Tarixiy roman
Download 4.8 Kb. Pdf ko'rish
|
a‘zolari “Biz Markaziy televideniye muxbirlari” deya soxta hujjat bilan kirishgani va bu yerdagi
tortishuvimizni ipidan ignasigacha yozib olayotgan paytda qo‘lga tushirdik. Kameralarini tortib oldik va o‘zlarini hurmatli mirshablarimizga topshirdik. Ular yozib olganlarini Moskvaga yetkazib bermoqchi ekanlar. Bu xoinlikning birinchi pardasi. Ikkinchi pardasi esa bundan bir soat oldin yuz berdi. Moskvaning “Vremya” ko‘rsatuvi ushbu majlisimizda “Karimov ishdan olib tashlandi”, degan mash‘um xabarni e‘lon qildi. Bu xabarni mana shu yerda o‘tirgan ayrim deputatlar yuborishganini ham o‘rgandik.Ulardan biri o‘zini sotib qo‘ydi. Biz Moskvaga telefon qilmoqchi bo‘lib turganimizda “Menda televideniye rahbarining telefoni bor” deb qoldi. Hatto ular do‘st ham ekanlar. Mana sizga xoinlik, mana sizga haqiqat! Zalda shovqin-suron boshlandi. Ha, qozonni qaynatib yubordim, deb o‘yladi Karimov. Kecha matbuot kotibi bu o‘yin haqida gapirganida u qadar ahamiyat bermagandim. Lekin ish berib qoldi. Tirranchalarning hammasi tuzoqqa tushadigan bo‘ldi. Xoinlik tamg‘asini yopishtiraman ularga. Ularning somonxonasi shu yer ekan. Ammo Ubaydulla Abdurazzoqov ham o‘pkasini yutgan odamlardan, hatto artistlar ham bunday gapira olmaydi. Ba‘zan shunaqangi so‘zlarni topadiki, odamni eritib, suvga aylantirib yuboradi. Aslida unga ham qiyin. Bir marta ishdan “urilib” atrofdagi odamlarning munosabatini, kamsitishlarini ko‘rdi. Endi yana yuqoriga chiqib qoldi. Tushib ketmaslik uchun artistlik u yoqda tursin, tulkilik ham qiladi. Karimovning xayoli yana bo‘lindi. Chunki o‘rtadagi mikrofon oldiga Mirtemir kelgandi. U majlis raisining mikrofonni ochishini kutmasdan hammaga eshitiladigan ovozda gapira boshladi. Ammo Karimov ba‘zi kalimalarni tushuna olmagani uchun majlis raisiga “mikrofonni och” deya ishorat qildi. -Birinchidan, hurmatli vazir bilib qo‘ysinlarki, bu majlis to‘g‘ridan to‘g‘ri televideniye orqali ko‘rsatilmoqda. Bizning xalqdan yashiradigan gapimiz yo‘q, biz xalqning vakilimiz. Hamma harakatimiz oshkora qilinmoqda. Ikkinchidan, siz kamerasini olib qo‘ygan odamlar haqiqatdan ham televideniye muxbirlaridir. Biz ularni yaxshi taniymiz. Qachondan beri haqiqatni suratga olish xoinlik bo‘lib qoldi? Uchinchidan, siz ismini aytishga qo‘rqqan va xoinlikda ayblaganingiz men bo‘laman. To‘rtinchidan, Moskvadan berilgan xabar orqasida katta o‘yin bor, bu xabar hukumat idoralaridan yetkazilgani haqida ma‘lumotimiz bor. Beshinchidan esa, Moskvadagi Markaziy televideniye rahbari Sagalayev ilgari shu yerda ishlagan va uni ko‘pchilik yaxshi taniydi. Yuqoridagi o‘yinni fosh etmoq uchun uning telefonini vazir janoblariga men berdim. Birgalikda telefon qildik, lekin boshliq ta‘tilda va chet elga ketgan ekan. Bu voqea bundan bir soat oldin emas, balki ertalab yuz berdi. Lekin vazir kartaning ikkinchi tomonini ko‘rsatayaptilar… Karimov, o‘zim so‘zga chiqmasam hamma narsa qaytadan boshlanadiganga o‘xshaydi, Ubaydulla Abdurazzoqov xol qo‘ydi, deb o‘yladi. Lekin bu hol go‘zallik xoli emas, balki fohishaning labidagi zangor xolga o‘xshaydi. Ishni shu qadar ham xom qilish mumkinmi? Zaldagilarning kayfiyatlari yuz foiz o‘zgarib turgan bir paytda hamma ishni buzib yubordi. Karimov o‘ylarini tizginladida barmoqlari bilan oldida turgan mikrofonni cherta boshladi. Bu “mikrofonni och” belgisi edi. Rais “ochildi” deya boshi bilan imo qildi. -Mirtemirjon, – deya Mirtemirning so‘zini kesdi Karimov. – Ko‘rinib turibdiki, o‘rtada anglashilmovchilik bor. Lekin g‘isht qolipdan ko‘chgan, tuhmat esa boshimizga yog‘ilgan. Shu sababdan majlisning alohida bir komissiyasini tuzishni taklif qilaman va uning raisligiga hammamiz uchun adolatning tarozisiga aylangan hurmatli shoirimiz Erkin aka Vohidovning nomzodini ko‘rsataman. Karimov bir o‘q bilan yetti quyonni urgandek his qildi o‘zini. Vohidovning so‘zga chiqmagani uchun shirin gaplar bilan taqdirlagan bo‘lsa, ayni paytda bu nomzod Mirtemir va uning do‘stlarini ham qoniqtiradi.Chunki ular hali o‘yinning farqida emas. Vohidovni erkin inson deb o‘ylashayapti. Bu komissiya boshida Vohidov tursa, xulosani istagan so‘qmog‘imga buraman. -Hurmatli raisimizdan iltimos qilaman, masalani ovozga qo‘ysinlar, – dedi Karimov. So‘ng bir narsa esidan chiqib qolgan kishidek yana mikrofonni ochtirdi. -Ha, darvoqe, bu komissiyada muxolifatdan ham bir kishi o‘rin olishini istayman. Mening nazarimda Surat Boltayev eng to‘g‘ri nomzod. U kishi hozirki hozir, sotsializm davrida ham rahbarlarning yuziga kamchiligini ochiq aytgan insonlardan, – Karimov majlis raisiga burildida so‘zini davom ettirdi: -Endi ovozga qo‘yishingiz mumkin. -Boshqa takliflar bormi? – deya zalda o‘tirganlarga murojat qildi rais. “Ho‘kiz” deb o‘yladi Karimov, so‘rab o‘tirguncha ovozga qo‘yavermaysanmi? Hozir yana tortishuv boshlanib ketsa nima bo‘ladi? Xayriyatki, o‘tirganlar boshqa bir taklif ko‘rsatishmadi. Rais ovozga qo‘ygandi Karimovning taklifi tasdiqlandi. Demak, mashina ishlay boshladi, deb o‘yladi Karimov. Odamlarning asabi o‘z o‘rniga qaytdi. Asab mashinaga o‘xshaydi, yo‘ldan chiqdimi tamom, yana qaytib izga tushguncha kutib turmoq kerak. Bir izga tushib olgandan keyin temir yo‘lda harakat qilgandek bir chiziq bo‘ylab boraveradi. Endi nimani ovozga qo‘ysak, o‘tib ketaveradi. Lekin bugun “risk” qiladigan payt emas, asablarni yaxshilab o‘ldirishim kerak. U yana majlisga qarab “Men so‘z istayman” dedi va o‘rnidan turib minbarga qarab yurdi. U minbarga yetib kelgan va gapira boshlagan bo‘lsa ham majlis raisi unga so‘z berilajagini e‘lon qildi. -Bugun mening sha‘nimga aytilgan hamma gaplar, hamma tanqidlar to‘g‘ri. Inson xatosiz bo‘lmaydi. Men ham onamdan prezident bo‘lib tug‘ilganim yo‘q. Sizning yordamingizga muhtoj odamman. Mana qo‘limda o‘ttiz sakkiz millatvakili imzo qo‘ygan bayonot bor. Oz emas, ko‘p emas o‘n sahifadan iborat. Bu yerda iqtisoddan siyosatga qadar hamma sohada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarim ko‘rsatib berilgan. Bundan keyin bu hujjat men uchun yo‘lchi yulduz bo‘ladi. Buni Mirtemir ukamiz yozganini ham yaxshi bilaman. Adolatni va bor gapni yozganki, aytaylik, shuncha millatvakili uning ostiga imzo chekkan. Men bu yerda, ya‘ni mana bu manbarda qo‘limni peshtaxta qilib o‘zimni oqlamoqchi emasman… – Karimov ba‘zi so‘zlarni adashib aytayotganini o‘zi ham his qildi. “Aytaylik” kalimasini “eytaylik” deb yuborgandan keyin xayolida adashdim degan fikr aylana boshladi va minbarni “manbar”, peshni “peshtaxta” deb gapirdi. Nutqimni qisqa qilishim kerak, aks holda o‘zim ham izdan chiqib ketishim mumkin, deb o‘ylagan Karimov masalaning ikkinchi qismiga o‘tdi. -Aslida bugun saylov haqidagi qonun muhokama etilishi kerak edi.Tanqidlar shuni ko‘rsatadiki, bu qonun loyihasida ham jiddiy kamchiliklar mavjud. Shu bois uni orqaga olmoqchiman. Karimovning ko‘zi zaldan pildirab chiqib ketayotgan kishiga tushdi. U oltin konlarining boshlig‘i edi. “Voy, ablah!” deb o‘yladi Karimov. “Voy, nonko‘r! Seni o‘ris deb bo‘shatishni talab qilganlar oz bo‘ldimi, qing‘ir-qiyshiq ishlaringni ro‘kach qilganlar-chi? Xo‘p, sodda odam ekanman. Insonlarni tanimoq qiyin deyishardi, ishonmasdim. Qara-ya, tag‘in men gapirayotgan paytda isyonkorona chiqib ketmoqda. -Ana u Ivanov singari odamlar uchun farqi yo‘q, – Karimov ko‘rsatgich barmog‘i bilan zaldan chiqib ketayotgan kishini ko‘rsatib, jahl bilan so‘zda davom etdi. – Bular uchun hech narsaning farqi yo‘q. Aytaylik, mas‘uliyatni ham bilishmaydi, aytaylik, rahbarlikni ham bilishmaydi, aytaylik, ish qilishni ham bilishmaydi, aytaylik, mana shu yerda o‘tirishni ham bilishmaydi! Karimov qo‘lini musht qilib qanday o‘tirish kerakligini ko‘rsatgan bo‘ldi va so‘zda davom etdi: -Mana shunday latta rahbarlar tufayli men jo‘jaxo‘rozlarning yonida qizarib qolaman. Ana shunday ishyoqmaslar tufayli menga dashnom berishadi… Shu payt Mirtemir o‘rnidan turib Karimovga yuzlandi: -Kechirisizu lekin shu yerning o‘zida ham o‘zingizga zid gapirayapsiz. Hozirgina xatolaringizni tan olib turgandingiz, orqasidan kamchiliklaringizni ko‘rsatgan odamlarni mensimasdan haqorat qilayapsiz, – dedi. Karimov izdan chiqib ketganini sezib qoldi, shekilli, tomog‘iga bir narsa tiqilgan odamdek kafti bilan og‘zini bekitib yo‘talgan bo‘ldi. Bu yolg‘on yo‘talishi o‘zini ham qoniqtirmadi, bardoqda almashtirilmay qolgan suvni olib ho‘pladi. Majlis xizmatkorlari hayotlarida ilk bor bunaqangi tortishuvni ko‘rishganidan hind kinofilmini tamosha qilayotgan bolalardek og‘izlari ochilib qolgan va suvni almashtirishni ham unutishgandi. Karimov bardoq ostidagi bir ho‘plam suvni ichib bo‘lgach, buni angladi va qo‘lidagi bo‘sh bardoqni raisning yuziga uloqtirmoqchi bo‘ldi. Lekin o‘zini tutib qoldi. -Siz haqsiz, – dedi u Mirtemirga qarab. – Raisdan iltimos, majlisning bugungi qismiga shu yerda nuqta qo‘ysin. Ivanovga o‘xshab charchab qolganlar mehmonxonaga borib… Karimov “mehmonxonaga borib araqlarini ichsin” demoqchi edi, lekin gapining davomini yutib yubordi. -Iltimos qilaman yoshu mard va jasur millatvakillari shu yerda qolsinlar. Kerak bo‘lsa ertalabgacha o‘tirib masalalarni muhokama qilamiz, kerak bo‘lsa kelajak uchun dastur hozirlaymiz, – dedi. Majlis raisi nima qilishini bilmay, shoshib qolgandi. Karimovning oldida gunoh qilib qo‘ygan boladek seskanib turardi. Majlisni yopishga talaygina vaqt bo‘lsada, u itoatkorlik bilan Karimovga bo‘ysundi va bu orada o‘zini ham oqlab olmoqchi bo‘lgandek millatvakillariga murojaat qildi: -Bizda demokratiya yo‘q, deganlar kelib demokratiyani bizdan o‘rganishsin. Bugun bu yerda parlamentimiz bizni sevmaganlarga demokratiya darsi berdi. So‘z erkinligi yo‘q, deganlarning bo‘g‘ziga paxta tiqildi. Mikrofonlarimiz har bir so‘z istagan millatvakili uchun ochiq edi bugun. Matbuot erkinligi yo‘q, deganlarning ham paytavasiga qurt tushdi. Chunki bugungi majlisimiz jonli o‘laroq namoyish etildi. Tanqid va o‘z-o‘zini tanqid yo‘q, deganlar yuzlari shuvut bo‘lib qoldilar. Chunki istagan odam prezidentimizni tanqid qildi. Islom aka bu tanqidlarni qabul qildilar. Mana shunday ishchan ruh va kayfiyatda majlisimizga ertaga qadar tanaffus beraman. Ammo hurmatli Islom akam bilan savol-javobi bo‘lgan yoshlar qolsinlar! Karimov majlis raisining yaltoqlanishiga zaharxandali jilmayishi bilan javob qildi. Zalda yuzga yaqin millatvakili qoldi ularning orasida Vohidov, Iso Xolis, Asqarov yo‘q edi. Ular yo o‘zlariga oid vazifani bitdi deb, yo o‘zlarini yoshlarga daxldor bo‘lmaganlarini “ko‘rsatib qo‘yish” uchun ketib qolgandilar. Karimov yoniga Ravil Abduqodirovni chaqirdi: -Sen daftar ol, – dedi. – Uni surg‘uchla. Qanday talab tushganini, talab kim tomondan berilganini, kim bajarajagini va muddatini yozib bor. Oxirida har ikki tomon qo‘l qo‘yamiz. Kommunistik partiya davrida har bir idorada ana shunday daftarlar yuritilardi. Bu intizomnisaqlashningasosiyomilihisoblanadi. Ammotashqaridako‘zbo‘yamachilik, daftarda esa so‘zbo‘yamachilik hukmron bo‘lardi. Hammaning diqqati ana shu daftarlarga qaratilar va ularni surg‘uchlashdan to‘ldirishga qadar bo‘lgan daqiqa hayot mamot masalasiga aylanardi. Karimov shu tajribadan kelib chiqib intizom o‘rnatmoqchi edi. -Siz gapiring men eshitaman, – dedi Karimov millatvakillariga. – Har qanday masalani, har qanday ohangda gapirishingiz mumkin. Zotan televizorchilar ketib qolishgan. Xalqqa ko‘rinib qo‘yish uchun gapiradiganlar ham ketib bo‘lishdi. Xo‘sh, kimdan boshlaymiz? Mirtemir o‘rnidan turib: -Biz hamma talablarimizni majlisga taqdim etilgan bayonotimizda ifoda etgan edik, – dedi. -U majlisga berilgan hujjat, ko‘pchilik imzo qo‘ygan va ba‘zilari allaqachon imzolarini qaytib olishdi. Shu sababdan har kimning mendan qanday talabi bo‘lsa, marhamat, aytsin, men bajaraman. Sizlarga yana bir takrorlamoqchiman, atrofimdagilar bilan ishlash qiyin, yalqovlar, yolg‘onchilar, manfaatparastlar qurshovida qolganman, sizning yordamingizga muhtojman! Shu payt “O‘zbekiston ovozi” gazetasida bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgan deputat Nomoz Sa‘dullayev pildiragancha minbarga chiqdi. -Men uzoq rayondan saylanganman. Majlisda faqat gap bo‘layapti-yu natija yo‘q. Hozir dehqonlarning eng muhim pallasi. Tabiat, ob-havo bizning tortishuvlarimizni kutib o‘tirmaydi. Men saylovchilarim nomidan hurmatli prezidentimizga iltimos qilmoqchiman. Bizga bir dona traktor ajratsangiz, ertaga shudgor ishlari boshlanib ketadi, traktor hayotiy masalaga aylanadi. -Yaxshi, – dedi jiddiy ohangda Karimov va ishchanlik kayfiyatida Ravilga qayrilib: -Yoz, Qishloq xo‘jalik vaziri nazoratga olsin, o‘n besh kundan keyin natijasini menga aytasan, – dedi. Nomoz Sa‘dullayevning bu talabi bejiz emas edi. Qolaversa u bu qadar sodda ham emas. Gazetadagilar u haqda gapirganda “Chanqagan odamni daryoning sohilidan suvsiz qaytaradi” deyishadi. Hozir ham uning talabi soddalarga qarshi yo‘naltirilgan bo‘lib, qopning og‘zini ochib yubordi. Millatvakillari birin-ketin avtobus so‘rashga, gaz o‘tkazib berishga, suv quvurlari yotqizishga, kolxozdan klub ochishga, bolalar bog‘chasi qurishga oid talablarini ayta boshladilar. Bu hodisadan Mirtemirning jahli chiqdi va oldingi qatorda o‘tirgan Oygulga: -Sizga ham bir dona traktor kerak emasmi? – dedi. – Vaqtni qochirmang, temirni kizig‘ida bosing. Oygul Mirtemirning nimaga sha‘ma qilganini angladi, shekilli, o‘rnidan turib minbarda talabini aytayotgan millatvakilining so‘zini bo‘ldi: -Biz rayon selxoztexnika idorasining majlisiga kelganimiz yo‘q. Bu yerda mamlakatimizning kelajagi, tanlagan yo‘limiz haqida bir qarorga kelishimiz kerak, – dedi. Gapirayotgan yigitning bunga jahli chiqdi: -Traktor mraktor so‘raganlarga bir nima demaysiz, lekin men maktab haqida gapirayotganimda, so‘zimni bo‘lasiz. Xo‘sh, maktab mamlakatning kelajagi emasmi? Yerlar shudgor qilinmasa, millat och qolmaydimi, qishloqqa gaz o‘tmasa, odamlar sovuq qotmaydimi? Mana bu yerda o‘tirib olib Turkistonni tuzganingiz bilan xalqning hayoti o‘zgarmasa nima foydasi bor?!… Mirtemir o‘rnidan turib minbarning yoniga keldi va ma‘ruzachi so‘zini bitirishini kutib turdi. Buni ma‘ruzachi “gapingni kalta qil” manosida tushundi, shekilli, jahl bilan minbarni tark etdi. Mirtemir uning o‘rniga chiqdi-da: -Millatvakili prorab, zootexnik, quruvchi emas. U davlat arbobidir. Bugun sizning biringizga traktor berilar ekan, bu osmondan yoki Urusiyaning hisobidan olib berilmaydi. Balki birovning haqi yulib olinib sizga beriladi. Bu etakning bir tomonidan kesib olib, boshqa bir tomonini yamagandek gap. Masala esa hatto etak haqida ham emas, masala etakning gazlamasi haqida. Biz bugun qaysi yo‘ldan borishimizni aniq belgilab olmas ekanmiz, millatvakillarimizning tushiga faqat traktorlar va avtobuslar kiraveradi. Turkiston haqida gapirdingiz. Bugun uchun eng yaxshi malham Turkiston birligidir. Turkistonning millat, til, madaniyat birligi haqida gapirishning hojati yo‘q, chunki bu mavjud va bor haqiqatdir. Uni inkor ham, yo‘q ham etolmaysiz. Ammo iqtisodiy birlik, harbiy birlik bizning kelajakdagi eng buyuk qurolimiz bo‘ladi… Karimov mikrofonni cherta boshladi. Mirtemir so‘zini kesib Karimovga burildi: -Mening traktor yoki avtobus talabim yo‘q, – dedi va minbardan tushdi. Karimov suvning oqishi boshqa yoqqa burilib ketishini o‘nglamoqchi edi. -Uka, – deya u Mirtemirga yuzlandi. – Siz mening yuragimdagi gaplarni aytdingiz. Lekin ko‘rinib turibdi-ki bugun bir qarorga kelolmaymiz. Shu sababdan kelishib olsak. Men ertadan boshlab parlament talablarini o‘rganish, ular asosida siyosat yo‘lini belgilash uchun o‘zimga bir yordamchi vazifasini joriy etsam. Unga kerakli barcha huquqlarni bersak. U siz bilan mening har oyda bir marta mana shunday yuzma-yuz uchrashuvimni tashkil etsa, talablaringiz ijrosini nazorat qilib borsa. Sizlar bilan birga mamlakat ichki va tashqi siyosatining dasturini hozirlab, menga taqdim etsa va ijrosini nazorat qilib borsa. Nima deysizlar? O‘rtaga bir zum sukunat cho‘mdi. Bu ayni paytda tashabbuskor millatvakillarining mag‘lubiyat ko‘chasiga kirganlarini tan olganlari ifodasi bo‘lsa, boshqa tomondan rizolik, sulh alomati ham edi. Sukunatni yana Karimov buzdi: -Oralaringizda mana shu vazifani bajara oladigan mard topiladimi? Tanqid qilish oson, lekin bir ishni bajarish oson emas. Mana Mirtemir ukamiz tanqid qilishni sevadilar. Agar xalq va mamlakat haqida o‘ylaganlarini amalga oshirmoqchi bo‘lsalar, kelsinlar birgalashib ishlaylik. Meni ishontira olsa, har qanday yo‘ldan borishga roziman, – dedi. Mirtemir o‘rnidan turib rad javob bermoqchi edi, Toshpo‘lat Jo‘rayev “O‘tirsangizchi” – dedi unga. Murod esa “U rozi, biz ham uning nomzodini ko‘rsatamiz” – dedi. Oygul bo‘lsa, orqaga qayrilib, Mirtemirga “Tabriklayman” deya jilmayib qo‘ydi. -Demak, Mirtemir ukamizni tabriklayman, – dedi Karimov– Ravil, sen hamma talablarni Mirtemirga topshirasan va bu masalalarda unga yordam berasan. Qolgan gaplarni esa ertaga gaplashamiz, – dedi Karimov. Lekin Mirtemir o‘rnidan turib bu vazifag o‘tmasligini aytdi. -Ha, qo‘rqdingizmi?-dedi Karimov,-gapirish oson, ammo ishlash qiyin… Bu gap bilan u Mirtemirni mot qildi va majlisga nuqta qo‘ydi. U o‘rnidan turib, eshik tomon yurar ekan, Ravil uning yoniga kelib: -Nozir akani ushlab turibmiz, Kraynov gapga tutib turibdi, yoki javobini berib yuboraylikmi? – deb so‘radi. -Chaqir, bog‘da gaplashamiz, – dedi Karimov. Nozir Jabborov Karimovning institutda birga o‘qigan kursdoshlaridan biri edi. Nozir Karimovga ko‘ra oldinroq mansab kurslarini bosib o‘tdi. Vazir bo‘ldi, keyin Markaziy Qo‘mita bo‘lim mudiri, undan keyin yirik viloyatning rahbari. Juda ko‘p xayrli ishlari bilan xalq orasida nomi chiqdi. Qaysi viloyatda qurilish, obodongarchilik, xalqqa xizmat oqsab qolsa, uni o‘sha yoqqa yuborishardi. Karimovga ham uning ko‘p yordami tekkan. Nozir Jabborov Mirtemir yashagan viloyatga rahbar bo‘lib kelganda, bu yerda biror ish qila olmaydi, deb o‘ylashgandi. Chunki butun jilovlar o‘g‘ri “bobo”larining qo‘lida edi. Bir yilning ichida Nozir Jabborov o‘g‘risi bormi, mafiyasi bormi axlatni supurgandek supurib tashladi. Sichqonning inini ijaraga olgan bu toifa odamlar Moskva “teshigi”dan yorug‘likka chiqdilar va tuhmat bilan Nozir Jabborovni qamadilar. Mirtemir Nozir Jabborovni ozod qiluvchilar harakatiga qo‘shildi.O‘sha kezlarda Karimov endigina jumhuriyatga rahbar bo‘lgandi. Viloyatga kelib “To‘polonchilar” bilan uchrashdi. -Nozir Jabborov sizdan ko‘ra menga yaqinroq. U mening jon do‘stim. Uning ozod bo‘lishi uchun har kuni iltijo qilaman. Agar sud bo‘lsa va u oqlansa, mana shu yerda erkak so‘zini berayapman, uni o‘z joyiga tiklaymiz, dedi. Oradan ko‘p o‘tmay Nozir Jabborov oqlandi, lekin ishsiz qoldi. Yana viloyatda uni o‘z joyiga tiklash harakati boshlandi. Bu safar Karimov tish-tirnog‘i bilan unga qarshi kurashdi. Uni badnom qilish, yomonotliq sifatida xalqqa ko‘rsatish uchun butun hunarini ishga soldi. Viloyatga Nozir Jabborovni emas Abdurahmonovni rahbar etib tayinladi. Saylovlar boshlanganda Nozir Jabborovni o‘zi tug‘ilgan tumandan millatvakili etib saylashdi. Saylov natijalarini hisobga olishmadi. Ikkinchi bor saylov o‘tkazildi. “Istasang ukangni bo‘shatamiz, uning o‘rnida ishlaysan, so‘ngra o‘sha tashkilotga rahbar bo‘lasan” deyishdi. Mana endi kursdoshlar yuzma-yuz uchrashib turibdilar. Karimov Nozir Jabborovning yelkasiga qo‘lini qo‘yib: -Do‘stim, senga ko‘p sitam o‘tdi. Hammasidan xabardorman. Xudo hohlasa, yorug‘ kunlar oldinda. Seni o‘z vazifangga tiklayman. Samarqand sensiz xarob holga keldi. Kecha seni qidirgandim, topolmadim, yordamingga muhtojman. Bugun guvohi bo‘lding, atrofimdagilardan birortasi meni himoya qilmadi. Bundan keyin senga o‘xshagan do‘stlarimga tayanishim kerak. Uzoqning donidan yaqinning somoni yaxshi, deydilar. -Siz bilan uchrashish uchun bir yildan buyon urinaman, lekin Kraynov doim Jo‘rabekovga jo‘natadi. Jo‘rabekov esa yolg‘onchi, so‘zida turmaydigan odam. -Nima qilay kunim shundaylarga qolgan. Xudo hohlasa birgalashib undaylarning bit bosgan ko‘rpasiga o‘t qo‘yamiz. Mana shu majlis o‘tsin, huzurimga kel, seni viloyatga rahbar etib tayinlayman. Bu samimiy gap. Erkakning gapi bitta bo‘ladi. Ana u Po‘lat Abdurahmonovga ishongandim, lekin g‘irt poraxo‘r, xotinboz, muttaham chiqdi. Uni qamoqda chiritaman. Karimov biroz aylangandan keyin Nozir Jabborovga javob berib yuborarkan: -Bu tirranchalarga ishonib bo‘lmaydi. Ertaga qaytadan bosh ko‘tarishlari mumkin. Shunday bo‘lib qolsa, o‘zingni ko‘rsatasan, – dedi. -Menimcha ularning ishini bitirdingiz, – dedi Nozir Jabborov xayrlasharkan. Darvoqe, majlisdan bir kun oldin Mirtemir Nozir Jabborovning yoniga kelgandi. -Men bu o‘yinlarni ko‘p ko‘rdim, – dedi Nozir Jabborov. – To‘qqiz oy qamoqxonaning zax bir hujrasida yotarkanman bunday o‘yinlarga kirmayman, deb qasam ichganman. -Nahotki, buni o‘yin deb o‘ylayapsiz? -Sizlar uchun o‘yin bo‘lmasligi mumkin, ammo ular uchun o‘yin bu, – dedi Nozir Jabborov boshmaldog‘i bilan yuqorini ko‘rsatib. – Sizni ukam, hurmat qilaman. Shu bois ochig‘ini aytay, men Karimovni yaxshi taniyman. Uning mahorati yonida shayton ip esholmaydi. Sizlar esa siyosiy o‘yin nimaligini bilmaydigan beg‘ubor yigitlarsiz. Bu yo‘lda qurbon bo‘lib ketasizlar. -Suvning oqishiga qarasak ham qurbon bo‘lamiz. Undan ko‘ra bu suvni boshqa tomonga burish uchun urinib ko‘rsak, natija chiqsa chiqdi, chiqmasa qurbon bo‘lsak, yaxshiroq emasmi? -Dunyodagi eng oson ish qurbon bo‘lishdir. Eng qiyini esa qurbon bo‘lmaslik. -Demak, eng yaxshisi o‘rta yo‘l ekan-da. -Sizga tushuntirishga qiynalayapman. Menimcha vaqti kelib o‘zingiz anglaysiz. Lekin qalban, ruhan, vijdonan sizlar bilan birgaman. Bu suhbatni Karimovning josuslari magnit lentasiga yozib olishgandi. Karimov suhbatni eshitib ko‘rgach: -O‘yinga kirmaydigan odam! Seni shunday o‘yinga kiritamanki, nom nishonsiz yo‘qolib ketasan, – deya baqirgandi. Mana endi Nozir Jabborovni u o‘yinga tortish uchun ilk qadamini tashladi. Download 4.8 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling