Toshkent moliya instituti jo„rayev a. S., Safarov g„. A., Meyliyev o. R. Soliqlar va soliqqa tortish


V BOB. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI SOLIQ TIZIMI VA UNING SHAKLLANISHINING NAZARIY ASOSLARI


Download 0.51 Mb.
bet29/50
Sana02.12.2023
Hajmi0.51 Mb.
#1779678
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   50
Bog'liq
Soliqlar va soliqqa tortish

V BOB. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI SOLIQ TIZIMI VA UNING
SHAKLLANISHINING NAZARIY ASOSLARI

REJA:

    1. Soliq tizimini mohiyati va uning klassifikatsiyasi

    2. To‘g‘ri (bevosita) va egri (bilvosita) soliqlar

    3. Umumdavlat va mahalliy soliqlar

    4. Yuridik hamda jismoniy shaxslar to‘laydigan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar

    5. O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimining shakllanishi va rivojlanish bosqichlari

    1. SOLIQ TIZIMINI MOHIYATI VA UNING KLASSIFIKATSIYASI

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda bozor tamoyillariga to‘liq javob beradigan yangi soliq tizimi shakllandi. Mamlakatimizda soliqlarni boshqarishning zamonaviy usullari va mexanizmlari joriy etildi, soliq organlarining yaxlit tizimi yaratildi. O‘zbekistonda bugungi kunda olib borilayotgan soliq siyosati xo‘jalik yurituvchi sub‘ektlarga soliq yukini yanada pasaytirishga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga, aholining real daromadlari va ularning xarid qilish qobiliyatini oshirishga qaratilgan.
Mamlakatimizda soliq tizimini isloh qilishdan ko'zlangan asosiy maqsad - soliq to‘lovchilar zimmasidagi soliq yukini kamaytirish orqali ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish va iqtisodiyotni barqarorlashtirishga erishishdir. Har bir mamlakatda ham ushbu maqsadga faqat izchil soliq ma‘murchiligini amalga oshirish orqali erishiladi.
O‘zbekiston Respublikasi soliq kodeksining 17-moddasida soliqlarning va yig‘imlarning turlari keltirilgan va unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi hududida quyidagi soliqlar belgilanadi:

  1. qo‘shilgan qiymat solig‘i;

  2. aktsiz solig‘i;

  3. foyda solig‘i;

  4. jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;

  5. yer qa‘ridan foydalanganlik uchun soliq;

  6. suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;

  7. mol-mulk solig‘i;

  8. yer solig‘i;

  9. ijtimoiy soliq.

O‘zbekiston Respublikasi hududida yig‘imlar belgilanishi mumkin. Yig‘imlarni joriy etish, hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi ushbu Kodeksda hamda boshqa qonun hujjatlarida belgilanadi.
Avtotransport yig‘imini hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi ushbu Kodeks bilan tartibga solinadi.
Davlat bojini hisoblab chiqarish va undirish tartibi davlat boji to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi soliq kodeksining 18-moddasida maxsus soliq rejimlari keltirilgan.
Soliq to‘lovchilarning ayrim toifalari uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida quyidagi maxsus soliq rejimlari belgilanadi:

  1. aylanmadan olinadigan soliq;

  2. mahsulot taqsimotiga oid bitimlar ishtirokchilariga soliq solishning alohida tartibi;

  3. maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga va ayrim toifadagi soliq to‘lovchilarga soliq solishning alohida tartibi.

Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga va ayrim toifadagi soliq to‘lovchilarga soliq solishning alohida tartibi qonun hujjatlarida yoki investitsiya bitimlarida nazarda tutilgan investitsiyalarni amalga oshirish hamda boshqa shartlarni bajarish bilan bog‘liq holda muayyan muddat uchun belgilanadi.
Maxsus soliq rejimlari ayrim soliqlarni to‘lashdan ozod etishni, pasaytirilgan soliq stavkalarini va boshqa soliq imtiyozlarini qo‘llashni nazarda tutishi mumkin.
Yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan soliqlar, yig‘imlar, bojlar va boshqa majburiy to‘lovlar hamda ularning tuzilish tamoyillari, usullari, soliq nazoratining yig‘indisi soliq tizimini tashkil etadi. Bu ta‘rif soliq tizimini keng ma‘noda tushunishdir. Soliq qonunchiligida soliq tizimi tor ma‘noda talqin qilinib, bir xil mohiyatga ega bo‘lgan va markazlashgan pul fondini tashkil etadigan soliq, yig‘im, boj va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘indisi soliq tizimi deb tushuniladi. Soliq tizimiga nisbatan bunday yondashuvni ayrim adabiyotlarda ham keltirilganligini ta‘kidlash o‘rinli. Qayd etilgan ta‘rifda soliq va yig‘imlar yagona mohiyat, ya‘ni «majburiy xarakterga ega bo‘lgan munosabat» va ularning bir-biri bilan bog‘liqligi va nihoyat byudjetga tushishligini ko‘rsatadi. Bu O‘zbekiston Respublikasi soliq Kodeksi mazmuniga mos keladi. Shu yerda bahsli masala ham mavjud, ya‘ni davlatning byudjetdan tashqari fondlariga (pensiya, ijtimoiy sug‘urta, bandlik, yo‘l fondlari va boshqalar) to‘lovlarni ham majburiylik nuqtai nazardan soliq tizimiga kiritish muammosi mavjud35.
Soliqlar bo‘yicha izlanishlar olib borgan ayrim mualliflarning soliq tizimiga yondashuvi boshqacha. Soliq tizimiga xususan soliqlar yoki ularga tenglashtirilgan to‘lovlar tizimi (majmui) sifatida qarash mumkin emas. Soliq solishning muhim shart-sharoitlariga quyidagilar kiradi: soliqlarni belgilash va amalga kiritish tartibi, soliqlarning turlari, ularni byudjet darajalari o‘rtasida taqsimlash tartibi, soliq nazoratini amalga oshirish shakllari va uslublari, soliq to‘lovchilarning huquqlari, majburiyatlari, ular manfaatlarini himoya qilish usullari, soliq munosabatlari ishtirokchilarining javobgarligi36 va shu bilan birga ushbu elementlar soliq tizimining tarkibiy unsurlari ekanligini ta‘kidlaydi va soliq tizimi deganda ana shu elementlarning majmuasidan iborat bo‘lgan va ular o‘rtasidagi munosabatlar majmuasidan kelib chiqib ifodalash mumkin.
Umuman olganda soliq tizimini tarkiban soliqqa tortish tamoyillari, soliq siyosati, soliqqa tortish tizimi, soliq mexanizmi kabilarga ajratish mumkin. Ushbu elementlar bevosita mamlakatda amal qilayotgan soliqlarning tarkibini belgilab beradi.
Soliqlarga doir moliyaviy munosabatlarni yoritishda ularni tasniflash barcha turdagi soliqlarni guruhlarga ajratish orqali o‘rganishni osonlashtiradi. Hozirgi paytda soliqlarning u yoki bu belgilari, xususiyatlariga qarab tasniflash tartibi amal qilib, soliqlarni tasniflash soliq to‘lovchi va davlat o‘rtasida soliqlarga doir bo‘lgan moliyaviy munosabatlarga turli nuqtai-nazardan yondashishni talab etadi. Soliqlar xilma-xilligi sharoitida ularning farqli va o‘xshash jihatlarini yoritgan holda to‘g‘ri tasniflash nafaqat nazariya uchun, balki amaliyot uchun ham zarurdir. Shunga asosan aytishimiz mumkinki, respublikamiz soliq tizimini o‘rganishdagi yo‘nalishlardan biri ularni to‘g‘ri tasniflash hisoblanadi. Soliq tizimining asosi bo‘lgan soliqlar o‘ziga xos xususiyatlariga, bir qator belgilariga ko‘ra guruhlanadi. Soliqlarning guruhlanishi ularning ob‘ektiga, xo‘jalik yurituvchi sub‘ektlar moliyaviy faoliyatiga ta‘sir etishiga, undirilish usullari, paydo bo‘lishiga (sub‘ektiga), byudjetga yo‘naltirilishiga va boshqa belgilariga ko‘ra ularning tasniflanishidir.
Soliqlarni bunday tartibda guruhlarga ajratishdan maqsad ularni taqsimlash tamoyillarini belgilashda, ularning soliq funktsiya va vazifalarini qay darajada bajarayotganligini baholashda, umuman olganda davlat byudjetini doimiy ravishda va muntazam daromadlar bilan ta‘minlashda, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub‘ektlarning tadbirkorlik faoliyatini cheklab qo‘ymasdan faoliyat ko‘rsatishi uchun soliqlarni har tomonlama ilmiy-nazariy jihatdan o‘rganish, tahlil qilishdan iborat.
Tarixan soliqlar ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishiga qarab yoki boshqacha qilib aytganda undirib olish manbasiga qarab ikki guruhga to‘g‘ri (bevosita) va egri (bilvosita) soliqlar guruhlariga bo‘linadi. Soliqlarni belgilaydigan va ulardan tushgan mablag‘ni tasarruf etishiga, ya‘ni byudjetga o‘tkazish nuqtai-nazaridan soliqlar umumdavlat va mahalliy soliqlarga bo‘linadi. Shuningdek, soliqlar paydo bo‘lish manbaiga ko‘ra yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan soliqlarga bo‘linadi.
Soliqlarning qayd etilgan guruhlarga ajratib o‘rganishni alohida savol sifatida kengroq yoritishga harakat qilamiz.
Shu o‘rinda soliqlarni guruhlashning ayrim turlarini ko‘rib chiqamiz. Soliqlarni ob‘ekti va iqtisodiy mohiyati bo‘yicha guruhlash iqtisodiyotga ijobiy va salbiy ta‘sir ko‘rsatishni o‘rganishning ilmiy va amaliy uslubidir.
Soliqlar soliqqa tortish ob‘ektiga qarab uch guruhga bo‘linadi:

  1. Oborotdan olinadigan soliqlar. Bunda soliqlar xo‘jalik yurituvchi sub‘ektlarning bevosita oborotidan undiriladi, ularga qo‘shilgan qiymat solig‘i, aktsiz solig‘i, bojxona bojlari, yig‘imlari va boshqalar kiradi.

  2. Mol-mulk qiymatlaridan olinadigan soliqlar. Bunday soliqlar soliq to‘lovchi sub‘ektlar tasarrufida mavjud bo‘lgan mol-mulkka, yerga va boshqalarga nisbatan belgilanadigan soliqlardan iborat.

  3. Daromaddan olinadigan soliqlar. Bunga yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, jismoniy shaxslarning daromad solig‘i va boshqalar kiradi.

Mamlakatimizda amal qilayotgan soliqlarning ayrimlari korxonalar ho‘jalik faoliyatining oxirgi moliyaviy natijasidan byudjetga to‘lanadigan aksariyat soliqlar va majburiy to‘lovlar kelgusi davr xarajatlari orqali ishlab chiqarilgan mahsulot tannarxiga qo‘shiladi (yer solig‘i, mol-mulk solig‘i va boshqalar). Shu o‘rinda soliqlarni guruhlashning asosi hisoblangan, ularni xo‘jalik yurituvchi sub‘ektlar moliyaviy faoliyatiga ta‘sir etishiga qarab quyidagilarga ajratishimiz mukin:

  1. Tovar (ish, xizmat) lar oborotidan to‘lanadigan soliqlar. Bunday soliqlarga asosan egri (bilvosita) ) soliqlar kiradi, ya‘ni qo‘shilgan qiymat solig‘i, aktsiz solig‘i, bojxona bojlari.

  2. Ishlab chiqarish tannarxiga kiritiladigan soliqlar: pensiya fondiga ajratmalar, kasaba uyushmalari federatsiyasiga ajratmalar, bandlik fondiga ajratmalar va boshqalar.

  3. Davr xarajatlariga kiritiladigan soliqlar: mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, yer qa‘ridan foydalanganlik uchun soliq va boshqalar.

  4. Korxonalar foydasidan to‘lanadigan soliqlar: foyda solig‘i va boshqalar.

5.2. TO’G’RI (BEVOSITA) VA EGRI (BILVOSITA) SOLIQLAR
Soliqlarni tasniflashga doir qarashlarning ilk shakllaridan biri ularni to‘g‘ri (bevosita) va egri (bilvosita) soliqlar guruhlariga ajratishdir. Soliqlarni bunday tasniflash respublikamiz soliq tizimida ham amal qilib, ular o‘rtasidagi maqbul nisbatni ta‘minlashga qaratilgan chora-tadbirlar respublikamiz soliq tizimini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. To'g'ri (bevosita) va egri (bilvosita) soliqlar o‘rtasidagi maqbul nisbatni ta‘minlashda ularning har birini o‘ziga xos xususiyatlari, afzalliklari va kamchiliklarini e‘tiborga olish lozim. Shu o‘rinda soliqlarni tasniflashga bo‘lgan ushbu yondashuvning shakllanishi va rivojlanishini ko‘rib chiqish muhim ahamiyatga ega.
Soliqlarni to‘g‘ri (bevosita) va egri (bilvosita) soliqlarga ajratish mezoni va ular nisbatini ta‘minlashga doir munozaralar o‘rta asrlardan e‘tiboran mavjud bo‘lib, moliya fanida to‘g‘ri (bevosita) va egri (bilvosita) soliqlar nisbati nazariyasi nomini oldi. Bu nazariyaning asosiy g‘oyasi to’g’ri (bevosita) va egri (bilvosita) soliqlarni belgilash mezoni sifatida nima bo‘lishi kerakligi va ularning qaysi biriga ustuvorlik berish iqtisodiyot rivojlanishi uchun samarali hisoblanishini nazariy jihatdan asoslashga qaratilgan. Ushbu g‘oyadan kelib chiqqan holda to‘g‘ri yoki egri soliqqa tortish nazariyasi tarafdorlari o‘z g‘oyalarini asoslashga harakat qildilar. To’g’ri (bevosita) va egri (bilvosita) soliqlar nisbati nazariyasi soliqqa oid nazariyalar ichida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, hozirgi paytda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan va ko‘plab davlatlar uning ijobiy g‘oyalaridan foydalangan holda o‘z soliq tizimlariga o‘zgartirishlar kiritib, barqaror soliq tizimini shakllantirishga yerishib kelmoqda.
Soliqlarni tasniflashga bo‘lgan bunday yondashuv moliya faniga XVI asr amaliyotidan olingan bo‘lib, XVII asr oxirida ingliz filosofi D.Lokk tomonidan ularning nazariy jihatlari o‘rganilgan. D.Lokk to’g’ri (bevosita) va egri (bilvosita) soliqlar tarkibini aniqlashda asos qilib, ularni oxir-oqibat kimga yuklanishi nuqatai- nazaridan yondashdi. Uning fikricha, yer solig‘i - bu to’g’ri (bevosita), qolgan barcha soliqlar egri(bilvosita) soliqlardir. Sababi sifatida egri(bilvosita) soliqlar oxir-oqibat yer egalari tomonidan to‘lanishini qayd etib, bunda sotuvchilar soliq yukini iste‘molchi hisoblangan ishchilarga, ular yer ijarachilariga, yer ijarachilari esa yer egalariga yuklashi natijasida soliqlarning manbai bo‘lib oxir-oqibat yer egalarining daromadlari ekanligini nazariy jihatdan asoslashga harakat qilgan va barcha soliqlar o‘rniga yagona yer solig‘i joriy etishni taklif etgan. Faqat yer egasining sof daromadidan barcha soliqlar to‘lanishidan kelib chiqqan holda, fiziokratlar ushbu g‘oyani qo‘llab-quvvatladilar va yanada chuqurlashtirdilar.
D.Lokk va fiziokratlarning soliqlarni to‘g‘ri (bevosita) va egri (bilvosita) soliqlarga ajratishning mezoni sifatidagi yondashuvida ular nazariyalarining asosiy g‘oyasi hisoblangan daromadlar faqatgina yerdan keladi deb hisoblashidir. Bizga ma‘lumki, A.Smit daromadlar nafaqat yerdan, shuning bilan birgalikda kapital va mehnat faoliyati davomida olinishi mumkinligini nazariy jihatdan asoslab berdi. Olinishi mumkin bo‘lgan daromadlar tarkibining o‘zgarishi tadbirkorlik daromadi va ish haqidan olinadigan soliqlarni ham to‘g‘ri (bevosita) soliqlarga, qolgan soliqlarni esa egri (bilvosita) soliqlarga kiritish lozim degan xulosaga olib keldi. Natijada, daromad - mulk (yer, uy, kasb, pul mablag‘lari va shaxsiy mehnatdan) soliqlari to’g’ri (bevosita) soliqlar qatoriga, xarajat soliqlari, ya‘ni keng ma‘nodagi iste‘mol predmetlariga soliqlar esa egri (bilvosita) soliqlar qatoriga kiritilishini, soliqlarni ushbu ko‘rinishida to‘g‘ri va egriga ajratish shaxsning to‘lov qobiliyatidan, ya‘ni uning daromadi va iste‘moli o‘rtasidagi aloqadan kelib chiqishini asoslab berdi.
Soliqlar rivojlanish bosqichlarida soliq tizimlari asosan to‘g‘ri (bevosita) soliqlarga asoslanib tuzilgan. Egri (bilvosita) soliqlar tovar qiymatini oshirishini hisobga olib, ular ancha og‘ir va xalq ahvoliga salbiy ta‘sir qiladi deb hisoblangan. Shunga qaramasdan o‘rta asrlarda egri (bilvosita) soliqlarga ustuvorlik berilib, asosan iste‘mol uchun birlamchi bo‘lgan tovarlarga nisbatan qo‘llanilgan (masalan, tuzga soliq). Egri (bilvosita) soliqlarga nisbatan ilk yondashuvga muvofiq egri (bilvosita) soliqlar soliq to‘lovchilar moliyaviy ahvolini yomonlashtirganligi uchun ularni keng joriy etish maqsadga muvofiq emas deb hisoblangan.
O‘rta asrlar oxirlarida paydo bo‘lgan ushbu nazariyaga ikkinchi yondashuv esa, aksincha, egri soliqlarni joriy qilinishi zarurligini asoslab berdi. Egri (bilvosita) soliqlar yordamida soliqqa tortishning teng sharoitlarini ta‘minlash taklif etilib, boy tabaqa vakillari soliqlar bo‘yicha turli xil imtiyozlarga ega bo‘lganligi sababli ular oladigan daromadlar soliqqa tortilmay qolishini e‘tirof etilgan holda, egri soliqqa tortish tarafdorlari soliqlarni tovar narxiga ustama shaklida belgilanishini yoqlab chiqadilar.
Hattoki, A.Smit va D.Rikardolar ham egri soliqqa tortish tarafdorlari hisoblanishgan, ular uni ixtiyoriylik g‘oyasi orqali asoslab berishdi. Bu g‘oya egri (bilvosita) soliqlar to‘g‘ri (bevosita) soliqlarga qaraganda engilroq degan tasdiqdan kelib chiqadi, chunki ulardan egri (bilvosita) soliqlarga tovarlarni xarid qilmasdan oson qochish mumkin degan xulosani beradi.
Lekin XIX asr oxirida to‘g‘ri (bevosita) soliqlar tenglashtirish maqsadi uchun, egri (bilvosita) soliqlar esa samarali tushumlarga yerishish uchun mo‘ljallanishi, ushbu masala bo‘yicha hamma bahslashuvlar to’g’ri (bevosita) va egri (bilvosita) soliqqa tortish o‘rtasida o‘zaro muvozanatni ta‘minlash zarur degan xulosaga kelindi. Buning sababi sifatida aytish mumkinki, to‘g‘ri (bevosita) va egri (bilvosita) soliqlarning har birini ijobiy va salbiy jihatlari o‘rganildi. Shunga qaramasdan bu boradagi bahsli munozaralar bugungi kunga kelib ham davom etmoqda.
Soliq tizimi barqarorligini ta‘minlashda to’g’ri (bevosita) va egri (bilvosita) soliqlarga oid bo‘lgan nazariyalarni o‘rganish, jumladan, ularga bo‘lgan tarixiy va zamonaviy yondashuvlarni uyg‘unlashtirgan holda tahlil qilish hamda respublikamiz ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlaridan kelib chiqqan holda yondashish, to‘g‘ri (bevosita) va egri (bilvosita) soliqlar o‘rtasidagi maqbul nisbatni ta‘minlashga qaratilgan soliq tizimini takomillashtirish yo‘nalishidagi muhim omillardan biri hisoblanadi.
Soliqlar iqtisodiy mohiyatiga, to‘lovchi bilan davlatning o‘zaro munosabatlariga bevosita yoki bilvosita bog‘liqligiga ko‘ra to’g’ri (bevosita) va egri (bilvosita) soliqlarga bo‘linishiga doir zamonaviy yondashuvga muvofiq, to’g’ri (bevosita) soliqlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri daromadga va mol-mulkka qaratiladi (soliqqa tortishning bevosita shakli). Tovarning bahosida to‘lanadigan yoki tarifga kiritiladigan tovarlar va xizmatlardan olinadigan soliqlar egri (bilvosita) soliqlarga kiradi. Tovar va xizmatlarning egasi ularni sotishda soliq summalarini olib, ularni davlatga o‘tkazadi.
Daromadlar oladigan (mol-mulkka va shu kabilarga egalik qiladigan) xo‘jalik yurituvchi sub‘ektlar to‘g‘ri(bevosita) soliqlarning pirovard to‘lovchisi hisoblanadi, narxlarga ustamalar orqali soliq yuki yuklab qo‘yiladigan tovarning iste‘molchisi esa egri (bilvosita) soliqlarning pirovard to‘lovchisi hisoblanadi.
Amaliyotda nafaqat egri soliqlar, shu bilan birga to‘g‘ri (bevosita) soliqlarni ham iste‘molchilar zimmasiga o‘tkazish imkoniyati mavjuddir. Masalan, korxonalar to‘laydigan soliqlar yuki inflyatsiya davrida ko‘pincha narx-navoni oshirib yuborish orqali iste‘molchilar zimmasiga yuklab boriladi.
To‘g‘ri (bevosita) soliqlarga tortishda mablag‘larning safarbar qilinishi yangi qiymatni taqsimlash paytida boshlanadi. Davlat daromad olingan paytdayoq uning bir qismiga o‘z huquqlari bilan da‘vo qiladi.
Soliq to‘lovchining daromadi (ish haqi, foyda, foizlar va hokazo) va uning mol- mulkining (yer, uylar, qimmatli qog‘ozlar va hokazo) qiymati to’g’ri (bevosita) soliqlar ob‘ekti bo‘ladi. Soliqqa tortishning bu shakli egri (bilvosita) soliqlarga nisbatan birmuncha progressivdir, chunki u soliq to‘lovchining daromadliligini, oilaviy ahvolini hisobga oladi, soliq daromadni olish bosqichida undiriladi. Bundan tashqari, to‘g‘ri (bevosita) soliqlarga tortishda soliq to‘lovchi o‘z solig‘ining summasini aniq biladi.
Tarixiy jihatdan olganda to‘g‘ri (bevosita) soliqlar XVIII asrda va XIX asrning birinchi yarmida shakllandi, ular faqat XX asrda keng ommalashdi.
To‘g‘ri (bevosita) soliqlar real va shaxsiy soliqlarga bo‘linadi. Real soliqlar soliq to‘lovchi mol-mulkining ayrim turlaridan (yer, uylardan) kadastr asosida undiriladi, to‘lovchining haqiqiy daromadliligini emas, balki o‘rtacha daromadliligini hisobga oladi. Soliqqa tortish ob‘ektiga qarab quyidagilar real soliqlarga kiradi: yerga oid, uy- joylarga doir, kasb-hunarga tegishli, qimmatli qog‘ozlardan olinadigan soliqlar. Real soliqlar tashqi belgilariga asoslanadi, soliqqa tortish mol-mulkning kadastr bo‘yicha aniqlanadigan o‘rtacha daromadliligi bo‘yicha amalga oshiriladi. O‘z mohiyatiga ko‘ra bunday soliqlar regressiv tusga egadir.
Ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi, davlat faoliyatining kengayishi shaxsiy soliqlarga o‘tilishini taqozo etdi, chunki real soliqlar fiskal jihatdan ham, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ham foydali bo‘lmay qoldi. Real soliqqa tortishning ayrim unsurlari, odatda, mahalliy soliqlar tizimida asosan sanoat jihatdan taraqqiy etgan mamlakatlarda saqlanib qolgan. Shaxsiy soliqlar ravnaq topmoqda, bular daromadlar manbaida yoki deklaratsiya bo‘yicha undiriladigan jismoniy va yuridik shaxslarning daromadlari va mol-mulkidan olinadigan soliqlardir. Real soliqdan farqli ravishda shaxsiy soliqqa tortishda ob‘ekt (daromad, mol-mulk) har bir soliq to‘lovchi uchun yakka tartibda hisoblab chiqiladi, uning moliyaviy ahvoli (oila soni, qarzdorlik va hokazo) e‘tiborga olinadi. Rivojlangan mamlakatlarda soliqqa tortish ob‘ektiga qarab shaxsiy soliqlarning quyidagi turlari farqlanadi: daromad solig‘i, pullik sarmoyalardan tushadigan daromadlardan olinadigan soliq, sarmoyaning o‘sishidan olinadigan soliq, korporatsiyaning foydasidan olinadigan soliq, merosdan va sovg‘a qilishdan olinadigan soliq, mol-mulkdan olinadigan soliq, jon boshidan olinadigan soliq va hokazo.
Egri (bilvosita) soliqlar bahoga yoki tarifga ustama sifatida belgilanadigan tovarlar va xizmatlardan olinadigan soliqlardir. Egri (bilvosita) soliqlarga tortishda davlat tovar yoki xizmatlarning sotilishi paytida ushbu qiymatning bir qismiga o‘z huquqlarini da‘vo qilish bilan aslida yangi qiymatning taqsimlanishining ishtirokchisi bo‘lib qoladi. Egri (bilvosita) soliqlar to‘g‘ri (bevosita) soliqlardan farqli ravishda to‘lovchining daromadi yoki mol-mulki bilan bevosita bog‘liq bo‘lmaydi. Tovarlar, odatda, shaxsiy iste‘mol tovarlari, shuningdek xizmat ko‘rsatish sohasining (sartaroshxonalar, hammomlar, kimyoviy tozalash xizmatlari) pullik aylanmasi, tomosha ko‘rsatadigan va transport korxonalarining pattalari va shu kabilar soliqqa tortish ob‘ekti bo‘ladi. Egri(bilvosita) soliqlarga tortiladigan tovarlar va xizmatlar soni muntazam kengayib bormoqda.
Xaridor-iste‘molchi egri (bilvosita) soliqlarning to‘lovchisi bo‘ladi. Tovarning sohibi yoki xizmatlar ko‘rsatadigan shaxs aslida soliqni yig‘uvchi hisoblanadi. Egri (bilvosita) soliqlarning anchagina qismi mulkdor tomonidan tovarning yoki xizmatlarning narxiga qo‘shiladi. Davlat korxonalari va monopoliyalar soliqning butun summasiga narxlarni oshirish bo‘yicha juda katta imkoniyatlarga egadir. Tarmoq ichidagi raqobat yuksak bo‘lganida va talab barqaror bo‘lmagan holda soliqning muayyan hissasi tovarning ishlab chiqaruvchisi va sotuvchi tomonidan to‘lanadi. Egribilvosita) soliqlarning asosiy to‘lovchisi pirovard oqibatda iste‘molchilar bo‘ladilar.
Egri (bilvosita) soliqlar daromadlilikni, oilaviy ahvolni hisobga olmaydi. Hamma fuqarolar o‘z daromadlarining miqdoridan qat’iy nazar, bunday soliqlarni to‘laydilar, chunki egri (bilvosita) soliqlarga tortiladigan turmush uchun zarur bo‘lgan tovarlarni iste‘mol qilishadi va xizmatlardan foydalanishadi.
Egri(bilvosita) soliqlarning stavkalari qat’iy (tovar o‘lchamining birligiga) va foizli (tovarning narxiga muayyan hissada) bo‘ladi. Foizli stavkalar davlat uchun ko‘proq foydalidir, chunki narxlar oshganida soliq tushumlari ham ko‘payadi. Soliq stavkalarining oshirilishi ularning tovarlar narxidagi hissasini ortishiga olib keladi.
Soliqlarning ayrim turlarining nisbati jamiyatning rivojlanishiga qarab o‘zgardi. XIX asrda va XX asr boshida undirilishining soddaligi bilan ajralib turadigan egri (bilvosita) soliqlar asosiy ahamiyat kasb etgan bo‘lsa, 20-yillardan boshlab ko‘pgina mamlakatlarda to’g’ri (bevosita) soliqlar ko‘proq ahamiyat kasb eta boshladi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng rivojlangan mamlakatlarning soliq tizimida to’g’ri (bevosita) soliqlar alohida ahamiyatga ega bo‘lib qoldi, daromad solig‘i va korporatsiyalarning foydasidan olinadigan soliq ular ichida asosiy o‘rin tutardi.
Yuqoridagilarga asoslangan holda xulosa qilib aytish mumkinki, to‘g‘ri (bevosita) soliqlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri soliq to‘lovchilarning o‘zi to‘laydi, ya‘ni soliqning huquqiy va haqiqiy to‘lovchisi ham bitta shaxs hisoblanadi. Egri (bilvosita) soliqlarning huquqiy to‘lovchisi esa mahsulotni ortuvchilar, ish, xizmatni bajaruvchilar hamda xizmat ko‘rsatuvchilar, haqiqiy to‘lovchisi esa iste‘molchilar hisoblanadi.
Respublikamizda amal qilayotgan soliqlar hozirgi kunda yalpi ichki mahsulotning qariyb uchdan bir qismini taqsimlab, byudjetga jalb etadi va u orqali davlatning ijtimoiy zaruriy xarajatlarini moliyalashtirishga yunaltiriladi. So‘ngi yillarda to‘g‘ri (bevosita) soliqlarning salmog‘i yalpi ichki mahsulot qiymatida bir oz kamayib, egri (bilvosita) soliqlar salmog‘i oshgan. Bu holda to‘g‘ri tendentsiya mavjuddir, chunki egri (bilvosita) soliqlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri korxonaning investitsion faoliyatining susayishiga olib kelmaydi. To‘g‘ri (bevosita) soliqlar salmog‘i YaIM qiymatida pasayishi korxonalarning moddiy-texnikaviy bazasini kengayishiga, qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarishiga imkon yaratadi.
Keyingi yillarda resurs soliqlarining salmog‘i ham ancha oshmoqda. Ular yer, suv va boshqa resurslardan samarali foydalanishni ta‘minlaydi.

Download 0.51 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   50




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling