Тошкент тў£имачилик ва енгил саноат институти


O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining tashkil etilishi


Download 0.85 Mb.
bet10/24
Sana14.10.2023
Hajmi0.85 Mb.
#1702915
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   24
Bog'liq
5-МАВЗУ.МАЪРУЗА

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining tashkil etilishi. Mamlakatimiz istiqlolga erishgan kundanoq O‘zbekiston milliy davlatchiligi, uning hududiy yaxlitligi, aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlash davlat siyosatining bosh masalalaridan biri bo‘lib kun tartibiga qo‘yildi. Islom Karimov rahbarligida milliy xavfsizlikning keng qamrovli konsepsiyasi ishlab chiqildi, uning huquqiy asosi yaratildi. Bu yo‘nalishda avvalambor, 1991 yil 31 avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining asoslari to‘g‘risida”gi Qonunda mudofaa tizimini vujudga keltirishda mamlakat harbiy siyosatining belgilanishi, 1996 yil 24 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining beshinchi sessiyasida ma’qullangan “Milliy xavfsizlik to‘g‘risida” gi Qonun, 1997 yil avgust oyida Oliy Majlis IX sessiyasida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik konsepsiyasi” alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.
Ma’lumotlarga nazar tashlasak, Turkiston harbiy okrugi qo‘shinlari tarkibida 3200 dan ortiq qo‘shilma, harbiy qism va muassasalar bo‘lganligi, harbiy xizmatchilarning umumiy soni 108000 kishini tashkil etganini ko‘rishimiz mumkin. Milliy o‘lkalardan harbiy xizmatga chaqirilganlar asosan Rossiyaning chekka hududlariga yoki ikkinchi jahon urushidan so‘ng sotsializm tizimi o‘rnatilgan, sovet davlatining siyosati hamda Qurolli Kuchlari tazyiqi ostida Varshava shartnomasiga tortilgan Sharqiy Yevropa davlatlari va Osiyoda Mo‘g‘iliston, Amerika qit’asida Kuba davlatlariga yuborilar edi.
Sobiq ittifoq davridagi adolatsiz siyosat harbiy sohada ham yaqqol ko‘rar edi. Jumladan, O‘zbekistondan chaqiriluvchilarning aksariyati shu davrda Sovet davlatida asosiy muloqot tili bo‘lgan “rus tilini bilmasliklari”, “jismoniy jihatdan rivojlanmaganliklari”, “bilim darajasi past bo‘lganliklari”, “texnikani o‘zlashtira olmasliklari” kabi bahonalar bilan ko‘p hollarda ta’minot, hamda qurilish qismlariga yuborilar edi.
Avvalambor, armiya boshqaruvidagi nomutanosiblik, ikkinchidan, XX asrning 80 yillarida jahondagi harbiy-siyosiy vaziyatning keskinlashuvi, Afg‘onistondagi urush harakatlari Sovet Ittifoqida armiyaning son jihatdan o‘sib borishiga sabab bo‘ldi. SHu bois jinoiy javobgarlikka tortilganlar ham muddatli harbiy xizmatga chaqirilib, aksariyat hollarda harbiy qurilish qismlariga yuborildi. Bu, o‘z navbatida harbiy qism va bo‘linmalarga jazoni o‘tash koloniyalaridagi salbiy holatlarning kirib kelishiga, harbiy xizmatchilar o‘rtasida harbiy nizom qoidalariga zid bo‘lgan noqonuniy xatti harakatlarning kuchayishiga olib keldi. Tinchlik davrida harbiy qismlardagi “oqsoqol”lik, tahqirlash va harbiy Nizomga zid bo‘lgan xatti-harakatlar natijasida harbiy xizmatchilarning halok bo‘lish holatlari ko‘paydi.
1990 yil 4 sentyabrda O‘zbekiston Prezidentining “Jumhuriyat yoshlarini armiyaga chaqirishni va ularning harbiy xizmatni o‘tashini takomillashtirish to‘g‘risida” gi Farmoniga binoan 1990 yil kuzgi chaqiriqdan boshlab o‘zbekistonlik yigitlarni O‘zbekistondan tashqarida joylashgan harbiy qurilish qismlariga chaqirish to‘xtatildi. O‘zSSR Oliy Sovetining 1990 yil 19 iyundagi qaroriga asosan O‘zbekistonda Mudofaa masalalari va harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish komissiyasi tuzildi. Komissiyaga harbiy xizmatga chaqirish va uni o‘tashning amaldagi qoidalarini qayta ko‘rib chiqish va uning ayrim jihatlarini takomillashtirish, harbiy qismlardagi ahloqiy-ruhiy muhitni yaxshilashga doir respublikaning takliflari bilan O‘zbekiston SSR xalq deputatlari guruhini SSSR mudofaa vazirligiga va SSSR Oliy Sovetining mudofaa masalalari va davlat xavfsizligi qo‘mitasiga yuborish vazifasi qo‘yildi.
19 - 21 avgust kunlari sobiq ittifoq poytaxti Moskva shahrida ro‘y bergan davlat to‘ntarishi sababli mamlakat dahshatli halokat girdobiga kelib qoldi. SHunday sharoitda O‘zbekiston o‘zi tanlagan mustaqillik yo‘lini mustahkamlash, notinch siyosiy o‘yinlar boshlangan bir paytda mamlakat hududiy yaxlitligi, aholi tinchligi va osoyishtaligini qurolli himoya qilish yo‘lida yangi qadamlar qo‘ydi. O‘zbekiston Prezidentining 1991 yil 25 avgustdagi Farmoni asosida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizligi komitetining respublika tasarrufiga o‘tishi, SSSR Ichki ishlar vazirligining yurtimizdagi qo‘shinlari respublika Prezidentiga bo‘ysundirilishi, huquq-tartibot organlarida, Ichki ishlar vazirligining hamda Turkiston harbiy okrugining O‘zbekistonda joylashgan qo‘shinlarida partiya tashkilotlarining tugatilishi ana shunday birinchi qadamlardir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991 yil 31 avgustida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari o‘n ikkinchi sessiyasida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi to‘g‘risida” gi bayonotda “Davlat mustaqilligini, hududiy yaxlitligini, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqi va erkinligini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi va milliy gvardiya tuziladi, Respublika hududida joylashgan SSSR Ichki ishlar vazirligi, SSSR Davlat xavfsizlik komiteti hamda Ichki qo‘shinlar O‘zbekiston Respub­likasi yurisdiksiyasiga olinadi” deb ko‘rsatildi.Bu 1991 yil 31 avgustida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari to‘g‘risida” gi qonunda huquqiy jihatdan mustahkamlandi va uning 6-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligini tuzish, Milliy gvardiya va noharbiy (muqobil) xizmatni tashkil etish huquqiga ega” deb mustahkamlandi. Bu amalda yosh respublika uchun o‘z harbiy siyosatini belgilash va amalga oshirishning huquqiy asosini yaratdi, Qurolli Kuchlarini tuzishga asos bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1991 yil 25 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi masalalari bo‘yicha” qarori asosida mamlakat Mudofaa ishlari vazirligi tashkil etildi va uning Nizomi hamda tashkiliy – shtat tuzilishi tasdiqlandi.Vazirlik mahalliy harbiy boshqaruv organlari, fuqarolar mudofaasi shtabi va armiya safidan tashqaridagi xizmatning maxsus boshqarmasi negizida tashkil qilindi. Keyinchalik Turkiston harbiy okrugining boshqaruv organlari negizida Mudofaa ishlari vazirligi Bosh shtabi va boshqarmasi hamda ularning joylardagi quyi bo‘linmalari tuzildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi 1992 yil 10 yanvarda “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan SSSR Ichki ishlar vazirligining harbiy qismlari va o‘quv muassasalarini O‘zbekiston Respublikasi tasarrufiga olish to‘g‘risida” va 14 yanvarda “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o‘quv muassasalari to‘g‘risida” gi qarorlarni qabul qildi. Ushbu qarorlarga muvofiq, sobiq SSSR Qurolli Kuchlarining respublika hududida joylashgan qismlari, qo‘shilmalari, birlashmalari, harbiy o‘quv yurtlari, muassasalari, tashkilotlari va boshqa harbiy tuzilmalari qonuniy asosda O‘zbekiston Respublikasi yurisdiksiyasiga olindi. Mazkur qaror qabul qilingan kun - 14 yanvar O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 29 dekabrdagi Qonuniga muvofiq “Vatan himoyachilari kuni” deb e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 18 maydagi «O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan havo desanti qo‘shinlari, harbiy transport aviatsiyasi, razvedka qo‘shinlari, ta’minot qismlari haqida»gi, 1992 yil 12 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan havo hujumiga qarshi harbiy qismlar haqida” gi, 13 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan kimyoviy harbiy qismlar haqida” gi Farmonlari bilan mamlakatimiz hududida joylashgan mazkur turlardagi qo‘shinlar respublika tasarrufiga olindi va sifat jihatidan takomillashtirildi. Mudofaa vazirligi tasarrufida quruqlikdagi qo‘shinlar, harbiy havo xujumidan mudofaa qo‘shinlari, harbiy havo kuchlari, maxsus va muhandislik-quruvchilik qo‘shinlari, Milliy gvardiya tashkil etildi. Ayni vaqtda har bir qo‘shin turining aniq vazifalari belgilandi.
1992 yil 24 martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan Milliy xavfsizlik xizmati tasarrufida Chegara qo‘shinlari boshqarmasi tashkil etildi. 1993 yil 26 aprelda esa davlat chegaralarini mustahkamlash, qo‘shinlarni boshqarishni mukammallashtirish va ularning xavfsizligini oshirish maqsadida Boshqarma O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining chegara qo‘shinlari Bosh boshqarmasiga aylantirildi va uning zimmasiga davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirilishini ta’minlash vazifasi yuklandi.
“O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini qo‘riqlashni kuchaytirishning tashkiliy tadbirlari to‘g‘risida” gi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 30 noyabrdagi qarori Davlat chegaralari himoyasini tashkil etishni yanada takomillashtirishda muhim omil bo‘ldi.Qarorga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegaralari qo‘riqlash va himoya qilish Konsepsiyasi tasdiqlandi.Konsepsiyaga muvofiq, chegara qo‘shinlarining yangi tashkiliy-shtat tarkibi aniqlandi: beshta chegara mintaqasi yaratildi, chegara otryadlari, komendanturalari va chegara zastavalari qaytadan tashkil etilib, mutanosib ravishda chegara rayonlariga, baza va postlariga aylantirildi.
1999 yilning 13 yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan chegara qo‘shinlari Bosh shtabi negizida O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mita tashkil etildi.Milliy havfsizlik xizmati tarkibidan chegara qo‘shinlari chiqarilib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mita tasarrufiga berildi. Shu Farmon bilan Qo‘mita bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bo‘ysunuviga o‘tkazildi.
Mamlakatimiz chegaralarini qo‘riqlash “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida” gi 1999 yil 20 avgustda qabul qilingan qonuni asosida tashkil etiladi. Qonunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Milliy xavfsizlik xizmati, Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxona, muassasa va tashkilotlarning Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlashdagi vakolatlari va ishtiroki aniq belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini malakali kadrlar bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni tashabbusi bilan yangi harbiy o‘quv muassasalari tashkil etish, ularda tayyorlanadigan mutaxassisliklarni ko‘paytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.Bu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1993 yil 12 fevraldagi Farmoniga asosan Toshkent elektrotexnika va aloqa institutining maxsus fakulteti, Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasini tashkil etish to‘g‘risida” gi 1994 yil 15 iyuldagi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasi, 1994 yil 18 martda Jizzax aviatsiya oliy harbiy bilim yurti tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2001 yil 26 yanvardagi professional harbiy xizmatchilarni tayyorlashga ixtisoslashtirilgan serjantlar tayyorlash maktablariga asos solish haqidagi Farmoni asosida Markaziy va Toshkent harbiy okruglarida, 2001 yili Sharqiy va Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okruglarida, 2007 yilda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugida serjantlar tayyorlash maktablari tashkil etildi. Bu maktablarda Mudofaa, Ichki ishlar vazirligi, Chegara qo‘shinlari uchun mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi, zamonaviy uslublar asosida modellashtirish jarayonlarini o‘z ichiga olgan yangi ta’lim usullari joriy etildi.
O‘zbekiston Qurolli Kuchlari faoliyatining huquqiy negizini yaratish maqsadida, mamlakat Oliy Kengashining 1992 yil 3 iyuldagi XII chaqiriq X sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining “Mudofaa to‘g‘risida”, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”, “Muqobil xizmat to‘g‘risida” gi qonunlari qabul qilindi. Mazkur qonunlar asosida mamlakat mudofaasini tashkil etish, fuqarolarni harbiy xizmatni o‘tashlarining huquqiy asoslari yaratildi. “Mudofaa to‘g‘risidagi” Qonunga binoan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari bo‘yicha vazirligi Mudofaa Vazirligiga aylantirildi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida Qurolli Kuchlar huquqiy mavqei uzil-kesil va eng yuksak darajada mustahkamlandi.Uning 125 - moddasida: “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholini tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuziladi” deb belgilanishi davlat Qurolli Kuchlarining asl maqsad va vazifalarini dunyo hamjamiyati oldida yana bir bor namoyon etdi.Konstitutsiya asosida Vatan himoyasi mamlakatning har bir fuqarosi uchun muqaddas va sharafli burch ekani belgilanib, u O‘zbekiston Konstitutsiyasining 52-moddasida mustaqkamlab qo‘yildi. Unga asosan, O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish - mamlakat har bir fuqarosining muqaddas burchidir.

Download 0.85 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   24




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling