Tarixiy roman


Download 4.8 Kb.
Pdf ko'rish
bet9/33
Sana18.12.2017
Hajmi4.8 Kb.
#22512
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   33
burilishlardan keyin bir joyda to‘xtadi. 
 
Sasha “kapot”ni ocharkan: 
 
-Qo‘shni chiq, hech menga ishonmasding! Hatto salom-aligimiz ham yaxshi emas edi. Mana endi 
bir-birimizni sinadik. Xudo hohlasa yana ko‘rishamiz, – dedi. 
 
-Rahmat, – dedi Mirtemir. – Bu xizmatlaringni unutmayman. Bir kun qaytarman. 
 
-Qaytib kelganingdan keyin yarimta quyib bersang ana o‘sha javobi bo‘ladi, –  deb hazillashdi 
Sasha va yugurib borib darvozaning yonidagi darichani ochdi,  boshi bilan “ichkariga kir” deya 
ishora qildi. So‘ng darhol mashinasiga o‘tirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Mirtemer darvozaxonada 
nima qilishini bilmay turgandi, ichkaridan bir ayol chiqdi: 
 
-Assalomu alaykum, Mirtemir aka keling. Akangiz sut, qatiq olishga ketdilar. Hozir qaytadilar, – 
dedi. 
 

Mirtemir “akasi” kimligini o‘ylab turgandi, daricha ochilib “men keldim” degan ovoz eshitildi. 
Kelgan odamning qo‘lidagi to‘rxaltada sut va qatiq shishalari 
  
borligidan “akam” shu kishi bo‘lsalar kerak, deb o‘yladi. 
 
Kelgan odamning yuzida ham samimiyat, ham mamnunlik va ayni paytda kayg‘u alomatlari bor 
edi. U qo‘lidagi to‘rxaltani yerga qo‘ydi-da yugurib kelib Mirtemirni quchoqlab oldi. Yoshi 
Mirtemirdan katta bo‘lsa ham: 
 
-Mirtemir aka, hammasidan xabardorman. Men Lutfilloning pochchasi bo‘laman, 
– dedi. 
 
-Bu yerga kelganimni qo‘shnilaringizdan birortasi ko‘rgan bo‘lsa, sizga zararim tegib qolmasin, – 
dedi Mirtemir. 
 
-Hozir o‘sha qo‘shnilardan birining uyiga o‘tamiz, birozdan keyin boshqasinikiga. O‘rtada 
darchamiz bor. Shu zayilda xavotiringizni yo‘qotamiz, – deya hazil qilgan bo‘ldi uy sohibi. –Ha, 
darvoqe, ismim Vahob, o‘qituvchiman. Bolalarni saharlab buvisinikiga olib borib qo‘ydim. Bola 
bola-da sizni ko‘rib qolsa, biror gap chiqmasin, deb o‘yladim. Hech xavotir olmang, qo‘shnilar 
haqidagi gapim hazil. Darvozamiz yoniga mashina kelib to‘xtasa, qo‘shni uylardan ko‘rinmaydi. 
Chunki har ikki tomonga majnuntol ekib qo‘yganmiz. Hatto durbin bilan qarasa ham biror narsani 
payqashi qiyin. 
 
Uy bekasi besh daqiqada sutchoy hozirladi. Kosaning ichiga uy nonini to‘g‘rab, bir hovuch 
yong‘oq, sarig‘ yog‘, murch tashlabdi. Beka dasturxonga har turli ne‘matlar keltirib qo‘yarkan 
“Ha, yer yutsin bu qattollarni. Bular faqat xalqning haqini yeydilar, xalqni o‘ylagan odamlarni esa 
yo‘qotadilar” der edi. Birozdan keyin turmush o‘rtog‘ining yoniga o‘tirib, Mirtemirga savol berdi: 
 
-Bolalaringiz to‘rtta deb eshitgandim, to‘g‘rimi? 
 
-To‘g‘ri. Lekin qayerdan eshitdingiz? 
 
-Sizga o‘xshaganlarni xalq yaxshi taniydi. Qiziqamiz, surishtiramiz. Mana endi boshingizga 
tushganini ham ko‘rib turibmiz. Ukamning og‘ir kunlarida yordam berganingizni ham bilamiz. Siz 
haqqingizda gapirib bergan edi. 
 
Ko‘p o‘tmay ular “Uy-joyimiz sizga omonat” deb darvoza va darchani tashqaridan qulflab ishga 
ketishdi. 
 
Mirtemir uch kun bu xonadonda mehmon bo‘ldi. To‘rtinchi kun ayvonda kitob o‘qib o‘tirganda 
“gurs” etib tomdan bir kishi o‘zini yerga otdi. Bu Lutfillo edi. 
 
-Uch kundan buyon hammayoq alg‘ov-dalg‘ov, qamalmagan odam oz qoldi. Menga ham “Agar 
topib bersang, generallikka tavsiya qilamiz” deyishdi. Xullas, katta bir romanga sig‘adigan 
voqealar yuz berdi. Hozir esa ketishimiz kerak. Ahmad viloyat chiqishida kutib turadi. Men sizni 
shahardan olib chiqmasam, boshqa hech 

  
kim olib chiqolmaydi. Hamma yo‘llar bog‘liq, har bir mashina tekshirilmoqda. Pochcham kalitni 
berib qo‘yaman degandi, unutibdi. Tomdan o‘tishimizga to‘g‘ri keladi. 
 
-Qo‘shnilar-chi? 
 
-Bu yerdagilar hammasi o‘zimizniki. Hatto hozir meni tashqarida ko‘rgan qo‘shnilardan biri 
“Akani choyga chaqiraylik dedigu yana mulohaza qildik. Ko‘ngillariga biror narsa kelib qolmasin, 
deb. Nima bo‘lsa ham eson-omon chiqarib qo‘ying” dedi. 
 
-Demak, odamlarga ishonib, to‘g‘ri qilibmiz! – dedi Mirtemir. So‘ng: – Ammo bu gapim qizil gap 
bo‘ldi, – dedi. 
 
-Qizil gaplar ham ba‘zan haqiqatni ifoda etadi, – dedi Lutfillo. 
 
Ular tomdan o‘tib tashqarida turgan mashinaga mindilar. Mirtemir mashinaning orqa o‘rindig‘ida 
yotdi. Lutfillo uning ustiga ko‘rpacha tashlab qo‘ydi. Shahardan chiqishda tekshiruv punkti yonida 
to‘xtab, qidirilayotgan “jinoyatchi” topilib topilmagani haqida so‘rab surishtirgan bo‘ldi. So‘ng 
viloyat chegarasidan o‘tib, mashinani to‘xtatdi va Mirtemirga: 
 
-Siz bizning Hamzamiz bo‘lasiz,-dedi. Mirtemir o‘ylab ham o‘tirmasdan, 
-Ammo mana shu gapingiz yoqmadi,-deya javob qaytardi. Ular shu zayilda na sovuq, na iliq 
xayrlashdilar… 
 
O M A D [ 1 9 ] 
 
  
 
G‘o‘bdin tog‘i etaklaridagi lalmi yer shudgorlangan va qushlarning gala-gala bo‘lib “ov” 
qilayotganlaridan don ham sepilgani anglashilardi. Qushlar o‘z “ishlari”ga shu qadar g‘arq 
bo‘lgandilarki, yoniga borib qolganingizni ham sezishmasdi. 
 
“Tahlika” deya biri ogohlantirdi, shekilli, “gur” etib bag‘irlarini yerdan uzdilar. Mirtemir boshini 
qiyalamaganda qarg‘aning qanotlari yuziga urilardi. 
 
-Qushlarni cho‘chitdik, –  dedi Ahmad qo‘njidagi mashrafani chiqarib, sovib qolgan choydan 
ho‘plarkan. So‘ng u belboqqa tugilgan shirmoy nondan bir burda sindirib Mirtemirga uzatdi. – 
Antiqa hidi bor. Qandaydir giyoh Alishsa kerak ichiga. 
  
Bodiyon hidiga o‘xshaydi, – dedi. 
 
-Rahmat. Choydan bir ho‘plam icharman, labim qurib qolayapti, lekin non yegim yo‘q, –  dedi 
Mirtemir. 
 
-Yo‘limiz hali uzoq. Buning ustiga shudgorga tushdik, yurish og‘ir. Bir burda bo‘lsa ham yeb 
olsangiz kuch berarmidi? 

 
Shudgor… Mirtemir atrofga nazar soldi. Har yer – har yerdan bug‘ ko‘tarilmoqda. Demak, kun 
ochiladi. Har holda ikki-uch kun oldin shivalab yomg‘ir yoqqanki, shudgorning ba‘zi joyi quruq, 
ba‘zi joyi loy. Quruq va ho‘l birdaniga oyoqqa yopishsa ajralishi ham qiyin ekan. Tuflidan ajralsin, 
deya oyoqni biror kesakka urasiz, yana bir parcha loy osiladi. Sudrab ketaverasiz… og‘ir. 
Oyog‘ingizni orqaga tortayotganga o‘xshaydi. Tizzalar sancha boshlaydi. Birdaniga loy uziladi. 
Yengil tortasiz. Lekin bu yengillik uzoqqa cho‘zilmaydi. Oyog‘ingiz yana og‘irlasha boradi. 
 
Buning ustiga Mirtemirning oyog‘idagi tuflisi nobop. Osti nozikligi bir taraf, poshnasini 
tilayotgani, “urayotgani” ikkinchi taraf. Shoshganda oyog‘iga to‘g‘ri kelganini “ilintirgan”da. 
O‘sha payt oyoq kiyimi xayolga kelarmidi? Endi o‘ylasa oyoq kiyimi ham juda muhim ekan. Hozir 
boshqa dardi yo‘q. Xayoli harchand boshqa tomonlarga ketib qolmasin, oyog‘ining og‘rig‘i ortga 
tortadi. To‘xtab, oyog‘iga qaragisi kelardi-yu, Ahmaddan uyalardi. U ketib borardi. Ancha 
oldinda. 
 
Tangri yordam beraman desa, eng e‘tiborsiz daqiqada ham dastaklashning yo‘lini topadi. 
Mirtemirning ko‘zi shudgor o‘rtasidagi toshbaqaga tushib qoldi. “Yoppirim, bu yerda nima qiladi? 
Qanday kelib qoldi ekan? Balki yer ag‘darilmasdan oldin kelib qolgandir? Xayriyatki, traktorning 
oyog‘i, zanjirlari ostiga tushmabdi. Necha kundir bu yerda ekan? Balki oilasi bordir buning ham? 
Qayerda qoldi ekan? Qanday qismat ayirdi ularni? Dunyo qiziq. Toshbaqalar orasida kin, adovat, 
ta‘qib, quvg‘in yo‘q. Bu ishlarni qoyilmaqom qilib bajaradigan mirshablari yo‘q. Lekin shunga 
qaramay bu poyonsiz shudgor o‘rtasida qolgan. Na o‘t bor, na suv. Ammo yashayapti… 
 
Uzoqdan chalingan hushtak sasi Mirtemirning xayolini bo‘ldi. O‘h, ho‘, Ahmad uzoqlashib 
ketibdi. U qo‘li bilan tezroq keling, ishoratini qildi. So‘ng shudgor etagi tomonni ko‘rsatdi. Uzoqda 
nuqta ko‘rindi. Nuqta yurib borayotganiga ko‘ra mashina bo‘lishi kerak. Demak yo‘l. Balki… 
Yana hushtak… Ahmad bir narsani topgandek, qo‘li bilan “Tez kel” ishorasini qilardi. 
 
Mirtemir loyli oyog‘ini sudragancha ilgari ketdi. Ahmadning yoniga yetib kelganda o‘pkasi 
og‘ziga tiqilgandek arang nafas olardi. 
 
-Nima gap? -dedi u Ahmadga. 
 
-Ko‘rmayapsizmi? 
  
-Nimani? 
 
-Mana bu toshni, mana bu buloqni… 
 
Mirtemirning yuzi yorishdi. Darvoqe, qanday ko‘rmadiykin? Ha, ba‘zan inson ko‘zi ochiq bo‘la 
turib ham oldidagi narsani ko‘rmaydi. 
 
-Xudoga shukur, o‘tirib hordiq chiqaradigan joy ham topdik, hatto bulog‘i bilan. Buning ustiga 
yo‘l ham yaqin ekan. Yarim soatlik yo‘l… Qani o‘tiring… Mirtemir dasturxonni ham ko‘rmabdi. 
Tosh ustiga Alingan belbog‘da shirmoy non to‘g‘rab qo‘yilgan, yonida po‘sti artilmasdan ezilgan 
piyoz. 

 
-Piyozni qayerdan oldingiz? 
 
-Yo‘lga piyozsiz chiqadilarmi? Cho‘ntakka bittasini tashlab qo‘ygandim. 
 
Mirtemir tegirmon toshi kabi katta va yoyiq toshning bir chetiga o‘tirarkan, yana oyog‘i esiga 
tushdi. Paypog‘i ho‘l edi. Chiqarib, qarasa poshnasi g‘ijja qon. “Shunisi kam edi”, deb o‘yladi. 
 
-Eh, he, ilgaridan yarasi bormidi yoki yo‘lda bo‘ldimi? – so‘radi Ahmad. 
 
-Har holda bojamning tuflisini kiyib chiqqanim ayon. Ikkimizniki ham bir xil. Faqat bittasi katta, 
bittasi kichik. 
 
Ahmad xayoliga latifa kelgan kishidek jilmaydi. Lekin hazilning joyi emas edi. 
 
-Chorasi bor, – dedi u. – Endi tuflining orqasini bosib yurasiz. Mayli qo‘lingizni yuving. Biror 
narsa yeb oling, ketamiz. 
 
Mirtemir toshbaqani o‘ylay boshladi. Balki uning so‘ng omadidir bu? Balki bu damni kunlar 
davomida kutib yotgandir? Shunday poyonsiz shudgorda nega uning oldidan chiqdi? 
 
Ha, Mirtemer qancha odamlarga yaxshilik qildi. Shudgor o‘rtasida qolib ketganlarni olib chiqdi. 
Balki shularning javobidirki, o‘limdan qoldi. 
 
U o‘rnidan turib kelgan tomonga yurib ketdi. 
 
-Qayoqqa? 
 
-Toshbaqani olib kelayin… 
 
-Qanaqa toshbaqa? 
  
Ha-ya, Ahmadga aytmabdi. Ikki og‘iz qilib tushuntirib berdi. 
 
-Men bo‘lsam, charchab to‘xtab qoldingiz, deb o‘ylabman. Siz toshbaqani ko‘ribsiz-da! 
 
Ahmad ham uning yonida borardi. Ammo toshbaqa qayerda edi? Somon qopning ichiga tushgan 
ignani toping-chi? Topolmaysiz. Ammo qopni ko‘tarsangiz, igna yelkaga botishi hech gap emas. 
Xuddi shunga o‘xshab, toshbaqani uchratib qoldi… Lekin nega ninaga o‘xshatdi birdan. Yo‘q. 
Toshbaqa xosiyatli deyishadi. 
 
-Qayerda edi? – deb so‘radi u. 
 
-Mendan so‘rayapsizmi? O‘zi rostdan ham toshbaqani ko‘rdingizmi? Tag‘in sarob bo‘lmasin, – 
dedi Ahmad. 
 

-Sarob… Shudgorda ham bo‘ladimi?-Toshbaqa shudgorda bo‘lsa, demak sarob ham ko‘rinishi 
hech gap emas. 
 
Ular oxiri oyoq izini aniqlashdi. Keyin shu iz bo‘yicha biri chap tomonni, ikkinchisi o‘ng tarafni 
qidirib yura boshlashdi. Osmon uzoq, yer shudgor. Toshbaqa esa yo‘q. 
 
-Nima qilamiz? – dedi Ahmad. 
 
-Topamiz, – javob qildi Mirtemir. 
 
–Bizni izlamayotganlaridek gapirasiz-a? Buning ustiga oyog‘ingiz… 
 
-Bizni astoydil izlasalar topadilar. Ammo kattalar buyuradi, bu yoqdagilar yo‘ligagina izlaydilar. 
 
-Unday ekan, nega shudgordamiz? Yo‘lga chiqaylik. 
 
-Hazillashdim, taqsir. Toshbaqani astoydil izlaylik, dedim-da. 
 
-U shu qadar muhim-mi? 
 
-Muhim. Ikkimizning ham holimiz ayni. Uni qutqarish uchun Tangri shunday bepoyon shudgorda 
bizga ro‘baro‘ qildi. Biz esa… Meni qutqarishdi. Uni esa… 
 
-Shoir bo‘lib ketdingiz! 
 
-Mayli, siz qaytib, choy ichib turing, men uni topaman. 
 
-Men bo‘lsam topdim, – dedi Ahmad, – ana… 
  
Ular birdan kallasini toshi ostiga bekitib olgan toshbaqaga egilishdi. Boshlari bir- biriga urildi. 
 
-Demak, Siz…, – dedi. 
 
-Siz qutqarishingiz kerak ekan. 
 
Ammo Mirtemirning javob beradigan holi yo‘q edi. Ko‘z oldida yulduzlar uchib yurgandek bo‘ldi. 
Boshi devorga urilgan kishidek, bir lahza muallaq bo‘shliq qo‘ynida qoldi. Shudgorning bir tomoni 
ko‘tarilib osmonga ulashib ketdi. U tiz cho‘kib qoldi. Va… xayoli birdan oyog‘iga qarab yugurdi. 
Demak, oyog‘i og‘riyapti, boshi emas. U o‘rnidan turaman deganda Ahmad qo‘ltig‘idan tutdi… 
 
Ular toshbaqani buloq bo‘yidagi o‘tlarning ichiga qo‘yib yuborishdi. Mirtemir ilk bor 
toshbaqaning xuddi qo‘y kabi o‘tni “chitir-chitir” yeyishini ko‘rdi. Balki ilgari ham ko‘rgandir. 
Lekin bu qadar e‘tibor bermagandir. Nima bo‘lganda ham u yengil tortdi. 
 
-Tamom, qutildik, qo‘lga tushmaymiz endi, – dedi u. 
 

–Nima, qo‘lga tushish niyatingiz ham bormidi? Bu savolga Mirtemirning javob bergisi kelmadi. 
-Toshbaqani olib ketamiz. Adrga chiqsak qo‘yib yuboramiz, – dedi. 
 
-Zotan mening qo‘lim band, mashrafa, belbog‘… 
 
-O‘zim olib boraman. Bu mening omadim. U yo‘limdan chiqdi. Qismatimiz ayni ekan… 
 
Ular uzoqdan ko‘ringan va g‘oyib bo‘lgan nuqta tomonga qarab yurishdi. Bu paytda kun biroz 
ochilgan, quyuq bulutlar bag‘rini yorib lip-lip etib bo‘lsa-da ko‘rinib turardi. Qora bulutlar esa 
loyqa ariqning suvi kabi bosa-bosa oqib borishardi… 
 
 
A N B A R X O L A [ 2 0 ] 
 
  
 
Katta yo‘l deganlari ilon izi yo‘l ekan. Ora-burada mashina yurganiga ko‘ra, bu yaqinda biror 
qishloq bor. Ular shu umidda adrni oshgandilar, qishloq emas, katta kasaba ko‘rdilar. Ammo bu 
ularni sevintirmadi. 
  
-Bormaymiz, – dedi Ahmad. 
 
-Chetlab o‘tib ketaveramiz, – javob qildi Mirtemir. 
 
-Umuman kunduz kuni dam olib, kechasi yurish kerak. Menimcha ana u daraxtzorga qadar 
borsakda, o‘sha yerda oqshomni kutsak. 
 
-Mayli-yu… lekin kasaba chetidagi uyni ko‘rayapsizmi? – dedi Mirtemir. – Tomi biror narsa bilan 
qoplanmagan. Hovlisining ham devori yo‘q. Bir g‘arib odamning uyi. G‘ariblar esa mard bo‘ladi. 
O‘sha yerga boramiz. 
 
-Zarracha tahlika bo‘lsa ham chetlab o‘tmoq kerak, – e‘tiroz bildirdi Ahmad. 
 
-Tahlikani chetlatib yashash qiyin. U kutilmaganda keladi. To‘g‘rirog‘i u yonma- yon yashaydi. 
 
-Demak fikringiz qat‘iy, kettik bo‘lmasa… 
 
Hovliga yaqin kelganlarida bir kampir sigir sog‘ayotganini ko‘rishdi. Mirtemirnning yodiga 
bolaligi tushdi. “Sariq” laqabli sigirlari bor edi. Oyog‘ini bog‘lab,  keyin sog‘ardilar. Rahmatli 
onasi sahar sigir oyog‘iga o‘ralgan ipni ushlab turish uchun kimnidir uyg‘otishi kerak edi. Bolalar 
o‘zaro navbat qilib olishgandi. Onasi esa ko‘pincha Mirtemirni uyg‘otardi. 
 
-Tur bolam, suyanganim san, sendan boshqasining menga yordam bergisi kelmaydi. Hammasini 
sotib senga yediraman, – derdi onasi. 
 
Bir kuni sigir oyog‘idagi ipni tutib turarkan, “Rostdan ham opalarimni sotasizmi?” deb so‘radi. 

 
-Bolam, qiz birovning moli. Sotsam-sotmasam chiqib ketishadi. Sotish degan gap uzoq 
qishloqlarda bor. Biz esa o‘zimizdan qo‘shib beramiz. Qiz chiqqan uy huvillab qoladi, kelin kelgan 
uy guvillab… 
 
Onasining gaplarni terib-terib, shirin ovozda so‘zlashiga mahliyo bo‘lib, ip uchini qo‘ldan chiqarib 
yuboribdi, “Sariq” qars etib chelakni tepib yubordi. Seskanib ketgan onasi orqaga yiqildi. 
 
-Ha, yer yutgur, oyog‘ing sinsin…, – dedi arang o‘rnidan turib. 
 
Mirtemir esa qo‘rqib qolgandi. Birdan issiq qo‘l boshini siladi. Onasi uni bag‘riga bosdi. 
 
-Qo‘rqma bolam, – dedi. – Faqat oqshomgi sut oz edi. Buni ham ko‘shib bozorga olib borardik. 
Endi o‘zimiz ichamiz. Qaymog‘i esa seniki… 
  
Shu payt “Sariq”” Mirtemirning onasini ham tepib yubordi. U egilib qolgandi sigir yana tepdi. Bu 
safar ona qabirg‘asini tutamlagancha “ih”-”ih”lab o‘tirib qoldi. Mirtemir oxurga tirab qo‘yilgan 
belkurakni olib sigirning oyog‘iga ura boshladi. 
 
-Urma bolam, urma, jonivor qarg‘aydi, qarg‘ishi yomon, urma, deya uning qo‘lidan belkurakni 
olib o‘zi urdi “Sariq”ni. Keyin esa yoniga borib boshini siladi. 
 
-Juvonmarg bo‘lgur, nega bunday qilasan? Yo bolangning haqini hech kimga berging yo‘qmi? 
Mirtemir buzoqni yechib yubor, bolam, men egila olmayapman. Ha, “Sariq” bo‘lmay ket-a, 
qabirg‘amni sindirdingmi, deyman?.. 
 
…Mirtemir sigir sog‘ayotgan kampirni orqadan onasiga o‘xshatdi. 
 
-Onalar bir-birlariga o‘xshaydilar, – dedi so‘ngra. – Ammo topdim. Bu yangi gap, yozib qo‘ying. 
 
-Onalar bir-birlariga o‘xshaydilar, bolalar esa yo‘q, – qo‘shimcha qildi Ahmad. – Yozib qo‘ying! 
 
-O‘zimga qoldi yozish. Demak, shu hovliga kiramiz. 
 
-Ammo kiradigan darvoza yo‘q. 
 
-Faraz qilamiz. Kambag‘allar faraz bilan yashaydilar. Bu kampir ham o‘z hovlisi, darvozasi 
borligini faraz qiladi. So‘ramasdan kirishga qo‘ymaydi… 
 
Ular kampir sut sog‘ib bo‘lguncha kutib turdilar. “Ham sersut ekan, xam yovvosh” deb o‘yladi 
Mirtemir. Kampir buzoqni qo‘yib yuborib, chelakni qo‘liga olgach, ularni ko‘rib qoldi. 
 
-Zimnamermi, debman, – Kelinglar. Bugun yerni o‘lchash uchun zimnamer kelishi kerak edi-da. 
Voy, sen, bolam, Mirtemir emasmi, ha, o‘sha, televizorda chiqadigan? Ha, aylanib ketay, qoqindiq, 
seni ham ko‘radigan kun bor ekan-a? 
 

U Mirtemirni xuddi o‘z o‘g‘lidek bag‘riga bosib, yuzlaridan cho‘lpillatib o‘pdi. 
 
-Kino olishga keldingmi, bolam? – deb so‘radi kampir. 
 
-Yo‘q, onajon, o‘zimiz kino bo‘lib yuribmiz. 
 
-Voy, voy, uni qara tovushlari aynan o‘zi, ha, ha, o‘zingsan, Mirtemirsan… Nima bo‘lganda ham 
kelganing yaxshi bo‘ldi. Xudoyimdan aylanay, seni ko‘rsatdi, menga. Shunaqa dardim ko‘pki, 
kinoga olsang, hammani yig‘latasan. Darrov ishga o‘tdim. Kampir qalampirni eslatadi, ham 
achchiq, ham ishtaha ochar. Men 
  
achchiqdan boshladim. Qani enaginam, uyga kiringlar, hozir choy qo‘yaman… Kampir ichkariga 
kirar ekan, 
-Bu yog‘i qanday bo‘ldi? – dedi Ahmad Mirtemirga. 
 
-Hammasi stsenariy bo‘yicha. Peshonaga yozilgani bo‘ladi. Men qayoqdan bilardim, yetmish 
yoshli kampir bir ko‘rishda tanishini?! 
 
-Xullas, chiqib ketishimizga tobora ehtimol ozaymoqda. 
 
-Ehtimol ozaysa, ehtimollar nazariyasi bor. Qoziq boshiga musht kelishini bilganda balki qoziq 
bo‘lmasdi, agar qoziq bo‘lish ehtimoli o‘z qo‘liga berilganda. 
 
-Demak uyga kiramiz. 
 
-Siz kiravering, men xolaga tushuntiraman. 
 
-Hali hamma gapni aytasizmi? 
 
-Aytish kerak. Bo‘lmasa… 
 
Ahmad ichkariga kirarkan, Mirtemir oshxona tomonga yurdi. 
 
-Enajon, ke, – dedi kampir. – Bugun posyolkada ma‘raka bor. Kelganingni hammaga aytaman. 
Men ham bir maqtanay. Bir paytlar katta shaharga borganimda tanishgandim, meni so‘roqlab 
kelibdi, deb aytaman… 
 
Mirtemir bor gapni kampirga anglatdi. So‘ng: 
 
-Ma‘rakada gapirib yurmang, keyin Sizni ham so‘roqqa tortishadi, – dedi. 
 
-Meni nima ham qilishardi? Bir oyog‘im go‘rda  bo‘lsa?!  Boya  aytmasam ham endi aytaman! 
Karimov nima qilayotganini bilib olishsin.  Keyingi vaqtda ko‘rinmay qolganingdan ham 
sezgandim. Hatto ba‘zi gaplar yetib keluvdi, ammo ishonmovdim. Qara-ya hammasi to‘g‘ri ekan. 
 
-Enajon bizga yordamingiz kerak. 

 
-Yordam sendan aylansin, bolam. Ammo Karimov televizorga chiqsa, shunaqa gapiradi-ki, 
hammani ishontiradi. Butun ayb atrofdigilarda ekan, deb o‘ylab qolasan. Ba‘zan yig‘lagudek 
bo‘lib ketadi. Ammo men ishonmasdim. O‘zi yig‘lagudek bo‘lsa ham ko‘zi kulib turardi. Ko‘zi 
odamni masxara qilayotganga o‘xshardi. Hamma ham bir emas. Ishonishadi. Sen majlisda bir nima 
deb yuborgan ekansan, qancha gap-so‘z bo‘ldi. Biri to‘g‘ri aytdi desa, biri mahmadana ekan, 
kattalarning yuziga 
  
“chopdi” deydi. Bular yo kattalarning, ya‘ni o‘zimizning posilkadagi kattalarning xotinlari yo 
yaqinlari. Aslida ular ham gapning gugurt qutisini biladilar, qachon yonib, qachon o‘chishini 
mendan yaxshi biladilar, ammo yuzlari boshqa, ichlari boshqa. Qachon boshlariga bir ish kelsa 
ko‘zlari ochiladi… Ha, mayli, sizlarga ana u issiq uydan joy to‘shab beray, uxlanglar. Halizamon 
zimnamir keladi. O‘g‘limga xam xabar yuboray, kelsin, bo‘lmasa bu zimnamir hammayoqni 
o‘lchab, garang qiladi. 
 
Uyimni buzishmoqchi. Posilkaga yarashmas emish. Buzdirmayman devdim, tomorqamni 
o‘lchashga qo‘ydilar. Qani ichkariga kir, kelib qolsa ko‘rmasin. Ularni go‘rba-go‘r etsam, 
ma‘rakaga borib qaytaman. Bormasam “Lakki xola” nega kelmadi, o‘lib qoldimi, deb shubha 
qilishadi. Kelib osh damlayman… 
 
Mirtemir uyga kirayotganda, kampirning “vah” deb yuborishidan cho‘chib ketdi. 
 
-Vah, vah, vah, bolam! Oyog‘ing qonsho‘rva bo‘lib ketibdi-ku! Ha, yigit yiqilgurlar-a! Bu bola 
senlarga nima qildi? Haqni aytsang Haqdan yeysan, deganlaridek bo‘lib chiqdi. Hozir tog‘orada 
suv olib kelaman. Margansofka ham bor. O‘zim yuvib qo‘yaman… 
 
Xola bir zumda tog‘ora ko‘tarib keldi. 
 
-Qani oyog‘ingni tiq. Men o‘zim yuvaman. 
 
-Yo‘q, enajon, o‘zim… 
 
-Enajon degan tilingdan aylanay, odam o‘z enasiga ham inonmaydimi? 
 
Mirtemirning ko‘ziga yosh seli keldi. Oyog‘iga issiq suv tegishidanmi yoki bu qaqajon kampirning 
mehridanmi erib ketdi. Ammo yosh selining yo‘lini to‘sdi. Xuddi ko‘ziga xas kirgani kabi “Bir 
narsa ko‘zimga kirdiyov” degandi tovushi titradi. Lekin bildirmadi. Kampir o‘tirib olib uning 
oyog‘ini yuvardi. Bir tomondan o‘zi xam yuva boshlagandi, kampir: 
 
-Sen qo‘lingni kir qilma bolam, aziz bolam, – deb Mirtemirning qo‘lini tog‘oradan chiqardi. 
 
Mirtemirning yodiga buvisi tushdi. Boyadan beri bu kampirning yuzidagi mehr kimnidir 
eslatayotgandi. Ha, Anbar buvisi. Faqat buvisi oz gapirardi. Ammo juda o‘xshab ketadigan 
tomonlari ko‘p. 
 

Har oqshom tog‘orada issiq suv keltirib, Mirtemirning oyoqlarini yuvardi. Olti yoshga qadar 
buvisinikida yashadi. Shu qadar ko‘p shirin xotiralari borki, aytsa birov ishonmaydi. Olti yoshdagi 
gaplar esda turadimi, deydiganlar qancha. Ammo Mirtemir hatto buvisining oyoq yuvgandan keyin 
barmoqlarini tortib-tortib 
  
qo‘yishiga qadar eslaydi. 
 
Anbar buvi… oyoqlarini yuvmoqda… 
 
Kayfiyati chog‘ligidanmi, oyoqlarini issiq suvda yuvgandanmi, charchaganidanmi Mirtemir 
toshdek qotib uxladi. Bir payt uyg‘onsa, Ahmad deraza pardasidan tashqarini poylayapti. Oqshom 
tushib qolibdi. Qadam tovushlari, shovqin… Mirtemir ham parda orasidan qaragandi ko‘zi 
mirshabga tushdi. U supaning ustida u yoqdan bu yoqqa, bu yoqdan u yoqqa borib kelayotgandi. 
 
-Somonxona shu yer ekan, – dedi Ahmad. 
 
-… 
 
Mirtemir “Nega kutishayapti? Markazga xabar qilishgan bo‘lishsa odam kelishini 
kutishayaptimi?” deya o‘yladi. Ammo qanday xabar topishdi? Nahotki kampir og‘zining bir 

Download 4.8 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   33




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling