Toshkent davlat yuridik universiteti “MA’muriy va moliya huquqi” kafedrasi miraliyeva sevara joʻrabek qizi
Download 416.16 Kb.
|
Miraliyeva Sevara Jo\'rabek qizi, BMI so\'nggi
- Bu sahifa navigatsiya:
- Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha inspeksiya
- Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi
- Ma’muriy sud ishlarini
Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan intellektual mulk sohasida quyidagilar amalga oshiriladi:
Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga kiritilgan huquq egalariga tegishli tovar belgilari boʻyicha qonunchilik talablari buzilishi aniqlanganda, bu toʻgʻrisida xabar berish; tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari oʻrtasida intellektual mulk huquqlariga rioya etish boʻyicha targʻibot ishlarini olib borish52. Bunda reyestr orqali huquq egasining kabinetiga yuboriladi va undan bir kun ichida javob kelsa, bojxona organi huquq egasining intellektual mulk huquqini buzayotgan shaxsga nisbatan chora koʻradi. Agar bir kun ichida intellektual mulk huquqi egasi ma’muriy organning soʻroviga javob bermasa, organ huquqbuzarga chora koʻrmaydi, va aksincha uning tovarini muomalaga chiqarib yuboradi. Bu esa keyinchalik mazkur taraflar oʻrtasida nizolarning yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin. Asosan quyidagi ikki holatda Davlat bojxona qoʻmitasi ma’muriy aktni qabul qiladi: 1. Intellektual mulk obyektlarini bojxonaga reyestriga kiritish. Buning natijalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi oʻn kun ichida reyestrga kiritish toʻgʻrisida yoki kiritishni rad etish haqida qaror qabul qiladi. 2. Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish boʻyicha choralar koʻrish. Mazkur holat yuzasidan Davlat bojxona qoʻmitasi intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish boʻyicha choralar koʻrish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqadi va tovarlarni chiqarib yuborishni toʻxtatib turish toʻgʻrisida yoki asoslantirilgan sabablarni koʻrsatgan holda uni rad etish haqida uch ish kuni ichida qaror qabul qiladi. Va bu haqida huquq egasini yoki uning vakolatli vakilini xabardor qilish harakatini amalga oshiradi. Bojxona organlari qabul qilgan ma’muriy akt ustidan yuqori turvchi bojxona organiga yoki sudga shikoyat qilish mumkin. Bojxona kodeksiga muvofiq yuqori turuvchi organda apellatsiya komissiyasi tuzilgan holda masala koʻrib chiqiladi va komissiya tomonidan shikoyatni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha shikoyatni qanoatlantirmasdan qoldirish, ustidan shikoyat qilingan qarorga oʻzgartirishlar kiritish, qarorni bekor qilish va, zarur hollarda, yangi qaror qabul qilish, bojxona organlari mansabdor shaxslarining harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb e’tirof etish va ishning mohiyati boʻyicha qaror chiqarish haqida ma’muriy akt qabul qiladi53. Bojxona organi xodimi gʻayriqonuniy xatti-harakatlari yoki harakatsizligi, shuningdek xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganligi uchun qonunga muvofiq javobgar boʻladi. Bojxona organi xodimining harakatlari yoki harakatsizligi oʻzining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari kamsitilishiga sabab boʻldi deb hisoblovchi jismoniy yoki yuridik shaxs ushbu harakatlar yoki harakatsizlik ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud sudga shikoyat qilishga haqli54. Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha inspeksiya aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish va mualliflik huquqlari sohasida fonogrammalar, audiovizual asarlar, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlar tarqatilishida qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishi yuzasidan nazoratni amalga oshiruvchi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi55. Inspeksiya intellektual mulk sohasida fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlarni tarqatishda mualliflik huquqlariga rioya qilinishini oʻrganadi va monitoringini olib boradi, uning yakunlari boʻyicha tegishli xulosalar tayyorlaydi; bu sohada xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari bajarilishi yuzasidan nazoratni ta’minlaydi va ularni tekshirish natijalari boʻyicha tahliliy materiallarni Adliya vazirligiga taqdim etadi hamda Internet tarmogʻida mualliflik huquqi obyektlari noqonuniy tarqalishini bartaraf etish choralarini koʻradi. Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi qarorlari ustidan ma’muriy sudga shikoyat qilish asoslari keltirilmagan, lekin davlat organi sifatida intellektual mulk sohasida ma’muriy akt qabul qilishga vakolatli organ hisoblanadi. Davlat soliq qoʻmitasi. Soliq qonunchiligiga muvofiq, har qanday nomoddiy aktivdan foydalanganlik yoki foydalanish huquqi uchun toʻlovlar undiriladi va bu royalti deb ataladi. Soliq kodeksining 44-moddasida royaltiga kiritish mumkin boʻlgan intellektual faoliyat natijalari birma-bir sanab oʻtilgan boʻlib, ularga patentlar, tovar belgilari; san’at, dizayn, chizma, modelga, ma’lumot bazalari, audiovizual asarlar, ijro va fonogrammalarga boʻlgan mualliflik huquqlari hamda sanoat, tijorat yoki ilmiy tajribaga taalluqli axborotning oshkor etilishidan olinadigan daromad (nou-xau) kiradi56. Royalti passiv faoliyatdan olinadigan daromadhamda mulkiy daromad sifatida e’tirof etiladi hamda nazoratda turgan xorij kompaniyalarining daromadlarini hisobini yuritishda muhim hisoblanadi. Oʻzbekistonda norezident hisoblanadigan shaxslarning doimiy muassasasi tomonidan toʻlanadigan mazkur norezidentning intellektual mulkidan foydalanganlik uchun shartnoma asosida foydalanish huquqini olganlik uchun royalti, gonarar, yigʻimlar chegirib tashlanmaydi. Soliq kodeksida soliq toʻlovchilarda soliq organlarining hujjatlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi soliq organiga yoki sudga shikoyat qilish huquqi mavjud ekanligi belgilab qoʻyilgan57. Bunda taalluqliligi boʻyicha soliq organlarining intellektual mulk sohasidagi qarorlari, harakatlari ustidan ma’muriy sudga murojaat qilinishi mumkin. 3.2 Oʻzbekiston Respublikasida Intellektual mulk sohasidagi davlat organlari qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) ustidan (Ma’muriy) Sudga shikoyat qilish muammolari va huquqni qoʻllash amaliyotining tahlili. Mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohatlar natijasida huquq tizimi va huquqni qoʻllash borasida sezilarli darajada oʻsishga erishildi. Oʻtgan 10 yillikda intellektual mulk sohasida juda katta oʻzgarishlar amalga oshirildi. Intellektual mulk sohasida vakolatli organlar va ularning huzurida intellektual markazlar tashkil etilganligi ham ushbu sohaga yetarli darajada e’tibor qaratilayotganidan darak beradi, shu bilan birga ma’muriy huquqiy munosabatlar ham oldinga siljidi. Turli soha boyicha vakolatli davlat organlarining chiqargan qarorlari va harakat, harakatsizliklari ustidan ma’muriy tartibda sudgacha va sudga shikoyat qilish holatlari ham ortib bormoqda. Oldinlari mahalliy hokimiyat organlari tomonidan chiqarilgan qarorlari va harakat, harakatsizliklari ustidan ma’muriy sudga shikoyat qilish holatlari koʻp boʻlgan boʻlsa, bugunga kelib boshqa soha yoʻnalishidagi davlat organlari, xususan, Intellektual mulk sohasidagi davlat organlari qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) ustidan ma’muriy sudga shikoyat qilish ortib bormoqda. Intellektual mulk sohasidagi davlat organlari qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) ustidan ma’muriy sudga shikoyat qilishda bir qancha nazariy va huquqni qoʻllash borasida muammolar koʻzga tashlanib turadi. Oʻzbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksiga asosan davlat organlarining qarorlari, harakat va harakatsizligi ustidan ma’muriy sudga yozma va elektron shaklda fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish toʻgʻrisida (ma’muriy organlarini qarorini haqiqiy emas deb topish, harakat va harakatsizligini qonunga xilof deb topish va ma’muriy organga majburiyat yuklash toʻgʻrisida shikoyat qilish mumkin. Oʻzbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksining 27-moddasiga asosan intellektual mulk sohasidagi davlat organlari qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) va davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish yoxud belgilangan muddatda davlat roʻyxatidan oʻtkazishdan boʻyin tovlash hamda ustidan shikoyat qilish mumkin. Raqobat toʻgʻrisidagi ishlar boʻlib yuridik shaxslar, shu jumladan chet ellik yuridik shaxslar, xoʻjalik boshqaruvi organlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va monopoliyaga qarshi organ oʻrtasida tovar hamda moliya bozorlarida raqobat sohasidagi munosabatlardan kelib chiqadigan, ma’muriy sud sudloviga tegishli nizolar hisoblanadi. Ma’muriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeks 5-moddasiga koʻra fuqarolar va yuridik shaxslar buzilgan huquq va erkinliklarini muhofaza qilish boʻyicha ma’muriy sudga murojaat qilish ariza (shikoyat) va iltimosnoma shaklida amalga oshiriladi58. Shikoyat qilishda avvalo fakt boʻlishi lozim, intellektual mulk sohasidagi davlat organlari qarorlari qonunchilikka zid ravishda chiqarilgan taqdirda aniq fakti koʻrinadi. Ammo harakat va harakatsizligi faktini aniqlashda muammolarga duch kelish mumkin. Bu boʻyicha kodeksda va boshqa bir qonun hujjatida ochiqlanmagan. Bu kamchiliklardan biri sifatida qaraladi. Shunday qilib, bir asrdan koʻproq vaqt oldin S.V Medvedevaning ta’kidlashicha, huquqlar oʻzgargan yoki tugatilgan har qanday holat yoki voqelik hodisasi yuridik fakt boʻlib xizmat qilishi mumkinligini keltirgan.59 Biroq, yuridik faktlar, birinchi navbatda, aniq huquqiy shakllarning qoʻllanilishini belgilashi kerak deb hisoblanadi. Shunday qilib, yuridik ahamiyatga ega boʻlgan harakatsizlik - bu vakolatli subyektning har qanday huquqiy munosabatlarning paydo boʻlishiga, tugatilishiga yoki oʻzgarishiga olib kelishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlardan voz kechishi. Biroq, mansabdor shaxslarning barcha harakatsizligini noqonuniy deb hisoblash mumkin emas. Ushbu toifani oʻrganayotganda shuni ta’kidlash kerakki, harakatsizlik ham qonuniy, ham noqonuniy boʻlishi mumkin. Misol uchun agar politsiya patrul xizmati xodimining haydovchining hujjatlarini tekshirishni rad etishi qonuniy harakatsizlik boʻlishi mumkin. Ya’ni, mansabdor shaxsning qonuniy yoki qonuniy harakatsizligi deganda, ushbu mansabdor shaxs tomonidan ushbu harakatni amalga oshirish majburiyati yoʻqligi sababli sodir etilgan bunday harakatsizlik tushunilishi kerak. Ma’muriy qonunchilikda isbotlashni me'yoriy tartibga solish bir-biridan farq qiluvchi tarmoqlararo normativ-huquqiy hujjatlardan iborat boʻlib, ularning asosiy qismi sud protsessida isbotlanishni tartibga solilgan. Bu, birinchi navbatda, koʻplab ma’muriy ekspertlarning, mutaxasisarning xulosa, fikrlarini ma’muriy jarayon va ma’muriy ish yuritishni tenglashtirishi va ularni sud jarayoniga jalb qilish bilan bogʻliq. Intellektual mulk sohasidagi davlat organlarining harakati va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish tartibi umumiy tartibda Ma’muriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksida belgilanganligiga tayangan holda berilib kelmoqda. Biroq intellektual mulk sohasidagi davlat organlari faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan normotiv huquqiy hujjatlarda qancha muddat ichida harakati va harakatsizligi ustidan, chiqarilgan qaror ustidan shikoyat qilinishi asosi sifatida ma’muriy sudga murojaat qilish koʻrsatilmagan. Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 30.08.2001 yildagi 267-II-sonli “Tovar belgilarini, xizmat koʻrsatish belgilarini va tovar kelib chiqqan joy nomlari” qonunning 371-moddasiga asosan Huquq egasining arizasi asosida intellektual mulk sohasi boʻyicha tegishli organ tovar belgisidan va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqiga rioya etilishini tekshirishni amalga oshirishda jarima solish uchun asos boʻlgan huquqbuzarlik aniqlanganligi haqida dalolatnoma rasmiylashtirilgan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida ushbu organ huquqbuzarga nisbatan jarima solish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi belgilangan. Ammo shu besh ish kun ichida tadbirkorlik subyekti (huquqbuzar) tekshiruvni amalga oshirgan intellektual mulk sohasi boʻyicha vakolatli organi harakati ustidan ma’muriy sudga shikoyat qilish huquqi borligi belgilanmagan. Bu tartib belgilanmasligi asossiz jarima belgilanishiga sabab boʻlib qolishi mumkin. Bunda Sharqiy Yevropa davlatlari Ruminiya, Chexiya davlatning intellektual mulk sohasidagi bojxona va intellektual mulk markazlari faoliyatini tartbga soluvchi qonun hujjatlarida harakat va harakatsizligi ustidan manfaatdor shaxslar 3 ish kuni ichida va chiqarilgan qarori ustidan esa 5 ish kuni ichida asoslantirilgan holda, belgilangan davlat bojini toʻlab, bojxona va intellektual mulk markazini ogohlantirib Sudga murojaat qilishi aniq belgilab qoʻyilgan. Bizda ham intellektual mulk sohasidagi vakolatli organlar tomonidan amalga oshirilgan tekshiruvlar boyicha chiqarilgan qarorlari va qaror chiqarishigacha boʻlgan harakat harakatsizligi ustidan 3 ish kun ichida asoslantirilgan, tegishli organni ogohlantirib ma’muriy sudga shikoyat qilishni belgilab qoʻyish natijasida fuqarolarga va yuridik shaxslarga shuningdek mamlakatimizdagi chet ellik investor tadbirkorlarga oʻz erkinliklari va huquqlari, tadbirkorlik faoliyatini himoya qilishlariga yana bir imkon yaratilgan boʻladi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 01.05.2018-yildagi 318-sonli qarori asosida tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat boʻyicha inspeksiya toʻgʻrisida nizomning inspeksiya 15-bandida fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlarni tarqatishda mualliflik huquqlari sohasidagi ma’muriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnomalarni tuzish va koʻrib chiqish uchun sudga yuborish huquqi belgilangan60. Biroq inspeksiyaning harakati ustidan ma’muriy sudga shikoyat qilinishi keltirilmagan. Bu ham qonunchilikdagi kamchiliklardan biri hisoblanadi. Ta’kidlash joizki, ma’muriy ish yuritish doirasida intellektual mulk sohasidagidavlat organlarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilgan shikoyatlar ikki jihatda koʻrib chiqilishi mumkin. Birinchidan, qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qiluvchi ma’muriy ishlarni mohiyati boʻyicha koʻrib chiqish. Ikkinchidan, ishlarni apellyatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyalarida koʻrish, ya’ni quyi sudning qarorlari ustidan shikoyat qilishdir. Intellektual mulk sohasidagi davlat organlari va ularning mansabdor shaxslarning qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyatlarni koʻrib chiqishda dalillarni taqdim etish, qabul qilish, oʻrganish va baholash tartibining tartibga solinmaganligi ham muammolardan biri hisoblanadi. Bular isbotlanishi kerak boʻlgan holatlarning koʻrsatilishining yoʻqligi, isbotlash majburiyati taqsimlash yoritilmaganligi hisoblanadi. Intellektual mulk sohasid intellektual mullkka boʻlgan huquq sotilishi ham, foydalanishga berilishi ham, jamoviy yoki yakka egaligi boʻlishi ham mumkin. Sudga shikoyat qilinganda ilova hujjatlari ma’muriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksida keltirimagan. Bu ishni toxtatib turish yoki koʻrmasdan qoldirishga, rad etishga, qaytarishga asos boʻlishi belgilanmagan. Ma’muriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksining 134-moddasi 1-qismiga 10-bandi sifasida arizachi Intellektual mulkka boʻlgan huquq egasi huquqqa boʻlgan guvohnomasi, yangi huquq egasi huquq oʻtganligi boʻyicha IMD tomonidan roʻyxatga olingan shartnomasi bilan ariza (shikoyat)ga ilova qilingan holda sudga berilgan boʻlsa arizani qaytarishga asos boʻlishini belgilanishi muhim hisoblanadi. Mulkiy huquq toʻliq oʻtkazilganda huquq egasi bu huquqlardan mahrum boʻladi va bunday huquq uchinchi shaxslarda vujudga keladi. Mulkiy huquq qisman oʻtkazilganda huquq egasi uning ma’lum qismini oʻzida saqlab qolib, qolgan qismini oʻtkazadi. Mulkiy huquqlar faqat shartnoma asosida oʻtkaziladi. Shartnoma mulkiy huquq egasi va huquq toʻliq yoki qisman oʻtkazilayotgan shaxs oʻrtasida tuziladi. Shartnoma shakli turli intellektual mulk huquqi obyektlari uchun turlicha boʻlishi qonunlarda belgilab qoʻyilgan. Mualliflik huquqi obyektlariga nisbatan mulkiy huquqlar oʻtkazilganda, shartnoma yozma ravishda tuzilib, notarial guvohlantirilishi lozim. Mutlaq huquq intellektual mulk obyektlariga nisbatan berilgan huquqiy muhofaza yorligʻi (patent, guvohnoma) asosida vujudga kelgan boʻlsa, bunda mulkiy huquqni oʻtkazish haqidagi shartnoma yozma tuzilib, notarial guvohlantirilib vakolatli davlat idorasining roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim61. Ya’ni taraflar shartnoma asosida biri ikkinchisiga oʻzining intellektual mulkini oʻtkazgan boʻladi, oʻsha shaxsning ma’muriy sudga shikoyat qilish tartibi haqida. Intellektual mulk unga oʻtkazilgan shaxs ma’muriy sudga taqdim etadigan hujjatlari roʻyxatida, agar unga toʻliq intellektual mulk oʻtkazilgan boʻlsa, shuni tasdiqlovchi hujjatni arizaga ilova qilgan holda sudga murojaat qiladi. Agar intellektual mulk qisman oʻtkazilgan boʻlsa, shuni tasdiqlovchi hujjat topshirilishi kerak boʻladi. Lekin qonunchiligimizda bunday norma mustahkamlab qoʻyilmagan va bu bunday hujjat sudga topshirilmasligi mumkin, degan tushuncha shakllanib qolishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, keyinchalik bunday hujjatning sudga taqdim etilmaganligi ma’muriy sud ish yurituvi boshlanganda aniqlanib qolinadigan boʻlsa, davlat boji va vaqt jihatidan arizachi zarar koʻrishi mumkin. Ma’muriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksning 14-moddasida sud ma’muriy ishni koʻrib chiqishda ish boʻyicha barcha dalillarni bevosita tekshirishi shartligi belgilab qoʻyilgan62. Bu ma’muriy ishni koʻrib chiqish jarayonida, ammo sudga murojaat qilish paytida arizachining oʻz arizasi bilan unga ilova qilingan hujjatlarining sud tomonidan tekshirilib, oʻrganilib chiqishi kerakligi masalasi ochiqligicha qolgan. Aynan intellektual mulk sohasida bunday tartibning oʻrnatilishiga ehtiyoj mavjud. Chunki shartnoma asosida intellektual mulk huquqini olgan shaxslarning ham hujjatlari sudda ish koʻrilmasidan tekshirilsa, agar u hujjatlar haqiqiy boʻlib chiqmasa yoki soxta hujjatlar boʻlib chiqsa, sudga murojaat qilish bunga huquqi boʻlmagan shaxs tomonidan amalga oshirilgani uchun ish ham oʻz-oʻzidan koʻrib chiqilmasligi va oʻsha vaqtning oʻzida toʻxtatilishiga olib keladi. Ariza ish yuritishga qabul qilinguniga qadar bu kabi hujjatlar tekshirilishi lozim. Intellektual mulk sohasi va unga oid turli nizolarni hal etishda Paragvay tajribasi ham ba’zi bir muammolarni hal etishga yordam beradi. Ya’ni arizachi (manfaatdor shaxslar) intellektual mulk boʻyicha vakolatli organlarning qarori, harakati va harakatsizligi shuningdek ularning qoshida tashkil etilgan markaz va tashkilotlaning harakatlari ustidan alohida tashkil etilgan Ichki idoraviy sud (Montev)ga harakat harakatsizligini qonunga xilof deb topish, chiqarilgan qarorini bekor qilish, haqiqiy emas deb topish, majburiyat yuklash va yetkazilgan zararini qoplab berish boʻyicha shikoyat qilish mumkinligi belgilangan.63 Intellektual mulk sohasidagi davlat organlarining qarorlari, harakat va harakatsizligi ustidan berilgan shikoyat ishlarni sudlovga tegishliligi boʻyicha koʻradigan boʻlsak, ma’muriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksining 28-moddasida investitsiya nizolari boʻyicha yirik investorning, raqobat toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha tomonlarning xohishiga koʻra ushbu toifadagi ishlar bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan, qolgan investitsiyaviy nizolar investorning xohishiga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida koʻrib chiqilishi belgilangan64. Intellektual mulk sohasidagi ishlarni ham xuddi shu tartibda birinchi instansiya sudi sifatida koʻrib chiqsa maqsadga muvofiq boʻlardi. Intellektual mulk himoyasi rivojlangan koʻplab xorijiy davlatlar jismoniy va yuridik shaxslari investitsiya kiritish hamda tadbirkorlik maqsadlarida oʻzining intellektual mulk mahsuli boʻlgan tovar belgilari, sanoat namunalari, ixtiro va foydali modellari, tovar kelib chiqish joy nomlarining qonuniy muhofazasi qay darajada ta’minlanishini bilish uchun mazkur davlat qonunchiligini oʻrganadi. Yuqoridagi normaga esa intellektual mulk sohasidagi davlat organlari qarorlari, xatti-harakatlari ustidan ma’muriy sudga murojaat qilishda tegishliligi boʻyicha tanlash huquqini berish yuzasidan oʻzgartirish kiritish mana shunday maqsad va vazifalarni amalga oshirishga yordam beradi. Kelgusida alohida sud tashkil etilishiga intellektual mulk sohasidagi munosabatlar taqozo etishini prognoz qilish mumkin. Hozirda mikro sxema, yangi nano texnalogiyalar yaratilishi bular bir biriga oʻxshash boʻlishi mumkin buning natijasida ixtirochilar davlat organlari ularning ixtirolarini rad etishi yoxud talabnomalarini qabul qilmasliklari, yana boʻlmasa belgilangan muddatdan uzoq vaqt ekspertiza oʻtkazishga sabab boʻlishi mumkin. Bu boʻyicha umumiy yursdiksiya sudlarida emas alohida tashkil etilgan sudlarda koʻrish bilan nizolarni hal etish mumkin boʻladi. Bu kab nizolargacha amaldagi ma’muriy sudlarda intellektual mulk sohasidagi davlat organlarining qarorlari harakat va harakatsizligi ustidan shikoyat qilishda yuqori instansiya viloyat, shahar sudlarida koʻrish belgilanishi ish samarasini oshishiga olib keladi. Intellektual mulk sohasidagi davlat organlari(Intellektual mulk markazlari Bojxona, innovatsiya vazirligi) va ularning mansabdor shaxslarining intellektual mulk sohasida qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilishning sudgacha boʻlgan tartibini ishlab chiqish, oʻrganish ham dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Ma’muriy jarayonlar, uning tuzilishini izchil oʻrganish shuni koʻrsatadiki, shikoyatlar boʻyicha ma’muriy ish yuritish ma’muriy-yurisdiksiya jarayonining ajralmas qismi hisoblanadi va shuning uchun davlat organlarining ma’muriy-yurisdiksiyaviy faoliyati deb e'tirof etiladi. Ularning mansabdor shaxslaribilan muzokora jarayonlarida ham nizoli holatlar baratarf etish mumkinligi namayon boʻlgan. Shu bilan birga, shikoyatlar boʻyicha ma’muriy ish yuritish ham sud tartibida, ham sudgacha boʻlgan tartibda amalga oshirilishi mumkinligi bilan tavsiflash mumkin. Shikoyatlar boʻyicha ma’muriy ish yuritishning sudgacha shikoyat qilish tartibining quyidagi maqsad va vazifalarini ajratib koʻrsatish imkonini beradi. Sudgacha shikoyat qilish tartibi apellyatsiya tartibini soddalashtirish, davlat organlarining vakolatlarini oshirish, sudlar zimmasiga tushadigan ortiqcha yukni kamaytirish kabi imkoniyatlarni beradi. Bojxona organlarida shikoyatlarni koʻrib chiqish va hal etishda tartib va izchillikni ta’minlash maqsadida bojxona organlari va ularning mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilishning ma’mriy sud tartibida ishlarni darhol koʻrib chiqishni, shikoyat kelib tushgan kuni oʻzida ishni qabul qilish yoki rad qilish haqida ajrim chiqarishi, sudgacha boʻlgan tartibining quyidagi bosqichlarini belgilash va qonunlashtirish zarur deb hisoblanmoqda: 1) shikoyat berish va uni roʻyxatga olish; 2) shikoyatni koʻrib chiqish; 3) shikoyat boʻyicha qaror qabul qilish; 4) shikoyat boʻyicha qarorning ijrosini ta’minlash muddatlarini aniq belgilanishi ish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi mumkin. Tashqi savdo aloqlarning oʻsishi Bojxona organlari va ularning mansabdor shaxslarining qarorlari, xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilishning sudgacha boʻlgan tartibini imkon qadar tezroq joriy etishning muhimligi, dolzarbligi va zarurligini aniq koʻrsatib beradi. Ma’muriy protsessual qonunchiligiga intellektual mulk sohasidagi davlat organlarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan e’tiroz bildirilgan hollarda jamoaviy shikoyat qilish institutini kiritish uchun obyektiv huquqiy asoslar mavjud. Manfaatlari bir-biriga mos keladigan va bir-birini istisno etmaydigan bir nechta ariza beruvchining huquq va majburiyatlari uchun yagona asos, umumiy isbot predmetining mavjudligi, huquq buzilishining yagona predmeti, shuningdek da’volarni qondirishning yagona usuli – bular ushbu institutning huquqiy tabiatining protsessual ishtirok instituti bilan oʻxshashligini belgilaydigan umumiy xususiyatlardir. Yana shu narsaga e’tbor berish lozimki, Albatta, raqobatm, manopoliya, bojxona intellektual mulk soasidagi davlat organlari munosabatlari yoki davlat mulkini boshqarish boʻyicha munosabatlarning oʻzi ommaviy huquqdir. Shuning uchun, fuqarolik huquqining normalari ularga nisbatan qoʻllanilmaydi. Davlat organlarining mulkchilik sohasiga asossiz aralashuvi koʻp hollarda mulkiy huquqlarning buzilishiga olib keladi va shu sababli alohida himoya usullarini talab qiladi. Bunga Davlat organlariga nisbatan shikoyatlar va da’volar toʻgʻrisidagi ishlar koʻpayganligi sabab boʻldi. Huquqning buzilishi ham harakatda (faol xatti-harakat), ham harakatsizlikda (passiv xatti-harakat) ifodalanishi mumkin. Ammo ikkala holatda ham majburiy shart uning noqonuniyligi, ya’ni. qonun va (yoki) shartnoma normasining buzilishi yoki aybdorlik bilan zarar etkazish faktidir. Intellektual mulk sohasidagi davlat organlari, shuningdek ularning mansabdor shaxslari tomonidan etkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisida ariza(shikoyat) bilan ma’mriy sudiga murojaat qilganda, shaxs dalillarni tasdiqlovchi zararning yuzaga kelishi, huquqbuzarning xatti-harakatining qonunga xilofligi (noqonuniyligi), xulq-atvorning notoʻgʻriligi va undan kelib chiqadigan zarar oʻrtasidagi sabab-oqibat munosabatlarini tadqim etishi lozim. Misol uchun kompaniya bojxona organlarining tovarlar patenti restrda boʻlmaganligi, intellektual mulk huquqidan foydalanish litsensiyon shartnomasidagi muddat tugaganligi sababli Tovar partiyasini olib qoʻyish harakatlari va kompaniyaga etkazilgan zarar oʻrtasida sababiy bogʻliqlikni isbotlamadi. Bunda zararni ndirish haqidagi shikoyati qaytarishga asos boʻladi yoki koʻrmasdan qoldirishga. Shartnoma boʻyicha kontragentga xarajatlarni ixtiyoriy ravishda qoplash kerak boʻladi. Intellektual mulk sohasidagi davlat organlarining yoki ularning mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyatlar bevosita yuqori turuvchi bojxona organlariga ham, qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) yoki mansabdor shaxslari ustidan ma’muriy sudga shikoyat berilishi mumkin. Tahlil natijalariga koʻra intellektual mulk sohasidagi organlarning faoliyatini tatibga soluvchi qonun hujjatlari va ma’muriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishni taqozo etmoqda. Download 416.16 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling