Mavzu yuzasidan mashqlar
1-mashq. Gaplarni o‘qing. Turkiy tillar oilasi haqida fikr yuriting. Unda o‘zbek tilining tutgan o‘rnini belgilang.
Turkiy tillar oilasida 30 ga yaqin til bor. Bu tilda so‘zlashuvchilar, asosan, Osiyo, shuningdek, Yevropa, Amerika, Avstraliya mintaqalarida istiqomat qilishadi.
Turkiy tillar oilasiga quyidagi tillar kiradi: o‘zbek, uyg‘ur, qirg‘iz, qozoq, qoraqalpoq, turk, ozarbayjon, turkman, gagauz, qrim-tatar, qorachoy-bolqar, qo‘miq, no‘g‘ay, tatar, boshqird, oltoy, shor, xakas, tuva, yoqut, chuvash va boshqalar.
Turkiy tillar agglutinativ tillar sanaladi. Bu tillarda har qanday grammatik ma’no alohida qo‘shimcha yordamida ifodalanadi. Qo‘shimchalar asosan o‘zakdan keyin qo‘shiladi. Masalan: lit-sey + dosh + lar + im + ga.
2-mashq. Turkiy tillar oilasi haqida bahs uyushtiring.
3-mashq. Yozuvchi A.Ibrohimovning «Biz kim, o‘zbeklar...» asaridan olingan parchani o‘qing, daftaringizga ko‘chirib oling. Dunyo va o‘zbeklar mavzusi bo‘yicha savol-javob uyushtiring.
«Biz kim, o‘zbeklar ko‘pni ko‘rgan, o‘z boshidan ne-ne kunlarni, ne-ne tarixiy sinovlarni o‘tkazgan, shonli o‘tmishiga, qadim-qadimdan o‘z davlatiga ega bo‘lib kelayotgan xalqmiz.
O‘zbeklar uchun milliy qiyofamiz, qadriyatlarimizni, tilimiz, adabiyotimiz, dinimiz va shu kabilarni himoya qiladigan yakkay-u yagona maskan — bu O‘zbekiston Respublikasidir.
O‘zbek xalqining ichi to‘q, baquvvat, tagli-tugli, palagi toza. O‘zbeklarning tafakkur ummoni buyukdir. So‘zimizda, so‘zlarimizda shu ummonning tomchilari ifodalanadi, ummonimiz bemisl bo‘lgani uchun ham so‘zlarimiz ko‘p. Millionlab xalqni birlashtirgan omillardan biri millatimizning ma’naviy belbog‘i — ona tilimizdir.
Biz kim, o‘zbeklar asta yig‘lab, barala kuladigan xalqmiz.
Xalqimizning habibligi shundaki, u irq-u millat ajratmay, bani basharni birday sevadi».
4-mashq. Jahonning ko‘zga ko‘ringan yozuvchilari tomonidan ishlatilgan so‘zlar miqdorini solishtiring. Tilning boyligi undagi so‘zlarning barcha sohalarda ishlatilishida ekanligini tushuntiring.
Alisher Navoiy 26035 ta,
Aleksandr Pushkin 21193 ta,
Uilyam Shekspir 20000 dan ortiq,
Migel de Servantes 18000 dan ortiq,
Abdurahmon Jomiy 17600 ta,
Abdulla To‘qay 14000 dan ortiq.
Topshiriqlar
1. O‘zbeklarning qayerlarda istiqomat qilishi haqida so‘zlab bering.
2. Ona tili tushunchasiga ta’rif bering.
3. O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi va buning tarixiy ahamiyati haqida so‘zlab bering.
Do'stlaringiz bilan baham: |