Toshkent davlat yuridik universiteti iqtisodiy protsessual huquq


Download 464.55 Kb.
bet37/306
Sana05.02.2023
Hajmi464.55 Kb.
#1166720
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   306
Bog'liq
ИПҲ-дарслик-2018

Ishda ishtirok etuvchi shaxslar

Iqtisodiy protsess har bir ishtirokchisining huquqiy holati nizoni ko‘rib chiqish va hal etish jarayonida u yoki bu ishtirokchi tomonidan bajariladigan vazifalar bilan belgilanadi. Iqtisodiy protsessning ishtirokchilari shunday subyektlarki, ularning harakatlari nizoni tez va to‘g‘ri hal etishga, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga yordam berishi mumkin. Iqtisodiy protsess subyektlarining protsessual faoliyati iqtisodiy sudlarga taalluqli har bir ishda vujudga keluvchi iqtisodiy protsessual munosabatlar doirasida amalga oshiriladi.
Iqtisodiy protsessning ishtirokchilari bir necha guruhga ajratiladi. Birinchi guruhga iqtisodiy sudlar (sudyalar), ikkinchi guruhga qonunda nazarda tutilgan ishda ishtirok etuvchi shaxslar, uchinchi guruhga odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi boshqa shaxslar kiradi. V.V.Yarkov bu guruhni to‘rttaga ajartadi:

  1. nizoni hal etuvchi organ sifatida iqtisodiy sudlar;

  2. o‘zining yoki boshqalarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qiluvchi hamda iqtisodiy protsess natijalaridan yuridik manfaatdor bo‘lgan ishda ishtirok etuvchi shaxslar;

  3. ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iqtisodiy ishda ishtirokini ta’minlaydigan va ularning manfaatlarini ifodalaydigan vakillar;

  4. iqtisodiy sudga daliliy ma’lumotlarni taqdim etish faoliyatiga va boshqa holatlarga ko‘maklashuvchi boshqa shaxslar (guvohlar, ekspertlar, tarjimonlar va boshqalar)2.

Ishda ishtirok etuvchi shaxslarga nisbatan taalluqli me’yorlar iqtisodiy protsessda alohida o‘rin egallaydi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar protsessning shunday ishtirokchilariki, protsessning borishi ularning harakatiga bog‘liq, ular keng hajmdagi protsessual huquq va majburiyatlardan foydalanadilar. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar tushunchasi shu bilan ifodalanadiki, ularning barchasi iqtisodiy ishni hal etilishidan ma’lum bir moddiy va (yoki) protsessual manfaatdor bo‘ladilar. Mazkur manfaatning mavjudligi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga umumiy protsessual huquq va mujburiyatlarning tegishliligi bilan asoslanadi. Ayrim huquqlar ishda ishtirok etuvchi shaxslarning barchasiga ham taalluqli bo‘lmasligi mumkin.
“Ishda ishtirok etuvchi shaxslar” atamasi qonunchilikdagi ayrim masalalarni ham hal etadi, ya’ni qonunshunosning har safar aniq protsessual subyektlarni atashiga zaruriyat tug‘ilmaydi.
“Ishda ishtirok etuvchi shaxslar” tushunchasi “iqtisodiy protsessning subyektlari” yoki “iqtisodiy protsessual huquqiy munosabat” tushunchalariga qaraganda ancha chuqurroqdir.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar quyidagi belgilarni o‘zida mujassamlashtirgan iqtisodiy protsessning ishtirokchilari hisoblanadi:
Birinchidan, ular iqtisodiy protsessda mustaqil ishtirok etadilar, jumladan, o‘z nomidan tegishli protsessual harakatlarni amalga oshiradilar.
Ikkinchidan, ular sud qaroridan shaxsan huquqiy manfaatdor bo‘ladilar. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning shaxsiy huquqiy manfaatdorligi subyektiv emas, balki mutlaq obyektiv toifa hisoblanadi, ya’ni sud qarori bevosita ularning huquqlari, majburiyatlari hamda qonuniy manfaatlariga ta’sir qiladi. Agarda bunday ta’sir mavjud bo‘lmasa, tegishli shaxsning ishdan huquqiy manfaatdorligi ham mavjud emasligidan dalolat beradi. Demak, u ishda ishtirok etuvchi shaxs sifatida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lmaydi.
Uchinchidan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarni qonunda belgilangan tartibda sud hujjatining oqibati birlashtiradi.
Iqtisodiy protsessual kodeksining 41-moddasiga ko‘ra, taraflar, uchinchi shaxslar, prokuror, davlat organlari va boshqa shaxslar o‘z zimmalariga yuklatilgan vakolatlarga ko‘ra, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan alohida toifadagi ishlar bo‘yicha arizachilar hamda boshqa manfaatdor shaxslar ishda ishtirok etuvchi shaxslar deb hisoblanadilar.
Boshqacha qilib aytganda, iqtisodiy protsessual qonunchiligi nuqtayi nazaridan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarga quyidagilar kiradi:

  1. taraflar;

  2. arizachilar;

  3. manfaatdor shaxslar.

Iqtisodiy protsessual kodeksda manfaatdor shaxslar tushunchasiga taalluqli umumiy normalar o‘z ifodasini topmagan. Manfaatdor shaxs - bu alohida toifadagi, ma’muriy munosabatlardan kelib chiquvchi ishlarga jalb qilinuvchi huquqiy manfaatdor shaxsdir. Ishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaxsni iqtisodiy sudga biror-bir ariza bilan murojaat qiluvchi manfaatdor shaxsdan farqlash lozim. Qonun iqtisodiy sudga biror-bir ariza bilan murojaat qiluvchi shaxsning huquqiy manfaatdorligini qayd etadi.
Manfaatdor shaxs tushunchasini to‘g‘ri aniqlash uchun manfaat tushunchasining o‘ziga alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Qoidaga ko‘ra iqtisodiy sudga murojaat qiluvchi shaxsning ish natijasidan moddiy-huquqiy talabi mavjud bo‘lmasa, u qanoatlantirilmaydi. Boshqacha qilib aytganda, iqtisodiy sudga murojaat qilgan shaxs o‘zining moddiy-huquqiy talabini tasdiqlovchi dalillarni taqdim qilishi lozim.
Manfaat - bu umumilmiy kategoriya. Lekin mazkur holatda moddiy manfaat subyektiv huquq hamda majburiyatlarni vujudga keltirish, o‘zgartirish va bekor bo‘lish vositasida amalga oshiriladigan maqsadga erishish usulidir.
Shunday qilib, shaxs moddiy-huquqiy manfaat obyekti - foyda yoki daromadni qonuniy usulda olish maqsadida subyektiv huquqlarni vujudga keltirish, o‘zgartirish va bekor qilish hamda mavjud subyektiv huquqni amalga oshirishga qaratilgan aniq harakatlarni bajaradi. Demak, foyda olishga qaratilgan ehtiyoj, birinchidan, moddiy huquqiy munosabatni harakatga keltiradi, ikkinchidan, mavjud subyektiv huquqni amalga oshirishga olib keladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan moddiy-huquqiy manfaat subyektning subyektiv huquqlarni amalga oshirishi yoki huquqiy munosabatni harakatga keltirishi vositasida erishiladigan foyda olishga qaratilgan ehtiyojidir.
Shaxsning aniq bir subyektiv huquqi mavjud emasligi, uni amalga oshirish huquqidan ham mahrum etadi. Bu shuni anglatadiki, ushbu shaxsda mazkur subyektiv huquqni amalga oshirish uchun moddiy-huquqiy manfaat ham bo‘lmaydi.
Moddiy-huquqiy manfaat yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan manfaat bo‘lmasa, u huquq deb tan olinmaydi va huquqiy jihatdan himoya qilinmaydi.
Demak, manfaatdor shaxs foyda olish maqsadida o‘z ehtiyojlarini ta’minlash uchun aniq subyektiv huquqni amalga oshiradi yoki aniq huquqiy munosabatning harakatiga ta’sir qiladi. Shaxsning o‘z subyektiv huquqlarini amalga oshirish huquqi yoki huquqiy munosabatning harakati buzilsa (bekor bo‘lsa), u iqtisodiy sudga ularni himoya qilishni so‘rab murojaat qilish huquqiga ega.
Protsessual nuqtayi nazardan iqtisodiy sudga da’vo talabi bilan murojaat qilish va qonunda belgilangan tartibda qaror qabul qilishni so‘rash huquqiga protsessual huquqiy layoqatga va muomala layoqatiga ega bo‘lgan har qanday shaxs haqli. Demak, iqtisodiy protsessning ishtirokchisi bo‘lish uchun protsessual huquqiy layoqatga va muomala layoqatiga ega bo‘lishning o‘zi yetarli hisoblanadi.
Moddiy nuqtayi nazardan esa da’vo talabi bilan iqtisodiy sudga murojaat qilgan shaxs ishning natijasidan manfaatdor bo‘lishi kerak. Boshqacha qilib aytganda, iqtisodiy suddan uning foydasiga qaror qabul qilinishiga talabgor subyekt faqat manfaatdor shaxs bo‘lishi mumkin. Agar iqtisodiy sud da’vo manfaatdor shaxs tomonidan taqdim etilmagan degan xulosaga kelsa, bunday da’vo qanoatlantirilmaydi. Shu bois iqtisodiy sud shaxsning da’vo taqdim etishga huquqi bor yoki yo‘qligini aniqlaydi.
Iqtisodiy protsessual kodeksida manfaatdor shaxslarga taalluqli ayrim holatlar o‘z ifodasini topgan. Umumiy qoida tariqasida har qanday manfaatdor shaxs o‘zining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishni so‘rab iqtisodiy sudga murojaat qilishga haqli (IPK, 3-modda). Ushbu holatda manfaatdor shaxs atamasining moddiy-huquqiy ahamiyati nazarda tutiladi. Iqtisodiy protsessual kodeksning 41-moddasi manfaatdor shaxslarni ishda ishtirok etuvchi shaxslarga kiritgan. Ya’ni bu shaxslar u yoki bu darajada ishning borishidan manfaatdor.
Umuman olganda, iqtisodiy ishda ishtirok etuvchi shaxslar huquqiy manfaatining xarakteriga qarab ularni ikki guruhga ajratish mumkin. Birinchi guruhga sud hujjati ularning foydasiga ijobiy hal qilinishi talabgori bo‘lgan, shaxsiy manfaatga ega bo'lgan shaxslar kiradi. Bularga - taraflar, arizachilar hamda yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi va tashkilotlar hamda fuqarolar bankrotligi to‘g‘risidagi ishlardan manfaatdor shaxslar hamda uchinchi shaxslar kiradi.
Ikkinchi guruhga ishning borishidan shaxsiy manfaatdor bo‘lmagan shaxslarni kiritish mumkin. Mazkur guruhga kiruvchi shaxslarning manfaati boshqa shaxslarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Shuning uchun ishda ishtirok etuvchi mazkur toifadagi shaxslarning manfaati protsessual xarakter kasb etadi. Bunday shaxslarga prokuror, qonun bo‘yicha davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish maqsadida iqtisodiy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan hollarda davlat organlari va boshqa shaxslarni kiritishimiz mumkin.
Iqtisodiy sud ishlarini yuritishda iqtisodiyot sohasida fuqarolar, tashkilotlarning subyektiv huquq va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish belgilangan. Asosan buzilgan va nizolashilayotgan huquqlar da’vo tartibida ish yurituv orqali himoya qilinadi. Lekin ayrim holatlarda ba’zi huquqlar hech kim tomonidan buzilmaydi va nizolashilmaydi, ular faqat ayrim holatlarga ko‘ra aniqlanmagan bo‘lganligi sababli sud tomonidan himoya qilinishiga ehtiyoj sezadi. Bu holatda manfaatdor shaxslarda u yoki bu yuridik faktni iqtisodiy sud ishlarini yuritish tartibida belgilanishiga zaruriyat sezadi. Ya’ni fuqaro yoki tashkilotlarning huquqiy maqomi, uning mulki va boshqa holatlari aniqlanadi, chunki ular ma’lum bir huquqiy oqibatlar bilan aloqadordir. Shuning uchun ham mazkur toifadagi ishlarda huquq to‘g‘risidagi nizo bo‘lmaganligi sababli qonunchilik ularga nisbatan alohida tartibda ish yuritish qoidalarini o‘rnatgan.
Mazkur turdagi ish yurituv quyidagi o‘ziga xos xususiyatlarga ega:

  1. huquq to‘g‘risidagi nizoning mavjud emasligi (bunda bir shaxsning boshqa shaxsga nisbatan moddiy-huquqiy talabi mavjud bo‘lmaydi);

  2. o‘rtasida nizo kelib chiquvchi taraflarning, ya’ni da’vogar va javobgarning mavjud emasligi.

Alohida toifada ish yuritish iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi va hal etiladi, ya’ni bunda Iqtisodiy protsessual kodeksda belgilangan o‘ziga xos xususiyatlar inobatga olinadi. Mazkur ish yurituvda da’voni tan olish, da’vo talablarini ko‘paytirish yoki kamaytirish, kelishuv bitimi tuzish kabi huquqiy institutlar qo‘llanilmaydi. Agarda alohida tartibda ariza berish yoki ishni ko‘rish jarayonida huquq to‘g‘risida nizo kelib chiqsa, iqtisodiy sud da’voni ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risida ajrim chiqaradi va manfaatdor shaxslarga huquq to‘g‘risidagi nizo yuzasidan da’vo tartibida murojaat qilishi mumkinligini tushuntiradi.
Alohida toifadagi ishlarni ko’rib chiqish boshqa iqtisodiy sud ishlarini yuritish tartibi bilan o‘zaro aloqador bo‘lib, unda ham boshqa ishlar kabi iqtisodiy protsessning umumiy tamoyillariga asoslangan holda ishni ko‘rib chiqish va hal etish qoidalariga rioya qilinadi.
Yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi ishlarda taraflar bo‘lmaganligi sababli sudga murojaat qilgan shaxs arizachi deb ataladi.
Iqtisodiy sudlarga bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar ham taalluqlidir. Yuridik shaxslar va fuqarolarning bankrotligi to‘g‘risidagi ishlar O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha, “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan o‘ziga xos xususiyatlarni inobatga olgan holda iqtisodiy sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Bankrotlik to‘g‘risidagi ishda quyidagilar ishtirok etuvchi shaxslar hisoblanadi:
qarzdor;
sud boshqaruvchisi;
kreditorlar, ular tomonidan qarzdorga “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan tartibda talablar taqdim etilgan paytdan e’tiboran;
bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organi;
bankrotlik to‘g‘risidagi ish prokurorning arizasi asosida ko‘rilayotgan hollarda prokuror.
Qonunda nazarda tutilgan hollarda bankrotlik to‘g‘risidagi ishda qarzdorning xodimlari vakili, qarzdorning muassislari (ishtirokchilari) vakili yoki qarzdorning mol-mulki egasi, qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning vakili, kreditorlar yig‘ilishi (kreditorlar qo‘mitasi) vakili hamda boshqa shaxslar ishtirok etishlari mumkin.
Iqtisodiy sudlar iqtisodiyot sohasida fuqarolik, ma’muriy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda odil sudlovni amalga oshiruvchi organ hisoblanadi. Iqtisodiy sudlarga taalluqli normalarning aniq mezonlarga asosan ishlab chiqilganligi kelgusida bu borada kelib chiqadigan muammolarning oldini olishning vositasi bo‘lib xizmat qiladi.


  1. Download 464.55 Kb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   306




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling