Tarixiy roman
Download 4.8 Kb. Pdf ko'rish
|
yolvoribdilar, lekin u avf etmabdi. Ilonning boshini ezmasang, zahardan o‘lasan, deganlaridek
ularni toshbo‘ron qildiribdi… -Xo‘sh, nima demoqchisan? -Ziyofatga oz vaqt qoldi. Borsangiz yaxshi bo‘lardi. Shoirlar ham, yozuvchilar ham, muxolifat ham o‘sha yerda. -Muxolifatni kim chaqirtirdi? -Men. Sizdan so‘ramasdan gunoh qildim. -Sening gunohing doim foyda keltiradi. -Muxolifat boshlig‘i xorijda edi. Hech gapdan xabari yo‘q. Bugun deputatlar qilayotgan harakatlarini unga ham sezdirishdi. “Qo‘llayman” deganmish ularga. -Bu yog‘i MXXnikimi? -Yo‘q, o‘zimizning slujbamiz bor. Kecha kechqurungacha MXX ham Shukrullo tarafda edi. Agar bugun uni sizga yuzma-yuz qilmasam… Ha, mayli, keyin gaplashamiz buni. Hozir esa ziyofatga borib muxolifat raisini, shoirlaru yozuvchilarni qo‘lga olish kerak. Yuz deputatning ming baqirgani, ularning bir gapirgani… -Aqlli tulkisan. Bilaman meni emas, o‘zingni ham o‘ylaysan. -Ikkalamizni ham o‘rtoq… -Mashinani chaqir. Aytmasdan boramiz. Sen esa jiddiyroq shug‘ullan, sharbat va mayning ta‘mi qochmasin. Ayniqsa ana ularga quyuqroq qorishtiringlar… -Bu yog‘idan ko‘nglingz to‘q bo‘lsin…. Karimov kirib kelganda ziyofatga taklif qilinganlar uni oyoqda turib qarshiladilar. U qisqagina qilib “Xush kelibsiz” nutqini gapirdi-da qadah ko‘tardi. “Kuch” olish uchun ketma-ket ikki qadah konyakni ichdi-da, uchinchisini qo‘lida saqlab “kerakli odamlar” o‘tirgan tomonga yurdi. Erkin Vohidov o‘rnidan turib, Karimovga tavoze bilan “Rahmat, ulug‘ ish qildingiz. Vatandoshlarimiz o‘z ona yurtlariga qadam bosdilar. Tarix bu kunni alohida yozgay” dedi. Karimov yonidagilarga ishorat etib ulgurmasdan stul olib kelishdi. U Vohidov bilan akademik Asqarovning o‘rtasiga o‘tirdi va muxolifat raisi Iso Xolisga qo‘l uzatdi. Mezbonlar rejaga ko‘ra ularni yonma-yon o‘tqazishgandi. -Xush keldingiz Isojon. Qalay Frantsiya go‘zal ekanmi? -Har narsadan xabaringiz bor,-dedi do‘rillagan ovozda Iso Xolis. -Nima bo‘lganda ham MXXngiz yaxshi ishlaydi. -Keyin u bir qo‘li bilan og‘zini yumib xirillab kuldi. Karimov esa atrofga alanglab, muxolifatning boshqa bir raisini qidirdi. Ko‘rinmadi. -Raisdoshingiz yo‘qmi? -so‘radi Karimov Iso Xolisdan. -Birimiz borgan joyga ikkinchimiz bormaymiz. -Hay, hay, raisdoshlar yonma-yon yurishi kerak emasmi? -Siz bilan yonma-yon yurishimiz mumkin, u bilan aslo, -deya masalaga nuqta qo‘ygan bo‘ldi Iso Xolis. Lekin Karimov tashabbusni o‘z qo‘liga olmoqchi bo‘ldi va nuqtani o‘zi qo‘ydi. -Biz baribir bundan keyin Shavkat Temurni ham birga da‘vat etamiz. Sizlarni yarashtira olmasak nima qilib yuribmiz, shunday emasmi, Erkin aka? -Shunday, hazrat, shunday. Lekin narigisi biroz janjalchiroq. Uni janjalchilarga, Isojonni esa janjalsevmaslarga rais qilganmiz. -Demak, Shukrullo aka janjalchi ekanlarda-a? -”Katta” askiya qilgan kishidek kuldi. -Chunki bu kishi ham u tomonda. -Biz Siz tomondamiz, -dedi Shukrullo ham askiya ohangida. Karimov biroz muxolifat haqida o‘yladi. Narigisi janjalchi bo‘lsa ham pishiq. MXX yaxshi ishladi. Oralarini buzmaganida katta kuch edilar. Bunisini ham qo‘lga olish oson emas. Lekin aldash mumkin. Sodda. Darrov ishonadi qo‘yadi. Davlat rahbari yolg‘on gapirmaydi, deb o‘ylaydi. Bundaylarning burniga ip Alib boshqarish mumkin. Faqat ipni uzdirmaslik kerak. Ip uzildimi, keyin bog‘latmaydi. Karimov qo‘liga qadahni oldi-da o‘rnidan turdi. G‘alag‘ovur zalga bir zumda sokinlik indi. Yordamchi mikrofonni yaqin keltirdi. -Shu qadahni, aytaylik, xalqimizning sevimli o‘g‘li, aytaylik, Erkin aka uchun ko‘tarishni so‘rayman. Barcha vatandoshlar uning “O‘zbegim” degan she‘rini yoddan bilishadi. Kamina ham bir paytlar, aytaylik, bu she‘rni o‘qib, sizlarni eslab, ko‘zga yosh olganman. Umuman Erkin akamiz, aytaylik, kabi insonlar yuz yilda bir tug‘iladi. Ismi Erkin, aytaylik, fikri erkin. Bu erkinlik Sizga, aytaylik, bizga muborak bo‘lsin! Karimov o‘rnidan turib qulliq qilib turgan Vohidovni quchoqlab, cho‘pillatib ikki yuzidan o‘pdi. Vohidov qizarib ketdi. Karimovning xayolida esa hamon Iso Xolis edi. U ham shunday maqtovga intiq, deb o‘yladi u. O‘rnimdan turganimda o‘zi haqida gap bo‘ladi, deb o‘ylagandi, yanglishdi. Hozir, uni ham boplayman… Karimov xayolidagi fikri labiga yugurgani uchun yana o‘rnidan turdi. -Yonimda yana bir yosh, jasoratli, mard, qo‘rqmas yigit bor. Kelajak uniki. Uning uchun ham qadah ko‘tarishingizni iltimos qilaman. Iso Xolis o‘rnidan turmadi. Karimov ham uni o‘pmadi. Ammo Iso Xolis Karimovni o‘pgisi kelganday unga egildi. Karimov esa ko‘rmaganga olib yana o‘rnidan turdi va akademik Asqarovni maqtay boshladi: Uch-to‘rt qadahdan keyin hamma “o‘zi”ga kelib qoldi. Xorijlik vatandoshlarning ko‘pchiligi namozxon edi, ziyofatni tark etishdi. Odam hiyla ozayib qoldi. Bu orada Karimov o‘rnidan turib boshqalarning ham ko‘nglini olish uchun davrani bir aylanib keldi. So‘ngra: -Uchchalangizdan bitta iltimosim bor, -dedi va Iso Xolisga engashib davom etti: -Ertaga kommunistlar meni ag‘darmoqchi. Uka yordamingiz kerak. Bir-ikki sog‘lom yigitlar ham ularga qo‘shilgan. Gapning po‘st kallasi bu toshkentliklarning o‘yini. Qo‘ynimda ilon olib yurgan ekanman, Shukr Rahmatovich joyimni olmoqchi. Men unga saylov qilaylik, nomzodingni qo‘y, yutib chiqsang, marhamat, dedim, ammo ko‘nmadi. Ertaga saylov haqida qonun qabul qilamiz. Keyin erkin saylov o‘tkazamiz. Aslida bu joy sizning haqqingiz. Ko‘p kurashdingiz. Xalq sizga ovoz bersa, men maslahatchi bo‘lib qolaman, uka, iqtisodni ko‘tarib beraman… -Kommunistlar dedingizmi? -so‘radi Iso Xolis. -Ha, Moskva bilan ham aloqalari bor. Kuchni o‘sha yoqdan olishayapti. Bizni sotishmoqchi. -Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin. Bir hamlada shashtlarini sindiraman. Osonlikcha bizni buka olishmaydi, -dedi Iso Xolis. U xorijdan kuni kecha qaytgani va voqealardan uncha xabardor bo‘lmagani uchun darrov “girdob”ga tushdi. Aslida bugun deputat do‘stlaridan biri -Sam andar unga telefon qilibь -Ertaga Karimovga hujum qilayapmiz. Siz ham tayyorgarligingizni ko‘ring,- deganda, “Men hamma vaqt tayyorman” deb javob qilgandi. Demak, Samandar ham toshkentliklarning musiqasiga o‘ynabdi-da, aslida Shukrullo shum odam, ko‘p o‘tirib-turganmiz u bilan, muloyim bo‘lib ko‘rinadi. Demak-ki, maqsadi hokimiyatni olish ekan. Yo‘q, unga ishonib bo‘lmaydi. U yer osti dunyosi bilan bog‘liq. Hammamizni quritadi, deb o‘yladi Iso Xolis. Bu orada Karimov Vohidovni “ovlayotgan” edi. Vohidovga qiyin. Chunki uning o‘zi bu ishning boshida turganlardan biri. Mirtemir bilan hamma narsani birgalikda kelishib olishgandi. Buning ustiga bugun Shukrulloning qo‘lini ham qisib chiqdi. Ertaga majlisda ikkinchi bo‘lib u, uchinchi bo‘lib Asqarov, keyin Mirtemir so‘zga chiqishi kerak. Nima qilish kerak? Nahotki hammasi barbod bo‘lsa? -Bitta taklifim bor, -dedi Vohidov Karimovga. -Kechasi bo‘lsa ham Shukr Rahmatovichni chaqirib, gaplashib oling. Uni ko‘ndirsangiz olam guliston. Biz esa siz bilan. Karimov yana uni quchoqlab o‘pdi-da: -Iltimosingiz yodimda. Birinchi qiladigan ishim sizni Londonga elchi qilib jo‘natish. Ammo sizni doimo yonimda ko‘rishni istardim. Nima qilayki, yozadigan narsalarim bor deyapsiz. Yozishingiz kerak. Bu oltin konlaridan ham qimmat! Akademikni qarmoqqa ildirish yanada oson kechdi. Unga institut ochib berishga va‘da qildi va so‘zini oldi. Karimov ular bilan o‘pishib xayrlashar ekan, hammaning ko‘zi shu tomonda edi. Vohidov, Iso Xolis, Asqarov o‘zlarini mag‘rur tutib turardilar… Karimov mashinadan Shukrullo Mirsaidovning uyiga sim qoqdi. -Nega ziyofatga kelmadingiz? -dedi. -Sizga aytishmadimi, biroz mazam qochib turgandi… -Mazani ushlab turgan narsadan qochasiz-a?-dediyu lekin “Ha, tulkilik qilayapti”, deb o‘yladi Karimov. Ayni fikr Mirsaidovning ham xayolidan kechdi.Lekin sir boy bermadi: -Buning ustiga ertaga majlis, yotib qolmayin, dedim, -Mirsaidov gap nimadaligini bilish uchun ataylab “majlis” kalimasiga urg‘u berdi. -Majlis deganini oz ko‘rdikmi, jo‘ra? -”Katta” jo‘shib ketgan kishidek gapira boshladi. U har qancha o‘zimni idora qilayapman, deb o‘ylasa-da ichkilikning ta‘siri bor edi. -Ikkalamiz o‘tirib otamlashmaganimizga ham oylar bo‘ldi. Oramizga mushuk oraladi. Bularning dumini bog‘lab qo‘ydim. Sizni menga, meni sizga yomonlashdan boshqa ishlari yo‘q… Demak, har narsadan xabar topibdi, deb o‘yladi Mirsaidov. U Karimovni yaxshi biladi. Oz emas, ko‘p emas o‘ttiz yildan beri taniydi. Qancha-qancha yaxshi yomon kunlarni birga yashashdi. U xabar topgan bo‘lsa, tamom, oldini oladi. Bunga yetarli mahorati bor. Lekin mendan nima istayapti? -Ertaga ertaroq boraman, -dedi Mirsaidov nihoyat. -Ertasi qoldimi? Soat yarim tundan o‘tgani qachon edi? -dediyu Karimov, demak u ham uxlamabdi, oldida odamlari bor, vaqt o‘tganini ham bilishmabdi, deb o‘yladi. -Shukrullo, og‘ayni, gap bor, ko‘rishishimiz kerak, -dedi lo‘nda qilib. -Nima gap ekan? -Telefonda bo‘lmaydi, oltinchi qavatdagi oshxonada kutaman, tezroq keling! -deb Karimov telefon tugmasini bosdi. Mashinasi allaqachon devonga yetib kelgandi. U “sakrab” tushdi-da serrayib turgan mirshablarga ko‘z qisib liftga mindi. Bu kayfiyati yaxshiligining alomati edi. Ammo negadir shoshayotgandi. Shu bois liftning “odimi”ga qanoat etmayotgandi. Qo‘llari lift eshigidagi tirqishda edi. Guyo lift to‘xtaganda u ham eshik ochilishiga ko‘maklashsa vaqt yutadigandek… Nofila. Lift birdan to‘xtab qoldi. Lip etib chiroq o‘chdi. U nima qilishini bilmay qoldi. Zim-ziyo qorong‘ulik bir zumda boshidan oyog‘iga qadar singdi. Boshi guvillay boshladi, ko‘zi bormi – yo‘qligini o‘zi ham sezmay qoldi, oyoqlari lattadek bo‘shashib ketdi. Ko‘kragida nimadir pildiray boshladi, keyin bu “duk-duk” beliga ko‘chdi va u nimaga shoshayotganini angladi. Hojatxonaga yetib olish tuyg‘usi uni boshqarayotgandi. Xayriyat lift qo‘zg‘aldi. Oltinchi qavatda lift eshigi ochilganda u qarshisida yordamchisi, ikki mirshab va kotibni ko‘rdi. Ular o‘zlarini shoshib qolgan, gunohkor kishi qiyofasida ko‘rsatish uchun yuzlarini bujmaytirib, boshlarini egib olishdi. -Hammang lattasan, bir tiyinga arzimaysan?-baqirdi u. -Yo‘qoling ko‘zimdan. -U sochlari to‘kilib, boshi yaltirab qolgan kotibni turtib ilgari yurdi. Qabulxonada Oliy Kengash raisi turgandi. -Sen nima qilib o‘tiribsan? Lift buzilganiga mazza qilayapsanmi? Rais boshini egdi. -Bo‘pti, kel! Karimov xonasiga kirdiyu ichkaridagi hojatxonaga o‘tdi. Rais esa oyoqda turib qoldi. Yarim soatlardan keyin Karimov ho‘l qo‘lini iyaklariga surgancha ichkaridan chiqdi: -Nega o‘tirmayapsan? -Sizni kutayapman. -Nima, sen uchun hali ham prezidentmiman? -Nega unday deyapsiz? -Bilmaganga olasan-a, meni xayolingda bo‘shatib qo‘ydingu meni sezmadi deb o‘ylaysanmi? Nonko‘r! -Unday demang oqsoqol… -Nima? Nima deding? He, seni odam qilganni… Karimov birdan raisga hamla qilib, uni tepdi. Rais o‘zini eshik tomonga otdi. -Aba, Aba, -deya baqirgancha eshikdan “uchib” chiqdi. Karimov esa orqasidan quvib borardi. Binoning narigi chetiga yetganda rais zinapoyadan pastga yugurdi. Karimov to‘xtab, so‘kinishda davom etdi. Oz masofaga yugurgan bo‘lsada yuragi bilan o‘pkasi go‘yo bo‘g‘ziga kelib tiqilgandi. Yo‘q yuragi boshining orqa qismiga “ko‘chgan” ekan. O‘sha yerda ura boshladi. U “uf-uf” deya o‘zini sokinlatgan bo‘ldi-yu orqaga qaytdi. Qabulxonada hech kim yo‘q. Hamma qochib qolgandi. -Xoinlar, sotqinlar, men ketsam hammang ham ketasan, qo‘rqoqlar! -deya baqirdi. Keyin xonasiga kirmay o‘rtadagi kichik oshxonaga o‘tdi. Uning bu tomonga o‘tganini sezgan Zelemxon Haydarov oyoq uchida eshik yoniga qadar yurib keldi va ichkariga bosh suqdi. -Konyakni ol! -dedi Karimov ruschalab. Haydarov “lip” etib ichkari kirdi va muz do‘lobidan konyak va shokolad qutisini oldi. Ammo stol ustida ham konyak va shokolad turgandi. U buni Karimovga ayta olmasdi. “Ol” dedimi, olishi kerak. -Quy, -dedi unga. -O‘zingga ham. Nega qo‘ling qaltirayapti, o‘tgan safar senga qo‘rqma, degandim. Yana qo‘rqayapsan. Bilaman, bu binodan quvilishdan qo‘rqasan va to‘g‘ri qilasan. Bo‘pti, sen uchun ichamiz! Karimov ichib bo‘lgach, qo‘liga shokoladdan oldi-da hidlab, yana joyiga tashladi. -Mirtemirni taniysanmi?-so‘radi birdan Karimov. -Taniyman. -Qanday bola! -Ana uning yo‘liga yurayapti, shekilli… -Shukrullo deyishga ham qo‘rqasan-a? -… -Jo‘rabekovdan so‘ra u Mirtemir bilan gaplashdimi? Nima bo‘lganda ham u ertaga so‘zga chiqmasin. So‘zga chiqadigan bo‘lsa, uyidan biror hodisa chiqaringlar, ovora bo‘lsin. Urib-purib yurmanglar o‘zini… -Xo‘p, bo‘ladi. -Bor, menga raport berib tur. Hozir “ana u” keladi, bu yoqqa boshlagin…. Y O ‘ L B A R S [ 1 4 ] Karimov ertalabdan beri cho‘ntagida turgan yozuvni oldi. Uni shaxsiy folbini bergandi. Undan yulduzlarga ko‘ra o‘zining va Mirsaidovning folini so‘ragandi. Mana endi uning ko‘zlari satrlar ustida “yugurib” borardiyu xayoli boshqa yoqda edi. Shu sabab diqqatini ko‘lidagi qog‘ozga qaratish uchun o‘zining folini ovoz chiqarib o‘qiy boshladi: “Sharq muchali buyicha tug‘ilgan yili -Yo‘lbars. G‘arb goroskopi bo‘yicha tug‘ilgan oyi -Ko‘za (Vodoley). Fasli -Havo. Saturn, Venera sayyoralari ta‘siri ostida yashaydi. Baxtli kun -shanba. Omadsiz kun -yakshanba. Yo‘lbars g‘ayratli odam demakdir, qiziqqon, ishchan. U inqilobchi va daholar yaratiladigan matohdandir. Baxtga qarshi, hamma vaqt ham o‘ziga ko‘rsatilgan ishonchni oqlamaydi. Ishda, urushda va muhabbatda “Olg‘a” deb chiqqanida, unga qo‘shilishdan avval o‘ylab ko‘rmoq va uni iloji boricha orqada tutmoq kerak. Yo‘lbars boshqalarni falokatga, o‘ylamasdan ish qilishga boshlaydi. Uning ta‘siriga qarshi kurashish og‘ir. Hokimiyat qo‘liga tegsa, chiqarib yubormaslikka tirishadi. Ayblarini tan olishni istamaydi. O‘zini eshitishlariga majbur qiladi. Unga hech kim haqiqatni aytishga jur‘at etolmaydi. Yo‘lbarsning qancha yashashi uning qay soatda tug‘ilishiga bog‘liq. Yarim tunda tug‘ilgan yo‘lbars doim tuzoqlardan yiroqda bo‘ladi. Quyosh chiqqanidan so‘ng tug‘ilgan yo‘lbarsni esa doim xavf – xatar kutadi. Yo‘lbars o‘z uyini o‘g‘rilar, olov va ayyorlardan saqlaydi. Maymun bilan do‘st, ilondan qochishi, buqaga qarshi biror- bir harakat qilmasligi, mushuk bilan kelishuvi uning qoidasi bo‘lishi kerak. Ojiz joylari: to‘pig‘i, boldirlari, sinishi yoki lat yeyishi mumkin. Unga issiq yoqmaydi, ovqat hazm qilish yo‘llarida, xotirasida zaiflik, oshqozonida kuchli zarda va yuqumli kasalliklarga moyil bo‘lishi mumkin. Tomoshalarni yoqtirmaydi. Doim o‘ziga yoqadigan ishni qiladi. Birovga o‘xshashni istamaydi. Hamma uni sevishini, moddiy dunyo og‘irliklaridan ozod yurishni, hokimiyatni olishni, yuqori lavozimda va yaxshi yashashni istaydi. Har qanday yangiliklar uni juda qiziqtiradi. U mulohazakor. Bu oyda tug‘ilganlarda o‘ziga xos nozik tuyg‘ular bor. Ular o‘z hayajonlariga begonadirlar. Ishonuvchan, ba‘zan juda ishonuvchan. Yo‘lbars nafaqat tenglikka, balki yana ham yuqoriroqqa intiladi. Agar unga biror narsa qilishni ko‘rsatsangiz, rashk, hasaddan yonadi. Aytganimni qil, qilganimni emas -bu uning shioridir. Mansab ishtiyoqi va kek saqlash xastaligi yoshligida ko‘zga tashlanmaydi. Jamoat ishlarini sevadi. Mustaqil bo‘lishga intiladi. Kutilmaganda mansabga ko‘tarilaveradi. Qanday buyruq berishni, ishni qanday tashkil qilishni tushuntirishni yaxshi biladi. U o‘z maqsadiga erishish uchun yo‘l topa oladi. Bu oyda tug‘ilganlar: Galiley, Edison, Berns, Linkoln, Ruzvelt, Yeltsin.” Karimovqaynab toshgan sut qozonidek “ko‘pirib” ketdi. -Folbinni quv saroydan, avval infarkt bo‘lguncha qiyna, keyin quv! -deya buyruq berdi yordamchisiga. Birozdan so‘ng Shukrulloning yulduz foliga ko‘z tashladi. “Sharq muchali bo‘yicha tug‘ilgan yili -Quyon. G‘arb goroskopi bo‘yicha tug‘ilgan oyi -Ko‘za (Vodoley). Fasli -Havo, Saturn, Oy sayyoralari ta‘siri ostida yashaydi. Baxtli kun -chorshanba Omadsiz kun -yakshanba. Omadli, sharafini saqlaydigan, ulfat, vazmin, o‘zini tutgan, hotamtoy odam. Yaxshi gapiradi va o‘zligini biladi. Bitta kamchiligi bor, hamma narsaga yuzaki qaraydi. U jamoani, jamoa uni yaxshi ko‘radi. Shohona yig‘inlarni yoqtiradi. Ba‘zan ehtiyotlikda ham ustalik qiladi. Mehmon qabul qilishdan qochmaydi. O‘zini yo‘qotmaydi, darrov qizishib ketmaydi. O‘zining omadsizligidan qayg‘uradi. Dunyodagi urush, to‘polonlar, ocharchilik singari masalalar unga ham daxldor bo‘lsagina, jiddiy qayg‘uradi. Lekin bu qayg‘u juda og‘ir, azobli bo‘ladi. O‘z hayotiga salbiy ta‘sir qiluvchi hamma narsalardan nafratlanadi. Yaxshi yashashga intiladi. Oldindan o‘ylamay hech bir ishga qo‘l urmaydi. Bu ehtiyotkorligi uchun odamlar u bilan faxrlanadilar va unga ishonadilar. Qo‘yning yo‘lbars bilan munosabatlari tarang bo‘ladi. Quyon ancha kuchsiz bo‘lsa-da, yo‘lbarsdan qo‘rqmaydi, yo‘lini qilib, o‘yindan chiqadi. Quyon raqib bo‘lishni istamaydi. Lekin u qarshilik ko‘rsatishdan chekinsa, ojizlanib, aqldan ozish, o‘z-o‘zini o‘ldirish yoki uyini tark etishgacha yetib boradi. Musbat jihatlari: Sog‘lom aql, jamoatchilik ruhi, moslashuv qobiliyati, yaxshi suhbatdosh, uzoq va chuqur fikrlovchi. Manfiy jihatlari: O‘zidan boshqaning fikrini nazarga olmaslik, yuzakichilik”. -Hammani sotib olish, hatto folbinni ham, -g‘udurladi Karimov. U yordamchisiga yana bir nimalar demoqchi edi, lekin Mirsaidov kirib qoldi. Karimov yulduzlar foli yozilgan kog‘ozni qatlab cho‘ntagiga tiqdi-da Mirsaidovni quchoqlab qarshiladi. Ilgari bir kunda ikki-uch marta ko‘rishsalar shuncha quchoqlashardilar. Ammo keyingi paytda bir-birlaridan qochadigan bo‘ldilar. -Do‘stim, kishining boshi toshga urilmaguncha haqiqatni ko‘rmas ekan. Senga nohaqlik qilganimni bugun tushundim, -u Mirsaidovni ilgaridagi kabi sensirab, yaqinligini ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. Mirsaidov esa uni ham “aka”, ham “siz” deb o‘zidan bir qarich uzoqda ekanligiga urg‘u berdi. -Siz menga haqsizlik qilganingiz yo‘q… -Qildim og‘ayni, qildim. Mana bu binodagi uch-to‘rt ig‘vogorning gapiga quloq soldim. Ular oramizga Chin devori qurishdi. Karimov Chin devori nimaligini bilmasdi. Bir kun Mirtemir bilan tortishib qolganda u “Siz bilan oramizda Chin devori bor” dedi. Shundan bildiki, bu ora yaqin emasligini ifodalaydi. Ammo nega Chin devori? Kimdan so‘rasin? Shuni ham bilmas ekan, deb kulishmaydimi ustidan. Shu orada bir ish bilan Mirtemirning o‘zi kelib qoldi. Chiqib ketishidan oldin Karimovga ikki sahifali qog‘oz uzatdi. -Bu nima? -so‘radi Karimov. -Bu muxtasar lug‘at. Ba‘zi kalimalarni aytishda ba‘zan xato bo‘layati. Siz to‘g‘ri gapirsangiz bizning ham yutug‘imiz. -Ukajon, bu so‘zlarning bir necha ma‘nosi bor. Men joyiga qarab ishlataman. Minbarni “manbar” deyishimning yoki “pesh”ni “peshtaxta” deyishimning ma‘nolari bor. Yoshligimizda biz ham kattalardan xato qidirardik. Nima qilamiz, qaytar dunyo ukaxon. Xo‘sh, mana siz, Chin devori nimani anglatadi bilasizmi? -Chin devori juda ham keng va uzun bo‘lgan, ustidan arava yurgan… -Ha, ha, ko‘rdingizmi, men buni orada farq borligi, orada masofa borligi ma‘nosida ishlataman. -Biz ham… -Yo‘q, uka, xatoni tan olish ham mardlik. Bo‘pti, yaxshi boring, hali o‘rganasiz,- deya Mirtemirni chiqarib yuborgandi va “Chin devori” anglamini bilib olgandi. Mana endi bu tushunchadan ustalik bilan foydalanmoqda. -Ular quraverishsin. Lekin biz kerak bo‘lsa bu devorning ustidan yurishimiz kerak. Mehnatlari zoye ketgani – ularga eng og‘ir jazo, -u shunday deb konyakdan bardoqlarga quydi. -Qani ol, do‘stim, Chin devori uchun ichamiz. Karimov bo‘shagan bardoqni “taq” etib stol ustiga qo‘ydi-da mushtini hidlagan bo‘ldi. Konyak nafas olish yo‘llarini kuydirdi, shekilli, uzoq “uh” tortib, keyin so‘zida davom etdi. -Men balki ertaga iste‘fo berarman ! -”Katta” shunday deb Mirsaidovga tikilib qoldi. Uning qalbidagini ko‘zlaridan o‘qimoqchi bo‘ldi. Lekin Mirsaidov unga qaramadi. Rostdanmi? – deb o‘yladi u. Yo‘q meni tuzoqqa ilintirmoqchi. Bu mansabdan voz kechadigan odam emas. Shu paytga qadar faqat bitta orzu bilan yashadi. U ham “birinchi” bo‘lish. Yo‘q, osonlikcha jon bermaydi. Mansab uning uchun hayot. Xuddi kechagidek esida. Hovlisining yonidagi so‘rida o‘tirgandi. Birdan u kelib qoldi. O‘shanda Qashqadaryoda ishlardi. Poytaxtga kelgan bo‘lsa, ko‘rib o‘tay, degandirda deb o‘yladi Mirsaidov. -Do‘stim, shoshib turibman. Bilasan, “Birinchi”ning o‘rniga kurash boshlangan. Qo‘shning Mamarasulov yuki og‘ir odam. Hamma uning o‘tishini aytayapti. Nima qilsang, qil, bu ishni olaylik. Kerak bo‘lsa, uy-joyni sotaylik. Do‘stlardan yordam olaylik. Akang…. akam vafot etganlarida mana shu yerda o‘tirib “Bir umrga do‘stmiz” deb qasam ichgandik. Biz yosh bolalar emas. Olaylik shuni, ikkalamiz birga boshqaramiz. -Bu bir mamlakat. Olovi bor, suvi bor… -Viloyatga borayotganimda ham shunday deganding. Ammo ko‘rding, darrov otim chiqdi. Tur, borib oqsoqolning og‘zini hidla. Uni bu yo‘ldan qaytaraylik. Keyin istaganini beramiz. Unga jannat yaratamiz. Maslahatlarini berib, rohat qilib yashaydi… O‘shanda Mirsaidov qo‘shnisinikiga kirib, uning “og‘zini hidladi”. Ma‘lum bo‘lishicha Mamarasulov nomzodlikni rad etib qaytgan ekan. Download 4.8 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling