Tarixiy roman
Download 4.8 Kb. Pdf ko'rish
|
-Shunday indamay o‘tiraverasizmi? Bu mamlakat taqdiri axir, -dedi Mirsaidov oqsoqolga. -Mamlakatning egasi ko‘p. Ikkinchi sening og‘ayning tomonida. -Bo‘lishi mumkin emas. Ikkinchi – josus. Millatning boshiga tushganlar uning nafratidan sochildi, og‘aynim esa… -Bilaman, men ham og‘ayningni aytdim. Undan boshqa nomzod yo‘q, dedim… Mirsaidov xursand bo‘lib chiqdi. -Ha, uning rad etganini eshitib, bu yerga kelgandim, -dedi Karimov o‘shanda. -Boya boshqacha gapirayotgan eding-ku… -Sirni ochmay, hamma narsani birinchi manbadan eshit, degandim-da. Aslida uning kelishidan boshqa maqsad bor edi. Moskva nomzodini qabul qilmayotgandi. Ham moddiy, ham ma‘naviy madadga ehtiyoji bor edi. -Do‘stim, Moskvaga uchishing kerak. Orqadan men ham yetib boraman. Nazaryan bilan ko‘rish. Aytganini beramiz. -Nazaryan o‘yinchi. Ham narsangni oladi, ham seni sotadi. -U yog‘idan qo‘rqma. Bu yerda odamlari bor. Men ular bilan ko‘rishaman. U olsin, ish bitadi. Zero, eng so‘nggi imzo uchun hamma narsani u tayyorlaydi. Men qarindoshlari bilan birga yetib boraman. Sen Sergey degan do‘stingnikiga bor. Viloyatga o‘tishimda ham yaxshi xizmat qilgandi. Men sovg‘a qilgan mashinani qizi minib yurgan ekan. Balki qizi bilan ham ko‘risharsan. O‘zimizni deputatlarni ham ishlatamiz. O‘shanda Mirsaidov Moskvaga bordi va uni kutaverib charchadi. Undan darak yo‘q edi. Viloyatga sim qoqsa ish joyida yo‘q. Poytaxtda ham topisholmadi. Keyin Mirsaidov o‘g‘lini viloyatga yubordi. Moskovdan “O‘tmading, ishingni davom ettir” deya telefon qilishgach, u dunyoga qo‘l siltab” dala hovliga chiqib, uch kundirki o‘zini ichkiga berib, tashqariga chiqmay yotgan ekan. Shukrulloning o‘g‘li uni izlab topganda: -Hayotim tugadi, meni o‘ldirdilar, endi yashamayman, -deb mast, soqoli o‘sib ketgan holida uni quchoqlab yig‘labdi. Umid sha‘mi yonganini eshitgach esa, o‘yinga tushib ketibdi. Qo‘lidagi oltin soatini Shukrulloning o‘g‘liga sovg‘a qilibdi. Shu voqealarni eslarkan, Shukrullo Karimovning osonlikcha mansabdan voz kechmasligi xayolidan kechdi. Ammo Karimov ham bo‘sh kelmasdi. -Majlisda jo‘jaxo‘rozlarga yem bo‘lishni istamayman. Lekin bu joyni topshirmasligimiz kerak. Agar men ketadigan bo‘lsam bu joyga sen kelishing shart. Meni bu yerga keltirish uchun ozmuncha yugurdingmi? Bu masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni shundaki, dushmanlarimiz kelishsa, tamom, senga ham, menga ham hayot tamom. -Menimcha bu qadar tahlika yo‘q. -Hammasi pishgan. Bir qism deputatlar senga umid qilishmoqda. Qolganlarini ham o‘zimiz tomonga ag‘darishimiz kerak. Shunday taklifim bor, kel, ochiqcha gaplashaylik, mana sendan uzr so‘rayapman, hayotim qo‘lingda, istasang qutqarasan, istasang… Karimov bir zum boshini egdi-da keyin yosh to‘la ko‘zlarini Shukrulloga tikib: -Meni sen uylantirib qo‘yding, ko‘chada qolganimda sen uyli-joyli qilding, hayotdan umidni uzganimda yana sen qutqarding… Bugun ham… -Qo‘ying, bu yig‘lashga arzimaydi. -O‘tgan kunlarni esladim. Qanday oltin akang, akamiz bor edilar-a? Tirik bo‘lganlarida bu ko‘yga tusharmidik? Bu dunyoda menga otalik qilgan boshqa odam yo‘q, faqat sen va akang, ya‘ni akam… Ol, akang uchun ichaylik… Shukrulloning ham ko‘ngli buzildi. Akasi haqiqatdan ham bag‘ri daryo bir inson edi. Har qanday odamni ham kechirardi. Ikkalasining orasi bir necha marta buzilganda akasi o‘rtaga tushdi: “Ostonangga keldimi, bu uzr so‘ragani. Uzrni qaytarmaydilar. Alloh kechiruvchi. Sen esa… ” Lekin bu safar… Kechirsa ham, kechirmasa ham “ish bitgan”. Majlisda uni ag‘darishadi. Buni o‘zi ham bilib turibdi. Balki, “ag‘darish” ishlamasa-chi? MXX raisi biror bir suhbat yozib olinmadi, Karimovning hech narsadan xabari yo‘q demaganmidi? Lekin bu hammasini bilibdi. Demak, bekor o‘tirmagan, ishlagan. Majlis arining uyasiga aylanadi, hoynahoy. Ammo o‘zini demokrat deb yurgan bolalarga ham ishonish qiyin. Xo‘sh, nima qilish kerak? Buning yuziga tupurib chiqib ketadigan payt emas. Buni sindirmoq payti… -O‘zingizni ushlang, vaqt allamahal, majlisga soatlar qoldi, -dedi Shukrullo nihoyat. -Menga qara, Shukr, barcha vakolatlarni senga beraman. Men boshqa davlatlardagi kabi tashqi masalalar bilan shug‘ullanaman, mamlakatni o‘zing boshqarasan. Ikki oydan keyin saylov bor, men so‘zimda turmasam ana o‘shanda o‘chingni olish imkoni tug‘iladi. Ungacha o‘z partiyangni tuz. Ko‘ppartiyaviylikka o‘tamiz. Ana u baqiroqlarga ham yo‘l beraylik. Saylovda seni qo‘llayman. Sen esa meni. Ular uzoq tortishmadilar. Tun va konyakning bosqisi g‘olib keldimi, majlisda boshga tushganini ko‘ramiz, dedilarmi, xullas, tez ayrildilar. Saroydan chiqqan mashinalar karvoni ikki tomonga “uchdi”. Poytaxt ko‘chalaridagi sukunatni karvonlarni boshqarayotgan mirshab mashinalaridan eshitilayotgan saslar buzdi. Shahar, mamlakat uyquda. Ertalab uyg‘onishganida bu kun tarixning ayri bir kuni bo‘lishini xayollariga keltirishmaydi. Ammo hozir mashinalar ichida borayotgan ikki sobiq do‘st so‘nggi gaplarni tahlil qilib, to‘g‘rirog‘i eslab borayaptilar. Chunki tahlil qiladigan hollari qolmagandi. “Shukrullo, agar xiyonat etsang, majlisda o‘zimni otaman”. Bu so‘ng so‘z! Ko‘zdagi yosh bilan aytilgan bu gaplar samimiymi, yoki obrazga kirib aytilganmidi, shu onda ikkalasi ham bu savolga javob berolmasdi. Chunki samimiyat bilan o‘yin qorishib ketgandi. Karimov dala hovliga kelib yana ikki qadah konyakdan keyin ostidan arra tortib, keyin arqon bilan yiqitilgan daraxtdek gursillab to‘shakka yiqildi. Massajchi juvon yelkasini uqalarkan xurrak ota boshladi. Navbatchi vrach bir bardoq meva sharbati olib kirib, Karimovning yurak urishini sanadi. Boshini chayqab “Men shu yerda o‘tiraman” dedi massajchi juvonga. Juvon “Bo‘pti” degandek bosh siltab chiqib ketdi. Karimov majlisga yarim soat qolganda uyg‘onib, og‘riyotgan boshini kaftlari bilan siqarkan, navbatchi goh to‘kilib ketgan sharbatga, goh Karimovga boqib nima qilishini bilmay turardi… R E K S [ 1 5 ] Mirtemir jangalzor kabi patixib ketgan xayollarning ko‘chasida “adashgan” tuynukdan yorug‘likka ko‘zi tushdi. Kengish joy qidirayotgandek yorug‘lik tuynukdan ichkariga oqib kirib yoyilayotganga o‘xshardi. Negadir Mirtemir yorug‘likni ko‘zi ko‘r, holdan toygan odamga o‘xshatdi. U to‘g‘ri kelib devorga urilar va so‘ngra beton devorni paypaslagancha “qo‘llari tilinib” atrofga yoyilardi. Uning boshi ham yorilgan bo‘lsa kerak… “Eh, alahsirayapmanmi? Yoki aqlim qocha boshladimi?” Bu savol takrorlanardi. Keyin yorug‘lik uning qalbiga ham oqib kirib, qorong‘u hislarni “pichoqlay” boshladi. Qalbining allaqayerida umid paydo bo‘ldi. Nahotki darrov esankirab qoldim? Yo‘q, so‘ng daqiqagacha kurashmoq, kurashmoq lozim. Hozirgi holatda tushkunlikka tushmaslik ham kurashning bir turi, yengilmaslikdir. Ikki orada, bir darada qolsang ham chiqish yo‘li bor. Sen yirtqich deb yurgan ona bo‘ri yo‘l ko‘rsatishi mumkin. Ona Bo‘ri… Bir zamonlar u bobolaringni Tangri tog‘i orasidagi dara – g‘ordan olib chiqqandi. Ergunakon afsona emas, haqiqat. Bo‘ri yirtqich emas, do‘st. Sen vahshiy deb yurgan odamlar balki yordam qo‘lini uzatar.. Yo‘q! Bunday paytda hatto Bo‘ri ham qo‘rqadi. Chunki g‘orning og‘zida Ajdaho turibdi. Yamlamay yutadi… Ammo nega yordam haqida o‘ylay boshladi? Darvoqe, keyingi paytda ko‘nglidan kechgani ko‘p o‘tmay ro‘y bera boshladi. Hatto uyiga bosqin bo‘lishini ham oldindan sezgandek edi. Lekin… Ha, inson bolasi boshiga tushganiga ishonadi, ko‘nglidan kechganiga emas. Yorug‘lik ravshanlik keltiradi, umid ham shunday, deya o‘ylarida davom etdi Mirtemir. Lekin bu subhi kosib bo‘lsa- chi? Ya‘ni aldovchi, kosiblarni aldovchi subh bo‘lsa-chi? Unda birozdan keyin etagini tortib oladi va biror soat o‘tgach haqiqiy ravshanlik kirib keladi. Ko‘p o‘tmay yorug‘lik chekinadi. Demak, subhi kosib ekan… Mirtemir xayolida o‘zi o‘stirgan bug‘doyning hosilini yig‘ib olishga ulgurmagan edi-ki, temir eshik ochildi. U ostonadagi kishini tanimadi. Ko‘zlari xira tortdimi, uzoq vaqt oyog‘ida o‘tirgani va hozir o‘rnidan turgani uchun boshi aylanib, ko‘zlari tindimi, har holda alanglab qoldi. Ostonadagi kishi ko‘li bilan nimalardir ishora qilardi. -Mirtemir aka, ketdik! Kim bu? Nima deyapti? Tush ko‘rayapmanmi? -… -Sizga nima bo‘ldi? Urishdimi?… Nega uning sasi bu qadar past eshitilayapti? U pichirlab gapirayaptimi yoki o‘zining quloqlari eshitmayaptimi? Ostonadagi odam ichkariga bir odim tashlaganda Mirtemir uning Rustam ekanligini tanidi va birdan xo‘rligi keldi. Ko‘nglining ostidagi bir buloqning ko‘zi ochilib ketdi-yu undan pishqirib suv otildi. Ammo nimadir bu chashmadan oqqan irmoqning yo‘lini to‘sdi. Irmoq ko‘z kosasida yig‘ila boshladi. Mirtemir qo‘llari bilan ko‘zini ishqalagandek bo‘ldi. Aslida ko‘z kosasidagi daryoni sidirib olmoqchi edi. Chunki vujudining boshqa bir yeridan toshayotgan nafrat uni oyoqqa qalqtirdi. -Ketdik, -dedi Rustam. – Mirtemir aka, meni kechiring, hammasiga majbur edim… -Qayoqqa? -dedi Mirtemir nafrat bilan. -Ketishingiz kerak! -Ketib nima qilaman, og‘ayni, sening qo‘lingda o‘lmoqchiman. -Vaqtimiz juda oz. Hozir trevoga boshlanadi. Hammamiz yonamiz. Hatto Lutfillo aka ham… Lutfillo! Lutfillo… Mirtemir birdan uyg‘onib ketgandek bo‘ldi. Bu yorug‘lik! Bu Bo‘ri! Demak… Qadamlar ortidan ergashib qolgan xayollar ko‘cha changitib chopgan bolalardek ularning orqasidan yugurdi… Mirtemirning qo‘lidan temir kabi panjalari bilan qisib olgan Rustam qorong‘u yo‘lakda go‘yo uchib borayotgandek edi. Mirtemirning oyoqlari goh yerga tegar, goh tegmas… Bir zumda eshik yonidagi mashinaga yetishdi. Mirtemir oldingi tomonda engashib o‘tirib oldi. Inson qiziq. Shu ahvolda uning yodiga bir voqea keldi. Shahardan qishloqqa borishda ko‘pincha akasini chaqirardi. Oila a‘zolari ko‘pchilik bo‘lgani uchun bolalardan birini mashinaning oldiniga, ya‘ni o‘zining quchog‘iga olardi. -Melisa chiqsa bekinasan, – derdi qizalog‘iga va qishloqqa qadar o‘yin boshlanardi. Akasi yoki o‘zi “Ana melisa” desa bas, qizi engashib olardi va ishorat bo‘lmagunga qadar Mirtemirning oyoqlari orasida o‘tirardi. Qisilib qoldi, deya Mirtemir “Melisa ko‘rmadi, chiq” derdi. Mana endi o‘zi shu ahvolga tushdi va “Bu joy u qadar tor emas ekan” deb o‘yladi. Mirshabxonadan Mirtemirning uyiga qadar ikki daqiqalik yo‘l. Shu bois xayollari yana uzildi. Mashina to‘xtashi bilan Rustam shofyoriga: -Sen yo‘lak boshida tur, birov kelib qolmasin, -dedi. So‘ngra soatiga qarab qo‘shimcha qildi: - Hozir yigitlar kelib qolishadi. Keyin oldingga engashdi: -Mirtemir aka, men eshikni ochaman siz egilgan holda tushib, patta daraxtlar orqasiga o‘ting. Ehtiyot bo‘lishimiz kerak, qarshidagi qo‘shningiz josus. Biz mashinani yo‘l boshiga olganimizdan keyin siz devordan hovliga kiring. So‘ng orqa eshikdan Sashanikiga o‘ting, u kutib turibdi. Uydagilarga biror gap aytmang, iltimos. Mirtemir Rustam haqida hali uzil-kesil bir xulosaga kelmagandi. Lekin uning aytganlarini bajarayotgandi. Chunki bu so‘nggi umid yo‘li edi. Ammo yuragining bir chetida “Rustam yomon yigit emas ekan. Kecha uni xafa qildim. Rol uynaganini hech sezmabman, hatto xayolga ham keltirmabman”, degan fikr o‘tdi. Mirtemir devordan hovliga tushayotganida, oyog‘i toyib ketdi va devor yonida o‘sgan gilos og‘ochiga osilib qoldi. Daraxt shoxi uni bir zum tutib turdi-da “qars” etib tanasidan ayrilib tushdi. Reks qushdek uchib kelib unga tashlandi va ingray boshladi. Mirtemir itni sevmasdi. Bu uyga ko‘chib kelishganda hovli sohibi “Men bu itni xuddi o‘g‘limday sevdim. Uni sizga qoldirib ketaman. Juda ham aqlli, hamma gapni tushunadi. O‘z ismini yaxshi ko‘radi. Iltimos, uning ismini o‘zgartirmang” dedi. O‘shanda sohibi Reks bilan xayrlasharkan ko‘zlariga yosh olgandi. So‘ng Reksning ham yonog‘i ho‘l bo‘lgandi. Reks Mirtemirning bolalariga juda tez o‘rgandi. Mirtemir uning yoniga yaqin bormasada Reks uning keldi-kettisiga “munosabat” bildirib turardi. Mirtemir poytaxtga ko‘chib ketayotganda Reks zajirlarni uzib yuboradigandek faryod chekkandi. Qachon Mirtemir bu hovliga kelsa Reksga “jon” kirardi. -Aka, siz Reksning yoniga bormaysiz. Biz o‘zimizni sen deb uni sizlaymiz. Lekin baribir sizni ko‘rganda yayrab ketadi, -derdi singlisi. -Kelsangiz quvonadi, ketsangiz yig‘laydi. Hatto bir-ikki kun ovqat yemaydi. -Poytaxtda joyimiz yo‘q, bo‘lmasa olib ketardim, -deya qo‘ya qolardi Mirtemir. Aslida esa bolaligida qo‘shnisining iti talagani hech yodidan chiqmaydi. O‘shanda qattik qo‘rqqan ekanmi, itni ko‘rsa seskanadi. Shu sabab Reksning yoniga borsa ham orada ikki qadam masofa saqlab unga “gap otardi”. Haqiqatdan ham aqlli it. Xamma gapga imo-ishora yoki harakat bilan javob qilardi. Kecha uyni melisalar bosganda Reks shunaqangi uvvos Alib yig‘ladiki, hatto ba‘zi mirshablar “Hamma gapni sezayapti. Bizbop ekan, olib ketsakmi?” deyishgani qulog‘iga chalingandi. Mirtemirni olib ketishayotganda Reksning ko‘zlari mahzunlashib, ovozi bo‘g‘ilib qolgandek edi. Uning faryodi bilan zanjir saslari qo‘shilib yuraklarni tilkalovchi allaqanday sadoga aylangandi. Mana endi u ikki qo‘lini ko‘kka ko‘targancha qarshisida turibdi. Mirtemir uning boshini silagandi, u g‘inshigancha yerga yumaladida hovlida yugura boshladi. -Kim? -deya ovoz keldi va uy eshigi ochildi. Bu umr yo‘ldoshi Rohila edi. -Men, qo‘rqma, -dedi Mirtemir va uyga kirdi. -Tez boshqa kiyimlarimni ber. Hoziroq ketishim kerak! -Qanday chiqdingiz? Qaysi tomondan keldingiz?… Savolga javob berish o‘rniga Mirtemir umr yo‘ldoshiga razm solgandi bir kechada cho‘kib qolganini ko‘rdi. Ranglari sarg‘aygan, lablari esa oqargan. -Sen qo‘rqma, hammasi yaxshi bo‘ladi. -dedi u. Bu payt ichkaridan qaynotasi, qaynonasi, singlisi chiqib kelishdi. Ular xuddi hamma gapni biladigandek indamay turishardi. Yo tush ko‘rayotgandek his etishardi o‘zlarini yoki voqea ularni shoshirib qo‘ygandi. Rohila yangi kostyum-shimni olib chiqdi. -Boshqasi yo‘qmi? -Kiyavering. Sport kiyimingizning ustidan kiying. U ham kerak bo‘ladi, -dedi Rohila. -Bolam, biror yegulik hozirlaymi? -so‘radi qaynonasi titroq ovozda. -Suv ber, suv, -dedi qaynotasi unga. Ammo Mirtemir suvni ham kutmasdan: -Hech xafa bo‘lmanglar, hammasi yaxshi bo‘ladi, -dedi-da tashqariga otildi. Rohila orqasidan yugurib chiqdi. Xuddi voqealar rivojini oldindan bilgandek Reks ham orqadagi darcha yonida turgandi. -Dodlash yo‘q, yig‘lash yo‘q, uydagilarga quloq sol, xo‘pmi? -dedi u ilk bor Reksning boshini silab. Rohilaga esa biror gap aytolmadi ham. Uning ko‘ziga bir zum tikilgandi ko‘ngillaridagi dostonlar nigohlar orqali ko‘chib o‘tgandek bo‘ldi. S O V C H I L I K [ 1 6 ] Mirtemirning Rohilaga uylanishi tasodiflar bilan bog‘liq. U moddiy siqintilar sabab dorulfununning kunduzgi bo‘limida o‘qiy olmadi. Ota-onasining vafot etgani, buning ustiga poytaxtda hech kimi yo‘qligi sabab ham ishlab, ham o‘qidi. Orada armiya xizmatiga ham borib keldi. Dorulfununni bitirish arafasida “Qishloq hayoti” gazetasida ishlardi. Bir kuni mas‘ul kotib Kabir Shukurov chaqirib qoldi. -Seni askarlikka o‘zimiz kuzatdik. Yana bag‘rimizga qaytding, – dedi u. – Xuddi o‘g‘limizday bo‘lib qolding. Bosh muharrir bilan gaplashdik, seni uylantirmoqchimiz. -…-, Nima ham deydi, indamay eshitdi. -Qo‘shni gazetada “Birinchi”ning jiyani ishlaydi. Bir-biringizni tanir ekansiz… Mirtemirning boshi g‘uvillab ketdi. Ha, taniydi. Lekin… U kimu men kimman, deb o‘yladi. Keyin kattalarga kuyov bo‘lganlar haqida ko‘p o‘qigan va eshitgan. Unday oilalar qulsifat kuyovlarni sevadilar, ammo o‘z fikri, o‘z fe‘li bo‘lganlarni darrov oyoqlari ostiga olib ezg‘ilaydilar. Yo‘q, yo‘q deb o‘yladi, qolaversa qizni taniydi. Sovuqligi va yoqimsiz kibori sabab kishini o‘zidan uzoqlashtiradi. Na samimiyati bor, na mehri. Ba‘zan liftda ro‘baru kelardilar, salomlashsang “Nima ishing bor ?” degandek o‘qrayib boqardi. -Sen ariza yoz, ta‘til beramiz. Ikkinchi arizani uy uchun yoz. Nashriyot to‘y kuni uy hadya qiladi, – deb so‘zida davom etdi mas‘ul kotib. Mirtemir o‘sha kunning o‘ziyoq qishlog‘iga jo‘nadi. Voqeani akasiga aytgandi : -Boshingga baxt qushi qo‘nibdi, uka, – dedi akasi. -Baxt qushi emas, badbaxtlik qushi, – dedi u. Gapni burishga usta bo‘lgan akasi : -U ma‘noda emas, har ikki holda ham baribir uylanadigan bo‘libsan. O‘jarligingni bilaman. Podshohning qizidan ham yuz o‘girib ketaverasan. Balki sening bilganing to‘g‘ridir. Akasi, bu bilan o‘zi yaqinda ikkinchi marta uylanganini eslatdi, shekilli. Oldingi xotini bilan ajraldi. Lekin uchrashib turadi. Ikkinchisi bilan ham ish yurmayapti. -Bo‘pti, – dedi u. – Qachon qaytasan ? Men ertaga besh – olti qizni ko‘rsataman. Birortasini tanlaysan. Darrov to‘y qilamiz. Men uylanganman, deb borsang, qutulasan. Boshqa bahona bilan ularning panjasidan chiqa olmaysan. Otash bilan o‘ynashgandek gap bu… Xullas, ertasiga shaharning o‘n joyida uchrashuv belgilabdi akasi. Biri qarindoshlarining qizi bo‘lsa, boshqasi tanishlarining… Bu masalada akasi anqoning urug‘ini ham topadiganlardan. Lekin bu “urug‘”larning hech biri Mirtemirning ko‘nglini jiz ettirmadi. -O‘zing ham osmondan tushgansanmi?-dedi akasi eski “Volga”sini vokzalning yonida to‘xtatarkan. – Hammasi aqlli qizlar edi. Bilmadim senga qanaqasi kerak? -Mayli, uzr, aka, Sizni ovora kildim. Men poyezdga bilet olay, bir yo‘lini toparman. -Bo‘pti, men ham bir joyga borishim kerak. Keyin ko‘rishamiz, – akasi shunday deb jahl bilan ketib qoldi. Mirtemir chiptani oldi-da vokzal atrofida uzoq vaqt aylanib yurdi. Poyezd kechqurun soat o‘n birda ekan. Birdan yodiga shu yaqinda yashaydigan tanishlari keldi. Opasi institutda birga o‘qigan qizning oilasi bilan yaqinlashib qolishgandi. Gulsanam xola uni xuddi o‘z o‘g‘lidek bag‘riga bosib, kutib oldi. -Bolam, nima bizdan arazlaganmisan, nega kelmay qo‘yding ? – Gulsanam xola shikoyat qila boshladi. – O‘tiraman, turaman seni o‘ylayman. Uzoqlarda, ota- onasiz. Issig‘ing bor, sovug‘ing bor… Rahmatli onang bo‘lsaydi-yu seni ko‘rsaydi, o‘g‘lim poytaxtda o‘qiyapti, deb qancha sevinardi-ya?! Gulsanam xola darrov dasturxon yoydi : -Uchoqda borib kelayapsan, shekilli, aks xolda biznikiga bosh suqarding – dedi u. – Ilgari avtobus, poyezdda qatnarding, kelishda, ketishda bizni ko‘rarding. Xola ancha gapirgach, “Xo‘sh, endi sen gapir, nima gaplar?” – dedi. Mirtemir avvaliga jim o‘tirdi. Keyin voqeani aytib berdi. -E, bolam, bugun seni Tangri bu yerga boshlab kelibdi. Ana shu ko‘chaning muyulishidagi uyda bir qiz bor. Onasi sen uchun tuqqan. Ko‘zimning ostiga olib qo‘yganman. Hech o‘ylab o‘tirmasdan “Xo‘p” degin. -Xo‘p, – dedi hazillashib Mirtemir. -Unda men ketdim, poyezd vaqtiga qadar balki qizni senga ko‘rsataman. Gulsanam xola uzoq qolib ketmadi, tez qaytdi. -Yur, – dedi, – muyulishdagi simyog‘ochning ostida turasan. Qiz keladi. Mirtemir qoqib qo‘yilgan qoziqqa o‘xshab ancha turdi. Odamlar tinimsiz o‘tib turishardi. Bir necha qizlar ham o‘tishdi. “Shu emasmikan?” degan tuyg‘uni bir necha marta yashadi. Ammo Gulsanam xolaning o‘zi kelib qoldi. -Yur, ketdik, – dedi u. – Xafa bo‘lma o‘g‘lim, ularga seni ko‘rsatdim. Ertaga opang kelsin, birga sovchilikka boramiz, keyin sen qizni ko‘rasan. Hozir esa borib chiptani qaytar, keyin qishloqqa jo‘na! -Avval qizni ko‘rsam… -Qizni men ko‘rib yuribman. U seniki – tamom. Bor, bor, kech qolma. Ammo to‘yda bir kiyimlik meniki… -To‘yda bo‘lmasa ham keyinroq bo‘lar,-hazillashdi Mirtemir. -Ko‘nglingni to‘q qil, u qizni ko‘rsang, to‘ydan oldin bir emas, ikki kiyimlik olib kelasan menga. Bor bolam, bor. Mirtemir muyulishdagi uyga qaray-qaray vokzalga ketdi. Mirtemir poyezd chiptasini topshirish uchun vokzalning kassasi yoniga keldi. Yoz kunlari bo‘lgani uchunmi odam juda ko‘p edi. Na sira bor, na tartib, kassirlarga yaqinlashib bo‘lmaydi. Shunga qaramasdan u qo‘lida chiptani ushlab ancha turdi. Bu orada ikki-uch kishi “Ortiqcha bilet bor, kim oladi?” deya bir zumda chiptalarini sotib ketishdi. Mirtemir ham shunday deb baqirmoqchi edi, tovushi chiqmay qoldi. Burnining usti terladi, negadir oyog‘i qaltiray boshladi. Yodiga poytaxt vokzalida chipta sotuvchilarni ovlagan mirshablar keldi. Balki uni ham olib- sotarchi deb ushlashsa-chi? Axir o‘shanda ikki do‘stini ushlagandi-da. Ular qishloqqa borish niyatidan qaytib, chiptalarini sotishmoqchi bo‘lishgandi. Mirshablar qo‘llarini qayirib olib ketishdi. Keyin tortishib qolishibdi. “Mirshabni haqorat qilgani uchun” o‘n besh kun qamalib ham chiqishdi. Voqeani Mirtemir gazetaga yozgandi, muharrir “Uka, biz shaharning emas, qishloqning masalalarini yoritamiz” deya maqolasini sahifadan olib qo‘ydi. “Mirshablarning kattasini chaqirib o‘qitamiz, uning o‘zi tarbiyalab qo‘yadi qolganlarini” dedi. Mirtemir nima ham deya olardi. Faqat keyin sezdiki vokzaldagi mirshablar boshlig‘i muharrirning yoniga tez-tez qatnaydigan bo‘ldi. So‘ng do‘stlarining qo‘lini qayirib olib ketganlar ham ikki-uch marta kelishdi. Muharrir to‘y qilganda ham ular xizmatda edilar. Shularni o‘ylarkan, Mirtemir chiptani cho‘ntagiga qaytarib soldi-da qishloqqa ketdi. Ertasiga akasi va opasi Gulsanam xolanikiga kelishdi. -Qizning onasi yetim o‘sgan ayol. Dorilfununda ishlaydi. Og‘ir tabiatli ayol. Tarbiyaga e‘tibor qilganlardan. U yerda ko‘p gapirma, qizim, – dedi Gulsanam xola Mirtemirning opasi Mehrinisoga, – xuddi o‘zi gapdan to‘xtaydigan, kam gapiradigandek. Ammo Gulsanam xolaga ko‘p gapirish yarashardi. Tovushining shiradorligi uchunmi yoki Download 4.8 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling