Toshkent davlat yuridik universiteti iqtisodiy protsessual huquq


Download 464.55 Kb.
bet46/306
Sana05.02.2023
Hajmi464.55 Kb.
#1166720
1   ...   42   43   44   45   46   47   48   49   ...   306
Bog'liq
ИПҲ-дарслик-2018

Ishda prokurorning ishtiroki

Xo'jalik yurituvchi subyektlarning huquq va manfaatlarini himoyalash davlat siyosatining asosiy yo'nalishlaridan biri bo'lganligi bois prokuratura organlarining iqtisodiy sudlov sohasidagi qonuniylikni ta'minlash faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Iqtisodiy protsessda prokurorning ishtiroki davlat va jamiyat manfaatlarini iqtisodiy protsessual qonunchiligida belgilangan tartibda va asoslarda himoya qilish hisoblanadi. Iqtisodiy protsessda prokurorning ishtiroki ommaviy-huquqiy manfaatlarni himoya qilishning shakli hisoblanadi.
Amaldagi Iqtisodiy protsessual kodeksda nizoli va alohida toifadagi ishlarni ko'rish jarayonida prokurorga, davlat organlari va boshqa shaxslar zimmasiga manfaatdor shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish vakolati yuklatilgan. Manfaatdor shaxslardan tashqari davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish maqsadida prokuror iqtisodiy sudga murojaat qilish huquqiga ega. Iqtisodiy protsessual kodeksining 148-moddasida
ko'rsatilganidek, iqtisodiy sud prokuror, davlat organlari va boshqa shaxslarning arizalari bo'yicha ish qo'zg'atishi mumkinligi belgilangan.
Prokurorning iqtisodiy protsessda ishtirok etishining asosiy maqsadi davlat va jamiyat manfaatlarini iqtisodiy protsessual qonunchiligida belgilangan asoslar va talablar bo'yicha himoya qilishga qaratilgan.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 120-moddasiga ko'ra prokuratura organlari o‘z vakolatlarini har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan mustaqil holda, faqat qonunga bo'ysunib amalga oshiradilar.
Prokurorning tashkiliy faoliyatidagi muhim xususiyati uning har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari, mahalliy organlar va mansabdor shaxslardan mustaqilligidir.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning, shuningdek xususiy tadbirkorlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari sud yo‘li bilan samarali himoya qilinishini ta’minlash maqsadida qonunda belgilangan tartibda iqtisodiy sudning barcha bosqichlarida ishlar ko‘rilishida prokuror ishtiroki va qabul qilingan qarorlar (Oliy sud Rayosati va Plenumi qarorlari bundan mustasno) qonuniyligini o‘rganishi belgilangan.
Iqtisodiy ishlar bilan bog'liq bo'lgan qonunlarning bajarilishi yuzasidan vakolatini ta'minlovchi prokuror iqtisodiy sudlar tomonidan qonuniy va asosli qaror chiqarilishiga, sudlarning mustaqilligi va faqatgina qonunga bo'ysunish prinsipiga qat'iy rioya etish faoliyatini ta'minlash bilan odil sudlovni amalga oshirishga ko'maklashadigan sud yuritishidagi vakolatini amalga oshiradi.
Iqtisodiy protsessual kodeksda prokurorning iqtisodiy sudlarda
ishtirokining ikkita shakli nazarda tutilgan:

  1. Iqtisodiy protsessual kodeksning 148-moddasiga binoan da'vo qo'zg'atishi. Mazkur holatda prokuror ommaviy-huquqiy manfaatlarni himoya qiluvchi da'vogarning protsessual huquqlaridan foydalanadi.

  2. Prokurorning barcha ishlarda va har qanday bosqichda ishtirok etishi. Ikkinchi holatda prokuror qonuniylikni ta'minlash maqsadida ishda ishtirok etuvchi shaxslarning protsessual huquqlaridan foydalanadi va majburiyatlarini bajaradi. Bunda prokuror da'vogar hisoblanmasdan, boshqa shaxs tomonidan qo'zg'atilib, ilgari boshlangan ishga kirib keladi.

Tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlariga da'vo arizasi (ariza)ni - Qoraqalpoqiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar yoki prokuror o'rinbosarlari, Qoraqalpoqiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiy sudlariga esa - Qoraqalpoqiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari yoki ularning o'rinbosarlari taqdim etadi.
O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o'rinbosari O'zbekiston Respublikasining barcha iqtisodiy sudlariga da'vo arizasi (ariza) taqdim etishga haqli.
Prokuror tomonidan taqdim etilgan ariza IPKning 18-bobi talablariga muvofiq bo‘lishi lozim. Aytaylik, prokuror ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga da’vo arizasining va unga ilova qilingan, bu shaxslarda bo‘lmagan hujjatlarning nusxalarini yuborishi shart.
Shuningdek, arizada nafaqat ish qo‘zg‘atish uchun asos bo‘lgan faktik holatlarni, balki huquqiy asoslarni, moddiy va protsessual huquqning aniq normalarini ko‘rsatishi kerak. Prokurorning arizasi mutlaq asoslantirilgan bo‘lishi lozim, chunki u yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan tuziladi.
Prokuror iqtisodiy sudga murojaat qilishning umumiy qoidalariga, ya’ni sudlovlilik, nizo taraflarining subyektiv tarkibiga ham rioya qilishi zarur. Agar prokuror tashkilotning huquqlari va manfaatlarini himoya qilib da’vo taqdim etayotgan bo‘lsa, bu shaxs yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lishi lozim. Prokuror iqtisodiy protsessda o‘zi asos qilib keltirgan vajlarni isbotlashi kerak, chunki bu vazifa uning protsessual majburiyati hisoblanadi.
Prokurorning o‘zi qo‘zg‘atgan iqtisodiy ishda ishtirok etishining protsessual holati quyidagi tarzda namoyon bo‘ladi. Da’vo bilan iqtisodiy sudga murojaat qilgan prokuror sud muhokamasi jarayonida birinchi bo‘lib o‘zi keltirgan da’vo talablariga tushuntirish beradi.
Prokuror ish materiallari bilan tanishish, ulardan ko‘chirmalar olish, nusxa ko‘chirish, dalillar taqdim etish, dalillarni tekshirishda ishtirok etish, savollar berish, iltimosnomalar kiritish, arz qilish, iqtisodiy sudga og‘zaki va yozma tushuntirishlar berish, ishni ko‘rish davomida tug‘iladigan barcha masalalar bo‘yicha o‘z vajlarini, xulosalarini taqdim qilish, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimosnomalari, vajlariga e’tiroz bildirish, sud hujjatlari ustidan protest keltirish huquqiga egadir.
Agar prokuror sud muhokamasi jarayonida ishni asossiz qo'zg'atganligini aniqlasa, undan voz kechish huquqiga ega. Prokurorning o‘z da'vosidan voz kechishi da'vogarni ishni mazmunan ko'rib chiqishni talab qilish huquqidan mahrum qilmaydi.
Prokuror tomonidan huquqini himoya qilish maqsadida taqdim etilgan da'vodan da'vogarning voz kechishi arizani ko'rmasdan qoldirishga olib keladi.
Shunday qilib, prokuror iqtisodiy ishda alohida da'vogar hisoblanadi. U nizoli moddiy huquqiy munosabatning ishtirokchisi hisoblanmaydi. Shuning uchun ham prokurorga nisbatan qarshi da'vo taqdim etilmaydi, o‘zi qo'zg'atgan da'vodan voz kechishi ish yuritishning tugatilishiga olib kelmaydi. Prokurorning ish qo'zg'atishi o'ziga xos bo'lib, u o'zinining mansab vazifasi hamda ommaviy- huquqiy manfaatlarni himoya qilishning zaruriyatidan kelib chiqadi.
Prokuror hamma ishlar bo'yicha sud majlisida ishtirok etishga haqli.
Yuqorida qayd etilganidek, prokuror iqtisodiy protsessning har qanday bosqichida ishga kirishga haqli. Prokuror da'vogar hisoblanmaydi, biroq, u IPKda nazarda tutilgan umumiy protsessual huquqlardan foydalanadi. Shu sababli prokuror ish materiallari bilan tanishish, sud muhokamasida ishtirok etish, ishni ko'rish jarayonida vujudga keluvchi boshqa masalalarni hal etish jarayonida qatnashishga haqli. Da'vo taqdim etgan prokuror kelishuv bitimi tuzishdan tashqari da'vogarning barcha huquqlaridan foydalanadi va majburiyatlarini bajaradi.
Qonunda nazarda tutilgan yoki sud mazkur ishda prokuror qatnashishi zarur deb topgan hollarda, shuningdek prokurorning da'vo arizasi (arizasi) asosida qo'zg'atilgan ishlarda prokuror ishtirok etishi shart.
O'zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasida prokuratura organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida iqtisodiy nizolarni ko‘rishda ishtirok etish, qonunlarga zid bo‘lgan sud hujjatlariga protest keltirish belgilangan.
Prokuror ishlarni birinchi instansiya sudida, apellatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida ko'rib chiqishda qatnashish huquqiga ega.
Prokuror manfaati ko'zlangan shaxsning o'rnini bosa olmaydi, bu shaxs ishda da'vogar bo'lib qolaveradi. Prokuror talab qiluvchi tarafning ba'zi huquqlaridan foydalana olmaydi, chunonchi, prokuror javobgar taraf bilan kelishuv bitimini tuza olmaydi, prokurorga nisbatan muqobil da'vo qo'zg'atish mumkin emas, prokuror davlat boji to'lamaydi va hokazo.
Izoh: O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 2015-yil 17-noyabrdagi “Iqtisodiy sudlarda ishlar ko'rilishida prokuror ishtirokining samaradorligini yanada oshirish to‘g‘risida”gi 125-son buyrug'ida quyidagi nizolarning iqtisodiy sudlarda ko'rilishida prokuror ishtirokining majburiyligi belgilab qo'yilgan:

  • sud ishda prokurorning qatnashishini zarur deb topgan hollarda;

  • prokurorning arizalari bo'yicha qo‘zg‘atilgan ishlarda;

  • davlat mulkini himoya qilish bilan bog'liq ishlarda;

  • yuridik ahamiyatga ega bo'lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi ishlarda;

  • mulk huquqini tan olish to‘g‘risidagi ishlarda;

  • xalqaro va davlatlararo shartnomalar, kelishuvlar to‘g‘risidagi ishlarda;

  • bankrot deb topish to‘g‘risidagi ishlarda;

  • undirish so‘zsiz (akseptsiz) tartibda amalga oshiriladigan ijro hujjati yoki boshqa hujjatni ijro etilishi mumkin emas deb topish to‘g‘risidagi ishlarda;

  • atrof muhitni muhofaza etish haqidagi qonunchilik buzilishi bilan bog‘liq ishlarda;

  • davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi ishlarda.

Shuningdek, apellatsiya, kassatsiya instansiyalarida hamda Oliy sudning barcha instansiyalarida ko‘rilayotgan iqtisodiy ishlarda prokuror ishtiroki qat'iy ta'minlansin.
Prokuror ishda qanday shaklda ishtirok qilsa ham u hamma vaqt iqtisodiy sud faoliyatini emas, balki sudda qonunning bajarilishini ta'minlovchi va odil suddovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxs bo‘lib qolaveradi. Shu sababli prokuror protsessda qaysi tomonning huquqini himoya qilishiga qaramasdan, protsessda qaysi tarafning huquqi buzilsa, barcha hollarda ana shu buzilishga qarshi chiqishi lozim.
Prokurorning protest bildirish huquqi - uning birinchi instansiya sudida ishtirok qilish-qilmasligiga bog‘liq emas, binobarin apellatsiya, kassatsiya protestini Toshkent shahar, viloyatlar prokurorlari bera oladilar. Yuqori instansiya sudida protest ko‘rilganida prokuror ishtirok etadi va protestni quvvatlaydi.
Agar taraflardan biri sud qarori ustidan shikoyat arizasi bergan bo‘lsa, bu shikoyat sudda ko‘rilishida prokuror, garchi o‘zi protest bermagan bo‘lsa ham, ishtirok eta oladi va o‘zining og‘zaki va yozma xulosasini beradi.
Prokuror birinchi, apellatsiya va kassatsiya instansiya sudlarida ishtirok etishdan tashqari, yuqorida aytilganidek, iqtisodiy sud qarorlari qonuniy kuchga kirgandan keyin ham uning ijrosida ishtirok etishga haqlidir. Uning bu huquqi sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori, ajrimlari va qarorlari yuzasidan protest keltirishdan iborat. Nazorat tartibida protest keltirish huquqi IPKning 307-moddasida ko'rsatilgan shaxslarga berilgan.
Nazorat tartibida berilgan protest sudda ko'rilishida prokurorning ishtirok etishi shart va ish bo‘yicha o‘zi yoki yuqori turgan prokuror keltirgan protestni quvvatlaydi, vakolatli shaxslarning bergan protesti bo‘yicha ish yuzasidan xulosa beradi. Prokuror noqonuniy sud qarorlariga qonunda belgilangan tartibda protestlar keltirish va qonunbuzilishlarni bartaraf etish choralarini ko‘radi.
O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonunining 33-36-moddalariga asosan sudlarda iqtisodiy ishlar ko‘rilishida qonuniylikni ta’minlanishi va odil sudlov amalga oshirilishida prokuratura organlarining rolini kuchaytirishga qaratilgan barcha tashkiliy, uslubiy va tahliliy tadbirlarni amalga oshiradi.
Iqtisodiy sud qarorlarining qonuniyligini o‘rganish va noqonuniy qarorlarga protest keltirish, ularni qonunga muvofiqlashtirish borasida prokuratura organlari faoliyatining samaradorligini oshirish hamda uni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi.


  1. Download 464.55 Kb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   42   43   44   45   46   47   48   49   ...   306




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling