkilikni sevadi, Islomga qarshi” deya har qanday minbardan quvish imkoniyatimiz bor. Lekin Markaz bunga yo’l bermasligi mumkin. Amerikada yashayotgan “vatan xoinlari” bilan aloqa o’rnatgan. Ular Iso Xolis orqali unga kompyuter yubordilar. Bu kompyuter Markaziy razvedka boshqarmasiga oid bo’lishi ham mumkin. O’rganayapmiz. Shantajchi. Odamlarimiz u bilan ro’baro’ kelganda, bu narsaga alohida e’tibor berishlarini talab qilayapmiz… Uning masalasini Markaz bilan gaplashib olish kerak. Bizning so’rovlarni Markaz inkor etmoqda. Markazkom rahbariyati nomidan Moskvaga murojaat qilish taklifimiz hali ham o’z kuchida… “ Ikkinchi kotibning mashinasi saroyga etib kelgani uchun u “Ish papkasi”ni yana yopib qo’yishga majbur bo’ldi. Ichkariga kirarkan bekchi-mirshab: -Sizni “Birinchi” qidirayaptilar, -dedi. -Bilaman, -dedi-da ochiq turgan liftga minib, tugmani bosdi. Uning xonasi ham oltinchi qavatda edi. Binoning bir tarafida Karimov o’tirsa, ikkinchi tarafida u joylashgandi. Bu holni tarozining pallasiga o’xshatishardi. Ammo “tarozining” ikkinchi kotib o’tirgan tomoni og’ir bosardi. Hatto “birinchilar”lar ikkinchi kotibni yonlariga chaqirishga istihola qilib, o’zlari uning huzuriga kelishardi. Mana endi shartlar o’zgardi. Lekin darhol chekinmaslik kerak, deb o’yladi ikkinchi kotib. Hozir to’g’ri uning xonasiga bormayman. Qo’limdagilarni ko’rib qolishi mumkin. Umuman u mening KGBga borganimni qaerdan bildi? Yoki orqamga “dum” bog’ladimi? Balki Melkumov ikki tomonga ishlay boshlagandir? Bundan oldingi ikkita rahbar- Usmonxo’jaev va Nishonovlarning shoxini sindirdim. Birini kamoqqa tiqdirdim, ikkinchisini esa surgun qildirdim. Nahotki bundan qo’rqaman? Hali kechagina huzurimga kelib ko’z yoshi qilgandi. Agar men qo’llamasam bu joyni tushida ham ko’rmasdi. Lekin nonko’rlik qilayapti. Hozirdanoq jiqqa musht bo’lsak, men yutqazaman. Chunki yuqori kecha yuborgan odamini bugun almashtirmaydi. Shu bois chidashim kerak. Bugungi g’irromligini esa javobsiz qoldirmayman. U liftdan tushib, xonasi tomon yurmoqchi bo’lgandi Karimovning yordamchisi Kraynov uning yo’lini to’sdi: -Yong’in! Dunyoga o’t ketdi, -dedi u. -Karimov sizni qidirish uchun hammani oyoqqa turg’azdilar. -Men xonamga kirib chiqay, so’ng ko’rishaman. -U kishiga liftga minganingizni aytdik, eshik ochiq, kutayaptilar, iltimos, yong’inni so’ndirib bering! Anishchev noiloj qoldi. Chapga qayrilib, Karimovning xonasiga kirdi. Uning avzoyi buzuq. Bosh egib stolni chertib o’tirardi: -Ikkinchi kotibning KGBga borishi qaerdan chiqdi?! Yoki davlat to’ntarishi hozirlayapsizmi? Nima gap o’zi? Anishchev shoshib qoldi: -Topshirig’ingiz bo’yicha borgandim. Mana bularni shaxsan o’zim olib keldim. Yuqorining topshirig’i bilan milliy harakat liderlarining “Ish papka”lari birinchi seyfga tushgandi. Uni ochish uchun Melkumov bilan ikkalamiz imzo qo’yishimiz kerak ekan. Chunki sizning topshirig’ingiz ham juda muhim edi. Nusxa ko’chirdik, mana… Ikkinchi kotib bunday sharoitlarga oz tushgan bo’lsa-da ustalik bilan qutulib ketish uchun albatta yo’l topardi. Ba’zan bu fikr menga qayoqdan kelib qoldi, deb o’zi o’ziga qoyil qolardi. Shu lahzada ham Karimovni qiyin ahvolga tushirdi. Unga bu vaziyatdan chiqish uchun imkon bermaslikka urinib so’zida davom etdi: -Yo’lda mashinani to’xtatishimga to’g’ri keldi. Moskvadan telefon qilib, hozir o’tkazilayotgan majlisning kun tartibini so’radilar. -Kim so’radi, qanaqa majlis? -Tashkiliy bo’limdan so’rashdi. Siz mamlakat rahbari bilan gaplashayotganda bo’lim mudiri uning yonida ekan, ba’zi narsalarga qiziqdi. Tushuntirib berdim. Ikkinchi kotib Karimovga birin-ketin zarba urayotgandi. Karimov ringda tentirab qolgan bokschidek muvozanatini yo’qotdi. -O’tiring, o’tiring. Hozir choy buyuraman … -Rahmat, men qahva ichaman, -dedi ikkinchi kotib. -Darvoqe, nimani so’rashdi? -Yumshoq ohangda so’radi Karimov. -Davlat tili haqidagi qonun loyihasiga kiritilgan o’zgartirishlarni. -Qaysi o’zgartirishlarni? -Markaziy qo’mita qonun qabul qilingach, uning ba’zi bandlarini bir necha yildan keyin kuchga kiritish taklifini ilgari surdi. Masalan, mahalliy tilni bilmaydiganlar uchun bu qonun besh yildan keyin kuchga kiradi. Karimov o’ylanib qoldi. Besh yilda bu tilni o’rgana olamanmi? Gapirish-ku gapirish, hatto o’qishim ham qiyin. Kecha bir sahifani ikki soatda arang o’qib chiqdim. Yaxshiyamki Jo’rabekov tilni bilar ekan. Hatto u ham ba’zi kalimalarni tushunmadi. Biz bo’lsak butun davlat ishlarini ana shu tilda yuritmoqchimiz. To’xtab tur, qonun degani hayot emas-ku. Hayot boshqa, qonun boshqa. Qog’ozdagi narsa-qog’ozning mulki. Agar shu buzg’unchilar istayotgan bo’lsalar, qog’ozga yozib qo’yaveramiz. Uni bajarish, bajarmaslik o’z qo’limizda. Bir kun kelib tilni yaxshi o’rganib olsam, balki bu qonunni amalga ham oshirarmiz.Hozircha esa rus tilida gapiradigan birodarlarimizni cho’chitmaslik chorasini ko’rishimiz kerak. -Besh yil oz, -dedi u ikkinchi kotibga. -So’zga chiquvchilarni tayyorlang. Sakkiz yil degan taklifni kiritishsin. Masalan, siz sakkiz yilda o’rganishingiz mumkinmi? -Birgalashib o’rganamiz. -Ikkinchi kotib “Katta”ni yana “chaqib”oldi. -O’rganolmasak, keyinchalik ana shu bandlarini olib tashlaymiz. Bunga yuqoridagilar nima deyishdi? -Ular o’zimizning odam. E’tiroz qilishmadi. -Yaxshi. Darvoqe, bu “Ish papka”larida nima bor? -Iso Xolis bilan Shavkat Temurning kimligi, eng nozik joylari, qilmishlari haqidagi ma’lumotlar. Karimov ham Anishchevga o’xshab har ikki “Ish papkasi”ning ilk sahifalarini o’qib chiqdi. -Demak, birinchi qiladigan ishingiz Iso Xolisning birga o’qigan do’sti Maqsad Muhammad Qulni… nega buning uchta ismi bor? -Hozir shunaqasi moda bo’lgan. -Bo’pti, ana shu “Qul”ni tuzoqqa ilintiringlar. Yo’lini qilib menga tanishtiring. Kallasida biror narsa bo’lsa yonimizda ishlatamiz, jilov qo’limizda bo’ladi. Ikkinchi, do’sti Omon Matchonni esa dushmanga aylantiramiz. Yo’limizga yursa, kelajakda Iso Xolisning qarshisiga raqib qilib chiqaramiz. Hozircha Iso Xolisni Shavkat Temurga qayrang. Shavkatni esa Isoga. Ularni xalqning oldida qo’chqorlardek urishtirmoq kerak… Darvoqe, uning jilovini bu yoqqa olish haqida ham u yoqdagilar bilan gaplashing. Rozi bo’lishmasa yo’lini topib, uni chiqarib yuborish haqida o’ylang…”. Ikkinchi kotib “Xo’p…xo’p…” degani bilan, aslida raqibini “nokaut” qilgandek shaxdam odimlar bilan Karimovning xonasini tark etdi. O’zi uchun ajratilgan kabinetdagi sovutgichdan tunuka qutichalardagi pivolardan birini olib, halqachasidan tortib “tuynugi”ni ochdi va bir hamlada oxiriga qadar ichdi. Xayriyat, muzdekkina ekan, deb o’yladi. Melkumov hayotining safosini biladi. Aytib qo’yishim kerak, uyda ham pivo oz qoldi. Umuman chet elliklar pivoni sifatli qilib tayyorlashadi. U ikkinchi qutichani olib joyiga borib o’tirdi va Moskva bilan gaplashiladigan “VCh” telefonidan KPSS MK tashkiliy bo’lim mudiriga sim qoqdi. Plenumga va sessiyaga hozirlik qanday borayotganini aytib qo’ydi. So’ng: -Olgaga ikki dona uzuk yubordim. Biri o’zimizning Melkumovdan, biri mendan. Tug’ilgan kuniga borolmadik, o’pib qo’y qizingni, -dedi bo’lim mudiriga. Karimov ham ertangi plenum va sessiyaning o’tishidan ko’ngli to’q holda undan keyingi voqealarni o’ylayotgandi. Shu lahzada uni muxolifat ertaga uyushtirishi mumkin bo’lgan namoyish ham u qadar qiziqtirmasdi. Agar quloq solishmaydigan bo’lishsa, bostirish uchun Ichki ishlar vaziriga buyruq berdi. Uni qiziqtirayotgan narsa yangi saylov va undan keyingi Prezident lavozimi edi… “ S U L AY M O N ” [ 2 7 ] Sessiya Karimov o’ylaganidan ham “samaraliroq” o’tdi. Sessiyadan chiqqan Karimov anhor sohili bo’ylab ish xonasiga borarkan, Qizil maydonga mashina kirishining kim ta’qiqlagan ekan deb o’yladi. Nahotki Moskovda ham “Katta”lar piyoda yurishsa? Yo’q, aksincha ular qora Volgalarda Qizil maydondan saf tortib o’tishni yaxshi ko’rishadi. Ulardan mening qaerim kam? Men ham bir jumhuriyatning otasiman. Nega endi piyoda yurishim kerak? Yo’q, bu tartib men uchun emas. Bunga boshqalar rioya qilishsin. Lekin har doim sessiya mana bu kontsert zalida yoki Oliy kengashda o’tishi shartmi? Buni ham hal qilamiz. Sessiya majlislarini o’zim ishlagan binoda o’tkazaman. -Assalomu-alaykum,-qarshi tomondan kelayotgan bir kishining tovushi Karimovning xayollarini bo’ldi. U alik olishga og’iz juftlagandi qarshisidagi kishi to’xtamay gapini davom ettirdi. -Xabarlarni eshitdik, Sizga ming rahmat! Ota-onangizning joylari jannatda bo’lsin, go’rlari nurga to’lsin! Xalqimizning egilgan boshini tikladingiz. Ming yillik orzuimiz amalga oshdi. Ona tilimiz davlat tili bo’ladigan kunlarni ko’rdik. Buni siz bag’ishladingiz bizga. Taxtingiz va umringiz boqiy bo’lsin! Karimov qo’lini ko’ksiga qo’yib rahmat ishoratini qilib, yo’lda davom etdi. Orqadan kelayotgan shahar partiya qo’mitasining birinchi kotibi haligi kishini quchoqlab, qulog’iga pichirladi: “Rahmat, men kutgandan ham yaxshi chiqdi!” Karimov hali xayollaridan ayrilmagan edi. Shu bois yonida kelayotgan xo’jalik ishlari bo’limi mudiriga: -Orqaga qaytamiz, mashinani shu erga chaqiring, -dedi. -Mashinangiz shu erda. Sizni kutib turibdi. -Bu erga kirish ta’qiqlangan emasmi? -Boshqalar uchun ta’qiqlangan, Siz va Byuro a’zolari bundan mustasno. Karimov mudirning so’ng so’zlariga quloq ham solmay sohil bo’ylab lapanglab yurgancha, majlis bo’lib o’tgan binoning old tomoniga o’tdi. Majlisdan chiqqan deputatlar allaqachon tarqalib bo’lishgandi. Bular uchun deputatlik ham ortiqcha tashvish, deb o’yladi Karimov. Yaqinda hammasini bir varakayiga bu tashvishdan qutqaraman. Aslida shunday podadan yaxshisi yo’q. Og’zingdan chiqqaniga “labbay” deyishadi. Qo’l ko’tarib tushirishda bularning yonida robotlar ham ip esholmaydi. Ammo iloj qancha? Teppadan oyoq tirab turishibdi. Nima emish, erkin saylovlar bo’lsin emish. O’zlari-ku erkin saylov qilamiz, deb boshlariga balo olishdi. Majlisbozlikdan boshqa ishlari yo’q. Yuzlarining pardasini yirtib tashlagan mahmadanalarga maydon topildi. Mendan oldingi rahbar-Rafiq Nishonov ham latta ekan, erkin saylov deganlariga ishonib to’rt-besh jo’jaxo’rozni Moskovaga jo’natgan, mana endi tomoshasini biz ko’rayapmiz. Bu yog’ini hal qilib olay, keyin ularning ham tanobini tortib qo’yaman. Karimovning mashinasi ikki daqiqada manzilga etib keldi. U mashinadan tusharkan xo’jalik ishlari mudirini yoniga chaqirdi: -Bundan keyin mashina orqa eshikdan ichkariga kiradigan bo’lsin. Ana u odamlar nimani kutib turishibdi? Yo bular mitingchilarmi? -Yo’q, mitinglar juda sokin o’tdi. Bular shikoyatchilar. Yer uchun ikki qishloq bir-biriga qarshi bo’lgan. Samarqand viloyatidan… Oqsoqollari to’planib, sizning yoningizga kelishibdi. -Bundan keyin men shikoyatchi qabul qilmayman. Saylovlarni o’tkazib olaylik, shikoyat yozishni ham ma’n etamiz. Indamasang bular Ollohning ustidan ham shikoyat yozishadi. Ichki ishlar vaziriga topshiriq ber, avtobuslariga mindirib, chiqqan joylariga jo’natsin. Ammo shu payt oqsoqollar mirshablarni chetga surib, uning yoniga kelishdi. U bir hamla bilan ichkariga kirib ketmoQchi bo’ldi. Ammo oqsoqollar uni o’rab olishgandi. Karimov ularni bir-bir quchoqladi. Ba’zilarining yuzlaridan o’pdi. Keyin: -Qani otaxonlar ovminga qo’l ochinglar, -dedi. -Men sizlarning dardlaringizni yaxshi bilaman, mirshablar bilan oralaringizda bo’lib o’tganlarni “Pravda” gazetasida o’qigandim. O’sha paytda chora ko’rish o’rniga sizlarni gazetaga yozdirib, sharmanda qilganlarni chiqib olgan daraxtlaridan tushiramiz. Mana yaqinda saylov o’tkazamiz. Men nomzodimni sizning tumandan qo’ysam, qo’llaysizmi? Qo’llasangiz, qani ovmin aytaylik. “Ovmin”, “Ovmin”degan oqsoqollar Karimovni qayta boshdan quchoqlab, yuz ko’zlaridan o’pishdi. -Saylovoldi uchrashuviga borganda hamma masalangizni hal qilib beraman, hozir esa hammangiz uy-uyingizga marsh, insholloh, yaqinda ko’rishamiz. Shoshib qolgan oqsoqollar orqaga chekinib, Karimovga yo’l berishdi. Karimov ichkariga kirarkan, oltinchi qavatga chiqishni kutib ham o’tirmay, birinchi qavatdagi hojatxonaga yugurdi. Yuz- qo’lini yuvarkan, boboy zoti juda sassiq bo’ladi, deb o’yladi. Ba’zilarining soqoli ko’karib ketibdi, nos chekavergandan bo’lsa kerak… Karimov jirkangancha qayta-qayta tupurdi-da, yuz-qo’lini takror yuvib, tashqariga chiqdi. Ammo liftning yonida bir zum to’xtab qoldi. Ilgarigi rahbarlar majlisdan keyin viloyatdan kelgan birinchilarga albatta ziyofat qilib berishardi. Bu bilan ham ularning ko’nglini olishardi, ham o’zlariga bog’lashardi. Bu an’anani buzsammi, deb o’yladi Karimov. Yo’q, birdaniga bo’lmaydi, bularning aksariyati oldingilarning dumi. Joylarda chuqur ildiz otishgan, qo’porib tashlash qiyin. Ildizlarini bir-bir chopmoq kerak. Hozir saylov oldidan ularni nishonga qo’yib, muxolifatning yo’lini to’sishim shart. Mabodo birlashib ketsalar ota go’ri-qozixona bo’ladi. Hozircha ularga “Sen yaxshi…” deyishim darkor. Karimov xo’jalik ishlari bo’limi mudiridan “Birinchilar qaerda?”deb so’radi. -Ular bog’dalar. Ziyofatni esa saroy orqasidagi mehmonxonada hozirladik. Karimovning jahli chiqdi. Nega mendan so’ramay hozirlashadi? Kim bularni bu qadar mustaqil qilib qo’ygan? Eh-he, oldimda qancha ishlar bor, deb o’yladi. -Nega men bilan maslahat qilmadingiz? Bugun jumhuriyat tarixida alohida kun. Ona tilimizga davlat tili maqomi berildi. Bu shodiyona uchun sichqonning inidek joyda ziyofat beramizmi? Qachongacha qo’rqib, pisib yashaymiz. Hozirdanoq loyihalarni tayyorlashga kirishing. Saylov o’tgunga qadar ziyofat beradigan saroyimiz bo’lsin. Yangi parlamentning birinchi sessiyasida ulkan qarorlar olamiz. Ularni “yuvish” uchun koshonaga ehtiyojimiz bor, -dedi mudirga. Mudir topshiriqni yon daftariga yozib olarkan, Karimov tashqariga qarab odim tashladi. -Soat nechada to’planishadi? -Siz qachon kelsangiz o’shanda… Darvoqe, ziyofat joyini “ikkinchi” bilan maslahat qilgandik. -Bu ishlarda ikkinchi-pikkinchi yo’q. Hammasini men bilan maslahat qilasan. Tabiiyki, bu erda ishlashni istasang. Yo, mening odamim bo’lasan yoki hech kim. Karimov tashqariga chiqqanda quyosh yotog’iga bosh qo’ya boshlagan, vujudidan qon sizib chiqayotgan askardek bir musht bo’lib qolgandi. U quyoshning bu holidan norozi bo’lgandek shafaqqa razm solib turgandi, yaqindagi stadiondan muxlislarning sasi yuksaldi. -Nima gap? -deb so’radi Karimov mudirdan. -Bugun futbol komandalarining uchrashuvi bor edi. -O’sha “ikkinchi”ngga ayt, Sport qo’mitasi raisini ishdan olishni buyursin. Bundan keyin mening iznimni olmasdan biror bir harakat qilinmaydi. Burnimning tagida sakson ming odam qichqirib o’tirsa-yu, men bexabar. Shahar bedarvoza emas! Oradan ko’p o’tmasdan uning “Shahar bedarvoza emas” degan gapi og’izdan og’izga o’tib, mashhur bo’lib ketishini hali o’zi bilmasdi. Bora-bora bu gap har bir rahbarning ham buyrug’i, ham iltijosi, ham qalqoni, ham qilmishiga aylanajagini Karimov bilmasa-da, voqealar shu atrofda rivojlanajagini his etardi. U Sulaymon ayri, devlar ayri bo’lishini istamasdi. Devlar Sulaymon uchun, Sulaymon yashasa, devlar yashaydi, deb o’ylardi. Buni haqiqatga aylantirish uchun har bir daqiqa, har bir soniyadan foydalanib qolishga urinardi. Uning hayot -mamoti, jon-jahdi, orzu umidi ana shu edi. N O M Z O D [ 2 8 ] Karimov ziyofatdan kech qaytdi. Vaqtini behuda ishga sarflagan odamdek yotgan joyida uzoq to’lg’andi. Ichkilik-u egulikning serobligidan o’z nasibini olgan Karimov bu yukning og’irligidan bo’lsa kerak ko’zi yumilishi bilan tush ko’ra boshladi. …Baland tog’. Teppada ikki qoya, ikkisi ham qilichga o’xshaydi. Qoyalarning ustida ikki maxluq. Birining to’rt oyog’i, olti qo’li, bir qancha qanoti bor. Ikkinchisining esa bir qo’li, bir oyog’i, bir ko’zi bor. Karimov o’rtada muallaq. Maxluqlar unga ashula ayttirishayapti. Mahalliy tilda ashula bilmayman, desa ham “Aytasan, aks holda pastdagi balchiqqa otib yuboramiz” deb po’pisa qilishardi. U esa bilmagani uchun majburan ruscha aytardi. Maxluqlardan biri ashulasidan bezdi, shekilli, uni otib yuborgandi, ikkinchisi ushlab oldi. Maxluq peshonasining terini artaman degandi, kaftidagi kichkina qilichlar Karimovning yuzini qirib yubordi. Og’riqdan bo’lsa kerak o’zini yon tarafga otgandi pastga tushib ketdi. Balchiqning hidi ko’nglini behuzur qildi. Lekin atrofning yumshoqligi huzur baxsh etdi. Miriqib uxlash uchun balchiqqa bosh qo’ydi… Karimov uyg’onganda bosh uchida kundalik gazetalar turardi. Yonboshlagancha “Qishloq Haqiqati”ni olib sarlavhasiga nazar tashladi: Karimov so’z berdi-nomzodini Kattaqo’rg’ondan ko’rsatadi”. Sarlavhaning ostida uning oqsoqollar bilan o’pishib turgan payti aks ettirilgan surat. U jahl bilan bosh uchidagi tugmani bosdi. Eshik ochilib, ichkariga umr yo’ldoshi Tatyana kirdi. -Seni chaqirdimmi, hayvon, -deya baqirdi umr yo’ldoshiga Karimov. -Qani bu ho’kizlar? -Ertalab kelishgandi, siz hali uxlasangiz kerak, deb gazetalarni olib qoldim. -Sen qachondan xo’jayin bo’lib qolding? Mening ishimga bosh suqma, demaganmiman? -Kechasi bilan alahsirab chiqdingiz. Biroz dam oling, devdum. -Ha, qilg’ilikni qilib qo’yib, sutdan chiqqan qoshiqqa o’xshab turasan. O’zingga gard yuqtirmaysan. Download 4.8 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling