Toshkent davlat Yuridik universiteti fuqarolik huquqi darslik I qism toshkent-2017 fuqarolik huquqi darslik I qism


Davlatning fuqarolik huquq layoqati


Download 1.75 Mb.
bet35/132
Sana31.01.2024
Hajmi1.75 Mb.
#1833237
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   132
Bog'liq
KL фукаролик хукуки дарслик 14 02 2017

Davlatning fuqarolik huquq layoqati

Davlat jamiyat hayotining barcha sohalarida eng muhim ahamiyatga ega “subyekt” hisoblanadi. Davlatning ushbu maqomi iqtisodiy munosabatlarda yaqqol ajralib turadi. Zero, iqtisodiy munosabatlarning vujudga kelishi, shakllanishi va rivojlanishida davlat ishtiroki bevosita xalq manfaatlarini amalga oshirishga qaratilgan bo’ladi. Bunda esa, davlat ana shu manfaatlarning himoyachisi sifatida ularni to’g’ri va maqbul amalga oshirilishini ta’minlab beradi. Iqtisodiy sohada davlatning xalq manfaatlarini ifoda etishi bilan bog’liq munosabatlar asosan fuqarolik huquqi bilan tartibga solinishini nazarda tutib, hozirgi sharoitda davlatning fuqarolik huquqiy maqomini aniqlash, fuqarolik-huquqiy munosabatlarda davlat ishtirokining o’ziga xos xususiyatlarini belgilash, xalq manfaatlarini ifoda etishning iqtisodiy va huquqiy asosi hisoblangan davlat mulkini himoya qilish va uni amalga oshirishning samarali usul va vositalarini vujudga keltirish dolzarb vazifalardan hisoblanadi.


FKning 2-moddasiga ko’ra davlat ham fuqarolar va yuridik shaxslar kabi fuqarolik qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan munosabatlarning ishtirokchisidir.
Darhaqiqat, bozor munosabatlari sharoitida davlatning iqtisodiy munosabatlardagi o’rni va fuqarolik-huquqiy munosabatlardagi maqomi tubdan o’zgardi. Endilikda davlat fuqarolik huquqining boshqa subyektlari kabi huquqiy munosabatlarda teng asoslarda ishtirok eta boshladi.
Fuqarolik-huquqiy munosabatlarda hokimiyat sohibi sifati­dagi davlat ishtirokining o’ziga xos xususiyatlaridan biri bu davlatning o’zi bevosita ishtirok etadigan munosabat doirasini o’zi belgilashidir. Demak, davlat o’zining qaysi fuqarolik-huquqiy munosabatlarda ishtirok etishini o’zi belgilay oladi. Zarur paytda esa, davlat o’z qarorlari bilan o’z ishtirokini ta’minlaydi. Masa­lan, davlat, xalq va jamiyat manfaatlarini ko’zlab g’alla ekinlari faqat davlatga sotilishini belgilab qo’yishi mumkin.
Davlatning fuqarolik-huquqiy munosabatlardagi ishtiroki uning suverenitet sohibi ekanligidan kelib chiqadi.
Davlat suverenitet sohibi sifatida yagona va bo’linmasdir. Shunga binoan davlat fuqarolik-huquqiy munosabatda yakka va yagona subyekt (fuqarolar va yuridik shaxslar kabi ko’p va turli xil emas) deb qaraladi. Zero, davlat fuqarolik-huquqiy munosabatlarning subyekti sifatida boshqa subyektlar bilan o’zaro huquqiy aloqalarga kirishar ekan, bunda u o’ziga tegishli bo’lgan imtiyozlar: hokimiyat vakolati, hukmronlik va boshqarish faoliyati, ustunlik maqomidan voz kechishiga to’g’ri keladi. Ta’kidlanganidek, bu fuqarolik-huquqiy munosabatlarda davlat suverenitet sohibi sifatida yagona va bo’linmas subyekt hisoblanadi. Binobarin, bitta alohida olingan hududda ikkita suverenitet sohibi bo’lishiga yo’l qo’yilmaydi.
Davlat – oliy hokimiyat, suverenitet sohibi bo’lganligi tufayli fuqarolik-huquqiy munosabat subyekti sifatida o’ziga xos xususiyatlarga ega.
Davlatning fuqarolik-huquqiy munosabat subyekti o’ziga xos sifatidagi xususiyatlariga quyidagilar kiradi:
1. Davlat fuqarolik-huquqiy munosabatlar subyekti sifatida fuqarolik huquqi subyektlari amal qiladigan qonunlarni o’zi belgilaydi.
Fuqarolik huquqining boshqa subyektlari barcha subyektlar amal qiluvchi qonun qabul qilish vakolatiga ega emas. Qonun qabul qilish faqatgina davlat va uning organlari tomonidan amalga oshiriladi va ijro etilishi ta’minlanadi.
2. Davlat organlari fuqarolik huquq va burchlari vujudga kelishining asosi bo’ladigan hujjatlar chiqarishi mumkin (FK, 8-modda, 2-band).
Umumiy qoidaga ko’ra, fuqarolik-huquqiy munosabatlarda har bir subyekt o’zining nomidan harakat qilishi lozim. Bu qoida fuqarolarga (fuqarolik muomala layoqati) ham, yuridik shaxslarga (yuridik shaxslarning huquqiy belgilaridan biri – bu fuqarolik-huquqiy munosabatlarda o’z nomidan ishtirok etishi) ham taalluq­lidir. Davlat ham fuqarolik muomalasida o’z nomidan qatnashadi. “Davlat” tushunchasi mavhum hisoblanganligi uchun ham fuqarolik-huquqiy munosabatlarda davlat nomidan uning organlari ishtirok etishi zarur. Chunki keyinchalik yuzaga keladigan majburiyatlarga nisbatan javobgarlikni belgilashda bu holat muhim hisoblanadi.
Fuqarolik-huquqiy munosabatlarda davlat nomidan ishtirok etishi mumkin bo’lgan subyektlar doirasi FKning 79-moddasi 2-qismida belgilangan. Unga ko’ra, fuqarolik qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan munosabatlarda davlat nomidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ular maxsus vakil qilgan boshqa maxsus organlar ishtirok etadilar. Aynan qaysi fuqarolik-huquqiy munosabatlarda, qaysi davlat organining ishtirok etishi shu organning funksiyasi, tuzilish maqsadi va faoliyat doirasidan kelib chiqib belgilanadi.
Har qanday davlat organi tomonidan chiqarilgan normativ xarakterga ega bo’lmagan hujjatlar ham fuqarolik-huquqiy munosabatlarni vujudga keltirishi mumkin.
Masalan, huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari ham majburiy tusdagi hujjatlar qabul qiladi. Bunda ular O’zbekiston Respublikasi nomidan harakat qiladi va bu hujjatlar fuqarolik huquq va burchlarini vujudga keltirish, o’zgartirish yoki bekor qilishga asos bo’lishi mumkin.
FPKning 16-moddasiga asosan sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori va buyrug’i barcha davlat organlari, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy bo’lib, O’zbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi lozim.

Download 1.75 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   132




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling