Toshkent davlat yuridik universiteti iqtisodiy protsessual huquq


Iqtisodiy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari


Download 464.55 Kb.
bet49/306
Sana05.02.2023
Hajmi464.55 Kb.
#1166720
1   ...   45   46   47   48   49   50   51   52   ...   306
Bog'liq
ИПҲ-дарслик-2018

Iqtisodiy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari

Ishda ishtirok etuvchi shaxslar bilan bir qatorda iqtisodiy sud ishlarini yuritishda guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar ishtirok etishi mumkin. Ushbu shaxslar odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslar hisoblanadi. Ushbu shaxslarning iqtisodiy ishdan moddiy manfaatdorligi mavjud bo‘lmasdan, odil sudlovni amalga oshiradi va iqtisodiy sudga nizoni to‘g‘ri hal qilishga ko‘maklashish funksiyasini amalga oshiradi.
Odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslar qonunda va shartnomada nazarda tutilgan o‘z vazifalarini va jamiyat oldidagi burchlarini bajaradilar va ular iqtisodiy ishning borishiga ta’sir o‘tkaza olmaydilar va o‘z tashabbuslari bilan sudda ishtirok etmaydilar.
Odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslar jismoniy shaxslar bo‘lib, ularning huquqlari har xil bo‘adi va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan kafolatlanadi.
Odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslar ishda ishtirok etuvchi shaxslardan quyidagi belgilari bilan farqlanadi:
birinchidan, odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslar sudda shaxsan o‘zi ishtirok etishi lozim, ular protsessda vakillari orqali ishtirok etishlariga yo‘l qo‘yilmaydi;
ikkinchidan, tarjima qilishga jalb qilingan shaxsning to‘liq tarjima qila olish qobiliyati va ekspertning xulosa berishga, mutaxassisning maslahatlar (tushuntirishlar) berishga bilimi yetarliligi, guvoh sifatida jalb qilingan shaxsning holat haqida ish uchun ahamiyatli ma’lumotga ega bo‘lishi lozim;
uchinchidan, odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslarga nisbatan cheklovlarning o‘rnatilganligi, jumladan, guvohning so‘roq qilinishini istisno etadigan holatlar mavjudligi, ekspert yoki tarjimon ishning natijasidan manfaatdor bo‘lmasligi.
Sudlar odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslarni ishga jalb qilishda quyidagi masalalarni aniqlashi lozim:
tarjimon va sud ekspertizasini o‘tkazuvchi shaxsning xolisligi va beg‘arazligini;
tarjima qilishga jalb qilingan shaxsning to‘liq tarjima qila olish qobiliyati va ekspertning xulosa berishga, mutaxassisning maslahatlar (tushuntirishlar) berishga bilimi yetarliligi, guvoh sifatida jalb qilingan shaxsning holatni to‘liq bilishini;
ularni jalb qilish uchun sud hujjatini chiqarish;
guvoh, tarjimon va ekspert sifatida jalb qilingan shaxslarning protsessual huquqiy layoqati mavjudligi.
Ushbu shaxslarning protsessning hamma bosqichlarda ishtirok etishi majburiy hisoblanmaydi, sud zaruriyatga qarab ishning ayrim bosqichlariga jalb qilishi mumkin.
Iqtisodiy sud nizoni to‘g‘ri hal etishi uchun ahamiyatga ega bo‘lgan ma’lumotlar va holatlardan xabardor har qanday shaxs guvoh bo‘lishi mumkin.
Biroq protsessual qonunchilikda guvoh sifatida kimlar ishtirok etishi mumkinligi belgilanmagan.
Taraflar va uchinchi shaxslarning tushuntirishlaridan farqli ravishda guvoh o‘z ko‘rsatmalaridan mustaqil manfaatga ega bo‘lmaydi. Shuning uchun ham taraflar va uchinchi shaxslar yolg‘on tushuntirish berganlik yoki tushuntirish berishdan bosh tortganlik uchun javobgarlik haqida ogohlantirilmaydilar.
Guvoh sifatida jalb qilingan shaxslar moddiy-huquqiy munosabatning subyekti hisoblanmaydi va ishda ishtirok etuvchi shaxslar singari ishning natijasidan huquqiy jihatdan manfaatdor bo‘laydi. Sudlar tomonidan guvohlarning ko‘rsatmalariga baho berishda unga ma’lum bir ma’lumotlarning tashuvchisi sifatida baho berilishi lozim.
Guvoh sifatida quyidagi shaxslar so‘roq qilinishi mumkin emas:
o‘z harakatlarini to‘g‘ri tushuna olmaydigan ruhiy jihatdan aqli noraso shaxslar;
iqtisodiy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari ishda ishtirok etish bilan bog‘liq o‘ziga ma’lum bo‘lgan holatlar yuzasidan hech kim o‘ziga nisbatan qarshi guvohlik berishga majbur emas.
Yuqoridagilardan kelib chiqib xulosa qilish mumkinki, iqtisodiy protsessual qonunchiligi guvohga nisbatan yosh senzlarini belgilamaydi.
Quyidagilar guvoh sifatida chaqirilishi va so‘roq qilinishi mumkin emas:
fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy ish bo‘yicha vakillar yoki jinoyat ishi bo‘yicha himoyachilar, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha advokatlar - vakil, himoyachi yoki advokat vazifalarini bajarishi munosabati bilan o‘zlariga ma’lum bo‘lib qolgan holatlar to‘g‘risida;
jismoniy yoki ruhiy nuqsonlari sababli faktlarni to‘g‘ri idrok qilishga yoki ular haqida to‘g‘ri ko‘rsatuvlar berishga layoqatsiz shaxslar.
Iqtisodiy sud guvohning layoqatini aniqlashda uning faktik holatlarga to‘g‘ri baho berishi va ular haqida ko‘rgazma bera olishini e’tiborga olishi lozim. Bugungi kunda guvohning protsessual huquqiy layoqati u ishga guvoh sifatida jalb qilingandan so‘ng aniqlanmoqda.
Guvoh odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxs sifatida ma’lum bir protsessual huquq va majburiyatlarga ega.
Guvohlarning protsessual huquqlariga quyidagilar kiradi:
guvoh iqtisodiy sudning sud majlisi haqida xabardor bo‘lishi
guvoh bila turib yolg‘on ko‘rsatuvlar berganligi va ko‘rsatuv berishdan bosh tortganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida xabardor bo‘lish huquqi
iqtisodiy sudga guvoh sifatida chaqirilgan fuqarolarning sudga kelishi tufayli yo‘qotilgan vaqt bilan bog‘liq xarajalarni qoplanishiga nisbatan bo‘lgan huquqi.
IPKning 116-moddasi talablariga ko‘ra guvohga iqtisodiy sudga kelish bilan bog‘liq bo‘lgan yo‘l kira, uy-joy ijarasi xarajatlari qoplanadi va kundalik xarajatlar uchun haq to‘lanadi.
Bundan tashqari, guvohga quyidagi protsessual majburiyat yuklatilgan bo‘lib guvoh iqtisodiy sudning chaqiruvi bo‘yicha u yerga kelishi lozim. Guvoh uzrli sabablar bo‘lgandagina kelmasligi mumkin. Uzrli sabablarga quyidagilarni kiritish mumkin:

  1. kelish imkoniyatini cheklovchi kasallik;

  2. oila a’zolaridan birining kasalligi va ularni parvarishlash uchun boshqa shaxslarning yo‘qligi;

v) sud xabarnomasining o‘z vaqtida yetkazib berilmaganligi;
g) tabiiy ofatlar, shuningdek guvohning o‘z muddatida kelishi imkoniyatini cheklovchi holatlar.
Shuni qayd etish kerakki, guvohning uzrli sabablarsiz sudning chaqiruviga ko‘ra kelmasligi, uni ko‘rsatma berishdan bosh tortayotganligini anglatmaydi.
Ishni ko‘rayotgan sud joylashgan yerdan tashqarida doimiy yashaydigan va uzrli sabablarga ko‘ra sud majlisiga kelish imkoniga ega bo‘lmagan guvohlar sudning tashabbusi bilan taraflar yoki ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimosi yoxud guvohning o‘zi qilgan iltimos bo‘yicha ishni ko‘rayotgan sudning topshirig‘iga binoan o‘zlari yashab turgan joydagi sud tomonidan so‘roq qilinishi mumkin. Bu guvohlar ishni ko‘rayotgan sud majlisiga kelsalar, sud tomonidan so‘roq qilinadilar.
Guvoh advokatning yuridik yordamidan foydalanish, iqtisodiy sud ishi yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarli darajada bilmasa, o‘z ona tilida ko‘rsatuvlar berish va bu holda tarjimon xizmatidan foydalanish, ko‘rsatuvlarini o‘z qo‘li bilan yozib berish, ko‘rsatuvlar berishda yozma qaydlar va hujjatlardan foydalanish huquqiga ega.
Guvoh sudning chaqiruviga binoan kelishi, ish yuzasidan o‘zi xabardor bo‘lgan ma’lumotlar va holatlar haqida to‘g‘ri ko‘rsatuvlar berishi, sudya va ishda ishtirok etuvchi shaxslarning savollariga javob berishi, sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart. Biroq guvohning iqtisodiy sudga kelmaganligining oqibatlari protsessual qonunchilika nazarda tutilmagan.
Xulosa berish uchun zarur fan, texnika, san’at yoki hunar sohasida maxsus bilimlarga ega bo‘lgan jismoniy shaxs ekspert sifatida tayinlanishi mumkin.
“Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga ko‘ra sud eksperti sifatida davlat sud eksperti, boshqa tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs ishtirok etishi mumkin.
Sud eksperti sifatida jalb etiladigan boshqa tashkilot xodimi va boshqa jismoniy shaxs oliy ma’lumotga, alohida hollarda esa o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga ega bo‘lishi lozim.
Boshqa tashkilot xodimi sud ekspertizasini uni tayinlagan organ (shaxs) tomonidan mazkur tashkilotga berilgan topshiriqni bajarish tartibida o‘tkazadi.
Ishda sud eksperti sifatida ishtirok etish uchun jalb etilgan boshqa jismoniy shaxs biron-bir davlat sud-ekspertiza muassasasi shtatida turmaydi va sud ekspertizasini uni tayinlagan organning (shaxsning) topshirig‘ini bajarish tartibida o‘tkazadi.
Sud eksperti ekspertizani o‘tkazishda sud ekspertizasini tayinlagan organdan (shaxsdan), taraflardan va ishning natijasidan manfaatdor bo‘lgan boshqa shaxslardan mustaqildir.
Sud eksperti o‘zining fan, texnika, san’at yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlariga (bundan buyon matnda maxsus bilimlar deb yuritiladi) muvofiq o‘tkazilgan tekshirishlar natijalariga asoslanib xulosa beradi.
Sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs), shuningdek boshqa davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan taraflardan birortasining yoki ishning natijasidan manfaatdor bo‘lgan boshqa shaxslarning foydasini ko‘zlab xulosa olish maqsadida sud ekspertiga ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sud eksperti ish holatlarini tekshirishda faqat o‘ziga topshirilgan sud ekspertizasi predmetiga taalluqli va xulosa berish uchun ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha ishtirok etadi.

Download 464.55 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   45   46   47   48   49   50   51   52   ...   306




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling