Toshkent davlat Yuridik universiteti fuqarolik huquqi darslik I qism toshkent-2017 fuqarolik huquqi darslik I qism


Fuqarolik huquqi obyektlarining turlari


Download 1.75 Mb.
bet43/132
Sana31.01.2024
Hajmi1.75 Mb.
#1833237
1   ...   39   40   41   42   43   44   45   46   ...   132
Bog'liq
KL фукаролик хукуки дарслик 14 02 2017

2. Fuqarolik huquqi obyektlarining turlari:
a) moddiy ne’matlar


Mol-mulk – fuqarolik huquqining obyekti sifatida. Fuqarolik-huquqiy munosabatlarning obyekti bo‘lib ko‘ringan mulk tushunchasi to‘g‘risida to‘xtalib, shuni aytish kerakki, ba’zi hollarda ashyo, narsalar mulk deb atalsa ham mol-mulk atamasining ma’nosi birmuncha keng bo‘lishini bilamiz.
Mol-mulk muayyan shaxsga (fuqaro yoki yuridik shaxsga) egalik huquqi bilan tegishli ayrim ashyolar yoki ashyolarning yig‘indisidir. Demak, mol-mulk bu munosabatdir (bu haqda mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar mavzusida yanada batafsil to‘xtaymiz).
FKning 83-moddasida mol-mulk turlari ko‘rsatilgan. Unga asosan mol-mulk ko‘chmas va ko‘char mulkka bo‘linadi.
Qonunchilikdagi o‘zgarishlarga ko‘ra, ko‘chmas mulklarning doirasi kengaytirilib, ular jumlasiga yer uchastkalari, yer osti boyliklari, binolar, inshootlar, ko‘p yillik dov-daraxtlar va yer bilan uzviy bog‘langan boshqa mol-mulk, ya’ni belgilangan maqsadiga nomutanosib zarar yetkazmagan holda joyini o‘zgartirish mumkin bo‘lmaydigan obyektlar kiritildi.
Ko‘chmas mol-mulk bilan bog‘liq huquqlarni olish yoki begonalashtirish FKning 84-moddasida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. FKning 83-moddasi 3-qismida qonunda boshqa mol-mulk ham ko‘chmas mol-mulk qatoriga kiritilishi mumkinligi belgilangan. Ta’kidlanganidek, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq asosiy xususiyat shundaki, u yer bilan bog‘liq bo‘lib, bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirish natijasida o‘z xususiyatini yo‘qotadi.
Vazifasiga va tayinlanish maqsadiga zarar yetkazmagan holda bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirilishi mumkin bo‘lgan mol-mulk ko‘char mulk jumlasiga kiradi. Qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari ko‘char mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talab etilmaydi.
Pullar va qimmatli qog‘ozlar – fuqarolik huquqining obyekti sifatida. Pul ham fuqarolik huquqining obyekti sanaladi. Pul o‘zining uzoq davom etgan tadrijiy rivojlanishida mol-hol, zaytun yog‘i, oltin va kumush yombisi ko‘rinishidagi ayirboshlash vositalaridan – hozirgi elektron pullarga, kredit kartochkalariga qadar bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Pul bozor iqtisodiyotini rivojlantirishning eng muhim elementlaridan biri hisoblanadi.
Manbalarda keltirilganidek, fuqarolik huquqi nuqtai nazaridan pulning xususiyatlari va vazifalari quyidagilarda ko‘rinadi:
- pul qonun hujjatlariga muvofiq iste’mol qilinadigan, turga xos alomatlari bilan belgilanadigan ashyolarning o‘ziga xos xususiyatlariga ega bo‘lgan turi hisoblanadi;
- pul ko‘pchilik fuqarolik-huquqiy munosabatlarda (qarz, kredit, hadya shartnomalarida) mustaqil obyekt sifatida ishtirok etadi;
- pul fuqarolik-huquqiy munosabatlarda (oldi-sotdi, mahsulot yetkazib berish, kontraktatsiya shartnomalarida) teng qiymatga ega bo‘lgan obyekt hisoblanadi;
- umumiy ekvivalent, ya’ni teng qiymatga ega bo‘lgan obyekt sifatida har qanday ashyo bilan almashtirish, yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplash uchun ham qo‘llaniladi;
- pul har qanday qonuniy qarzni, uning har qanday holatlar asoslarida (masalan, majburiyat bajarilmagani yoki lozim darajada bajarilmagani tufayli) vujudga kelishidan qat’i nazar, uni tuzish, to‘lash, qoplash vositasi sifatida muhim rol o‘ynaydi1 (juz’iy tahrir bizniki – M.B.).
Mustaqil davlatning asosiy atributlaridan biri – bu uning milliy valyutasidir. Mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijasida O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasi – so‘mni muomalaga kiritilishi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 16-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasini muomalaga kiritish to‘g‘risida”gi 870-son farmoni bilan 1994-yilning 1-iyulidan boshlab O‘zbekiston Respublikasining hududida 1000 so‘m pul kuponga bir “so‘m” nisbati bilan O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasi – “so‘m” muomalaga kiritildi. So‘m unda yozilgan qiymat bo‘yicha qabul qilinishi shart. Farmonga ko‘ra 1994-yilning 1-iyuli­dan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida “so‘m” mulkchilik shaklidan qat’i nazar qonuniy to‘lov vositasi hisoblanadi.
Pullar jismiy alomatlari bilan belgilangan ashyolar qatorida bo‘lib, pul belgilarining soni bo‘yicha hisoblanmay, balki bu belgilarda ko‘rsatilgan summalarga qarab hisoblanadi.
Milliy so‘mdan tashqari chet el valyutasi ham muomalada bo‘ladi. Pul va chet el valyutasi bir xil tushunchaga ega. Faqat chet el valyutasi xorijiy mamlakatlarga tegishli bo‘lib, mamlakatimizda ular bilan hisob-kitob qilishda farq mavjud. Chet el valyutasi bilan bog‘liq munosabatlar “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) qonun bilan tartibga solinadi1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki O‘zbekiston Respublikasida valyutani tartibga soluvchi davlat organidir. Chet el valyutasida operatsiyalarni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan banklar vakolatli hisoblanadi.

Download 1.75 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   39   40   41   42   43   44   45   46   ...   132




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling