Toshkent davlat yuridik universiteti davlat va huquq nazariyasi


Download 140.27 Kb.
bet11/16
Sana07.05.2023
Hajmi140.27 Kb.
#1440583
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   16
Bog'liq
Nurullayev Ibratbek bitiruv malakaviy ishi tayyor holatda

To‘rtinchidan, har bir huquqiy institut faoliyati uchun alohida ahamiyat kasb etuvchi, o‘ziga xos omil bo‘lib xizmat qiluvchi xususiyatlar qatorida ushbu institutni qamrab oluvchi asosiy prinsiplar ham e’tirof etiladiki, ular orqali tegishli institutning mazmun va mohiyati hamda ahamiyati ochib beriladi. Mahalliy davlat hokimiyati ham davlat huquq faoliyati institut sifatida ma’lum bir jamiyat qonuniyatlariga bo‘ysunadi hamda o‘z faoliyati yo‘nalishida muayyan prinsiplarga amal qilishi lozim3. Shu bois, qonunni alohida modda sifatida mahalliy vakillik va ijroiya organlari faoliyatining fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qonuniylik, jamoatchilik fikrini hisobga olish, oshkoralik, o‘z vakolati doirasida mustaqillik, masalalarni birgalikda va erkin muhokama qilish, umumdavlat va hududiy manfaatlarni ifoda etish kabi asosiy prinsiplarni nazarda tutuvchi norma bilan mustahkamlash talab etiladi.
Beshinchidan, Qonunda Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashi faoliyatining tashkiliy shaklini belgilovchi norma o‘z ifodasini topmog‘i lozim. Shu sababli, qonunning IV bobini “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashi faoliyatining tashkiliy shakllari” nomli yangi modda bilan to‘ldirish zarur: “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashi o‘z faoliyatini sessiyalarda, doimiy va boshqa komissiyalar, shuningdek deputatlar vakolatlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirishlari orqali olib boradi”.
Oltinchidan, qonunda hokimlarning mahalliy budjet va hududni rivojlantirish istiqboliga mo‘ljallangan dasturlar ijrosini nazorat qilish, viloyat, tuman, shahar hududida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularning o‘z vakolatlari doirasida viloyat, tuman, shahar hududidagi davlat boshqaruv organlarining bahamjihat ishlashini ta’minlashga oid vakolatlarini ham aniq belgilash lozim. Qonunning alohida moddalarida mahalliy davlat hokimiyati organlari javobgarligi va hokimning javobgarligi, Xalq deputatlari kengashi va hokim vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish hamda mahalliy davlat hokimiyati deputatlarining ta’sirini yanada kuchaytirish haqidagi normalarni belgilash zarur1. Shu ma’noda, hokimlik institutini takomillashtirish dolzarbligi quyidagilarda ifodalanadi:
birinchidan, davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish sohasida amalga oshirilgan islohotlarning hozirgi bosqichida o‘ta muhim ustuvor vazifa hokimiyatlar bo‘linishi konstitutsiyaviy prinsipini hayotga izchil tatbiq etish, mahalliy ijro etuvchi va vakillik hokimiyatlari o‘rtasidagi vakolatlarning yanada mutanosib taqsimlanishini ta’minlashdan iborat bo‘lib, ushbu masalalarning ilmiy-nazariy asoslarni tadqiq etish va rivojlantirishni taqozo etadi;
ikkinchidan, O‘zbekistonda hokimlik instituti yigirma yildan ortiq vaqt davomida samarali faoliyat ko‘rsatib, katta amaliy tajriba to‘pladi. Hozirda ana shu tajriba va huquqiy asoslarni tahlil qilishga, bu boradagi nazariy va amaliy muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha zarur taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishga ehtiyoj tug‘ilmoqda;
uchinchidan, bugungi kunda hokimlik instituti davlat hokimiyati tizimida o‘zining muayyan o‘rniga ega. Hozirgi globallashuv zamonida ushbu sohadagi milliy va ilg‘or jahon tajribasini qiyosiy-huquqiy tadqiq etish, bu boradagi rivojlanishning umumiy qonuniyatlarini aniqlash hamda faoliyatni yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etmoqda;
to‘rtinchidan, keyingi yillarda mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasida keng ko‘lamli islohotlarning amalga oshirilishi o‘z navbatida, bu jarayonlarni tadqiq etishni, ularni amalga oshirishning ilmiy-nazariy, huquqiy asoslarini mustahkamlashni obyektiv zarurat qilib qo‘ymoqda.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, bugun mamlakatimizda hokimlik institutini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi va hokimlik institutining huquqiy asoslarini takomillashtirish bilan bog‘liq faoliyatni yanada rivojlantirish bu borada dolzarb vazifalardandir.
Bugungi kunga qadar hokimlik lavozimi o‘z mustaqil taraqqiyot yo‘lini belgilab olish jarayonida bo‘lgan davrimizda, joylarda ijro hokimiyatini kuchaytirish maqsadida vujudga keltirildi. Aynan hokimlik lavozimining joriy etilishi mutlaqo yangi bo‘lgan mahalliy davlat hokimiyat organlari tizimini yaratish uchun asos bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mahalliy davlat hokimiyati asoslarining belgilanishi yangi davrda mahalliy davlat hokimiyati organlari tizimida boshqaruvning mas’ul shaxs ya’ni hokim qo‘lida mujassamlanishi islohotlarni amalga oshirilishda demokratik davlat qurish tamoyillarini tatbiq etish imkoniyatlarini yaratib berdi. Qolaversa, bu tizim mamlakatimizning tarixiy davlatchilik tajribalaridan kelib chiqib joriy etilgan edi. O‘zbekiston Respublikasining mahalliy hokimiyat organlari faoliyatida yakkaboshchilik asosida ish olib boruvchi hokim lavozimi viloyat, tuman va shaharning oliy mansabdor shaxsi bo‘lib, ayni bir vaqtda tegishli hududdagi vakillik va ijroiya hokimiyatini boshqaradi. Mahalliy ijroiya va vakillik organining boshqaruvini yakka shaxs – hokim qo‘lida mujassamlanishi o‘zlari rahbarlik qilayotgan organlarning qarorlari va faoliyati uchun hokimning shaxsan javobgarligini mustahkamladi. Amaliyotda hali mahalliy ijro hokimiyati organlarining aholi bilan ishlashda mavjud samarali shakl va uslublardan yetarlicha foydalanmayotganligi bilan bog‘liq muammolar uchramoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev “Necha marta biz buni gapiryabmiz, lekin mana, besh yil tajriba orttirdik... Endi kengashlarning rahbari ijro organi rahbari bo‘lishi mumkin emasligini xalqimiz o‘zi aytyabdi. Vaqt-soati keldi, qonuniy masalani ham joy-joyiga qo‘yamiz. Shunday qilib, demokratik yo‘nalishlardagi katta poydevorni yaratamiz. Agar shu poydevor bo‘lsa, ancha anchagina ijro organi rahbarlari ham xalq tomonidan jilovlanadi. Xalq deganim – deputatlar tomonidan, deutatlar deganim – xalq saylagan vakillar tomonidan” deb o‘z nutqlarida ta’kidlab o‘tdilar1.
Aynan yuqorida ko‘rsatilgan muammolarni samarali bartaraf etish maqsadida mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish zaruriyati mavjud, chunki mazkur organlar davlat organlari tizimida muhim o‘rin egallaganligi va son jihatdan ko‘pchilikni tashkil etuvchi bo‘g‘in bo‘lganligi bois ular orqali asosan mamlakat oliy siyosiy rahbariyatining qarorlarini amalga tadbiq etilishi ta’minlanadi. Shu tariqa, mahalliy ijro hokimiyati organlarining umumdavlat vazifalarini bajarishdagi o‘rni va rolini to‘g‘ri belgilash, ular faoliyatiga eng samarali shakl va uslublarni joriy etish, shuningdek mazkur organlar huquqiy maqomining keyingi rivojlanish istiqbolini aniqlash davlat qurilishining xozirgi bosqichdagi dolzarb vazifalardan sanaladi.
Shuningdek, davlat-huquqiy institut faoliyati uchun alohida ahamiyat kasb etuvchi, o‘ziga xos omil bo‘lib xizmat qiluvchi xususiyatlar qatorida ushbu institutni qamrab oluvchi asosiy prinsiplar ham e’tirof etiladiki, ular orqali tegishli institutning mazmun va mohiyati hamda ahamiyati ochib beriladi. Mahalliy davlat hokimiyati ham davlat huquqiy institut sifatida ma’lum bir jamiyat qonuniyatlariga bo‘ysunadi hamda o‘z faoliyati yo‘nalishida muayyan prinsiplarga amal qilishi lozim. Shu bois, O‘zbeksiton Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonun (18.09.1993 y.)ni alohida modda sifatida mahalliy vakillik va ijroiya organlari faoliyatining fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qonuniylik, jamoatchilik fikrini hisobga olish, oshkoralik, o‘z vakolati doirasida mustaqillik, masalalarni birgalikda va erkin muhokama qilish, umumdavlat va hududiy manfaatlarni ifoda etish kabi asosiy prinsiplarni nazarda tutuvchi norma bilan mustahkamlash talab etiladi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, bizningcha, bugungi kunda mahalliy Kengashlar faoliyatini yanada liberallashtirish zarurdir. Masalan, mahalliy vakillik organlari ishini tashkil qiladigan, kun tartibini belgilaydigan va sessiyani olib boradigan, bir so‘z bilan ta’kidlaganda, Kengash ishlari bilan doimiy asosda shug‘ullanadigan hokimdan alohida shaxsni saylab qo‘yish tartibini joriy etish kerak. Mamlakatimizning o‘tish davrida qabul qilingan qaror va farmoyishlarni operativ tarzda amalga oshirish maqsadida mahalliy Kengashlarga raislik qilish joylardagi hokimlarga topshirilgan edi. Biroq bugungi kunda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tomondan ham to‘la oyoqqa turib oldi. Endilikda esa, mahalliy Kengashlar ijro hokimiyatidan mustaqil organ sifatida faoliyat ko‘rsatishi lozim. Mahalliy Kengashlar joylardagi nisbatan dolzarb bo‘lgan muammolar muhokama qilinib, bartaraf etiladigan, tegishli hudud aholisining ijtimoiy-iqtisodiy hayot darajasining yanada yuksalishini ta’minlaydigan organga aylantirilishi zarur. Mahalliy vakillik organlari raisligiga, mazkur Kengashda ko‘pchilik o‘ringa ega bo‘lgan siyosiy partiya deputatlaridan birini saylab qo‘yish mumkindir. To‘g‘ri, bunday tajriba qo‘shimcha xarajatlarni talab etishi mumkin, lekin mahalliy Kengashlar ishlarining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi natijasida mahalliy muammolarning Kengashda muhokama qilinishi natijasida tez va aniq bartaraf etish imkoni paydo bo‘ladi. Ushbu holat esa mahalliy aholining ham mahalliy Kengashlarga bo‘lgan ishonchini yanada orttiradi.


























XULOSA


Bitiruv malakaviy ishi doirasida olib borilgan ilmiy-huquqiy, qiyosiy-tahliliy tadqiqotning natijasi quyidagi ilmiy-nazariy xulosalarga kelishga, shuningdek qonunchilikni takomillashtirishga oid taklif va tavsiyalarni ilgari surishga xizmat qildi.


  1. Download 140.27 Kb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   16




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling