Har bir so‘z birikmasi asosida so‘z valentligi - so‘zlarning birikuvchanlik imkoniyati yotadi. Gap - ifoda va mazmun jihatlariga ega bo‘lgan, fikr ifodalash (axborot olish va axborot berish), ya‘ni kommunikatsiya akti birligi hisoblanadi. Gap grammatik, intonatsion tugallikka ega bo‘lgan va muayyan hukmni bildiradigan birlik. Ayni paytda gapda borliqqa munosabat- modallik ham ifodalanadi. TIL SATHLARI O‘RTASIDAGI IZOMORFLIK Izomorfizm (lotincha izo a, - o‘xshash, morfo-shakl) tilning turli sathlari birliklarining ichki tuzilishi o‘rtasidagi o‘xshashlikni bildiradi. Ushbu atama ilk bor Ye.Kurilovich tomonidan kiritilgan bo‘lib, uning fikricha, tovush komplekslari (masalan, bo‘g‘in) va semantik komplekslar (masalan, gap) funksional, vazifaviy munosabatlaridan qat‘i nazar, chuqur struktur parallelizmga ega. Aynan shu holat, ya‘ni ular o‘rtasidagi o‘xshashlik izomorfizm deb nomlanadi. Tilshunoslik tarixida tilning fonologik, morvemik, leksik, grammatik sath birliklari ko‘p hollarda avtonom holda, ularning aloqadorligi va o‘xshash nuqtalarining mavjudligi, ya‘ni izomorflik e‘tiborga olinmagan holda o‘rganildi. Sistemaviy tilshunoslikning maydonga kelishi, uning tilni o‘rganishda aniq metodlarga tayanishga intilishi til sathlari o‘rtasidagi izomorfizmga jiddiy e‘tibor qaratilishiga sababchi bo‘ldi. Izomorfizm tilning turli xil sathlararo munosabatlarda kuzatiladi. Jumladan, bo‘g‘in va gap o‘rtasidagi izomorfizm quyidagilarda ko‘rinadi: - bo‘g‘inning markaziy birligi unli bo‘lib, u undoshlar bilan kengayishi mumkin, gapning markaziy birligi fe‘l kesim ham unga tobe so‘zlar bilan kengayishi mumkin bo‘lgan kengaytiruvchi bo‘lakdir; - bo‘g‘in ayrim holatlarda unlisiz hosil bo‘lishi mumkin, fe‘l qatnashmagan gaplar ham mavjud va ular chegara holatlar sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |