YOPQICH KANALI, canalis obturatorius. Qov suyagi yuqori shoxi (ramus superior ossis pubis)ning
pastki yuzasida orqadan-oldinga va ichkaridan tashqariga
yo‘nalgan egat - sulcus obturatorius bo‘lib, yopqich pardasi (membrana obturatoria), ichki va tashqi
yopqich muskullari bu egatning chetlariga yopishishi natijasida yopqich kanali hosil bo‘ladi. Kanalning
uzunligi 2-3 sm, uning ichki teshigi tosdagi pufak oldi kletchatka bo‘shlig‘i (spatium previscerale)ga,
tashqi teshigi sonning medial muskullar o‘rindig‘iga, taroqsimon muskulning ostiga ochiladi. Yopqich
kanali orqali yopqich tomir-nerv tutami (a., vv et n.obturator) o‘tadi.
YAQINLASHTIRUVCHI KANAL, canalis adductorius, son oldingi sohasining pastki qismida
joylashgan. Uning orqa-lateral devorini sonning medial serbar muskuli (m.vastus medialis), orqa-medial
devorini (m.adductor longus), old devorini (lamina vastoadductoria), ya’ni bu ikkala muskulni o‘zaro
tutashtiruvchi paysimon parda hosil qiladi. Kanalni 3 ta devor chegaralagani uchun ham uning ko‘ndalang
kesimi uchburchak shakliga ega. Yaqinlashtiruvchi kanalning oldingi devorini mashinachilar muskuli
qoplaydi. Kanalning kirish, chiqish teshiklari hamda oldingi devorida yana 1-2 ta teshiklar mavjud. Kirish
teshigi orqali son arteriyasi, venasi va teri osti nervi (n.saphenus) kiradi. Kanalning ichida tomir-nerv
tutami elementlarining o‘zaro jolashuvi quyidagicha: son venasi arteriyaning orqa va lateral tomoniga
o‘tadi, nerv esa tomirlardan tashqarida joylashadi. Kanalning oldingi devoridagi teshik (yoki teshiklar)
orqali son arteriyasining so‘nggi shoxi bo‘lgan tushuvchi tizza arteriyasi (a.genus descendens) hamda
(n.saphenus) chiqib pastga yo‘naladi. Yaqinlashtiruvchi kanal oldindan orqaga, ichkaridan tashqariga
yo‘nalgan bo‘lib, uning chiqish teshigi taqim chuqurchasi kletchatkasiga ochiladi. Bu teshik orqali son
qon tomirlari (a.et vv.femorales) taqim chuqurchasiga kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |