Toshkent davlat yuridik universiteti iqtisodiy protsessual huquq


Sudyalarning mustaqilligi va ularning faqat qonunga bo‘ysunishi prinsipi


Download 464.55 Kb.
bet25/306
Sana05.02.2023
Hajmi464.55 Kb.
#1166720
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   306
Bog'liq
ИПҲ-дарслик-2018

Sudyalarning mustaqilligi va ularning faqat qonunga bo‘ysunishi prinsipi. Mazkur prinsip O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 112-moddasida, IPKning 8-moddasida, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunda mustahkamlab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi IPKning 8-moddasiga ko‘ra, odil sudlovni amalga oshirishda sudyalar mustaqildirlar va faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi “Sud- huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4850-son, 2017-yil 7-fevraldagi “O'zbekiston Respublikasini yanada
rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-4947-son va 2017-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini sud tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4966-son farmonlarining qabul qilinishi sudyalarning mustaqilligini mustahkamlashda va ularni ijtimoiy jihatdan muhofaza qilishni kuchaytirishda, odil sudlovni sifatini oshirishda hamda sudya kadrlarni tanlash va ularni tayinlash (saylash)da, sudyalikka qo‘yilgan talablarni samarali tizimini joriy etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Sudyalarning mustaqilligi prinsipining amal qilishi odil sudlovning fuqarolar huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning, ular o‘rtasidagi nizolarni hal etishning samarali vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Odil sudlovni amalga oshirish jarayonida sudya to‘liq mustaqil bo‘lib, faqatgina qonunga bo‘ysunishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan normalardan kelib chiqib, sudyalar mustaqilligining asosiy kafolatlarini siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy kafolatlarga ajratish mumkin.
Sudyalar mustaqilligining siyosiy kafolatlariga: sudyalarning qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan hamda boshqa jamoat tashkilotlardan mustaqil ish yuritishi kiradi.
Sudyalar mustaqilligining ijtimoiy-iqtisodiy kafolatlariga: sudyalarning ish haqi lavozim maoshidan, malaka darajasi, ko‘p yillik xizmati uchun to‘lanadigan ustama haqlari, sudyalar o‘z xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan olgan daromadlari bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etilishi, sudyalarga har yili o‘ttiz olti ish kunidan iborat haq to‘lanadigan ta’til berilishi, sudyalarning hayoti va sog‘lig‘i davlatning maxsus muhofazasida bo‘lishi hamda respublika budjeti mablag‘lari hisobidan davlat tomonidan majburiy tartibda sug‘urta qilinishi, vakolatlari muddati tugagan sudyalarning o‘rtacha oylik ish haqi ularni yangi vakolatlar muddatiga qayta saylash yoki qayta tayinlash uchun hujjatlari ko‘rib chiqiladigan davrda yoxud yangi ish joyiga ishga joylashtirilgunga qadar, lekin ko‘pi bilan uch oygacha saqlab qolinishi, sudyalarga ularning vakolatlari tugaganidan keyin ular sudyalik lavozimiga saylanishga yoki tayinlanishga qadar egallab turgan avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud bo‘lmaganda esa avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) berilishini kiritish mumkin.
Sudyalar mustaqilligining huquqiy kafolatlariga: sudyalarning dahlsizligi, ularning qonunda belgilangan tartibda sudyalikka saylash, tayinlash va sudyalikdan ozod qilish, qaror chiqarish chog‘ida sudyalar maslahatining sir tutilishi va uni oshkor qilishni talab etishning taqiqlanishi, sudyaga nisbatan hurmatsizlik qilganlik yoki muayyan ishlarni hal qilishga aralashganlik, sudyalar daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlik, sudyaga davlat hisobidan uning yuksak maqomiga munosib moddiy va ijtomoiy ta’minot berish kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining 70-moddasida ko‘rsatilishicha, sudyaning shaxsi daxlsiz. Sudyaning daxlsizligi uning turar joyiga, xizmat xonasiga, foydalanadigan transporti va aloqa vositalariga, xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga taalluqlidir.
Sudya O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi olinmasidan va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi mumkin emas. Sudya O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi olinmasdan ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Sudyalarning mustaqilligi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining bir qator huquqiy normalarida ham mustahkamlangan. Masalan, Iqtisodiy protsessual kodeksning 175-moddasiga ko‘ra sud ish bo‘yicha dalillarni tekshirish va sud muzokaralari tugaganidan keyin sud hujjatini qabul qilish uchun alohida xonaga (maslahatxonaga) kiradi. Shuningdek, iqtisodiy sudda ish hay’atda ko‘rilayotganda va hal qilinayotganda kelib chiqadigan masalalar bo‘yicha sudyalarning qaroriga qo‘shilmagan sudya o‘zining alohida fikrini yozma ravishda bayon qilishga haqli (IPKning 18-moddasi).
Bundan tashqari, Iqtisodiy protsessual kodeksning 74-moddasiga ko‘ra iqtisodiy sud ishdagi mavjud dalillarni har tomonlama, to‘liq va xolis tekshirishga asoslangan o‘z ichki komil ishonchi bo‘yicha baholashi, hech qanday dalil sud uchun oldindan belgilab qo‘yilgan kuchga ega emasligi ham sudyalarning mustaqilligini protsessual jihatdan amalda kafolatlaydi.

Download 464.55 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   306




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling