Toshkent davlat yuridik universiteti iqtisodiy protsessual huquq


Download 464.55 Kb.
bet39/306
Sana05.02.2023
Hajmi464.55 Kb.
#1166720
1   ...   35   36   37   38   39   40   41   42   ...   306
Bog'liq
ИПҲ-дарслик-2018

birinchidan, agar protsessual muomala layoqatini moddiy-huquqiy muomala layoqati bilan aloqador bo‘lmagan mustaqil protsessual huquqiy institut sifatida olib qaraydigan bo‘lsak, bunda iqtisodiy protsessual qonunchiligida bu borada huquqiy bo‘shliqqa yo‘l qo‘yilgan degan xulosaga kelish mumkin. Chunki uning mazmunidan protsessual huquq va muomala layoqatiga ega bo‘lish yoshini aniqlab bo‘lmaydi, shuningdek iqtisodiy protsessda muomalaga layoqatsiz shaxslar ham ishtirok etishi mumkinmi degan savollar vujudga keladi.
Ikkinchidan, agar protsessual muomala layoqati to‘liq moddiy-huquqiy muomala layoqatiga bog‘liq bo‘lsa, bunda moddiy-huquqiy manbalarga murojaat qilinishi lozim.
Fuqarolik kodeksining 22-moddasiga muvofiq, fuqaroning o‘z harakatlari bilan fuqarolik huquqlariga ega bo‘lish va ularni amalga oshirish, o‘zi uchun fuqarolik burchlarini vujudga keltirish va ularni bajarish layoqati (muomala layoqati) u voyaga etgach, ya’ni o‘n sakkiz yoshga to‘lgach to‘la hajmda vujudga keladi.
Shu bilan birgalikda, muomala layoqatiga ega bo‘lishning maxsus qoidalari ham belgilangan, ya’ni o‘n olti yoshga to‘lgan voyaga etmagan shaxs tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, u to‘la muomalaga layoqatli deb hisoblanadi.
Bunday holatda iqtisodiy sudning oldida voyaga etmagan shaxs to‘liq o‘z huquqlarini amalga oshirish va majburiyatlarni bajarish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkinligi masalasini hal etishi lozim bo‘ladi. Shu sababli bu borada moddiy- huquqiy qonunchilikka aniq qoidalarni belgilovchi normalarni kiritish yoki Oliy sud Plenumining qonunlar qo‘llash amaliyoti yuzasidan tushuntirish berish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Shuningdek, Iqtisodiy protsessual kodeksining 61-moddasiga binoan to‘la muomala layoqatiga ega bo‘lmagan fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini iqtisodiy sud ishlarini yuritishda ularning qonuniy vakillari - ota-onasi, farzandlikka olganlar, vasiy yoki homiylari himoya qiladilar. Demak, ushbu qoida iqtisodiy protsessda bir paytning o‘zida ham vakil va vakillik qilinuvchining ishtirok etishini istisno etadi.
Agar ishda ishtirok etuvchi shaxs, aytaylik, da’vogar yoki javobgar protsessual huquq yoki muomala layoqatiga ega bo‘lmasa, ish yuritish quyidagi asoslarga ko‘ra tugatilishi lozim:

  • agar huquq layoqati da'vo taqdim etilgunga qadar mavjud bo'lmagan bo‘lsa (masalan, da’vo arizasi davlat ro‘yxatidan chiqarilgan yuridik shaxsning vakili tomonidan imzolangan bo‘lsa). Bunday holatda Iqtisodiy protsessual kodeksining 110-moddasi birinchi qismi 1-bandi talablari asosan nizo iqtisodiy sudda ko‘rish uchun taalluqli emas deb topiladi;

  • agar huquq layoqati iqtisodiy sudda ish qo‘zg‘atilgandan keyin yo‘qotilgan bo‘lsa (masalan, fuqaroning o‘limi natijasida). Mazkur holatda Iqtisodiy protsessual kodeksining 110-moddasi birinchi qismi 4, 5-bandlari talablariga asosan, ya’ni ishda ishtirok etuvchi shaxs bo‘lmish tashkilot tugatilganligi yoki ishda ishtirok etgan shaxs bo‘lmish fuqaroning o‘limidan so‘ng nizoli huquqiy munosabat huquqiy vorislikka yo‘l qo‘ymaganligi sababli ish yuritish tugatiladi.

Ushbu yondashuvni nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxslarga nisbatan ham qo‘llash mumkin. Lekin mazkur holatda faqat nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shasxlar tomonidan qo‘zg‘atilgan da’vo yuzasidan ish yuritish tugatiladi, da’vogar tomonidan qo‘zg‘atilgan iqtisodiy ishni umumiy tartibda ko‘rish davom ettiriladi.
Nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslarning protsessual huquq layoqatiga ega emasligi, iqtisodiy sud tomonidan ushbu uchinchi shaxsni ishga jalb qilish haqidagi iltimosnomani qanoatlantirmasligi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Da’vogar va nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shasxlarning protsessual muomala layoqati mavjud emasligi, Iqtisodiy protsessual kodeksining 107-moddasi birinchi qismi 3-bandiga ko‘ra, da’vo arizasi imzolanmagan yoki imzolash huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan yoxud mansab mavqeyi yoki familiyasi, ismi, otasining ismi shaxs ko‘rsatilmagan tomonidan imzolanganligi asosi bilan da’voni ko‘rmasdan qoldirishga olib keladi.
Agar yuqorida ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan ishni ko‘rish jarayonida muomala layoqatining yo‘qotilishi Iqtisodiy protsessual kodeksning 101-moddasi birinchi qismi 4-bandiga ko‘ra, iqtisodiy sud ish yurituvini to‘xtatib turishga sabab bo‘ladi.
Mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shasxlarda protsessual muomala layoqatining mavjud emasligi (yo‘qotilishi) ishning borishi uchun hech qanday huquqiy oqibat keltirib chiqarmaydi.
Umuman olganda shuni qayd etish kerakki, iqtisodiy protsessual huquq layoqati moddiy huquq normalari bilan o‘zaro aloqadorlikda, ya’ni fuqarolik huquqi va protsessual huquqning o‘zaro uyg‘unlashuvida namoyon bo‘ladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar protsessual huquqiy layoqatli shaxslar sifatida ularning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari moddiy huquq normalari bilan muhofaza qilinishi lozim. Moddiy huquq subyektlarining iqtisodiy protsessda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘la olmasligi holati vujudga kelishining oldini olish lozim.
Protsessual huquq layoqati ishda ishtirok etuvchi shaxslarning protsessual harakatlarni amalga oshirish natijasida vujudga keladi. Fuqarolar o‘zlarining protsessual huquq layoqatlarini mustaqil yoki vakillari yordamida, tashkilotlar, davlat organlari, o'zini o‘zi boshqarish organlari - o'zlarining kollegial yoki yakka organlari yoxud tegishli tarzda vakolat berilgan vakillari orqali amalga oshiradilar.
Iqtisodiy protsessual kodeksining 42-moddasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar protsessning barcha ishtirokchilari uchun umumiy hisoblanadi. Shu bilan bir qatorda, ba’zi ishda ishtirok etuvchi shaxslar ushbu moddada nazarda tutilmagan boshqa protsessual huquq va majburiyatlarga ega bo‘ladi. Jumladan, da’vogar da’vo taqdim etish, da’voning asosi yoki predmetini o‘zgartirish, da’vo talablarining miqdorini kamaytirish yoki ko‘paytirish, da’vodan qisman voz kechish, javobgar esa qarshi da’vo taqdim etish, taraflar esa kelishuv bitimini tuzish huquqiga ega. Ba’zi protsessual huquq va majburiyatlar protsessning ba’zi bosqichlarida va alohida turdagi ish yurituv jarayonida vujudga kelishi mumkin. Jumladan, da’vogar ishni ko‘rish jarayonida hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar da’voning asosini o‘zgartirishga, javobgar esa qarshi da’vo taqdim etish huquqiga faqat ishni birinchi instansiya sudida ko‘rish jarayonida ega, apellatsiya shikoyati yuzasidan fikr-mulohazalarni bildirish apellatsiya instansiyasida amalga oshirilishi mumkin va hokazo.
Yuridik shaxslar va fuqarolarga nisbatan huquqiy ta’sir choralarini (bundan buyon matnda huquqiy ta’sir choralari deb yuritiladi) qo‘llash to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilayotganda, huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos bo‘lgan holatlarni isbotlash majburiyati nazorat qiluvchi organ zimmasiga yuklatilishi faqat ma’muriy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishda vujudga keladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar da’vo taqdim etilgan va iqtisodiy sudga kelib tushgan davrdan boshlab ish materiallari bilan tanishish huquqiga ega, bu esa ishni sudda ko‘rish jarayonida tomonlar tortishuvi tamoyilini amalga oshirish huquqini vujudga keltiradi, bu huquq iqtisodiy ish yuritilishining butun davrida saqlanib qoladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning boshqa shaxslarga savollar berish huquqi protsessual qonunchilikda belgilangan, biroq ishda ishtirok etuvchi shaxslardan tashqari iqtisodiy sud ishlarini yuritishda ishtirok etayotgan ekspert va tarjimonlar faqat o‘ziga yuklatilgan protsessual majburiyatlarni samarali va to‘liqligini ta’minlash uchungina ushbu majburiyat doirasida savollar berishi mumkin.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud hujjatlaridan nusxa olish va qabul qilinayotgan sud hujjatlaridan va shikoyatlardan xabardor bo‘lish huquqiga ega. Iqtisodiy protsessual kodeksining 265-moddasiga ko‘ra, apellatsiya shikoyati (protesti) berayotgan shaxs ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga shikoyatning va unga ilova qilingan, bu shaxslarda bo‘lmagan hujjatlarning nusxalarini yuboradi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarga majburiyat bevosita Iqtisodiy protsessual kodeksida nazarda tutilgan normalarga asosan iqtisodiy sud tomonidan belgilanishi mumkin. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning majburiyatlari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:

  • ishda ishtirok etuvchi shaxslar ishni yuritish vaqtida o‘z manzillarining o‘zgarganligi haqida iqtisodiy sudga xabar berishlari shart. Bunday xabar berilmagan taqdirda protsessual hujjatlar iqtisodiy sudga ma’lum bo‘lgan oxirgi manzilga yuborilib, garchi oluvchi shu manzilda bo‘lmasa yoki yashamayotgan bo‘lsa ham, yetkazib berilgan deb hisoblanadi;

  • agar ishda ishtirok etuvchi shaxslar telefOnlari va fakslari raqamlarini, elektron manzilini iqtisodiy sudga ma’lum qilgan bo‘lsa, ular ishni yuritish vaqtida bu ma’lumotlar o‘zgarganligi haqida iqtisodiy sudni yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron shaklda xabardor qilishlari kerak;

  • da’vogar da’vo taqdim etganda ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga da’vo arizasining va unga ilova qilingan, bu shaxslarda bo‘lmagan hujjatlarning nusxalarini yuborishi shart;

  • o‘z talab va e’tirozlarini isbotlashi lozim;

  • belgilangan tartibda davlat bojini to‘lashi kerak;

  • sud xarajatlarini qoplashi lozim;

  • sud majlisi zalidagi tartibga rioya qilishi lozim.

Ishda ishtirok etuvchi shaxslarga iqtisodiy sud tomonidan u yoki bu majburiyatning yuklatilishi Iqtisodiy protsessual kodeksda nazarda tutilgan asoslardan va sud ishlarini yuritish vazifalaridan kelib chiqadi.
Shuningdek, ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan o‘zining IPKda nazarda tutilgan protsessual majburiyatlar bajarmaganligi natijasida o‘zlari uchun noqulay vaziyatlarni vujudga keltirishi mumkin. Jumladan, IPKning 68-moddasiga ko‘ra, ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs o‘z talab va e’tirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak. Da’vogar tomonidan da’vo talablariga asos qilib keltirilgan holatlarning isbotlanmaganligi, ya’ni tegishli dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topmaganligi kelgusida da’voni qanoatlantirishni rad qilish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ishni yuritish vaqtida o‘z manzillarining o‘zgarganligi haqida iqtisodiy sudga xabar berishlari shart. Bunday xabar berilmagan taqdirda protsessual hujjatlar iqtisodiy sudga ma’lum bo‘lgan oxirgi manzilga yuborilib, garchi oluvchi shu manzilda bo‘lmasa yoki yashamayotgan bo‘lsa ham, yetkazib berilgan deb hisoblanadi, natijada o‘z manzilini xabardor qilmagan shaxs tomonidan shikoyat qilish muddatini o‘tkazib yuborilishiga olib kelishi mumkin.
Da’vogar tomonidan ishda ishtirok etuvchi shaxslarga da’vo arizalarining nusxalari yuborilganligini tasdiqlovchi dalillar taqdim etilmasa, sudya da’vo arizasini va unga ilova qilingan hujjatlarni qaytaradi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar qonunga xilof tarzda hamda boshqa shaxslarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan harakatlarni amalga oshirmasliklari lozim. Iqtisodiy sud iqtisodiy munosabatlarda qonuniylikni ta’minlash maqsadida ma’lum bir sanksiyalarni qo‘llaydi. Jumladan, Iqtisodiy protsessual kodeksning 69-moddasiga ko‘ra agar dalilni saqlayotgan shaxs so‘ralayotgan dalilni taqdim etish majburiyatini iqtisodiy sud uzrsiz deb topgan sabablarga ko‘ra bajarmasa, bu shaxsga nisbatan jarima solinadi.
IPKning 69-moddasiga ko‘ra iqtisodiy sud ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasi bo‘yicha ishda ishtirok etuvchi yoki ishtirok etmaydigan shaxsdan zarur dalillarni talab qilib olishi mumkin. Talab qilingan dalillarni uzrsiz sabablarga ko‘ra sudga taqdim etish majburiyati bajarilmagan holda ushbu moddaning to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan jarima ishda ishtirok etuvchi shaxsga ham, ishtirok etmayotgan shaxsga ham qo‘llanilishi mumkin.


  1. Download 464.55 Kb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   35   36   37   38   39   40   41   42   ...   306




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling