Toshkent moliya instituti jo„rayev a. S., Safarov g„. A., Meyliyev o. R. Soliqlar va soliqqa tortish
Download 0.51 Mb.
|
Soliqlar va soliqqa tortish
- Bu sahifa navigatsiya:
- Mavzuni takrorlash uchun savollar
- IV BOB. SOLIQ ELEMENTLARI VA ULARNING TAVSIFI REJA
- SOLIQ ELEMENTLARINING MOHIYATI VA TARKIBI
Oddiylik va xolislik. Bu tamoyil soliqqa tortish bazasini aniqlashda, soliqlarni hisoblab chiqishda oddiylik bo‘lishini, taqdim etiladigan hisobotlarning mazmuni ni soddalashtirishni, shuningdek soliqlarning eng muhim turlari bo‘yicha yagona stavkalar belgilashni, beriladigan imtiyozlarni iloji boricha kamaytirishni ko‘zda tutadi. Bu o‘rinda nazarda tutilayotgan narsa shuki, soliqlarning rag‘batlantirish funktsiyasi doirasida beriladigan imtiyozlar yakka tartibdagi xususiyatga ega bo‘lmasligi, balki muayyan faoliyat turlarini rag‘batlantirishga, soliq to‘lovchilarning mulkchilik shakli va qaysi idoraga mansubligidan qat’i nazar, ma‘lum turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni ko‘paytirishga qaratilmog‘i lozim. Ba‘zi sohalarda paydo bo‘ladigan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojni qondirishni byudjet-kredit siyosati orqali amalga oshirish maqsadga muvofiqdir. Buning sababi shuki, soliq imtiyozlarining haddan tashqari ko‘pligi qonunlarni murakkablashtirib yuboradi, tushunishni qiyinlashtiradi hamda turlicha talqin qilinishiga olib keladi, bu hol pirovard natijada soliq to‘lovchilarning soliqlarga nisbatan munosabatlariga salbiy ta‘sir qiladi. Shu bilan birga aniq qilib belgilangan imtiyozlar soliq yukini boshqa soliq to‘lovchilar zimmasiga o‘tkazib, ijtimoiy adolatsizlik ro‘y berishiga olib keladi.
Boshqarishga qulaylik. Samarali soliq tizimiga qo‘yiladigan muhim talablardan biri boshqaruvga qulay bo‘lishidir. Soliqlarni undirib olishda samaradorlikka yerishish ko‘p hollarda soliqlarning soliq to‘lovchilarga yaxshi tushunarli bo‘lishiga bog‘liq. Ayrim mamlakatlarda soliqqa tortishning nihoyatda murakkab tartibi amal qiladi, aytaylik, shkala va stavkalar turi, soliqlar tarkibi, ularni to‘lash qoidalari va tartiblari haddan tashqari ko‘p. Buning ustiga ular soliq tushumlarining ko‘payishiga hech qanday yordam bermaydi hamda soliqlarning rag‘batlantiruvchi funktsiyasi bajarilishida rol o‘ynamaydi. Ma‘muriy boshqaruvchilik bilan soliqqa tortish tamoyillarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan maqsadga yerishish o‘rtasida muvozanat saqlanib qolishi nihoyatda muhimdir. Murakkab tuzilgan choralarning samarasi kam bo‘ladi, ularni amalga oshirishdagi muvaffaqiyat ko‘pdan-ko‘p axborot to‘plash va undan foydalanishga bog‘liq. Soliq xizmati va soliq madaniyatining rivojlanganlik darajasini ham hisobga olish kerak. Soliqlarni yig‘ish jarayonini imkon qadar arzonlashtirish. Mazkur tamoyil davlat va soliq to‘lovchilar tomonidan soliqlarni yig‘ish uchun ketadigan xarajatlarni mumkin qadar kamaytirishni ko‘zda tutadi. Buning uchun respublikamizda soliqqa tortish tartibini takomillashtirish bilan bir qatorda soliqlarni maqbullashtirish, kompyuter texnologiyalari, soliq axborotlarining to‘g‘riligini bevosita nazorat qilish usullarini qo‘llanish orqali soliq to‘lovchilarning xarajatlarini kamaytirish maqsadida davlat hisobidan saqlanadigan servis-markazlar, soliqqa tortish masalalari xususida soliq organlari tomonidan bepul maslahatxonalar tashkil etilgan. Soliq stavkalarini qiyoslash. Soliq stavkalari boshqa davlatlardagi xuddi shunday soliqlarning stavkalari bilan qiyoslanishi, ya‘ni mintaqaning o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda boshqa mamlakatlar bilan teng bo‘lgan xo‘jalik faoliyati shart- sharoitlari vujudga keltirilishi lozim. Agar qattiq shartlar belgilab qo‘yilgudek bo‘lsa, bu hol respublika iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb qilishni mushkullashtirib yuboradi, aksincha, engil sharoit yaratilsa, mamlakat byudjetiga salbiy ta‘sir qiladi. Soliqqa tortish tamoyillari va soliq qonunchiligi tamoyillari muayyan o‘xshashlikka ega va ularni to‘liq hayotga tatbiq etish iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim vazifalaridan biridir. O‘zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksida esa soliqqa tortish tamoyillari o‘rniga soliq to’g’risidagi qonun hujjatlarining soliq solish printsiplari( 7-modda) keltirilib, soliq solish majburiylik, aniqlik va soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan hamkorligi, adolatlilik, soliq tizimining yagonaligi, oshkoralik va soliq to‘lovchining haqligi prezumptsiyasi printsiplariga asoslanadi. O‘zbekiston Respublikasining soliq kodeksida soliq solish printsiplari quyidagicha keltirilgan. Soliq solishning majburiyligi printsipi; Har bir shaxs soliq kodeksida belgilangan soliqlar va unda nazarda tutilgan yig’imlarni to’lashi shart. Hech kimga soliqlar va yig’imlarning barcha alomatlariga ega bo’lgan, biroq ushbu soliq kodeksida nazarda tutilmagan yoxud uning normalari buzilgan holda belgilangan soliqlar va yig’imlarni to’lash majburiyati yuklatilishi mumkin emas.Soliq solishning aniqligi printsipi; Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar aniq bo’lishi kerak. Soliq to’g’risidagi qonun hujjatlari har bir soliq to’lovchi qaysi soliqlar va boshqa majburiy to’lov larni, qachon, qancha miqdorda hamda qay tartibda to‘lashi kerakligini aniq biladigan tarzda ifodalangan bo‘lishi kerak. Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni belgilashda, agar soliq Kodeksida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq to‘lovchilar, shuningdek soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning elementlari aniqlangan bo‘lishi kerak. Soliq solishning aniqligi va soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan hamkorligi printsipi; Soliqlarni va yig‘imlarni belgilovchi soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, agar Soliq Kodeksida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq to‘lovchilarni hamda ushbu soliqlarning va yig‘imlarning boshqa barcha elementlarini, shu jumladan ularni to‘lash muddatlari va tartibini aniqlab berishi kerak. Soliq organlari soliq munosabatlari doirasida soliq to‘lovchilar bilan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini to‘g‘ri bajarish maqsadida hamkorlik qilishi shart. Bunda soliq organlari soliq to‘lovchilarning qonuniy faoliyatiga asossiz to‘siqlar yaratishga haqli emas, soliq to‘lovchilar esa soliq organlari o‘z vakolatlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoit yaratishi kerak. Soliq solishning adolatlilik printsipi; Soliqlar va yig‘imlar kamsitish xususiyatiga ega bo‘lishi hamda ijtimoiy, irqiy, milliy, diniy va boshqa shu kabi mezonlardan kelib chiqqan holda qo‘llanilishi mumkin emas. Mulkning shakliga, jismoniy shaxslarning fuqaroligiga yoki kapitalning kelib chiqish mamlakatiga qarab farqlangan soliq stavkalarini, soliq imtiyozlarini yoki boshqa afzalliklarni belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi. Fuqarolarning o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qiladigan soliqlarni belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi. Soliq tizimining yagonaligi printsipi; Soliq tizimi O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yagonadir. O‘zbekiston Respublikasining yagona iqtisodiy makonini buzuvchi, xususan, O‘zbekiston Respublikasining hududi doirasida tovarlarning (xizmatlarning) yoki moliyaviy mablag‘larning erkin muomalada bo‘lishini bevosita yoki bilvosita cheklab qo‘yadigan soliqlar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Soliq solishning oshkoralik printsipi; Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari rasman e‘lon qilinishi shart. Rasman e‘lon qilinmagan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari kuchga kiritilmagan hujjat sifatida huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi. Soliq to‘lovchining haqligi prezumptsiyasi printsipi; Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagi barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan qarama-qarshiliklar va noaniqliklar soliq to‘lovchining foydasiga talqin etiladi. Soliqqa tortish tamoyillari to‘g‘risida turlicha yondashishlar mavjudligini yuqorida ko‘rib o‘tdik. A. Smit tomonidan ishlab chiqilgan soliqqa tortishning 4 tamoyili, mamlakatimiz soliq kodeksida esa soliq qonunchiligining 6 tamoyili va boshqa iqtisodiy adabiyotlarda ham turlicha soliqqa tortish tamoyillari mavjudligi e‘tirof etilgan. Mavzuni takrorlash uchun savollar Soliqlarning iqtisodiy mohiyati deganda nimani tushunasiz? Iqtisodchi olimlar tomonidan soliqlarga berilgan tariflami o‘ziga xos jihatlarini tushuntirib bering. Soliqlarning ob‘ektiv zarurligi nimalarda ko‘rinadi? Soliqlarning boshqa iqtisodiy kategoriyalardan farqi nimalardan iborat? Soliqlarning xususiyatlarini tushuntirib bering. Soliqlarga oid bilimlarni olimlar tomonidan turlicha talqin etilishi sabablari nimada? Soliqlar belgilarining mohiyatini tushuntirib bering? Soliqlarning qanday funktsiyalari mavjud? Soliqlarning funktsiyalari va vazifalarini farqlab bering? IV BOB. SOLIQ ELEMENTLARI VA ULARNING TAVSIFI REJA: Soliq elementlarining mohiyati va tarkibi Soliq stavkalari va uning turlari Soliq imtiyozlari Soliqlarni undirish usullari Soliq mexanizmi SOLIQ ELEMENTLARINING MOHIYATI VA TARKIBI Soliq elementlari haqida gap borganda ko‘pincha adabiyotlarda soliqqa tortish tizimi haqida so‘z yuritiladi. Shu o‘rinda soliqqa tortish tizimi haqida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, soliqqa tortish tizimi soliq tizimiga nisbatan tor tushuncha bo‘lib, aslida soliq tizimi tarkibini tashkil etadi. Soliq tizimi soliqqa oid barcha munosabatlarni qamrab olsa, soliqqa tortish tizimi esa ushbu munosabatlarni soliqlarni undirish bo‘yicha iqtisodiy-huquqiy munosabatlarini o‘z ichiga oladi. Shu jihatdan soliqqa tortish tizimi qonun chiqaruvchi hokimiyat tomonidan qonun yo‘li bilan belgilangan hamda ijro hokimiyati tomonidan soliqlarni tashkil etish usullari, elementlari va tamoyillari majmuasidan iborat. Soliqqa tortish tizimining mohiyati garchand o‘zgarmas bo‘lib ko‘rinsada, uning shakl-shamoyili va yo‘nalishi davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatiga, qolaversa soliq siyosatining mazmuniga bog‘liq bo‘ladi. Chunki, soliqqa tortish tizimi o‘z ichiga tarkiban soliq elementlari, soliqlarni tashkil etish tamoyillari va usullarini oladi, bu elementlarning qay darajada talqin etilishi esa bevosita davlat siyosati yo‘nalishiga bog‘liq. Masalan, soliq elementlariga kiruvchi soliq stavkasining qaysi turlarining ko‘proq amal qilishi, soliq imtiyozlarining belgilanishi, soliqlarni undirishni qaysi usullaridan ustuvorlik bilan foydalanish asosan ijro hokimiyati faoliyatining mazmuniga bog‘liq. Binobarin, shu ma‘noda xuddi soliqlarni vazifalari kabi soliqqa tortish tizimi ham har bir davlatda o‘ziga xos tarzda amal qilishi va tashkil etilishi mumkin. Demak, yuqoridagilardan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, davlat qonunchiligi bilan belgilangan va uning maxsus idoralari tomonidan undiriladigan soliqlarni tashkil etish usullari, elementlari va tamoyillari majmuiga soliqqa tortish tizimi deb ataladi. Soliqqa tortish tizimining asosiy bo‘g‘ini hisoblangan soliq elementlari esa soliqqa tortishda ifodalanadigan tushunchalar bo‘lib, ular soliq to‘lovchilar va davlat byudjeti o‘rtasidagi iqtisodiy-huquqiy munosabatlarda namoyon bo‘ladi. Soliq nazariyasida soliqqa oid munosabatlarni to‘liq va teranroq ifoda etish uchun iqtisodiy voqeliklarni har bir kichik guruhlari muayyan nomdagi iboralar bilan izohlanadi. Soliq elementlari ham xuddi shunday soliqqa oid iqtisodiy hodisalarni izohlashga xizmat qiluvchi yaxlit tushunchadir. Soliq elementlari tushunchasi soliqqa tortish tizimini muhim tarkibiy qismi bo‘lib, uning o‘zi ham kichik tizimni tashkil etadi, ya‘ni soliq elementlari ham bir necha iqtisodiy kategoriyalarni yaxlit holdagi harakatini bildiradi. Soliq elementlari bir nechta tushunchalardan iborat bo‘lib, ular tarkiban: soliq sub‘ekti, soliq ob‘ekti, soliq predmeti, soliq bazasi, soliq manbai, soliqqa tortish birligi, soliq stavkasi, soliq imtiyozlari, soliq normasi, soliqni to‘lash muddatlari, soliq yuki, soliq bazasini hisoblash usullari, soliqqa tortish usullari va shu kabi tushunchalarni qamrab oladi. Quyida soliq elementlarining har biriga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz. Download 0.51 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling