Toshkent davlat yuridik universiteti iqtisodiy protsessual huquq


Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari


Download 464.55 Kb.
bet38/306
Sana05.02.2023
Hajmi464.55 Kb.
#1166720
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   306
Bog'liq
ИПҲ-дарслик-2018

Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari

Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning protsessual huquq va majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va iqtisodiy protsessual qonunchiligi tamoyillariga asoslanadi va ularga rioya qilingan holda amalga oshiriladi. Iqtisodiy sudga da’vo arizasi yoki ariza bilan murojaat qilish huquqining mavjudligi konstitutsiyaviy kafolat hisoblanadi va fuqarolarning sud himoyasida bo‘lishini ta’minlaydi.
Iqtisodiy sudda nizolarni hal qilish korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mulkchilik shaklidan, qayerda joylashganligi, kimga bo‘ysunishidan qat’i nazar, fuqarolarning esa jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan, shuningdek boshqa holatlardan qat’i nazar, qonun va sud oldida tengligi asosida amalga oshiriladi, demak, protsessual huquq va majburiyatlar ushbu tamoyillarga asoslangan.
Iqtisodiy sudda o‘zlarining huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun tashkilotlar hamda fuqarolar bir xil protsessual huquq va protsessual majburiyatlarga ega bo‘lish layoqatidan foydalanadilar.
Protsessual huquqiy layoqat - bu protsessual huquq va majburiyatlarga ega bo‘lish imkoniyati hisoblanadi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning protsessual huquqiy layoqati quyidagi o‘ziga xos belgilari mavjud:
birinchidan, iqtisodiy protsessual huquqiy layoqat tegishli subyektning sudda himoyalanish huquqini belgilovchi qonun bilan aniqlanadi;
ikkinchidan, qonun bilan sudda himoyalanish huquqiga ega bo‘lgan barcha subyektlar bir xil protsessual huquqiy layoqatga ega;
uchinchidan, protsessual huquqiy layoqat tegishli subyektda o‘zining huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish huquqi mavjudligi bilan belgilanadi.
Protsessual huquqiy layoqatni moddiy huquq institutlaridan biri bo‘lgan fuqarolik huquqiy layoqatdan farqlash lozim. Fuqarolik huquqiy layoqatdan farqli ravishda protsessual huquqiy layoqatda cheklanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Chunki Iqtisodiy protsessual kodeksning 3-moddasiga ko‘ra, iqtisodiy sudga murojaat qilish huquqidan voz kechish haqiqiy hisoblanmasligining kafolati nazarda tutilgan.
Iqtisodiy sudda o‘zining harakati bilan protsessual huquqlarni amalga oshirish layoqati va protsessual majburiyatlarni bajarish layoqati yuridik shaxslar va fuqarolarga tegishlidir. Muomalaga layoqatsiz fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari iqtisodiy sudda ularning qonuniy vakillari - ota-onalari, farzandlikka oluvchilar, vasiylari yoki homiylari tomonidan amalga oshiriladi.
Iqtisodiy protsessda ishtirok etishning ishda ishtirok etuvchi barcha shaxslar uchun umumiy asosi iqtisodiy protsessual layoqatga ega bo‘lishidir. Iqtisodiy protsessual huquqiy layoqat va muomala layoqatini alohida tahlil qiladigan bo‘lsak, iqtisodiy protsessda ishtirok etuvchi shaxslarda ularning bir vaqtni o‘zida bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Lekin ayrim holatlarda iqtisodiy sudda muomalaga layoqatsiz shaxslarning ishtirokiga ham yo‘l qo‘yiladi.
Iqtisodiy protsessual huquqiy layoqat - fuqarolik huquqiy layoqat va muomala layoqati tushunchalari bilan o‘zaro aloqador va shular asosida kelib chiqqan.
Yuridik shaxslar uchun iqtisodiy protsessual huquqiy layoqat davlat ro‘yxatidan o‘tgandan boshlab, fuqarolar uchun ularni yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatiga olingan paytdan boshlab vujudga keladi. Fuqarolik kodeksining 55-moddasiga ko‘ra, yuridik shaxsning tugatilishi haqidagi yozuv yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritib qo‘yilganidan so‘ng yuridik shaxsni tugatish tamomlangan, yuridik shaxsning faoliyati esa tugagan hisoblanadi. Shu o‘rinda bir holatga e’tibor qaratish lozim, masalan, soliq organining yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risidagi da’vo talabini qanoatlantirilishi, tugatilgan yuridik shaxsning sud hujjati ustidan iqtisodiy sudga shikoyat bilan murojaat qilish huquqidan mahrum qilmaydi. Agar yuridik shaxs maxsus fuqarolik huquq layoqatiga ega bo‘lsa, uning protsessual huquqiy layoqati o‘zgarmasdan qoladi. Masalan, yuridik shaxsning tegishli faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan litsenziyasiz, ta’sis hujjatlarida nazarda tutilmagan, o‘z faoliyati maqsadiga zid ravishda tuzilgan bitim yuzasidan nizo kelib chiqqan taqdirda, kelgusida ushbu yuridik shaxs da’vogar yoki javobgar sifatida ishda ishtirok etganda oddiy da’vogar yoki javobgar kabi protsessual huquq va majburiyatlarga ega bo‘ladi.
Vakolatxona yuridik shaxsning u turgan yerdan tashqarida joylashgan, yuridik shaxs manfaatlarini ifodalaydigan va ularni himoya qiladigan alohida bo‘linmasidir.
Filial yuridik shaxsning u turgan erdan tashqarida joylashgan hamda uning barcha vazifalarini yoki vazifalarining bir qismini, shu jumladan vakolatxona vazifalarini bajaradigan alohida bo‘linmasidir.
Lekin ular yuridik shaxslarning alohida bo‘linmasi bo‘lsa ham, protsessual huquq layoqatiga ega bo‘la olmaydi. Iqtisodiy ishda faqat yuridik shaxsning o‘zi ishtirok eta oladi.
Yuridik shaxslarning iqtisodiy protsessual huquqiy layoqatini aniqlashning zarurligi shundaki, ishni ko‘rish jarayonida, masalan, tijoratchi tashkilotning yuridik shaxsga bo‘lgan huquqining mavjud emasligi ish yuritishni tugatishga olib keladi. Shuningdek, nizoni hal etishdan manfaatdor shaxslarning harakati ham samarasiz bo‘ladi.
Protsessual huquqiy layoqatni belgilashda tegishli organlar tizimini shakllantiruvchi organlarning huquqiy maqomini aniqlash lozim. Masalan, 1995 yil 21 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonunning 8-moddasiga ko‘ra, Markaziy bank Qoraqalpog‘iston Respublikasi poytaxti, viloyatlarning markazlari va Toshkent shahrida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan bosh boshqarmalar tuzadi. Demak, bosh boshqarmalar yuridik shaxs maqomiga ega emaslar, ular iqtisodiy protsessda faqatgina O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan berilgan ishonchnoma asosida ishtirok etishlari mumkin.
Iqtisodiy protsessda yuridik shaxsning huquq layoqatini tasdiqlashga xizmat qiladigan hujjatlar, ya’ni ta’sis shartnomasi, davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, protsessual huquq layoqatini tasdiqlash uchun ham xizmat qiladi.
Fuqarolarning protsessual huquq layoqati tug‘ilishi bilan vujudga keladi va vafot etishi bilan tugaydi. Fuqaroning o‘lgan deb e’lon qilinishi uning protsessual huquqiy layoqatiga ta’sir qilmaydi. Chet ellik fuqarolar O‘zbekiston fuqarolari bilan bir xil huquq layoqatiga ega bo‘ladi.
Fuqarolarning protsessual huquq subyektliligi masalasini hal etishda shuni e’tirof etish kerakki, Fuqarolik kodeksining 28-moddasiga ko‘ra, o‘n olti yoshga to‘lgan voyaga yetmagan shaxs mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan bo‘lsa yoki ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoxud homiysining roziligiga binoan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, u to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi mumkin.
Demak, iqtisodiy protsessda tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiqishda da’vogar sifatida, 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan shaxslar ishtirok etishlari mumkin.
Iqtisodiy protsessual kodeksining 61-moddasiga ko‘ra, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini iqtisodiy sud ishlarini yuritishda ularning qonuniy vakillari - ota-onasi, farzandlikka olganlar, vasiy yoki homiylari himoya qiladilar. Qonuniy vakillar iqtisodiy sudda ish yuritishni o‘zlari tanlagan boshqa vakilga topshirishlari mumkin.
Shuningdek, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning protsessual muomala layoqati masalasi ham alohida o‘rin egallaydi.
Protsessual muomala layoqati - bu o‘z harakatlari orqali protsessual huquq va burchlarga ega bo‘lish imkoniyati hisoblanadi. Yuqorida qayd etilgan barcha shaxslar, jismoniy shaxslardan tashqari protsessual muomalaga layoqatli hisoblanadi. Ularning protsessual muomala layoqati cheklanishi mumkin emas. Chunki ularning protsessual muomala layoqati protsessual huquq layoqati bilan birgalikda vujudga keladi.
Protsessual muomala layoqati shaxslarning o‘z harakatlari orqali erishilishi mumkinligi qoidasini quyidagicha tushunish lozim: barcha tashkiliy birliklar huquqiy maqomga ega bo‘ladi, amalda esa ularning suddagi ishtiroki organlari yoki vakillari orqali amalga oshiriladi.
Amaliyotda fuqarolarning protsessual muomala layoqatiga oid masalalar alohida o‘rin egallaydi. Chunki amaldagi Iqtisodiy protsessual kodeks protsessual muomala layoqatiga ega bo‘lish yoshi va ularga havola sifatida moddiy qonunchilik normasini nazarda tutmaydi.
Protsessual muomala layoqatiga oid yondashuvlarni shartli ravishda ikki guruhga ajratish mumkin:

Download 464.55 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   306




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling