VI bob. Xodimlar, doktorantlar va taʼlim oluvchilarning o‘zaro munosabatlariga oid talablar
18-modda. Xodimlar, doktorantlar va taʼlim oluvchilarning o‘zaro munosabatlari
Xodimlar, doktorantlar va taʼlim oluvchilarning o‘zaro munosabatlari milliy qadriyat va anʼanalar, yagona jamoaviy muhit, o‘zaro hurmat va eʼtibor, do‘stlik, hamjihatlik, halollik va adolat tamoyillariga asoslanishi lozim.
Xodimlar, doktorantlar va taʼlim oluvchilarning o‘zaro munosabatlarida inson qadr-qimmatiga hurmatsizlik, shaxsiyatni kamsitish, o‘zganing intellektual mulkini o‘zlashtirib olish, qo‘pollik, behayo so‘zlar ishlatish, mushtlashish qatʼiyan man etiladi.
Pedagog xodimlar tomonidan taʼlim oluvchilarga nisbatan o‘quv va tarbiya jarayonidagi yuqori talabchanlik ularning shaxsini hurmat qilish bilan birgalikda amalga oshirilishi kerak.
19-modda. Pedagog xodimlar va taʼlim oluvchilarning auditoriyadagi va undan tashqaridagi o‘zaro munosabatlari
Pedagog xodim auditoriyaga kirganida, barcha taʼlim oluvchilar o‘rinlaridan turib hurmatlarini bildirgan holda kutib olishlari, so‘ngra pedagog xodim salomlashib, o‘tirishga ruxsat bergach, o‘z joylarini egallashlari kerak. Pedagog xodim darsini tugatib, auditoriyadan chiqib ketayotganda ham taʼlim oluvchilar o‘rinlaridan turib, kuzatib qo‘yishlari lozim.
Pedagog xodimlar o‘quv jarayoni va boshqa holatlarda ham taʼlim oluvchilarning shaxsini hurmat qilib, ular bilan munosabatda ochiqlik va xayrixohlik tamoyillariga amal qilishlari, taʼlim oluvchilarga taʼlim berish jarayonida o‘z vazifalarini beg‘araz amalga oshirishlari, o‘zaro munosabatda ularni kamsitish, qo‘pol so‘z ishlatish, o‘zini yuqori tutish va tanish-bilishchilik kabi yondashuv shakllarini mutlaqo qo‘llamasliklari, ularga nisbatan doimo haqqoniy munosabatda va xolis bo‘lishlari shart.
Pedagog xodimlar taʼlim oluvchilarga ularni qiziqtirgan fan yoki o‘quv kursiga oid masalalar yuzasidan dars jarayonidan tashqari vaqtlarda bergan savollariga ham axloq meʼyorlariga amal qilgan holda javob qaytarishlari hamda ularning fanga bo‘lgan qiziqish va ishtiyoqlarini oshirish choralarini ko‘rishlari zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |