Тошкент тў£имачилик ва енгил саноат институти


Download 0.85 Mb.
bet12/24
Sana14.10.2023
Hajmi0.85 Mb.
#1702915
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   24
Bog'liq
5-МАВЗУ.МАЪРУЗА

Uchinchi bosqich: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 2001 yil 27 mart Farmoni va uning ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kriminal, uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va narkotrafikka qarshi kurashni kuchaytirish to‘g‘risida” gi 2001 yil 21 aprel, 2001 yil 7 maydagi “Jinoyatchilikka qarshi kurashda IIV ning tergov xizmatlari rolini kuchaytirish haqida” gi, “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash choralari to‘g‘risida” gi 2001 yil 15 may, 2001 yil 31 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash faoliyatini takomillashtirish choralari to‘g‘risida”, 2001 yil 6 iyundagi “Jinoyatchilikka qarshi kurashda profilaktika xizmati rolini kuchaytirish choralari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasida yong‘in xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2001 yil 25 iyundagi qarorlari shular jumlasidandir.
To‘rtinchi bosqich: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni Respublikamizda jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashni tashkil qilishda juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Ushbu normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining ichki ishlar idoralari uchun bir necha mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash vazifasi belgilab berildi.
O‘zbekiston Respublikasi milliy xavfsizlik strategiyasining shakllanishi. Mustaqilligimizning birinchi kunlaridanoq O‘zbekiston Prezidenti xavfsizligimizga nisbatan mavjud bo‘lgan real tahdidlardan davlatni, jamiyatni va uning a’zolarini himoya qilishga qaratilgan milliy xavfsizlik strategiyasini shakllantirishga kirishdi. Milliy xavfsizlik strategiyasining maqsadi – xalqning fundamental maqsadlari bilan hamohang bo‘lib, uning amalga oshirilishiga davlatning mavjud barcha siyosiy imkoniyatlari, umummilliy darajadagi vositalar va resurslar safarbar qilindi.
Sobiq ittifoq parchalanib ketgandan keyin, uning hududida joylashgan davlatlar Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) ni tashkil etdilar.MDH ga a’zo bo‘lgan davlatlarning har biri o‘zining Qurolli Kuchlariga ega edi. Kun tartibida endilikda ana shu Qurolli Kuchlar o‘rtasidagi hamkorlikni tashkil etish masalasi turar edi. Bu boradagi hukumatlararo kelishuvlarning imzolanishi natijasida O‘zbekiston Respublikasining huquqiy tasarrufiga yangi harbiy birlashmalar va qismlar o‘ta boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridagi ilk harbiy islohotlar yangi ko‘rinishdagi tashkiliy tuzilmaga o‘tishdan boshlandi. Boshqaruvdagi qiyinchiliklar tufayli, diviziya va ularni tashkil etgan polklar qisqa muddat ichida son jihatdan kam bo‘lgan brigadalarga aylantirildi. Ularni boshqarish uchun uchta armiya korpusining qo‘mondonligi va shtabi tuzildi.
Mamlakat harbiy o‘quv yurtlarida zobitlar asosan uch yo‘nalishda tayyorlanar edi: Toshkent oliy umumharbiy qo‘mondonlik bilim yurti – harbiy qismlar vzvod komandirlarini, Toshkent oliy tank qo‘shinlari qo‘mondonlik bilim yurti – tank vzvodlari komandirlarini, Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik bilim yurti – avtomobil vzvodlari komandirlarini etishtirib chiqarar edi. Ammo bu harbiy bilim yurtlari Qurolli Kuchlarimizdagi turli yo‘nalishdagi zobitlar tanqisligi masalasini echib bera olmas edi.Shu sababli mamlakatimizda Qurolli Kuchlar Akademiyasi, bir necha oliy harbiy o‘quv yurtlari, tegishli oliy o‘quv yurtlari qoshida aloqachi–zobitlar tayyorlaydigan maxsus harbiy fakultet, harbiy tibbiyot fakulteti tashkil etildi.
Mustaqilligimizning dastlabki yillarida IIV ichki qo‘shinlari og‘ir ahvolda edi. 1991–1994 yillarda qo‘shinlardan 800 dan ziyod zobitlar ketib qoldi. Sababi, ularning aksariyat qismi boshqa respublika fuqarolari edi.90–yillarning boshlarida boshqa respublikalarda xizmat kilib turgan milliy kadrlarimiz o‘z ona-yurtlariga qayta boshladilar. Respublikaga qaytgan, lekin hali o‘qish muddati yakunlanmagan kursantlar Toshkent oliy harbiy–texnika bilim yurtida o‘qishni davom ettirdilar. Chunki, 1992 yilning yanvaridan boshlab, Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti respublika Ichki ishlar vazirligi ixtiyoriga o‘tkazildi.Shu vaqtdan boshlab, ushbu oliy o‘quv yurti mamlakat ichki ishlari organlari uchun malakali harbiy mutaxassislarni tayyorlash ishlarini yo‘lga qo‘ydi.Amalga oshirilgan ishlar natijasida 1994 yilning oxiriga kelib, ichki qo‘shinlarning zobitlar bilan ta’minlanganlik darajasi ancha o‘sdi. Zobitlarning aksariyat qismini milliy kadrlar tashkil eta boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi mamlakat milliy xavfsizligini ta’minlash borasidagi davlat siyosatini amalga oshira borar ekan, ana shu sohaning eng ishonchli posboni bo‘lgan idora tashkil etilishi zarurligini anglar edi.1991 yilning 26 sentyabrida sobiq ittifoqi Davlat xavfsizlik qo‘mitasining O‘zbekistondagi idorasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi milliy xavfsizligini ta’minlash borasidagi asosiy vazifalardan yana biri bu – mamlakat chegaralarini xalqaro huquq talablaridan kelib chiqqan holda belgilab olish edi. Markaziy Osiyoning yangi, mustaqil davlatlari bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi aniq chegarani belgilab olish davr talabi edi.Uzoq va murakkab kechgan kelishuvlardan so‘ng O‘zbekistonning Davlat chegaralari belgilab olindi.Shu tariqa davlat chegaramizning umumiy uzunligi 6221 kilometr bo‘lib, ulardan 2203 km. Qozog‘iston, 1099 km. Qirg‘iziston, 1161 km. Tojikiston, 1621 km. Turkmaniston va 141 km. Afg‘oniston bilan bo‘lgan umumiy chegaralarimizni tashkil etadi.
Aniq chegaralarning belgilab olinishi ham siyosiy, ham xuquqiy ahamiyatga ega edi.Chunki bu davrda ayrim davlatlardagi siyosiy partiya va jamoat tashkilotlarining rahbarlari “xaqiqiy chegaralarni o‘rnatish masalasi” ni ko‘tarib chiqib, siyosiy safsatabozlik bilan shug‘ullana boshlagan edilar.Hamdo‘stlikdagi ayrim davlatlar MDH tashqi chegaralarini qo‘riqlash uchun yagona chegara qo‘shinlarini tuzish taklifi bilan ham chiqdilar.
Ma’lumki, diniy ekstremizm va aqidaparastlik mafkurasini o‘ziga bayroq qilib olgan “Xizb ut-tahrir” Islom olamining qator mamlakatlarida faoliyat yuritadi.Biroq, faqatgina Sudan davlatida ushbu tashkilot ochiq (legal) faoliyat olib boradi.Taniqli amerikalik olim, “Xeriteydj faundeyshn” tahliliy markazining eksperti Ariel Koenning fikriga ko‘ra, London shahrida o‘z shtab-kvartirasiga ega bo‘lgan ushbu tashkilot dunyoning 40 dan ziyod mamlakatida faoliyat olib boradi.Uning fikricha, turli mamlakatlarda boshpana topgan “Xizb ut-tahrir” ning rahbarlari va vakillari o‘ta maxfiy ravishda ish olib boradilar.Ushbu radikal diniy-ekstremistik tashkilotning faoliyati nafaqat O‘zbekiston Respublikasi tomonidan, balki Germaniya, Rossiya va dunyoning qator boshqa davlatlari tomonidan qoralandi, ularga nisbatan qattiq huquqiy jazolar qo‘llanildi. Bugungi kunda “Xizb ut-taxrir” ning faoliyati Markaziy Osiyo mintaqasining barcha respublikalarida ta’qiqlangan.
1995–1999 yillarda Markaziy Osiyo va uning atrofida murakkab harbiy-siyosiy holat yuzaga kelgan edi. 1995 yilning may oyida davlat va jamiyat xavfsizligini ta’minlash, mamlakat milliy xavfsizlik strategiyasini shakllantirish va uni izchil xayotga tatbiq etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Milliy xavfsizlik kengashi tuzildi.Milliy xavfsizlik Kengashi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi maslahatlashuv organi sifatida tashkil etilib, uning zimmasiga qator vazifalar yuklandi. Xavfsizlikni ta’minlash borasidagi mamlakat ichki va tashqi siyosati muammolarini hal etish, xavfsizlikning barcha turlari, jumladan, davlat, siyosat, iqtisodiyot, jamiyat qurilishi, mudofaa, axborot-kommunikatsiya, tabiatni muxofaza qilish va boshqa sohalardagi xavfsizlikni ta’minlash muammolarining strategik echimlarini ishlab chiqish, favqulodda holatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini qo‘llash, mamlakatda barqarorlik va huquq himoyasini ta’minlash vazifalari shular jumlasidandir.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga ko‘ra, ushbu Kengashning raisi hisoblanadi. Milliy xavfsizlik Kengashi o‘zining majlislariga O‘zbekiston Respublikasidagi har qanday mansabdor shaxsni taklif etishi mumkin. Kengash Majlisi davomida bildirilgan taklif va mulohazalar ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi va mamlakat Prezidenti tegishli qarorni tasdiqlagandan so‘ng kuchga kiradi.
Milliy xavfsizlikni ta’minlashning eng muhim omillaridan biri bo‘lgan Qurolli Kuchlar islohotini izchil davom ettirar ekan, O‘zbekiston hukumati uning tarkibiy qismi bo‘lgan Harbiy-havo kuchlarini takomillashtirish masalasiga ham o‘zining asosiy e’tiborini qaratdi.
1994 yilning mart oyida tashkil etilgan Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtini o‘nlab mutaxassis–uchuvchilar, shturmanlar, harbiy muhandislar va harbiy boshqaruv zobitlari bitirib chiqdi.
O‘zbekiston hukumati milliy xavfsizlikni ta’minlash borasidagi o‘z siyosatini amalga oshirar ekan, fuqarolik mudofaasi tizimini takomillashtirish masalasiga ham alohida e’tibor bilan qaradi.
1996 yilning 4 martida oyida “O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligini tashkil etish to‘g‘risida” hukumat qarori qabul qilindi. Vazirlik zimmasiga mamlakat aholisi va hududini tinchlik hamda harbiy mojarolar vaqtida yuzaga kelishi ehtimol bo‘lgan favqulodda hodisalardan samarali himoya qilishni ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Favqulodda hodisalar milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi omillar sifatida baholanar ekan, bu tariqa hodisalar chog‘ida aholi himoyasining samarali mexanizmlarini ishlab chiqish talab etilar edi. Bu esa o‘z o‘rnida favqulodda hodisalar tizimini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan dastur yaratilishi zarurligini kun tartibiga qo‘ydi. 1995–2000 – yillar oralig‘ida bu tariqa ishlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi va hayotga tatbiq etildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 2000 yil 26 mayda “Fuqarolik himoyasi to‘g‘risida” gi Qonun qabul qilindi.
1999–2000 yillar O‘zbekiston uchun xavfsizlik borasida murakkab yillar bo‘ldi. Diniy–ekstremistik tashkilotlar va jinoiy guruhlarning rahbarlari o‘zlarining asosiy e’tiborlarini Farg‘ona viloyatiga qaratgan edilar.Ularning maqsadlari bu erdagi siyosiy va ijtimoiy vaziyatni keskinlashtirish, hamda Farg‘ona vodiysini terroristik–ekstremistik guruhlarning makoniga aylantirish edi.Ularning bu tariqa rejalarini barbod etish, Farg‘ona vodiysi viloyatlari o‘rtasidagi avtomobil qatnov yo‘llari xavfsizligini ta’minlash maqsadida, “Angren–Qo‘qon” yo‘nalishidagi yo‘llarni qo‘riqlash ishlari kuchaytirildi.
Navbatdagi vazifa O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan bo‘lgan chegaralarida xalqaro huquq me’yorlari asosida delimitatsiya va demarkatsiya ishlarini amalga oshirish edi.Ana shu maqsadlarda 1999 yilning noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tuzilgan hukumat komissiyasi tomonidan xalqaro huquq me’yorlari va talablariga asoslanib, davlat chegarasini bosqichma-bosqich delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayoniga kirishdi.Natijada 2003 yilga kelib, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘ratasidagi bir necha bahsli xududlar masalasi o‘z echimini topdi va bu ikki davlat o‘rtasidagi delimitatsiya ishlari yakuniga etdi1.Shu tariqa muzokaralar Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan ham davom ettirildi.
1995 yilning 15–16 sentyabr kunlari O‘zbekiston tashabbusi bilan Toshkentda Birlashgan Millatlar Tashkilotining shafeligi ostida “Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik” mavzuida ilk bor yirik xalqaro konferensiya tashkil etildi. Konferensiya ishida 30 dan ziyod mamlakatlar va 20 ga yaqin xalqaro tashkilotlarning vakillari ishtirok etdilar.
Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim bosqichlardan biri - O‘zbekistonning tashabbusi bilan BMT rahnamoligi ostida “6+2” muloqot guruhining tashkil etilishi bo‘ldi. 1999 yilning iyul oyida mamlakatimiz poytaxtida ushbu guruhning Toshkent uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.Bir tomondan “Tolibon” vakillarining, ikkinchi tomondan toliblarga qarshi Koalitsiya rahbarlarining Toshkentda hozir bo‘lib, bir davra atrofidagi uchrashuvlari o‘zbek diplomatiyasining ulkan muvaffaqiyati edi. Anjuman ishtirokchilari oldidagi o‘z nutqida O‘zbekiston rahbari mamlakatimizning Afg‘onistonning bundan keyingi rivojlanishiga nisbatan bo‘lgan yondashuvini ochib berdi. 1991–2005 yillar oralig‘ida O‘zbekiston hukumati O‘zbekiston Respublikasi MDH davlatlari, jumladan, Rossiya, Ukraina va boshqa respublikalar bilan ikki tomonlama asosda harbiy hamkorlik yuritishni birlamchi vazifalar sifatida belgilab oldi.
Biroq, imzolangan Shartnoma kezi kelganda o‘z samaradorligini to‘liq namoyon qila olmadi.O‘zbekiston Respublikasi 1999 yilning aprel oyida o‘zining ushbu Shartnoma doirasidagi faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatdi.Oradan bir oz vaqt o‘tib, ushbu Shartnomadan Ozarbayjon va Gruziya davlatlari ham chiqib ketdilar.2002 yilning may oyida Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan yubiley sammitida Kollektiv xavfsizlik Shartnomasi asosida yangi siyosiy-harbiy tashkilot – Kollektiv xavfsizlik shartnomasi Tashkiloti (ODKB) tuzildi.
O‘zbekistonning harbiy-texnik sohadagi halqaro aloqalari to‘g‘risida gap borar ekan, Shimoliy atlantika Shartnomasi tashkiloti – NATO bilan olib borilgan munosabatlarga to‘xtab o‘tish joizdir.Ushbu hamkorlikka 1991 yilning 21 dekabrida asos solindi. 1994 yilning 13 iyulida O‘zbekistonning “Tinchlik yo‘lida hamkorlik” Dasturiga qo‘shilishi to‘g‘risidagi hujjat imzolandi.NATO bilan hamkorlik qilish harbiy-siyosiy voqealardan xabardor bo‘lib turish, bu uyushma doirasida amalga oshiralayotgan tadqiqodlardan va ishlanmalardan bahramand bo‘lish uchun imkon berdi.
NATO bilan hamkorlik doirasida respublika Qurolli Kuchlari zobitlarini xorijiy tillarni egallashlariga qaratilgan ishlar ham amalga oshirildi. Zobitlar til o‘rganish tajribalarini Germaniya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarning Qurolli Kuchlari xududida o‘tadilar.
Mamlakatimizning xavfsizlik borasida amalga oshirayotgan strategiyasini doimiy ravishda takomillashtirib borish maqsadida 2000 yilning 29 sentyabrida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Birlashgan shtabi tuzildi. 2001 yilning 11 mayida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi “Mudofaa to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qildi. Ushbu hujjatda mustaqillik yillarida harbiy qurilish sohasida amalga oshirilgan va oshirilayotgan o‘zgarishlar o‘zining qonuniy ifodasini topdi.Yangi tahrirdagi ushbu Qonunda mudofaa sohasidagi davlatimiz siyosatining asosiy prinsiplari ochib berildi. 2000 yilning 21 aprelida Toshkent shahrida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari tomonidan “Terrorizm, siyosiy va diniy ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va mamlakatlarning xavfsizligi va barqarorligiga nisbatan mavjud bo‘lgan boshqa tahdidlarga qarshi birgalikdagi xatti-harakatlar to‘g‘risida”gi Shartnomaning imzolanishi XXI asr boshlarida Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik tizimini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam edi.
2000 yilning 15 dekabrida esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qildi.Qonunda terrorizm tushunchasiga ta’rif berildi, bu illat bilan murosasiz kurash borasidagi davlat muassasalari, jamoat tashkilotlari va fuqarolarning vakolatlari hamda burch va vazifalari belgilab berildi.2001 yilning 12 mayida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi “Terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash haqidagi xalqaro konvensiyani ratifikatsiya qilish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.Bu O‘zbekiston Respublikasining xalqaro terrorizmga va uni moliyalashtirishga qarshi olib borayotgan izchil siyosatining yorqin namoyishi edi.2001 yilning 30 avgustida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi “Terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash haqidagi Shanxay Konvensiyasini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi navbatdagi qarorni qabul qildi.Bu bilan mamlakatimiz Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlikni va barqarorlikni ta’minlash, Afg‘onistonda tinchlikni qaror toptirish borasida nafaqat bong urayotganligini, shu bilan birga, amaliy harakatlar qilayotganligini isbotlab berdi.
Mamlakat milliy xavfsizligini ta’minlash va uning xududiy yaxlitligini saqlash maqsadida O‘zbekiston rahbariyati siyosiy hamda harbiy xarakterga ega bo‘lgan barcha chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Jumladan, 2000–2005 yillarda O‘zbekiston Respublikasi vakillari bir necha marotaba harbiy dala mashqlarida ishtirok etdilar. Ushbu o‘quv mashqlarida asosan tinchliksevar operatsiyalarni o‘tkazishda, tabiiy ofat va texnogen halokatlarning oqibatlarini bartaraf etishda harbiy bo‘linma hamda shtablar o‘rtasidagi hamkorlik masalalari o‘rganildi. Masalan, 2003 yilning aprel oyida Farg‘ona viloyati xududida NATO kuchlari bilan hamkorlikda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.Shu yilning o‘zida respublikamizda tashkil etilgan Maxsus operatsiyalar Kuchlarining vakillari AQSH reyndjerlar maktabida, Germaniya va Shveysariyaning harbiy tayyorgarlik markazlarida malaka oshirdilar.2002 yili O‘zbekistonda Tinchlikparvar kuchlarning bataloni tashkil etildi. Batalon harbiylari Armanistonda o‘tkazilgan “Best Effort–2003” o‘quv mashg‘ulotlarida muvaffaqiyatli qatnashdi.
2004 yilning 17 iyunida Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi.Toshkent sammiti davomida qator muhim hujjatlar qabul qilinganligi, binobarin, xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi birgalikda kurashish, Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi kelishuvlarga erishilganligi, uning avvalgi yig‘ilishlardan nufuzi jihatidan farqli ekanligini ko‘rsatib turar edi. Sammit doirasida O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasining Prezidentlari Birinchi president I.A.Karimov va V.Putin o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi.Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi Shartnoma imzolandi.SHHT sammitida ishtirok etgan Xitoy, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlarining rahbarlari Toshkent shahrida “Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi” ning ochilishi marosimida ham hozir bo‘ldilar. Mintaqaviy aksilterror tuzilmaning maqomi, faoliyatning muhim yo‘nalishlari SHHT ning davlat rahbarlari darajasida tasdiqlangan asosiy hujjatlar bilan belgilab berildi. Toshkent sammiti SHHT ning tashkiliy jihatdan shakllanishidagi eng muhim bosqichlardan biri bo‘ldi.
2005 yilning bahorida Qirg‘izistonda erishilgan “inqilobiy” yutuqlardan ilhomlangan ayrim kuchlar endigi navbat O‘zbekistonga degan xomxayolga berildilar. 2005 yilning may oyida Andijon shahrida terroristik va diniy-ekstremistik kuchlar o‘zlarining navbatdagi jinoyatkorona xatti-harakatlarini amalga oshirdilar. Shu yilning 12 mayidan 13 mayiga o‘tar kechasi yaxshi qurollangan 30 ga yaqin, o‘zlarini “Akromiya” deb nomlagan diniy–ekstremistik tashkilotning jangarilari avval Andijon shahridagi militsiya navbatchilik qismiga, keyin harbiy qismlardan biriga hujum qilib, 4 nafar militsiya xodimi va 5 nafar harbiy xizmatchini o‘ldirib, ko‘plab o‘q-otar qurollarni va yuk tashish avtomashinasini qo‘lga kiritadilar.Oradan biroz vaqt o‘tgach, jangarilar shaharda joylashgan tergov izolyatorini ishg‘ol etib, 527 nafar hukm qilingan va tergov ostida bo‘lgan shaxslarni u erdan chiqarib yubordilar. (Keyinchalik ana shu kimsalarning 470 nafari o‘z istak-hohishlariga ko‘ra turmaga qaytib kelganliklari, yana 15 nafar ozod etilgan jinoyatchi qo‘lga olinib, turmaga qaytariladi). 20ga yaqin odam garovga olinadi.Jangarilar Andijon viloyat hokimiyati binosini bosib olib, hukumatga aql bovar qilmas shartlar qo‘ya boshlaydilar.Bu orada ichki ishlar vazirligi, milliy xavfsizlik xizmatining Andijon viloyat boshqarmalari o‘qqa tutiladi, shahardagi ko‘plab binolar portlatib, yondirib yuboriladi.O‘z qabih niyatlariga erisha olmagan jangarilarning ko‘pchiligi, o‘zlarining oldilariga tinch aholidan “jonli devor” yasab, shahardan chiqib ketishga erishadilar. Ushbu voqealar natijasida 180 dan ziyod kishi qurbon bo‘ladi, ulardan 32 nafari harbiylar va militsiya xodimlari edi.
Andijonda sodir etilgan voqealar dunyo afkor ommasini larzaga soldi.Kimlardir qamoqxonadagi jinoyatchi va gumondorlarni chiqarib yuborib, har qanday xalqaro huquq normalariga, insoniylik degan tushunchalarga mos kelmaydigan xatti-harakatlarni sodir etgan jangarilar va ularning ortida turgan kuchlarni qattiq qoralagan bo‘lsa, Andijonda bo‘lib o‘tgan voqealarni baholashda ayrim g‘arb mamlakatlarining siyosatdonlari bir yoqlama yondoshdilar.
2001-2008 yillar oralig‘ida O‘zbekiston Respublikasining Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) doirasida olib borgan faoliyati mamlakat milliy xavfsizligini ta’minlashda muhim omillardan biri bo‘ldi.Shu vaqtda SHHT doirasida davlat rahbarlari, tashqi ishlar vazirlari, vazirlik va idoralar rahbarlari tomonidan imzolangan 300 ga yaqin hujjatlar qabul qilindi.
Jumladan, Toshkent tashabbusi bilan SHHT va Osiyo mintaqasida faoliyat yuritayotgan turli xalqaro tashkilotlar o‘rtasida aloqalar o‘rnatildi. Jumlalan, SHHT ning ASEAN, EvrAzES, MDH, ESKATO kabi tashkilotlar bilan aloqalari o‘rnatildi. SHHT, o‘z navbatida, Birlashagan Millatlar Tashkilotida kuzatuvchi maqomini oldi. Pokiston, Eron, Hindiston va Mo‘g‘iliston SHHT doirasida kuzatuvchi maqomiga ega bo‘ldilar. “SHHT – Afg‘oniston” aloqa guruhi tashkil etildi.
O‘zbekiston hukumati Afg‘oniston muammosiga milliy xavfsizlikni ta’minlashga doimiy ta’sir etuvchi omil sifatida qarab keldi. Jumladan, 2008 yil aprel oyida Buxarestda o‘tkazilgan NATO sammitida Birinchi Prezident I.A.Karimov Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha BMT shafeligida “6+2” muloqot guruhini O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Pokiston, Xitoy, Eron, shuningdek, AQSH va Rossiya hamda Afg‘onistonda aksilterror harakatlarini amalga oshirayotgan tashkilot – NATO ni qo‘shib, “6+3” shaklida qayta tiklash borasida o‘ta muhim tashabbus bilan chiqdi. O‘zbekiston rahbari dunyo hamjamiyati e’tiborini afg‘on muammosi global ahamiyatga ega bo‘lganligi bois, uning echimini NATO davlatlari ishtirokida umumjahon miyosida ko‘rib chiqish zarurligiga qaratdi.
So‘nggi yillar davomida O‘zbekiston Afg‘onistonga uning iqtisodiyotini tiklash uchun keng miqyosli amaliy yordam ko‘rsatdi. Masalan, Osiyo Taraqqiyot banki ko‘magida O‘zbekiston Afg‘onistonning shimoliy viloyatlarini boshqa davlatlar bilan bog‘lab turuvchi yagona “Termiz-Hayraton” temir yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilishda, 75 km. dan iborat “Termiz-Xayraton-Mozori-Sharif” temir yo‘l qurilishini amalga oshirishda yordam berdi. O‘zbekistonning tranzit sohasida ko‘rsatgan yana bir yordami bu – 2009 yilning fevral oyida foydalanishga topshirilgan, NATO ning Shimoliy Taqsimlovchi tarmog‘i tarkibidagi so‘nggi temir yo‘l tarmog‘ining mamlakat xududida joylashtirilishidir.Bu tarmoq NATOning Afg‘onistondagi xalqaro kuchlari uchun etkazib berilayotgan yuklar hajmi oshishini ta’minladi.
Shu davrda O‘zbekiston kompaniya va mutaxassislari tomonidan “Mozori-Sharif – Qobul” yo‘nalishi bo‘ylab 11 ta ko‘prik qurib, ishga tushirildi. Er sharining eng murakkab tog‘li landshaftlaridan biri orqali 275 milga teng yuqori kuchlanishli tarmoqni, 150 megavatli elektr energiyasini Termizdan Qobulgacha uzatishimkonini beradigan qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston tomonidan optika-tolali aloqalarni o‘rnatish hamda Afg‘onistonni Internet tarmog‘i bilan ta’minlash borasidagi ishlarga ham katta e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida doimo milliy manfaatlar ustuvorligi mezonlariga asoslangan holda, “ochiq qo‘l” siyosatini yurgizib kelgan.Mamlakat o‘z milliy xavfsizlik strategiyasini izchillik bilan amalga oshirar ekan, O‘zbekiston hukumati sobitqadamlik bilan bunyodkorlik yo‘lidan bormoqda.Qurolli Kuchlarning, Milliy xavfsizlik xizmati hamda ichki ishlar organlarining, binobarin, mamlakat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul barcha idora va jamoat tashkilotlarining istiqlolimizning bardavomligini ta’minlash, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni, chegaralarimiz dahlsizligini, mamlakatimiz xududiy yaxlitligini saqlash, davlat qurilishi tizimini mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash borasidagi mavqelari kundan-kun ortib bormoqda.

Download 0.85 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   24




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling