Tilning vazifalari
“Kommunikativ” so`zi rus tilidan olingan lingvistik atama bo`lib, “fikr almashuvga oid” degan ma’noni ifodalaydi. Kishilarning o`zaro aloqa-aralashuvda o`z fikr-mulohazalarini, istak-xohishlarini, ichki kechinmalarini ifoda etib, bir-birlariga axborot yetkazishlari, ya’ni tilning jamiyatda aloqa vositasi funksiyasini bajarishi uning kommunikativ vazifasi hisoblanadi.
“Ekspressiv” so`zi latincha so`z bo`lib, asl ma’nosiga ko`ra “kuchaytirilgan” demakdir. Bu atama tilshunoslikka ko`chma ma’nosi bilan kirgan bo`lib, “kuchli hissiy obrazlilik xususiyati” degan ma’noni ifodalaydi.
Tilning asosiy vazifasi kommunikativ funksiya bo`lsa-da, biroq kishilar aloqa-aralashuv jarayonida bildirilayotgan fikrga yoki tinglovchiga yetkazilayotgan axborotga o`zlarining turli tipdagi hissiy-ta’siriy, ya’ni emotsional munosabatlarni ham qo`shib ifodalaydilar. Bu hodisa, ya’ni tilning suhbatdoshga ta’sir ko`rsatish xususiyati uning ekspressiv vazifasi deyiladi. Emotsional munosabatlar suyish, erkalash, nafrat kabi insonga xos bo`lgan qator jihatlarni qamrab oladi.
Til faqat kishilar o`rtasidagi aloqa vositasi bo`lmay, millatlararo, davlatlararo aloqa quroli hamdir. Bundan tashqari til kishilik jamiyatida asrlar davomida to`plangan tajriba va bilimlarni kelajak avlodga yetkazish uchun ham xizmat qiladi. Tilning bu xususiyati uning akkumulyativ vazifasidir (“akkumulyativ” lotincha “to`plash”demakdir). Tilga xos bo`lgan akkumulyativ vazifa ba’zi lingvistik adabiyotlarda tilning gnoseologik funksiyasi deb ham yuritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |