O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Nizomlari
7-bob. Ilmiy unvondan mahrum etish yoki uni tiklash
Attestatsiya ishi ekspertizadan noxolis o`tkazilganda shaxs OAK Rayosatining qarori asosida ilmiy unvondan mahrum etilishi mumkin.
Shaxsni ilmiy unvondan mahrum etish yoki uni tiklash bo`yicha OAKga yoki tegishli Kengashga murojaat qilinadi. Bunda manfaatdor shaxslar tegishli dalillar (hujjatlar)ni o`z murojaatiga ilova qilgan holda taqdim etishi shart.
Bunday masala bilan OAKga murojaat qilinganida, taqdim etilgan dalillar OAKning tegishli ekspert kengashi tomonidan muhokama qilinib, masalani ko`rib chiqish uchun tegishli Kengashga yuboriladi.
Kengash tomonidan Kengash a`zolari orasidan uch kishilik tarkibda komissiya tuziladi. Ushbu masala 1 oy ichida komissiya tomonidan o`rganib chiqiladi va Kengashning tegishli qaror loyihasi tayyorlanib, Kengash majlisida ko`rib chiqiladi.
Kengash majlisi unda Kengash a`zolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisob- lanadi. Kengash majlisi ilmiy unvondan mahrum etilayotgan shaxs ishtirokida o`tkaziladi. Shaxs bu haqda majlis o`tkazilishidan kamida 10 kun oldin ogohlantirilishi shart. Agar shaxs majlisga uzrsiz sabablarga ko`ra kelmasa yoki majlisga kelishdan bosh tortsa, Kengash tomonidan uning ishtirokisiz majlis o`tkazish to`g`risida qaror qabul qilinadi. Mazkur shaxs uzrli sabablarga ko`ra majlisga kela olmasligi haqida oldindan xabar qilganida, Kengash majlisi boshqa kunga yoki boshqa vaqtga qoldiriladi. Zarur hollarda boshqa mutaxassislar Kengash majlisiga taklif etilishi mumkin.
Kengashning ilmiy unvondan mahrum etish yoki uni tiklash to`g`risidagi qarori yashirin ovoz berishda ishtirok etgan Kengash a`zolarining kamida uchdan ikki qismi tomonidan yoqlab ovoz berilgan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi.
Kengash tomonidan Kengash qarori, Kengash majlisi bayonnomasi hamda tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, 10 kun ichida OAKga yuboriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |