Toshkent davlat Yuridik universiteti fuqarolik huquqi darslik I qism toshkent-2017 fuqarolik huquqi darslik I qism


Davlatning fuqarolik-huquqiy munosabatlardagi


Download 1.75 Mb.
bet37/132
Sana31.01.2024
Hajmi1.75 Mb.
#1833237
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   132
Bog'liq
KL фукаролик хукуки дарслик 14 02 2017

Davlatning fuqarolik-huquqiy munosabatlardagi
ishtiroki shakllari

Fuqarolik huquqi subyektlari tizimida davlat alohida subyekt hamda “yagona va bo’linmaslik” jihatiga ega bo’lishi bilan birga, boshqa subyektlarning huquqiy maqomini, subyektiv huquq va majburiyatlarini, faoliyati va mavjudlik holatini belgilab beruvchi hamdir. Shu bilan birga, davlat xususiy munosabatlarda garchi, o’zining hokimiyat vakolatlaridan foydalanmasligini o’zi tomonidan qabul qilinadigan qonun hujjatlarida e’tirof etsa-da, har qanday fuqarolik-huquqiy munosabatlarda davlatning hokimiyat vakolatlari sohibi ekanligi sezilib turadi. Bu, ayniqsa, natsionalizatsiya, rekvizitsiya va majburiyat munosabatlarida o’z ifodasini topadi. “Yagona va bo’linmaslik” holatidan kelib chiqib, fuqarolik-huquqiy munosabatlarda aslida davlat nomidan bitta subyekt – O’zbekiston Respublikasi qatnashadi. Bunda uning vakolatlarini Prezident, Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi amalga oshiradi. Shu bilan birga, mazkur munosabatlarda davlat nomidan yuridik shaxs maqomiga ega bo’lgan maxsus vakolatli organlar ham qatnashadi.


FKning 79-moddasiga asosan davlat fuqarolik qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan munosa­batlarda ularning boshqa ishtirokchilari bilan bab-baravar asoslar­da ishtirok etadi. Davlatning mamlakat ichki fuqaro­lik-huquqiy munosabatlardagi ishtiroki quyidagilarda namoyon bo’ladi:
a) davlat o’ziga qarashli mol-mulkka nisbatan mulkdor sifatida harakat qilganida, masalan, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish munosabatlarida;
b) egasi bo’lmagan yoki egasi noma’lum bo’lgan ashyo egasiz hisoblanib, u sud qarori bilan davlat egaligiga o’tkazilganida (FK, 191-modda);
d) Fuqarolik kodeksining 193-moddasi 2-qismiga asosan ashyoni topib olgan shaxs topilgan ashyoni mulk qilib olishdan bosh tortsa, ashyo davlat mulkiga o’tganda;
e) har bir fuqaro vasiyat bo’yicha o’zining butun mulkini yoki uning bir qismini davlatga vasiyat qilib meros tariqasida qoldirishida (FK, 1120-modda);
f) O’zbekiston Respublikasi davlati huquq subyekti sifatida ba’zi fuqarolik-huquqiy xarakterda bo’lgan kredit munosabatlari­da, masalan, davlat zayomi obligatsiyalarini sotishida, qarz shartnomasida ishtirok etganida;
g) tabiiy ofatlar, avariyalar, epidemiyalar, epizootiyalar yuz bergan taqdirda va favqulodda tusdagi boshqa vazifalarda mol-mulk jamiyat manfaatlarini ko’zlab, davlat hokimiyati organi qaroriga muvofiq mulkdordan unga mol-mulkning qiymatini to’lagan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlar asosida olib qo’yilishida (rekvizitsiya). Bunda rekvizitsiya o’tkazilishiga sabab bo’lgan vaziyatlarning amal qilishi to’xtaganidan keyin rekvizitsiya qilingan mol-mulkning sobiq egasi saqlanib qolgan mol-mulkni o’ziga qaytarib berishni talab qilishga haqli ekanligida (FK, 203-modda);
h) mol-mulk musodara qilinganida, ya’ni qonunda nazarda tutilgan hollarda mol-mulk sudning qaroriga muvofiq jinoyat yoki o’zga huquqbuzarlik qilganlik uchun haq to’lamasdan mulkdordan olib qo’yilishida (FK, 204-modda);
i) davlat ba’zi hollarda mualliflikka oid huquqiy munosa­batlarda, masalan, asarni nashr etish huquqini sotib olganida, ixtirochilik munosabatlarida ixtiroga bo’lgan patentni sotib olganida huquq subyekti sifatida ishtirok etishida. Bunday huquqiy munosabatlarda davlatning ishtirok etishi natijasida olingan daromadlar ham davlat budjetiga o’tkaziladi. Shu bilan birga, davlat mablag’lari hisobiga yaratilgan intellektual mulk obyektiga nisbatan ham davlat mulk huquqini qo’lga kiritadi;
j) davlat, shuningdek, chet ellik investorlar bilan konsessiya va mahsulot taqsimotiga oid bitimlarlarda ham qatnashadi. Unga ko’ra, davlat chet ellik investor bilan kelishib olingan shartlar asosida muayyan xo’jalik faoliyatini amalga oshi­rish; yer osti boyliklarini ishlab chiqarish va foydali qazilmalarni kavlab olish, korxonalar qurish va ekspluatatsiya qilish hamda boshqa huquqlarni beradi;
k) davlat chet mamlakatlarda ko’chmas mulkni sotib olishida;
l) xalqaro ommaviy va xususiy-huquqiy munosabatlarda davlat o’z zimmasiga olgan majburiyatni bajarmagan hollarda uning o’rniga vujudga kelgan voris davlat majburiyatni o’tmishdosh-davlat tuzgan shartlar asosida bajarishi lozim bo’lgan hollar va h.k.
Davlat o’zining fuqarolik-huquqiy majburiyatlari bo’yicha o’z mulki bo’lgan mablag’lari bilan javob beradi.
Fuqarolik qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan munosabatlarda davlat nomidan yuqorida aytganimizdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ular maxsus vakil qilgan boshqa organlar ishtirok etadilar.
Ichki fuqarolik-huquqiy munosabatlarda davlat nomidan aksariyat hollarda O’zbekiston Respublikasining tegishli vazirliklari va davlat qo’mitalari qatnashadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda, O’zbekiston Respublikasi davlati nomidan harakat qiluvchi organlar tizimida Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasi, Moliya vazirligi va Markaziy bank alohida mavqega ega.
Davlat idoralarining fuqarolik-huquqiy munosabatlardagi ishtiroki ikki xil ko’rinishda bo’ladi: bevosita va bilvosita. Bevosita ishtirokda davlat o’z nomidan fuqarolik muomalasiga kirishadi. Bilvosita ishtirokda esa davlat nomidan uning organlari ishtirok etadi. Shuningdek:
1. Davlat nomidan ishtirok etish holati ham mavjud. Bunda – muayyan organ davlat nomidan harakat qiladi va davlat uchun huquq va majburiyatlar vujudga keltiradi (Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining chet el kompaniyasi bilan tuzgan shartnomasi bunga misol bo’la oladi).
2. Davlat organi fuqarolik muomalasida o’z nomidan harakat qiladi. Masalan, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Ishlar boshqarmasining do’konlardan idora jihozlarini sotib olishi. Bunda faqat Oliy Majlisga biriktirilgan mol-mulkka nisbatan huquq va majburiyatlar yuzaga keladi.
Davlat ba’zi hollarda subyekt sifatida o’zining mansabdor shaxslari yoki organlari tomonidan yetkazilgan mulkiy zararni to’­lashda javobgar bo’ladi (masalan, dastlabki tergov, tergov, prokura­tura, sud organlarining mansabdor shaxslari fuqarolarga nisbatan qilgan g’ayriqonuniy harakatlari natijasida ularga yetkazilgan zarar uchun javobgar bo’ladilar).
FKning 15-moddasida belgilanganidek, davlat organlari yoki ushbu organlar mansabdor shaxslarining g’ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi), shu jumladan davlat organi tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq bo’lmagan hujjat chiqarilishi natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zarar davlat tomonidan to’lanishi kerak.
Ayni vaqtda O’zbekiston davlati tashqi fuqarolik-huquqiy munosabatlarda ham mustaqil huquq subyekti sifatida ishtirok etadi.
O’zbekiston Respublikasi o’ziga mulk huquqi asosida tegishli bo’lgan obyektlardan xorijiy davlatlar, ularning yuridik va jismoniy shaxslari, xalqaro tashkilotlar bilan o’zaro foydali hamkorlik o’rnatishda, bunday hamkorlikni rivojlantirishda barcha amaliy harakatlarni ro’yobga chiqarish uchun foydalanadi.
Jumladan, davlat organi bo’lgan O’zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi o’z faoliyatida respublika nomidan ish olib borib, barcha tashqi iqtisodiy aloqalarni koordinatsiya qiladi, tartibga soladi, nazorat qiladi va boshqaradi. O’zbekiston Respublikasi hududidan tashqari va xorijda mamlakat nomidan barcha tashqi iqtisodiy masalalar bo’yicha uning manfaatlarini ko’zlab harakat qilish bilan birga, O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni ham o’z zimmasiga oladi. Vazirlik o’z faoliyatini bevosita Vazirlar Mahkamasi rahbarligida amalga oshiradi. Vazirlik o’z faoliyatida Tashqi ishlar vazirligi, Markaziy bank bilan uzviy hamkorlik qiladi.
O’zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari va fuqarolarining qonuniy huquq hamda manfaatlarini ta’minlash, tashqi iqtisodiy sohada bevosita o’zaro foydali aloqalarni o’rnatish maqsadida xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar huzurida O’zbekiston Respublikasining savdo yoki o’zga vakolatxonalari ta’sis etiladi. Bu vakolatxonalar o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi qonunlariga, o’zlari to’g’risidagi nizomga, shuningdek O’zbekiston Respublikasi hamda vakolatxona joylashgan davlatlar ishtirokchi bo’lgan xalqaro shartnomalarga amal qiladi.
FKning 80-moddasiga binoan qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari davlat o’zi tuzgan yuridik shaxs majburiyatlari yuzasidan javobgar bo’lmaydi. Davlat majburiyati yuzasidan yuridik shaxs ham javobgar bo’lmaydi. Ushbu qoidalar davlat tuzgan shartnoma asosida yuridik shaxsning majburiyatlari bo’yicha o’z zimmasiga kafillik olgan (kafolat bergan) yoki mazkur yuridik shaxs davlatning majburiyatlari bo’yicha o’z zimmasiga kafillik olgan (kafolat bergan) hollarga taalluqli emas.
Xulosa qilib aytganda, fuqarolik-huquqiy munosabatlarda davlat ishtirokining monistik (davlat nomidan fuqarolik-huquqiy munosabatlarda faqat bitta organ ishtirok etishi) va plyuralistik (davlat nomidan fuqarolik-huquqiy munosabatlarda bir nechta organning qatnashishi) ishtiroki farqlanadi.



Download 1.75 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   132




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling