Toshkent moliya instituti jo„rayev a. S., Safarov g„. A., Meyliyev o. R. Soliqlar va soliqqa tortish


Download 0.51 Mb.
bet23/50
Sana02.12.2023
Hajmi0.51 Mb.
#1779678
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   50
Bog'liq
Soliqlar va soliqqa tortish

Soliq bazasi - soliq ob‘ektining soliq stavkasi qo‘llaniladigan miqdori. Hisoblanadigan soliq miqdori nafaqat soliq stavkalarining miqdoriga, shu bilan birgalikda soliq stavkasi qo‘llaniladigan ob‘ektning miqdoriga ham bog‘liq. Soliq bazasining miqdori qonunchilikda soliqqa tortilishi lozim bo‘lgan soliq ob‘ektidan ruxsat etiladigan chegirmalarga bog‘liq ravishda o‘zgarib turishi mumkin. Soliq bazasini soliq to‘lovchilarning mazkur toifasiga taqdim etiladigan soliq imtiyozlariga muvofiq ravishda kamaytirishga ruxsat etiladi. Shu o‘rinda ta‘kidlash joizki, soliq bazasi soliq ob‘ektidan katta yoki kichik bo‘lishi mumkin. Masalan, yuqorida qayd etganimizdek, soliq to‘lovchiga soliqdan imtiyozlar ko‘zda tutilgan bo‘lsa, bunday sharoitda soliq bazasi soliq ob‘ektidan kichik, soliq ob‘ekti qonunchilik bilan kengaytiriladigan bo‘lsa undan katta bo‘lishi mumkin.
Soliqqa tortish birligi - bu ob‘ektning o‘lchov birligi. Masalan, daromad yoki mol-mulk solig‘ida ob‘ektning o‘lchov birligi bo‘lib uning so‘mdagi bahosi ifodalansa, yer solig‘ida o‘lchov birligi bo‘lib kv.m. yoki gektar hisoblanadi.
Soliq stavkasi - ob‘ektning har bir birligi uchun davlat tomonidan belgilab qo‘yilgan me‘yordir. Soliq stavkasi soliq elementlari ichida eng ko‘p amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan unsurdir. Chunki, soliq stavkalarini o‘zgartirish orqali davlat xo‘jalik yurituvchi sub‘ektlar faoliyatiga sezilarli ta‘sir etadi, ayrim faoliyat, sohaga ustuvorlik berilishi, kapital zarur sohalarga yo‘naltirilishi, rag‘batlantirilishi mumkin.
Soliq imtiyozlari - soliq to‘lovchilarga soliqlar bo‘yicha turli xil engilliklar bo‘lib, ular vaqtinchalik va doimiy, to‘liq yoki qisman va boshqa ko‘rinishlarda berilishi mumkin. Soliq imtiyozlarining turlari, amal qilish mexanizmlari, belgilash mezonlari mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Soliq bazasini hisoblash usullari. Soliq bazasini hisoblashning ikki xil usuli mavjud bo‘lib, ular kassa usuli va hisobga olish usullaridir. Kassa usulida soliq to‘lovchida soliqlarni to‘lash majburiyatlari daromad olganidan keyin vujudga kelsa, hisobga olish usulida esa daromad olingan yoki sotishdan tushum qachon kelib tushishidan qat’iy nazar tovarlarni jo‘natilishi o‘z navbatida soliqlarni to‘lash majburiyatlarini vujudga keltiradi.
Soliqqa tortish usullari uch xil ko‘rinishda amalga oshirilib. Ular quyidagilarga: soliqqa tortishning kadastrli, deklaratsiya va manba oldidan soliqqa tortish usullariga ajratiladi.
Soliqlarni to‘lash muddatlari va tartiblari. Soliq qonunchiligida har bir soliq turining byudjetga to‘lash muddatlari belgilangan. Soliqni to‘lash muddatlari deganda soliq to‘lovchilarning davlat byudjeti oldida soliq majburiyatlarining bajarish muddati ifodalanadi. Soliqni to‘lash muddatlari o‘z mohiyatiga ko‘ra ikki xil ko‘rinishga ega: avans (bo’nak) to’lovlari va haqiqiy daromad olinganidan keyingi to‘lovlar.
Soliqni to‘lash tartibida esa: soliqni yo‘naltirilganligi (byudjetga yoki byudjetdan tashqari fondlarga), soliqni to‘lash vositasi (milliy valyuta, so‘mda yoki boshqa mamlakatlar milliy valyutasida. O‘zbekiston Respublikasi soliq qonunchiligiga muvofiq soliqlar faqat milliy valyuta, so‘mda to‘lanishi mumkin) hamda soliqni to‘lash shakllari (naqd pul yoki naqd pulsiz) ifodalanadi.
Soliq yuki - soliq to‘lovchining muayyan vaqt oralig‘idagi faoliyati natijasida to‘lagan soliqlarini yig‘indisini ifodalaydi. Bunda soliq to‘lovchilarning to‘laydigan barcha soliqlar va soliqsiz majburiy to‘lovlarining yig‘indisini ifodalanadi. Soliq yukining aniq soliq to‘lovchilar zimmasiga qancha to‘g‘ri kelganligini aniqlash ancha murakkab jarayon hisoblanadi. Biroq to‘g‘ri soliqlarda soliq og‘irligi aynan soliqni byudjetga hisoblab o‘tkazuvchi soliq to‘lovchilar zimmasiga tushsa, egri soliqlarda esa soliq yuki soliqni to‘lovchilar emas, balki tovar (ish, xizmat) larni iste‘mol qiluvchilar zimmasiga tushadi. Muayyan turdagi yuridik va jismoniy shaxslar bo‘yicha soliq yukining bir yilda byudjetga to‘langan barcha majburiy to‘lovlar yig‘indisi bilan aniqlash mumkin. Soliq yukining darajasi o‘z navbatida mamlakatning iqtisodiy qudratiga, inflyatsiya darajasiga, davlatning vakolatli funktsiyalarni qo‘llashiga, qolaversa bozor munosabatlarining rivojlanishini va ijtimoiy harakat doirasiga bevosita bog‘liq bo‘ladi.
Soliqlarni yuridik va jismoniy shaxslar undirish jarayonida beriladigan imtiyozlar natijasida soliq yukini soliq to‘lovchilarning biridan ikkinchisiga yuklash jarayoni kuzatiladi. Shu o‘rinda soliq bo‘yicha soliq to‘lovchilarga soliq yukini tartiblash yoki mantiqan aytganda me‘yorlashtirish muammosi yuzaga keladi.
Soliq yukini ifodalashning bir qancha ko‘rinishlari mavjud: makrodarajadagi soliq yuki, mezodarajadagi soliq yuki va mikrodarajadagi soliq yuki. Soliq yuki makrodarajada ifodalanganda butun mamlakat miqyosida ifodalanib, asosiy ko‘rsatkich sifatida muayyan vaqt oralig‘ida davlat byudjetiga kelib tushgan soliqlar yig‘indisini ana shu vaqt oralig‘ida yaratilgan YaIM yoki MD ga nisbati olinadi. Mezodarajada ifodalanganda alohida olingan soha, tarmoq yoki sektorga to‘g‘ri keladigan soliq yuki ifodalansa. Mikrodarajada esa aniq bir olingan sub‘ektga to‘g‘ri keladigan soliq yuki ifodalanadi.

    1. SOLIQ STAVKALARI VA UNING TURLARI

Soliqlarning mamlakat iqtisodiyotiga ta‘siri, asosan, ularning stavkalari darajasining miqdori bilan belgilanadi. Respublika soliq tizimining shakllanishini hozirgi bosqichida soliq stavkalarining darajasi eng munozarali masalalardan biri bo‘lib turibdi.
Soliq stavkalari respublika va mahalliy byudjetlar xarajatlarini mablag‘ bilan ta‘minlashda muvozanat darajasini hamda xo‘jalik sub‘ektlarining moliyaviy imkoniyatlarini belgilaydi. Demak, ular moliya-byudjet munosabatlarini sog‘lomlashtirish bilan chambarchas bog‘liqdir. Soliq stavkalari korxonalarning iqtisodiy mustaqilligini ta‘minlaganlari holda, moliya-byudjet munosabatlarining pul muomalasiga ko‘rsatadigan salbiy ta‘siriga barham bera olishi ham kerak. Bu esa, respublikamizda amalga oshirilayotgan soliq islohatining muhim jihatini tashkil etadi.
Soliq elementlari tarkibida soliq stavkalari alohida o‘rin tutadi. Iqtisodiy adabiyotlarda soliq stavkasi deganda soliq ob‘ektining har bir soliq birligi uchun davlat tomonidan belgilab qo‘yilgan me‘yor tushuniladi.
Soliq stavkasining ahamiyati soliq ob‘ektini qancha qismi qanday miqdorda majburiy to‘lov sifatida byudjetga undirishining xarakterlaydigan masalaga javob beradi.
Soliq stavkalarini mohiyati shundaki, ular soliq ob‘ekti, soliq birligi va soliq normalariga asoslangan holda soliq mexanizmini samarali ishlashini ta‘minlaydi. Soliq stavkalaridan davlat tomonidan iqtisodiyotni tartibga solish vositasi sifatida foydalanilsa, boshqa tomondan soliq imtiyozlarini bir turi sifatida ular orqali ishlab chiqarishni rivojlantirishga rag‘batlantirish rolidan foydalaniladi.



      1. chizma. Soliq stavkalari turlari

Soliq stavkalari ikki xil ko‘rinishda: qat’iy stavkalarda va nisbiy (foiz) stavkalarda ifodalanadi. Soliq stavkasi qat‘iy stavkada belgilangan holda soliq ob‘ektiga nisbatan qat’iy so‘mda belgilanadi. Masalan, yer solig‘ining har bir gektari uchun qat’iy so‘mda soliq miqdori o‘rnatilgan. Yuridik va jismoniy shaxslarning daromadlariga, mol-mulklariga esa nisbiy stavkada yoki foizda soliq miqdori belgilangan.
Soliq stavkasi bilan soliqqa tortish ob‘ekti o‘rtasidagi bog‘liqlik darajasiga qarab soliq stavkalarini proportsional, progressiv va regressiv kabi turlarga ajratish mumkin.
Soliq stavkalari, undirilishga, mohiyatiga va amal qilishi nuqtai nazaridan bir necha turlariga ajratiladi (4.2.1.-chizma).
Soliq stavkalarining biri bu proportsional soliq stavkalari bo‘lib, bu soliq stavkalarini asosiy mohiyati shundan iboratki, yuridik yoki jismoniy shaxslardan oboroti, foydasi yoki boshqa bir soliq ob‘ektining bir xil turida yangi qo‘llashdan muhim xususiyati shundaki, soliq to‘lovchi ega bo‘lgan foyda (daromad), divedend, oborot yoki mol-mulk qiymatini hajmi (summasi) qancha bo‘lishidan qat’iy nazar bir xil tartibda, ya‘ni bir xil foizda soliq stavkasi qo‘llaniladi.
Masalan, divedend uchun barcha soliq to‘lovchilari uchun soliq stavkasi 15 foiz qilib belgilangan. Bundan tashqari, qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi ham bugungi kunda proportsional soliq stavkasi hisoblanadi. Har qaysi soliq to‘lovchi qancha oborotga (realizatsiya) ega bo‘lishidan qat’iy nazar 20 foiz stavka bo‘yicha soliq to‘laydi. Shuningdek, yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i bo‘yicha ham proportsional soliq stavkasi qo‘llaniladi. Respublikamiz soliq tizimida amal qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga soliq uning ob‘ekti 1000 so‘m bo‘lganida ham 100 000 so‘m bo‘lganida ham soliq stavkasi o‘zgarmay qolaveradi, ya‘ni soliq ob‘ektining o‘zgarishi soliq stavkasining o‘zgarishiga ta‘sir qilmaydi.
Proportsional soliq stavkasi o‘zgarmas soliq stavkasi bo‘lib, uning miqdori (foizi) soliq ob‘ektining hajmiga bog‘liq bo‘lmaydi. Bu bir tomondan yuqori daromadga (oborotga) ega bo‘lgan soliq to‘lovchilar uchun qulay soliq stavkalari hisoblansada, ayrim soliq to‘lovchilar uchun noqulaylik tug‘dirishi mumkin, ya‘ni ushbu soliq stavkasi soliqlarning rag‘batlantiruvchilik rolini bajarmaydi.
Soliq stavkalarining keyingi turi progressiv soliq stavkasi hisoblanadi. Progressiv soliq stavkasi, mohiyati jihatidan proportsional soliq stavkasiga nisbatan teskari holatda amal qilib, unga muvofiq soliq to‘lovchilarning daromadlari, foydasi yoki oboroti ortib borishiga muvofiq tarzda soliq stavkasining ham ortib borishi tushuniladi. O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimida buni O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i misolida ko‘rishimiz mumkin. Bunga muvofiq, jismoniy
shaxslarning olgan daromadi oshib borishi bilan birga belgilangan shkala asosida soliq stavkasi oshib boradi. Masalan, jismoniy shaxsning umumiy olgan daromadi eng kam ish haqining besh baravarigacha miqdoridan 7,5 foiz stavkada, eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha bo‘lgan qismidan 17 foiz stavkada, eng kam ish haqining o‘n baravaridan ortgan qismidan esa 23 foiz stavkada soliq undirilishi belgilangan (2017yil uchun).
Demak, bundan ko‘rinadiki, progressiv soliq stavkasida soliq ob‘ektining oshib borishiga mutanosib ravishda soliq stavkasi ham oshib boradi. Qayd etish lozimki, ko‘pgina iqtisodiy adabiyotlarda progresiv soliq stavkasi deganda faqat jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha stavkalar keltiriladi.
Bundan tashqari progressiv soliq stavkalaridan davlat tartibga soluvchi vosita sifatida ham keng foydalanadi, masalan, respublikamiz soliq qonunchiligiga muvofiq me‘yoriy muddatlarda o‘rnatilmagan yuridik shaxslarning mol-mulkiga belgilangan stavkaning ikki baravari miqdorida soliq undirish belgilangan bo‘lib, 2019 yilda yuridik shaxslar mol-mulk solig‘i stavkasi 2 foiz bo‘lgani holda, ularning me‘yoriy muddatlarda o‘rnatilmagan mol-mulkidan ikki barobar miqdorida soliq undiriladi.
Progressiv soliq stavkasining ikki turi mavjud: oddiy progressiya va murakkab progressiya. Oddiy progressiyada soliqning orttirilgan stavkasi soliqqa tortiladigan barcha ob‘ektga nisbatan qo‘llaniladi, murakkab progressiyada esa soliqqa tortish ob‘ekti qismlarga bo‘linadi, ularning har biri o‘z stavkasi bo‘yicha soliqqa tortiladi, ya‘ni orttirilgan stavkalar butun ob‘ektga nisbatan emas, balki bundan oldingi bosqichdan ortgan qismiga nisbatan qo‘llaniladi. Yuqorida keltirgan misolimiz, jismoniy shaxslarning daromadiga soliq stavkalari murakkab progressiyadir.
Progressiv soliq stavkasining kamchiligi shundaki, bizningcha, bu soliq stavkalari soliq to‘lovchilarning daromad olish manfaatdorligini rag‘batlantirmaydi, shuning uchun progressiv soliq stavkalarini qo‘llaganda muayyan chegaraga qadar soliq stavkasini oshib borishini ta‘minlagan holda so‘ngra regressiv soliq stavkalarini joriy etish soliq to‘lovchilar manfaatlariga mos keladi. Shuning bilan birgalikda ta‘kidlash lozimki, progressiv soliq stavkalari davlat tomonidan iqtisodiyotni soliqlar vositasida tartibga solishda alohida ahamiyatga ega.
Soliq stavkalari haqida gapirganda, proportsional soliq stavkasi uchun neytral holat xarakterli bo‘lsa, progressiv soliq stavkasi soliqlarning fiskallik xususiyatini xarakterlaydi, ya‘ni progressiv soliq stavkalarida byudjet manfaati ko‘proq yuzaga chiqadi. Shu jihatdan soliqlardan adolatlik tamoyilining amal qilishini ta‘minlash maqsadida regressiv soliq stavkalaridan foydalaniladi.
Regressiv soliq stavkasida soliq to‘lovchining soliqqa tortiladigan daromadi, oboroti, mol-mulk qiymati kabi soliq ob‘ektining ortib borishi bilan soliq stavkasining kamayib borishi ifodalanadi. Bundan ko‘rinadiki, regressiv soliq stavkasi progressiv soliq stavkasi nisbatan teskari iqtisodiy hodisani ifodalaydi.
O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimida regressiv soliq stavkasi asosan soliqlarning rag‘batlantiruvchilik rolini oshirish maqsadida qo‘llanilib, bu asosan korxonalarning mahsulot (xizmat, ish)ni chetga eksport qilishini rag‘batlantirish maqsadida joriy etilgan.
Respublikamiz soliq tizimida eksport faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan qator imtiyozlarning mavjudligi milliy tovar ishlab chiqaruvchilarni o‘z mahsulotlarini eksport qilishga yo‘naltiruvchi asosiy omil bo‘lib xisoblanadi.
Iqtisodiy adabiyotlarda uzoq yillardan buyon yagona soliq stavkalarini joriy etish to‘g‘risida bahsli munozaralar davom etib kelayapti.
Bu qarashlarni rus olimlari A.Abalkin, P.Bunich va boshqalarning ilmiy ishlarida uchratish mumkin. Ularning qayd etishlariga ko‘ra korxonalar foydasidan olinadigan soliq uchun yagona stavka joriy qilish bozor munosabatlariga o‘tayotgan davlatlar uchun maqbul va yagona yo‘l ekanligini ta‘kidlaydi. Fikrining isboti tariqasida yagona stavkaning joriy qilishni to‘rt sababini ajratib ko‘rsatadi:

  1. Xo‘jalik mexanizmning yagonaligi;

  2. Kapitallarni sarflash sohalarining soliq munosabatlariga nisbatan tengligi, bu kapitallarni yerkin xarakat qilishi uchun asos yaratadi;

  3. Barcha korxonalarni soliq to‘lovchilar sifatida davlat oldida teng huquqliligi;

  4. Bozordagi raqobat kurashida sharoitlarning tengligi.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida bunga qarama-qarshi fikrlar ham mavjud. Ana shunday fikrlarga ko‘ra, barcha korxonalar uchun yagona stavkada foydadan soliq olish maqsadga muvofiq emasdir. Korxonalarning turlicha moliyaviy sharoitda bo‘lgan hozirgi davr holatida yagona stavkani qo‘llash korxonaning moliyaviy ehtiyojlari bilan davlat manfaatlari yuzasidan keskin qarama-qarshiliklarni yuzaga keltiradi.
Rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar soliq tizimiga e‘tibor qaratadigan bo‘lsak, ular amaliyotida soliq stavkalarini tabaqalashtirilgan holda qo‘llanilishini guvohi bo‘lishimiz mumkin.
Chunki, soliqlarning rag‘batlantiruvchilik rolini yuzaga chiqishi asosan uch xil ko‘rinishda yuzaga chiqadi. Bular soliq imtiyozlarini amalga oshirish (soliq ob‘ektini kamaytirish), soliq to‘lovchilari soliqdan ozod etish hamda soliq stavkalarini tabaqalashtirish hisoblanadi.
Qayd etish joizki, soliq stavkalarini tabaqalashtirish soliq tizimi hamda iqtisodiyotning real sektori uchun ham foydali bo‘lsada, ammo, bu jarayonda eng asosiy muammo soliq stavkalarini tabaqalashtirish mezonidir.
Yuridik shaxslardan (daromad) foyda solig‘i bo‘yicha soliq stavkalari asosan xorij sarmoyasini milliy iqtisodiyotga jalb qilinishi darajasi, soliq to‘lovchilarning bolalar va badiiy hunarmandchilik mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan darajasiga qarab tabaqalashtirilgandir. Bunda soliq stavkalarining eng ko‘p tabaqalashtirish mezoni sifatida xorij sarmoyasining miqdori asos qilib olingandir. Darhaqiqat ushbu mezon jahon amaliyotida ham asoslangan va yuqori samara beruvchi mezon hisoblanadi. Chunki, xorij sarmoyasining respublikamiz iqtisodiyotiga qanchalik ko‘p jalb etilsa, yalpi ichki mahsulotning investitsiyaga sarflanayotgan qismi iste‘molga imkon tug‘iladi hamda aholini turmush tarzini oshishiga olib kelishi mumkin. Shu maqsadda ham respublikamiz soliq tizimining oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalaridan biri sifatida soliqlarning chet-el sarmoyalarini milliy iqtisodiyotimizga jalb etilishini rag‘batlantirish hamda qulay investtsion muhitini yaratishdan iborat qilib belgilangandir.
Agar, soliq stavkalarini tabaqalashtirishda to‘g‘ri (bevosita) va egri (bilvosita) soliqlar holatiga e‘tibor beradigan bo‘lsak, egri (bilvosita) ) soliqlarga nisbatan to‘g‘ri soliqlarda soliq stavkalari ko‘proq tabaqalashgan. Buning asosiy sababi, bizningcha, soliqlarning rag‘batlantiruvchilik roli asosan to’g’ri (bevosita) va egri (bilvosita) soliqlar orqali yuzaga chiqadi, shunga asoslangan holda soliq stavkalarini tabaqalashtirishda to‘g‘ri (bevosita) va egri (bilvosita) soliqlar orqali korxonalarni turli xil faoliyat bo‘yicha rag‘batlantiriladi.
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq xo‘jalik yurituvchi sub‘ektlardan asosan suv manbalarining tejab tergab foydalanish hamda davlat byudjetini daromad bilan ta‘minlash sifatida kiritilgan bo‘lib, uni tabaqalashtirishda ikki xil yondashuv amalga oshirilgan, ya‘ni suv resurslaridan foydalanilganlik uchun soliq stavkalari sohalar va suvlarni paydo bo‘lish manbalariga ko‘ra tabaqalashtirilgandir. Buni yuqoridagi jadvaldan ko‘rish mumkin. Unga e‘tibor beradigan bo‘lsak, xo‘jalik jarayonida eng ko‘p suv iste‘mol etiladigan sohalar hamda boshqa sohalar bo‘yicha suv manbaiga ko‘ra har bir birlik suv hajmi uchun tiyinlarda soliq stavkalari belgilangan va bu soliq stavkalarini yillar bo‘yicha oshib borayotganligini guvohi bo‘lishimiz mumkin.
To‘g‘ri soliqlar jumlasiga kiruvchi mol-mulk solig‘i ham korxonalarning o‘z tasarrufidagi va foydalaniladigan mol-mulklarining samarali foydalanishga undash va byudjet manfaati nuqtai nazaridan kiritilgan bo‘lib, mol-mulk solig‘i bo‘yicha soliq asosan proportsional holda o‘rnatilgan bo‘lib u hozirgi kunda 2 foizlik stavkadan belgilangandir.
Shuningdek, to‘g‘ri soliqlardan biri hisoblangan yagona soliq to’lovi kichik biznes sub‘ekti uchun alohida soliq turi bo‘lib bu kichik sub‘ektlari uchun ixtiyoriy shaklda berilgan bo‘lib, u bo‘yicha belgilangan soliq stavkalari ham tabaqalashgan soliq stavkalari ham hisoblanadi. Bunda soliq stavkasining tabaqalashtirish mezoni asosan sohalari bo‘yicha berilgandir.
O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimida to‘g‘ri soliqlardan tashqari egri (bilvosita) soliqlar ham amal qilib, ushbu soliq turlari bo‘yicha ham tabaqalashtirilgan soliq stavkalari qo‘llaniladi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i eng asosiy soliq turlaridan biri bo‘lib, bu asosan oborotdan olinadigan va sotuvdan olinadigan soliqlarning o‘rniga kiritilgandir. Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha dastlabki yilda 32 foizli stavka qo‘llanilgan bo‘lsa, bugungi kunda umumiy tartibda 15 foizlik va nollik stavka bo‘yicha soliq
undirilmoqda. Ayrim turdagi iste‘molda muhim bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari uchun 10 (15) foizlik tabaqalashtirilgan stavka ham joriy etilgan bo‘lib, bu 2000 yilda bekor qilindi.

Download 0.51 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   50




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling