158-modda. Tungi vaqtdagi ish uchun haq to‘lash
Tungi vaqtdagi (122-moddaning birinchi qismi) ishning har bir soati uchun kamida bir yarim baravar miqdorda haq to‘lanadi.
Tungi vaqtdagi ish uchun oshirilgan miqdorda to‘langan haq tarif stavkalariga (mansab maoshlariga) qo‘shilmaydi.
To‘lanadigan haqning aniq miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, — ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilanadi.
Jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib, kechki smenadagi ish uchun oshirilgan miqdorda haq to‘lash nazarda tutilishi mumkin. Bevosita tungi smenadan oldingisi kechki smena deb hisoblanadi.
159-modda. Yaroqsiz mahsulot tayyorlanganda va bekor turib qolingan vaqt uchun haq to‘lash
Xodimning aybisiz yaroqsiz mahsulot tayyorlanganda va bekor turib qolingan vaqtda uning o‘rtacha ish haqi saqlanadi.
Xodimning aybi bilan tayyorlangan qisman yaroqsiz mahsulot uchun kamaytirilgan ishbay baholar bo‘yicha haq to‘lanadi, bunday baholar jamoa shartnomasida belgilab qo‘yiladi, agar u tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilanadi.
Xodimning aybi bilan tayyorlangan to‘liq yaroqsiz mahsulot va bekor turib qolingan vaqt uchun haq to‘lanmaydi.
160-modda. Bir necha kasbda (lavozimda) va o‘rindoshlik asosida ishlaganlik uchun mehnatga haq to‘lash
Oldingi tahrirga qarang.
Bir necha kasbda (lavozimda) ishlaganlik, o‘rindoshlik asosida ishlaganlik uchun, xizmat ko‘rsatish doirasi kengayganligi, bajariladigan ishlar hajmi ortganligi uchun xodimlarning mehnat haqi miqdori mehnat shartnomasi taraflari o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi.
(160-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi O‘RQ-355-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 18-oktabrdagi 297-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizomning II bo‘limi (“Mehnatga haq to‘lash”) va 23 — 25-bandlari, Idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, korxona, muassasa, tashkilot ichki mehnat tartibining namunaviy qoidalari (ro‘yxat raqami: 746, 14.06.1999-y.) 2.22-bandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |