Xalqaro tiklash va taraqqiyot banki (XTTB) - o‘z faoliyatini 1946 yilda boshladi. Bu tashkilotga faqat XVFga a‘zo mamlakatlar kirishi mumkin. XTTBning maqsadi: a‘zo mamlakatlar iqtisodiyotini qayta qurishga va rivojlanishiga kapital qo‘yilmalar berish hamda xususiy chet el investitsiyalarini rag‘batlantirish orqali ko‘maklashish, to‘lov balansi muvozanatini ta’minlashga qaratilgan qarz berish (25 yilgacha). XTTBning boshqaruv kengashida hal qiluvchi ovozga jahonning yetakchi mamlakatlari (yettilik davlatlari) ega hisoblanadi.
Xalqaro taraqqiyot uyushmasi (XTU) - XTTB ning shoxobchasi sifatida 1960 yildan beri faoliyat ko‘rsatmoqda. Uyushmaning asosiy maqsadi kam rivojlangan mamlakatlarga yordam berishdir.
Xalqaro savdo - milliy xo‘jaliklar o‘rtasida to‘lanadigan jami tovar aylanmasi ko‘rinishidagi mehnat mahsulotlari ayirboshlashning o‘ziga xos shaklidir.
Xalqaro tovar nomenklaturasi - mamlakatlar o‘rtasida kelishilgan, tasniflangan tovar pozitsiyalari ro‘yxati bo‘lib, har bir tovar pozitsiyasi kodlashtirilgan raqamlarga ega bo‘ladi.
Xalqaro hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OESR) - eng rivojlangan industrial mamlakatlar birlashmasi.
Xalqaro hisob-kitoblar - turli davlatlarning huquqiy va jismoniy shaxslari o‘rtasida iqtisodiy, siyosiy va madaniy munosabatlardan kelib chiquvchi pul talablari va majburiyatlari bo‘yicha to‘lovlarni tashkil etish va tartibga solish jarayoni.
Xalqaro hisob-kitoblar banki - davlatlararo bank. Markaziy banklar bilan tijorat muomalasini olib boradi, xalqaro valyuta hamkorligini tashkil qilishda qatnashadi. 1930 yilgi Gaaga konferensiyasiga muvofiq Angliya, Fransiya, Germaniya, Belgiya, Italiya davlatlarining boshchiligida ta‘sis qilingan. Hozirgi a‘zolari: Yevropadagi 30 mamlakatning Markaziy banklari, shuningdek AQSH, Kanada, Avstraliya, Yaponiya va Janubiy Afrika Respublikasi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |