Toshkent davlat yuridik instituti ekologiya huquqi
§. Atmosfera havosi to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun
Download 1.73 Mb. Pdf ko'rish
|
ekologiya huquqi
- Bu sahifa navigatsiya:
- XV-BOB. ALOHIDA MUHOFAZA ETILADIGAN TABIIY HUDUDLARNING HUQUQIY HOLATI. 1§. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar huquqiy holatining
3 §. Atmosfera havosi to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik Atmosfera havosini muhofaza qilish to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzishda aybdor shaxslar belgilangan tartibda ma'muriy, jinoiy, fuqarolik huquqiy va intizomiy javobgarlikka tortiladilar. Ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma'muriy javobgarlik O`zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 85- 89 1 va 125-moddalarida belgilangan. Mazkur Kodeks quyidagi huquqbuzarliklar uchun ma'muriy javobgarlikni belgilaydi: ifloslantiruvchi modda va biologik organizmlarni atmosfera havosiga chiqarib tashlash, unga zararli fizikaviy ta'sir ko`rsatish yoki atmosfera havosini istyemol qilish qoidalarini buzish (85-modda); atmosferaga chiqariladigan zararli moddalarni tozalash inshootlaridan hamda zararli moddalar miqdori va tarkibini nazorat qiluvchi vositalardan foydalanish qoidalarini buzish yoki ulardan foydalanmaslik (86-modda); chiqindilarida ifloslantiruvchi moddalar normativdan ortiq bo`lgan, shuningdek ishlab turgan vaqtida shovqin darajasi normativdan ortiq bo`lgan transport va boshqa harakatlanuvchi vositalar va qurilmalarni tayyorlash, foydalanishga chiqarish hamda foydalanish (87, 125-moddalar); qurilish va boshqa ishlarni bajarish chog`ida yoqilg`i moddalar va binokorlik materiallarini to`plash va yoqish chog`ida atmosfera havosini muhofaza etish talablariga rioya etmaslik, bitum eritishda maxsus qurilmadan foydalanmaslik (88-modda); o`simliklarni himoya qilish vositasi va boshqa dorilarni tashish, saqlash va qo`llash qoidalarini buzish oqibatida atmosfera havosini ifloslantirish xavfini tug`dirish yoki ifloslantirish (89- modda); ishlatish taqiqlangan va ishga yaroqsiz bo`lib qolgan kimyoviy moddalarni zararsizlantirish qoidalarini buzish (89 1 -modda). Ma'muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 85, 86, 87-moddasi 1-qismi va 89 1 -moddada ko`zda tutilgan huquqbuzarliklarning subyektlari bo`lib mansabdor shaxslar hisoblanadilar. Ushbu kodeksning 87-moddasi 2-qismi, 88 va 89-moddalarida ko`zda tutilgan huquqbuzarliklarning subyektlari bo`lib mansabdor shaxslar va fuqarolar, 125-moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarning subyekti esa faqat fuqarolar hisoblanadi. Atmosfera havosiga zararli moddalar va biologik organizmlarni chiqarish va unga zararli fizikaviy ta'sir ko`rsatishning belgilangan tartibi ko`rsatib o`tilgan huquqbuzarliklarning obyekti hisoblanadi. Mazkur moddalarda ko`zda tutilgan huquqbuzarliklar qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasidan qilingan harakat yoki harakatsizliklar bilan sodir etilishi mumkin. Atmosfera havosini muhofaza qilish to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma'muriy javobgarlik choralari atmosfera havosini zararli moddalar va biologik organizmlar bilan ifloslantirish bo`yicha Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasining mansabdor shaxslari, atmosfera havosiga zararli fizikaviy ta'sir ko`rsatish bo`yicha esa Sog`liqni saqlash vazirligini sanitar- epidemiologik xizmatining mansabdor shaxslari, avtotransportdan foydalanish jarayonida atmosfera havosiga zararli ta'sir ko`rsatish bo`yicha Ichki ishlar vazirligining davlat avtomobil nazorati mansabdor shaxslari qo`llashga haqlidirlar. Atmosfera havosini muhofaza qilish qoidalarini qo`pol ravishda buzilishi natijasida og`ir oqibatlar vujudga kelsa, O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining 193-196, 201-moddalarida ko`zda tutilgan jinoiy javobgarlik choralari qo`llaniladi. Mazkur kodeks quyidagi xatti-harakatlar uchun jinoiy javobgarlikni belgilaydi: Sanoat, energetika va boshqa obyektlarni loyihalashtirish, qurish, ishga tushirishda ekologik xavfsizlikka oid norma va talablarni buzish (193-modda); atrof tabiiy muhitning radiatsion, kimyoviy va bakteriyaviy ifloslantirganlik to`g`risidagi ma'lumotlarni qasddan yashirish yoki buzib ko`rsatish (194-modda); ekologiyasi ifloslangan joylarni dezaktivatsiya qilish yoki boshqacha tarzda tiklash choralarini ko`rishdan bo`yin tovlash yoki bunday ishlarni yetarli darajada bajarmaslik (195-modda); atmosfera havosini ifloslantirish (196-modda); zararli kimyoviy moddalar bilan muomalada bo`lish qoidalarini buzish (201-modda). Ushbu huquqbuzarliklarni jinoyat deb topish uchun mazkur moddalarda ko`zda tutilgan og`ir oqibatlar vujudga kelishi lozim. Insonning o`limi, odamlarning ommaviy ravishda kasallanishi, ekologiyaga salbiy ta'sir qiladigan darajada atrof muhitning o`zgarib ketishi, hayvonlarning qirilib ketishi yoki boshqacha og`ir oqibatlar jinoyat deb topish uchun asos bo`ladi. O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi boshqa og`ir oqibatlarni yoritmaganligi sababli har bir holatda mahalliy shart-sharoitlardan kelib chiqib aniqlanishi lozim. O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksini 193, 195-moddalarida ko`zda tutilgan jinoyatning subyekti mansabdor shaxslar, 194-moddada ko`zda tutilgan jinoyatning subyekti maxsus vakolatga ega mansabdor shaxs, 196, 201- moddalarida ko`zda tutilgan jinoyatning subyekti fuqaro va mansabdor shaxslar hisoblanadi. Mazkur jinoyatlar qasddan yoki ehtiyotsizlik oqibatida qilingan harakat yoxud harakatsizliklar bilan sodir etilishi mumkin. Masalan, O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksini 194-moddasida belgilangan jinoyat faqat qasddan sodir etilishi mumkin. Atmosfera to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun intizomiy javobgarlik korxona, tashkilot va muassasa bilan mehnat munosabatlarida bo`lgan shaxslarga nisbatan qo`llaniladi. Intizomiy jazo chorasini qo`llash uchun xodimlarga atmosfera havosining muhofaza etish vazifalari yuklatilgan bo`lishi lozim. Ushbu vazifalar mehnat shartnomasida yoki mehnat majburiyatlarini taqsimlovchi boshqa hujjatda, masalan mansab yo`riqnomasida o`z aksini topishi lozim. Xodimga yuklatilgan ushbu majburiyatlarni bajarmasligi unga intizomiy javobgarlikni qo`llashga asos bo`ladi, masalan, atmosferaga zararli moddalar chiqarish hisobini noto`g`ri yuritganligi uchun unga intizomiy javobgarlik chorasi qo`llanilishi mumkin. O`zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini 181-moddasiga muvofiq, mehnat intizomini buzganlik uchun quyidagi jazo choralari qo`llaniladi: xayfsan; o`rtacha oylik ish haqining o`ttiz foizidan ortiq bo`lmagan miqdorda jarima; ichki mehnat tartibi qoidalarida ko`rsatilgan holatlarda, o`rtacha oylik ish haqining ellik foizidan ortiq bo`lmagan miqdorida jarima solish va mehnat shartnomasini bekor qilish. O`zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 180-moddasining to`rtinchi qismida nazarda tutilgan qoidaga muvofiq intizomiy jazo amal qilib turgan muddat mobaynida xodimga nisbatan rag`batlantirish choralari qo`llanilmaydi. Intizomiy jazo choralari korxona, tashkilot, muassasa rahbari yoki ustavda belgilangan boshqa shaxs yoxud organ (mulkdor, kollegial organ) tomonidan O`zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini 182-moddasiga muvofiq nojo`ya xatti-harakat aniqlangandan keyin bir oy muddatda qo`llanilishi mumkin. Intizomiy jazo chorasi berilganligi to`g`risidagi buyruq (farmoyish) yoki qaror xodimga ma'lum qilinib, tilxat olinadi. Intizomiy jazo chorasi berilganligi to`g`risidagi qaror ustidan O`zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini 184- moddasida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin. Atmosfera havosiga nisbatan ekologik talablar buzilishi oqibatida yetkazilgan zarar aybdor shaxsdan undiriladi. Agar zarar yetkazuvchi yuridik shaxs bo`lsa, u zararni qoplash majburiyati bilan birga, ushbu zarar yetkazilishiga bevosita aybdor xodimni moddiy javobgarlikka tortish huquqiga ega bo`ladi. Xodimni moddiy javobgarlikka tortish tartibi va shartlari mehnat qonun hujjatlari bilan belgilanadi. Moddiy javobgarlikning vujudga kelishi uchun quyidagi shart-sharoitlar mavjud bo`lishi lozim: xodimning noqonuniy xatti-harakati, ya'ni o`z majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi oqibatida korxona, tashkilot, muassasaga haqiqiy zarar yetkazilgan bo`lishi lozim; xodimning harakat yoki harakatsizligi aybli bo`lishi kerak, xodimning harakat yoki harakatsizligi va kelib chiqkan oqibatlar, ya'ni zarar yetkazilishi bilan sababiy bog`lanish bo`lishi lozim. Aksariyat hollarda moddiy javobgarlikning miqdori qonun bilan cheklangan, masalan, O`zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini 201-moddasiga muvofiq, agar mazkur kodeksda boshqacha holat nazarda tutilgan bo`lmasa, xodim yetkazilgan zarar uchun o`zining o`rtacha oylik ish haqi miqdori doirasida moddiy javobgar bo`ladi. Agar xodim ekologik talablarni buzib qasddan zarar yetkazgan bo`lsa yoki alkogolli ichimlik, giyohvandlik yoxud toksik modda ta'sirida mastlik holatida zarar yetkazgan taqdirda, hamda qonunlarda, shuningdek Hukumat qarorlarida nazarda tutilgan hollarda yetkazilgan zarar uchun xodim to`liq moddiy javobgarlikka tortiladi (Mehnat kodeksining 202-moddasi). Xodim tomonidan zararni ixtiyoriy ravishda to`lash yoki uni majburiy undirish tartibi O`zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini 206 va 207- moddalarida o`z aksini topgan. Korxona, tashkilot va muassasa rahbarining zarar undirish to`g`risidagi qarori zarar yetkazilganligi aniqlangan kundan boshlab bir oy ichida chiqarilishi lozim. Zararning miqdori xodimning o`rtacha oylik ish haqidan ortiq bo`lmasa, korxona, tashkilot va muassasa rahbarining qaroriga binoan undiriladi, agar zarar miqdori xodimning o`rtacha oylik ish haqidan ortiq bo`lsa, yoki zarar aniqlangan kundan keyin bir oylik muddat o`tgan bo`lsa, zarar sud tartibida undiriladi. Korxona, tashkilot va muassasaning mol-mulkiga yetkazilgan zararni undirish haqidagi qaror ustidan sud shikoyat qilinishi mumkin. Atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etilmagan taqdirda, ekologik va iqtisodiy zarar yetkazilishi mumkin. Iqtisodiy zarar atmosfera havosining ifloslanishi oqibatida tabiiy obyektlarning nobud bo`lishi, buzilishi, yo`q bo`lib yoki kamayib ketishi hamda tabiiy resurslardan foydalanuvchilarning xo`jalik manfaatlariga ziyon yetkazilishida namoyon bo`ladi. Masalan, o`simlik va hayvonot dunyosining nobud bo`lishi, suvlarning, tuproqning zararli kimyoviy va radioaktiv moddalar bilan ifloslanishi oqibatida suv hamda tuproqning foydalanishga yaroqsiz bo`lib qolishi mumkin, yoxud suvlar va tuproqning holatini tiklash uchun yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qo`shimcha sarf xarajatlar qilishga majbur bo`ladilar. Atmosfera havosini muhofaza qilish qoidalarini buzish oqibatida ekologik zarar tabiiy sharoit yomonlashuvi, tabiiy obyektarning son va sifat jihatdan salbiy o`zgarishlari orqali namoyon bo`lib, insonning toza, sog`lom va qulay tabiiy muhitga bo`lgan huquqi buziladi. Qonun hujjatlarida atmosfera havosini muhofaza qilish maqsadida unga zararli ta'sir ko`rsatishning yo`l qo`yiladigan doiralari (chegaralari) belgilanadi. Atmosfera havosiga chiqariladigan zararli moddalar va biologik organizmlarni chiqarishning hamda unga fizikaviy omillar zararli ta'sir ko`rsatishining yo`l qo`yiladigan normativlari orqali havoning insonga va tabiiy muhitga zarar ko`rsatmaydigan sifati ta'minlanadi. Shundan kelib chiqqan holda, atmosfera havosiga faqat noqonuniy, ya'ni belgilangan normativlarga rioya etmaganlik oqibatida yetkazilgan zarar undirilishi mumkin. O`zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksini 985-moddasi, “Tabiatni muhofaza qilish to`g`risida ”gi Qonunning 49-modasi va “Atmosfera havosini muhofaza qilish to`g`risida ”gi Qonunning 29-moddasiga muvofiq, yetkazilgan zarar yetkazgan shaxs tomonidan to`liq hajmda qoplanishi lozim. Atmosfera havosiga fuqarolik-huquqiy huquqbuzarligi sodir etilishi oqibatda zarar yetkaziladi. Ushbu zararning tarkibiga quyidagilar kiradi: haqiqiy yetkazilgan zarar, ekologik zararning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan harajatlar va olinmagan daromadlar. Haqiqiy yetkazilgan zararga nobud bo`lgan o`simlik va hayvonot dunyosining, qishloq xo`jaligi ekinlarining qiymati kiradi. Tabiiy obyektlarni tiklash, ifloslangan suvlarni, tuproq va havoni tozalashga ketgan harajatlar ekologik zarar oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan majburiy harajatlarni tashkil etadi. Olinmagan daromadga shu tabiiy obyektning foydalanishdan kelib tushishi lozim bo`lgan, ammo uning nobud bo`lishi yoki yomonlashuvi oqibatida olinmagan, yoxud olish imkoniyati yo`qolgan daromad, masalan, tuprog`i kimyoviy, radiaktiv moddalar bilan ifloslangan yer maydonidan tushadigan daromad hisoblanadi. Atmosfera havosiga yetkazilgan zararni qoplash ixtiyoriy yoki majburiy bo`lishi mumkin. Uni majburiy undirish Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi va boshqa tabiiy resurslardan foydalanish va uni muhofaza etishni tashkil qiluvchi davlat organlarining, manfaatdor boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning da'vosiga asosan, tegishlicha sud yoki xo`jalik sudining qaroriga asosan amalga oshiriladi. Yuqorida qayd etilgan javobgarlik jazo choralaridan tashqari O`zbekiston Respublikasining “Atmosfera havosini muhofaza qilish to`g`risida”gi qonuning 13-moddasida maxsus choralar belgilangan. Atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar, biologik organizmlar chiqarish, unga fizikaviy omillarning zararli ta'sir ko`rsatishi hamda atmosfera havosidan foydalanishga doir ruxsatnomalarda nazarda tutilgan shartlar va talablarni buzish bilan bog`liq faoliyat mahalliy davlat hokimiyati organlari, O`zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi, Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan ularning vakolat doirasi qabul qilgan qaroriga ko`ra cheklanishi, to`xtatib qo`yilishi, zararli ta'sir ko`rsatish sabablarini bartaraf etish mumkin bo`lmagan taqdirda esa - tugatilishi mumkin. Ushbu choralar sanksiya xarakteriga ega, chunki belgilangan talablarni buzilishi bilan bog`liq, va ular ekologik huquqiy javobgarlik choralaridir. XV-BOB. ALOHIDA MUHOFAZA ETILADIGAN TABIIY HUDUDLARNING HUQUQIY HOLATI. 1§. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar huquqiy holatining tushunchasi va xususiyatlari. Bugungi kunda jamiyat va tabiatning o`zaro ta'siri muammolari tobora katta ahamiyatga ega bo`lmoqda va hozirgi, shuningdek kelgusi avlodlarning faravonligi, umuman jahon sivilizatsiyasining taqdiri ekologik muammolarning ijobiy hal etilishiga ko`proq bog`liq bo`lib qolmoqda. Ilmiy-texnika rivojlangan bozor iqtisodiyoti sharoitida keskin o`zgarib borayotgan atrof muhit, ekologik muammolarni keltirib chiqarmoqda, inson uni hayotiga, turmush-tarziga, hamda genetik fondi va irsiyatiga salbiy ta'sir ko`rsatmoqda. Bu esa hozir yer yuzida yashab turganlarnigina emas, balki kelgusi avlodlar salomatligiga, ayniqsa yer, suv, atmosfera havosi, yer osti boyliklari, hayvonot va o`simliklar dunyosi, tabiat va tarixiy yodgorliklarning tabiiy holatiga ham salbiy ta'sir qilmoqda. Mazkur masalaga, O`zbekiston Respublikasi dastlab mustaqillikka erishgan paytidan boshlab e'tibor berdi va birinchilar qatorida 1993 yil 7 mayda O`zbekiston Respublikasining "Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to`g`risida"gi qonunini qabul qildi. Mazkur qonun hozirgi va kelajak avlod manfaatlarini ko`zlab noyob hamda ekologik, iqtisodiy, ilmiy, madaniy, sanitariya-sog`lomlashtirish, estetik nuqtai nazardan milliy boylik va umumxalq mulki bo`lmish qimmatli tabiiy majmuilarni muhofaza etishning umumiy, huquqiy, ekologik, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilab berdi. O`zbekiston Respublikasida o`simliklar va hayvonot dunyosini hamda davlat milliy tabiat bog`lari, davlat tabiat va tarixiy yodgorliklarini saqlab qolish ularni sonini ko`paytirish inson hayotini ekologik normal saqlashga tabiat bilan jamiyat va inson o`rtasidagi ma'lum mutanosiblikni saqlashga katta yordam beradi. Hozirgi paytda respublikamizda qo`riqlanadigan yerlarning umumiy maydoni 2 million gektardan ortiq, alohida qo`riqlanadigan 11 tabiiy hududiy obyekt, jumladan 9 qo`riqxona, 400 dan ortiq tabiat yodgorliklari mavjud. Demak ana shuncha o`xshash alohida muhofaza etiladigan va boshqa tabiiy hududlar huquqiy muhofaza qilinmog`i lozim. Shuni ta'kidlash joizki, respublikamizdagi barcha alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar qonun bilan muhofaza qilishmog`i va huquqiy tartibga solinishi maqsadga muvofiqdir. O`zbekiston Respublikasida alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlar ushbu qonundan, shuningdek yer, suv, o`rmon to`g`risidagi qonunlar, yer osti boyliklaridan foydalanish to`g`risidagi, atmosfera havosini muhofaza etish to`g`risidagi hamda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish to`g`risidagi qonunlardan iborat alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to`g`risidagi O`zbekiston Respublikasi qonunlari va O`zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Qoraqalpog`iston Respublikasida alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlar Qoraqalpog`iston Respublikasi qonunlari bilan ham tartibga solib turiladi. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to`g`risidagi O`zbekiston Respublikasi qonunlarining vazifalari noyob tabiiy majmuilarni, tabiat yodgorliklarini, o`simliklar va hayvonlarning irsiy fondini saqlab qolishdan, tabiiy jarayonlarni o`rganishdan hamda tabiiy muhitni kuzatish va tadqiq etish majmuidan, aholini ekologiya bobida tarbiyalashdan, tabiatni muhofaza qilish ahamiyatiga moliq hududlardan xo`jalik maqsadida foydalanishni cheklashdan iboratdir. "Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar"ning ta'rifi va ularni huquqiy maqomi yuqorida nomi tilga olingan qonunning 3-moddasida quyidagicha ko`rsatilgan. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar - bu yerlar va suv kengliklari (akvatoriyalar)ning ustivor ekologik, ilmiy, madaniy, estetik, sanitariya sog`lomlashtirish ahamiyati molik qismlaridir. Tabiat rang-barangligini saqlab qolish, ekologik muvozanatni va biosfera monitoringini saqlab turishga, shuningdek shikast yetgan tabiiy majmuilarni tiklashga mo`ljallangan yagona tizimni tashkil etuvchi O`zbekiston Respublikasining alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni xo`jalik maqsadida foydalanishdan to`liq yoki qisman, bir umrga yoki vaqtincha tortib olinishi mumkin. Tabiiy zaxiralardan foydalanish va ularni muhofaza qilishga doir rejalar va dasturlar, yer tuzilishi va joylarni tekislash kesmalari hamda boshqa rejalarni ishlab chiqishda alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar hisobga olinadi. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga qonunda belgilab qo`yilgan tartibda davlat qo`riqxonalari (shu jumladan biosfera qo`riqxonalari), davlat milliy bog`lari, davlat tabiat yodgorliklari, davlat buyurtma qo`riqxonalari maqomi beriladi. Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari), kurort va rekreatsiya tegralari, yer usti va yer osti suvlari hosil bo`ladigan tegralar (daryo uvalari, oqiziqli adirlar, tog` yonbag`irlarining etaklari), nodir va qimmatbaho mineral konlari, alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning qo`riqlanma (oraliq) tegralari, baliq xo`jaligi tegralari, o`rmonlarning taqiqlangan mintaqalari, tarixiy-tabiiy va yodgoriy bog`lar, botanika va hayvonot bog`lari, dendrariylar hamda O`zbekiston Respublikasi qonunlari va xalqaro shartnomalar bilan belgilab quyiladigan tartib asosidagi boshqa hududlar ham alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga kiradi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy idoralarning qarorlari bilan alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning boshqa toifalari ham nazarda tutilishi mumkin. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi davlat boshqaruvini O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy idoralari amalga oshiradilar. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi davlat nazoratini O`zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi amalga oshiradi. O`zbekiston Respublikasining "Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to`g`risida"gi qonunida ushbu toifa yerlariga qanday yerlar kirishi ham aniq bayon etilgan. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yerlari tabiatni muhofaza etish, sog`lomlashtirish, rekreatsiya va tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar jumlasiga kiradi. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yerlarida ularning maqsad- muddaosiga zid faoliyat taqiqlanadi. Yuqorida aytib o`tilgan yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishning tartibi va shartlari ushbu qonun va Yer kodeksidagi O`zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilab qo`yiladi. Davlat qo`riqxonalari, davlat milliy bog`lari yer uchun haq to`lashdan ozod etiladilar. Alohida muhofaza etiladigan boshqa tabiiy hududlar ham O`zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilab qo`yilgan tartibda yer uchun haq to`lashdan ozod etilishlari mumkin. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda xo`jalik faoliyati bilan shug`ullanilgan hollarda ijara haqi va yer solig`i undirib olinadi. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yerlari tortib olinishiga favqulodda hollarda O`zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda yo`l qo`yiladi (5-modda). Shuningdek alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish ham katta ahamiyatga ega bo`lib qonun asosida, amaldagi huquqiy normalarga mos bo`lishi maqsadga muvofiqdir. Ushbu masala "Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to`g`risida"gi qonunning 7-moddasida quyidagicha ifodalangan. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish va joylashtirishning bosh kesmasi yoki tabiatni muhofaza qilishning hududiy majmui kesmasiga muvofiq barpo etiladi. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish va joylashtirishning bosh kesmasini yoki davlat hokimiyati mahalliy idoralari tabiatni muhofaza qilishning idoralari tabiatni muhofaza qilishning hududiy majmui kesmasini tasdiqlashi bilan ayni bir vaqtda muhofaza etishga tavsiya etilayotgan yer maydonini zaxiralash to`g`risida qaror qabul qilinadi. Alohida muhofaza etiladigan hudud tashkil etish to`g`risida qaror qabul qilingunga qadar mazkur hududda yer egalari va yerdan foydalanuvchilarning xo`jalik faoliyati cheklanadi yoki to`xtatiladi. Bunday hollarda yer egalari va yerdan foydalanuvchilar xo`jalik faoliyatining cheklanishi yoki to`xtatilishi tufayli qishloq xo`jaligi va o`rmon xo`jaligi ishlab chiqarishida ko`rilgan yo`qotish va talafotlar uchun tovon olish huquqiga egadirlar hamda yer solig`i bo`yicha imtiyozlardan foydalanadilar. Ta'kidlash joizki, alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning davlat kadastri ham katta ahamiyatga ega. Ushbu muammo mazkur qonunda yetarlicha o`z aksini topgan. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning davlat kadastri bu hududlarning huquqiy maqomi, ularning jug`rofiy mavqei, miqdor va sifat ko`rsatkichlari, ekologik, ilmiy, ma'rifiy va boshqa xil ahamiyati to`g`risidagi, yer egalari va yerdan qamrab oladi. O`zbekiston Respublikasining alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlari davlat kadastri mazkur hududlar tarmog`ini rejalashtirish, ularni muhofaza etishni ta'minlash va ilmiy tadqiqotlar o`tkazish, tegishli qoidaga rioya etilishi ustidan davlat nazorati darajasini oshirish, shuningdek ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish va joylashtirishni rejalashtirish chog`ida bu hududlar o`rni va ahamiyatini hisobga olish maqsadida yuritiladi. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning davlat kadastri respublika budjeti hisobidan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan yagona tizim asosida yuritiladi. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning davlat kadastrini yuritishni O`zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasining idoralari O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda amalga oshiradilar. Xullas, "Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning huquqiy holatini" quyidagi xususiyatlari mavjud. 1) U O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qo`ygan talabiga mosligi, konstitutsiyaviy ustivorlikka ega ekanligi hamda davlat tomonidan muhofaza etilishi; 2) Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning huquqiy holatini o`rganish va u tug`risidagi qonun davlat qo`riqxonalari, davlat milliy tabiat bog`lari, davlat buyurtma qo`riqxonalari va davlat tabiat yodgorliklari, alohida muhofaza etiladigan o`zga tabiiy hududlar va boshqa masalalarni hamda u bilan bog`liq barcha munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishi bilan; 3) U yangi ijtimoiy tuzum, bozor munosabatlarini mustahkamlash va ekologik siyosatni barqarorlashtirish uchun yangi huquqiy ekologik zamin bo`lib, alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish hamda ularni huquqiy tartibga solishni o`z oldiga maqsad qilib qo`yishi bilan; 4) Mazkur sohani huquqiy tartibga solish bozor iqtisodiyotida qabul qilingan ekologik qonunlarni qo`llash va ular bilan birgalikda ekologik muhitni yaxshilashga, tabiat obyektlaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilishga, ayniqsa, alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni saqlashga; 5) Ushbu soha fuqarolarimizdan shu kungi hayot talabi asosida ekologik huquqiy ma'naviyat va madaniyatli bo`lishni, hamda ushbu yo`nalishda doim yuksalish bo`lishini taqozo qilishi va boshqa xususiyatlari bilan alohida ajralib turadi. Download 1.73 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling