Uo‘K: 4(100) (075) kbk: 63. (0) R-17 Rajabov, Ravshan Jahon tarixi
Pompeyning Sharq yurishlari. I triumvirat
Download 3.16 Mb. Pdf ko'rish
|
Ravshan Rajabov Jahon tarixi
3. Pompeyning Sharq yurishlari. I triumvirat. Spartak
boshchiligidagi qullar qo‘zg‘oloni bilan bir vaqtda Mitridat VI bilan (mil.avv. 74–64-yillar) yangi urush boshlandi. Mitridat VI haqiqiy sharq podshosi bo‘lib, o‘z onasi, ukasi, o‘zi bilan nikohda bo‘lgan singillari, 3 o‘g‘li va 3 qizining o‘limiga aybdor edi. U 300 ming kishilik qo‘shin, 400 kemadan iborat kuchli flotga ega edi. Dastlab Rim qo‘shinlariga tajribali sarkarda Lukull boshchilik qilib, bir qancha yutuqlarga erishdi. Lekin Mitridat VI ni yenga olmadi. Bundan tashqari, u qattiqqo‘lligi bilan legionerlarning noroziligini tug‘dirdi. Shunda senatning irodasiga qarshi xalq yig‘ini sharqda qo‘mondonlikni Gney Pompeyga topshirdi. Gney Pompey Sulla davrida tanilib, fuqarolar urushi davri- da Sullani qo‘llagan edi. Keyin esa senat uni Spartakka qar- shi Krass qo‘shiniga yordamga yubordi. Mil.avv. 70-yil Pompey va Krass konsul etib saylandi. Krass ovatsiya (piyoda triumf) ga, Pompey triumfga sazovor bo‘ldi (Qadimdan Rimda kat- ta janglarda g‘alabaga erishgan lashkarboshi sharafiga Rim shahrida zafar (triumv) marosimi uyushtirilar edi. Rim uchun ahamiyati katta g‘alabaga erishgan lashkarboshi jang aravasi- da, kichikroq ahamiyatli g‘alabaga erishgan lashkarboshi pi- yoda yurib, kapitoliy tepaligiga ko‘tarilib, qurbonlik keltirgan. Rim fuqarolari ularni qarsaklar bilan olqishlar (ovatsiya) edilar. Pompey qo‘shinlari rag‘batlantirildi. Pompey O‘rtayer dengizi qirg‘oqlarini talagan dengiz qaroqchilarini tugatib, Rimda katta obro‘ga ega bo‘ldi. 529 G‘ayratli sarkarda Pont podshosini tor-mor qilib, Armanis- tonni vassal davlatga aylantirdi. Pompey Bosfor podsholigida Mitridat VI ga qarshi qo‘zg‘olon uyushtirib, uning o‘zini o‘ldirish- ga majbur qildi hamda Suriya va Yahudiyani istilo qildi. Kichik Osiyoda Rim hokimiyatini qayta tikladi. Urushdan so‘ng Rimda uning sharafiga zafar (trium) uyushtirildi va Pompey sharqda 22 podsho ustidan g‘alaba qildi, 12 mln kishini bo‘ysundirdi, 1538 shahar va qal’alar istilo qildi deb e’lon qilindi. Pompey- ning Sharqqa yurishi ellin sharqi mamlakatlarining Misrdan tashqari Rimga bo‘ysundirishni tugalladi. Pompey Rimga g‘alaba bilan qaytdi. Bu vaqtda Rimda qarz- ga botgan patritsiy Lutsiy Sergiy Katilina boshchilik qilgan harakatning fitnasi bostirildi. Bu harakat qarzlarni bekor qi- lish va davlat to‘ntarishini maqsad qilgan edi. Etruriyada Kati- lina va uning uch ming kishilik tarafdorlari shafqatsiz jangda o‘ldirildi. Nobillar va suvoriylar Katilina fitnasi davrida birlash- dilar. Senat oqsuyak-patrisiylar respublikasi va an’anaviy Rim erkinligining himoyachisi sifatida chiqdi. O‘zining sharqdagi g‘alabalari bilan obro‘-e’tibori oshib ketgan Pompeyni Rimda hokimiyatni qo‘lga olishidan qo‘rqqan senat unga dushmanlik nazari bilan qaradi. Senat Pompeyni konsullikka o‘z nomzo- dini qo‘yishga ruxsat bermadi. Senatda kuchli ta’sirga ega bo‘lgan yana bir taniqli patrisiy Lukull ham Pompeyga qarshi chiqdi. Pompeyning veteranlariga yer berilmadi. Ispaniyada noib bo‘lgan, luzitanlarning qo‘zg‘olonini bostirgan. Senat Gay Yuliy Sezarni ham mil.avv. 60-yilda sirtdan konsullikka o‘z nomzodini qo‘yishiga ruxsat bermadi. Ispaniyada katta boylik to‘plagan Sezar shaxsan o‘zi Rimga keldi. U konsullik saylovi- da o‘z nomzodini qo‘ydi va mil.avv. 59-yil kosullikka saylandi. Sezar Rimdagi siyosiy vaziyatdan o‘z manfaati yo‘lida foyda- landi. U senat qo‘llab-quvvatlamagan va bir-birovi bilan dush- man bo‘lgan Pompey va Krassni murosaga keltirdi. Bu murosa juda muhim siyosiy oqibatga olib keldi: Rimdagi uch qudrat- li kishi Pompey, Sezar va Krass norasmiy ittifoq tuzib, bir- birlari ga yordam berish majburiyatini oldilar. Bu kelishuv I triumvirat (uch qudratli kishi ittifoqi, mil.avv. 59-yil) deb atal- di. Har uchalasining ham nobillardan do‘stlari, plebs orasida ko‘plab klientlari, Italiya va provinsiyalarda tarafdorlari bor edi. Kelishuv Pompeyning Sezarni qiziga uylanishi, Sezarni o‘zining taniqli bir tarafdorining qizi Kalpuriyaga uylanishi bi- lan mustahkamlandi. 530 Rimda siyosiy hokimiyat uch taniqli siyosiy arbob Pompey, Krass va Sezar qo‘liga o‘tdi. Gay Yuliy Sezar (mil.avv. 100–44-yil- lar) bu vaqtda Krass va Pompey kabi obro‘ga ega emas edi. Le- kin u shuhratparast, shijoatli bo‘lgani uchun tez orada I tri- umviratning amaldagi rahbari bo‘ldi. Bundan tashqari, u mil. avv. 59-yildagi kelishuvga binoan konsul qilib saylandi. Bitim- ga ko‘ra, Sezar agrar qonun loyihasini amalga oshirdi. Natija- da Pompeyning sobiq jangchi-veteranlari yer ulushlariga ega bo‘ldilar. Respublika an’analariga sodiq bo‘lgan respublikaning hi- moyachilarini mafkuraviy ilhomchisi bo‘lgan siyosatchi, taniqli siyosiy arbob, notiq Mark Tulliy Sitseron (mil.avv. 106–43) max- sus qaror bilan Rimdan haydalib, mol-mulki musodara qilin- di. Respublikaning boshqa tarafdorlari ham bosim ostida qol- di. Sezar hokimiyat uchun kurashda shahar va qishloq plebey uning mustahkam tayanchi bo‘lib xizmat qila olmasligini tushu- nar edi. Buning uchun yaxshi qurollangan sadoqatli qo‘shin kerak edi. Bu qo‘shinni tashkil qilish uchun katta miqdorda mablag‘ topish maqsadida Sezar Galliya provinsiyasiga 5 yil noiblik lavozimini olishga erishdi. Mil.avv. I asrning 50-yillarida rimliklar Galliyaning bir qis- mini ishg‘ol qilgan edilar. Lekin uning katta qismi (hozirgi Fransiya, Belgiya, Gollandiyaning bir qismi, Shvetsariya ning katta qismi) hali erkin edi. Bu hududda yashagan o‘nlab qa- bilalar doimo o‘zaro urushlar girdobida edilar. Senat Galliya- ning qolgan ana shu qismini bo‘ysundirish uchun Sezarga qo‘shin to‘plashga ruxsat berdi. Galliyani istilo qilish yetti yil davom etdi. Boshda Sezar gelvet (hozirgi Shvetsariya hudu- dida yashovchi) qabilasiga qarshi, keyin esa german qabilalari- dan bo‘lgan Ariovis boshchiligidagi svevlarga qarshi urush harakatlarini olib bordi. Nihoyat belg qabilalari bilan keskin kurashdan keyin Galliya bo‘ysundirildi va u mil.avv. 57-yil Rim provinsiyasi deb e’lon qilindi. Mil.avv. 56-yil bahor oyida Sezarning Galliyadagi vakolati yana 5 yilga uzaytirildi. Sezar mil.avv. 55-yilda german qabi- lalariga qarshi Reyn ortiga, mil.avv. 54-yilda esa Britaniyaga yurish qildi. Lekin mil.avv. 54-yilda Rimga qarshi Buyuk gal qo‘zg‘oloni yuz berdi. Bu qo‘zg‘olon arvern qabilalari tashab- busi bilan boshlanib, qo‘zg‘olonga qobiliyatli yo‘lboshchi Ver- singetorik boshchilik qildi. Rimliklar juda qiyin ahvolga tushib qoldilar. Sezarda 60 ming qo‘shin, qo‘zg‘olonchilarda 300 ming 531 kishi bor edi. Faqat Sezarning harbiy-tashkilotchilik qobiliyati, uning diplomatik san’ati qo‘zg‘olonchilar orasida o‘zaro kelish- movchiliklar kelib chiqishiga olib keldi. Natijada rimliklar bu qo‘zg‘olonni bostirdilar. Qo‘zg‘olonning so‘nggi o‘choqlari mil. avv. 51-yilda tugatildi. Galliya istilosi natijalari ulkan edi. Sezar 300 qabilani bo‘y- sundirdi. 800 shahar qamal qilib olindi. 1 mln. kishi asir olin- di. Rimliklar qo‘liga ulkan miqdorda o‘lja tushdi: Rimda oltin qadoq lab sotildi va uning bahosi juda pastga tushib ketdi. Bularning hammasi Rimda Sezarning obro‘-e’tiborini oshirib yubordi. Galliyada urush harakatlari tugamasdan I triumvirat amalda tugadi. Krass mil.avv. 55-yil Parfiyaga yurish vaqtida yengilib halok bo‘ldi. Sezarning yutuqlari va obro‘-e’tiborining oshib ketishi u bilan Pompey orasidagi munosabatlarda sovuq- lik va dushmanlikka sabab bo‘ldi. Galliyada Sezarning vakolati tugadi. U o‘z qo‘shinini tarqatishi lozim edi. Lekin u qo‘shinni tarqatmadi. Sezarning kuchli qo‘shinidan qo‘rqib qolgan sen- at uni Rimning dushmani deb e’lon qildi. Senat uning raqibi Pompeyga Italiyada qo‘shin to‘plab, Sezarga qarshi chiqishga topshiriq berdi. Nozik diplomat va uzoqni ko‘ra oladigan siyosatchi bo‘lgan Sezar Rimdagi vaziyatni kuzatib, Galliya noibligi davridan boshlab katta miqdorda pora berish bilan o‘z tarafdorlariga ega bo‘lgan edi. Sezar Pompey qo‘shinlarini kutib turmadi. U mil. avv. 49-yil yanvarida Shimoliy Italiyaning chegarasi bo‘lgan kichik Rubikon daryosidan o‘tdi. Qonunga ko‘ra, bu daryo- dan o‘tgan har qanday qurollangan qo‘shin Rimning dushma- ni deb hisoblanar edi. Aytishlaricha, daryodan o‘tish oldidan Sezar uzoq o‘ylanib turib, «qur’a tashlandi» deb xitob qiladi va qo‘shinga daryodan o‘tishga buyruq beradi. Shimoliy Italiya ning shaharlari Sezar qo‘shinlariga deyarli qarshilik ko‘rsatmaydi. Pompey qo‘l ostida jangovar qo‘shin bo‘lmaganligi uchun mil. avv. 49-yil 17-yanvarida janubga qo‘shin yig‘ishga jo‘nab ket- di. Uning orqasidan vahimaga tushgan konsullar va senatning ko‘pgina senatorlari qochib ketdi. Sezar 3 bora Pompey bilan muzokaralar olib borishga urin- di. Lekin Pompey 17-martda o‘ziga sodiq qo‘shin va tarafdorlari to‘planayotgan Yunonistonga jo‘nab ketdi. Nozik diplomat Sezar ikki oy davomida hech qanday qon to‘kmasdan butun Italiyani egalladi. U Rimga kirib, 5000 funt tilla va kumushdan iborat davlat xazinasini bosib oldi. Sezar Rimda ko‘p turmay, Pompey- 532 ga sodiq yetti legion turgan Ispaniyaga yurish qildi. Ispaniyada g‘alaba qilib, Sezar Bolqon yarim oroliga o‘tmoqchi edi. Ispa- niyadagi Ilerda shaharchasi yonida Sezar dushman qo‘shinlari- ni 2-avgustda tor-mor qildi. Shundan so‘ng ikki ispan provin- siyasi Sezar tomoniga o‘tdi. Hal qiluvchi jang mil.avv. 48-yil- da Yuno nistondagi Farsal shahri yonida bo‘lib o‘tdi. Pompey qo‘shinlari yengildi. Pompey boshda Lesbos oroliga qoch di, u yerdan Misrga yo‘l oldi. U bir vaqtlar o‘smir Ptolemeyga homiylik qilgan bo‘lib, endi yosh podsho Ptolemeydan yordam olmoqchi bo‘ldi. Lekin u qirg‘oqqa tushishi bilan Ptolemeyning buyrug‘i bilan o‘ldirildi. Sezar Pompey o‘limidan uch kun keyin Misrga yurish qilib, bu yerda Ptolemeylar sulolasining taxt uchun kurashiga ara- lashib, malika Kleopatrani hokimiyat uchun ukasiga qarshi kurashida yordam berdi. Oqibatda Aleksandriyada Sezarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Bu qo‘zg‘olonni Sezar zo‘rg‘a bostir- di. Shundan so‘ng u sharqqa Mitridatning o‘g‘li Farnakka qar- shi yurish qilishga majbur bo‘ldi. Sezar bu yurishni juda qis- qa muddatda – atigi 5 kunda amalga oshirdi va bu to‘g‘risida se natga o‘zining «Keldim, ko‘rdim, yengdim» degan mashhur maktubini yubordi. Pompeyning asosiy tarafdorlari endilikda Afrikada to‘plandi- lar. Mil.avv. 46-yilda Afrika provinsiyasining sharqiy qirg‘og‘ida- gi Tais shahri yonida katta jang bo‘lib, Pompey tarafdorlari to‘la tor-mor etildi. Shundan so‘ng Sezar Numidiyani bo‘ysundirdi. Mil.avv. 46-yilda u Rimga qaytdi va bu yerda Galliya, Misr, Pont va Numidiya ustidan g‘alabalari sharafiga to‘rt zafar triumfini bayram qildi. Lekin pompeychilar bilan kurash hali tugamagan edi. Pompeyning o‘g‘illari Ispaniyada kuch to‘pladilar. Munt yonida mil.avv. 45-yilda Sezar o‘zining raqiblari ustidan so‘ng- gi g‘alabasiga erishdi. Jang juda qonli va keskin bo‘ldi. Sezar- ning so‘zi bo‘yicha u birinchi bor g‘alaba uchun emas, o‘z hayoti uchun jang qildi. Fuqarolar urushi nihoyat tugadi. Sezar ikkinchi bor Rimda senat tomonidan diktator deb e’lon qilindi (senat Sezarni Ispa- niyada bo‘lgan vaqtida birinchi marta diktator deb e’lon qilgan edi). Unga 5 yillik konsullik, umrbod tribun hokimiyati, say- lov komisiyalarida o‘z nomzodini tavsiya qilish huquqi hamda boshqa unvonlar va vakolatlar berildi. Sezar o‘zining o‘rinbo- sari (otliq qism boshlig‘i) etib, diktator Rimda bo‘lmagan payt- da Rim va Italiyani boshqargan Antoniyni tayinladi. Sezar mil. 533 avv. 44-yilda beshinchi marta konsul lavozimini egalladi. Umr- bod diktator deb e’lon qilindi. U mutlaq hokimiyatga ega bo‘ldi. Sezar podsho kiyimini kiyish huquqiga ega bo‘ldi. Uning nomi bilan qasamyod qildilar. Unga xudo kabi sig‘indilar. Uning tas- viri tangalarda zarb qilindi. Sezarning ijtimoiy tayanchi yo‘q edi. Chunki uning tarafdorlarining manfaatlari bir-biriga to‘g‘ri kel- mas edi. Bunday vaziyatda Sezar o‘z hokimiyatini mustahkam- lashda qo‘shindan foydalandi. U o‘z raqiblarini ta’qib qilmadi. Faqat Pompeyning va uning ashaddiy tarafdorlari mulkini mu- sodara qildi. Sezarning eski dushmanlari afv etildi. Pompeyning tarafdorlari bo‘lgan taniqli senatorlarni Sezar mo‘l-ko‘l sovg‘alar bilan taqdirladi. Ular provinsiyalarda oliy davlat lavozimlariga saylandilar, yer-mulklarini hadyaga oldilar. Sezar turli ijtimoiy guruhlardan tayanch topishga urinib, ijtimoiy sohada turli is- lohotlarni o‘tkazdi. Sezar davridan oltin tanga muntazam zarb qilina boshlandi. Denariy butun davlat uchun yagona tangaga aylandi. Sezar konsulligi vaqtida (mil.avv. 59-yil) provinsiyalarda poraxo‘rlik- ka qarshi qonun qabul qildi. Davlatdan tekin non va boshqa mahsulotlar oladigan plebsni 320 mingdan 150 mingga ka- maytirdi. Shaharlarga mahalliy muammolarni yechish uchun avtonomiya huquqini berdi. Soliq tizimi tartibga solindi, soliq yig‘uvchi –publikanlar faoliyati ustidan nazorat o‘rnatildi. Deh qonchilikni rivojlantirish uchun botqoqliklarni yo‘q qilib, yo‘llarni qurish loyihalarini Sezarning o‘zi ishlab chiqdi va qis- man amalga oshirdi. Sezar kalendar islohotini o‘tkazdi. Misr- lik matematik va astronom Sozigen yordami bilan mil.avv. 45- yil 1-yanvardan vaqt hisobi kiritildi. Sezar nomi bilan kvintiliy (iyul) oyi belgilandi. Sezar Parfiyaga qarshi yurishga tayyorlana boshladi. Rim- da Parfiyani faqat podsho yengishi mumkin degan gap tarqal- di. Rim nobillari orasida Sezarning dushmanlari ko‘p edi. Ular respublika tartib-qoidalarining buzilishi, davlat lavozimlaridan o‘zlarining chetlashtirilganligidan norozi edilar. Faqat barcha haqorat va tahqirlar uchun Sezardan o‘ch olishga bahona izlar edilar. Sezarga qarshi fitna uyushtirib, bu fitnada 60 dan ko‘p senator ishtirok etdi. Fitna boshida Gay Kassiy Longin, Mark Yuniy Brut va Detsim Yuniy Brut turdi. Sezar mil.avv. 44-yil 15-martida senat majlisida Brut va Kassiy boshchiligidagi fit- nachilar tomonidan o‘ldirildi. U 23 joyidan yaralangan bo‘lib, jarohatning faqat bittasi uning o‘limiga sabab bo‘ldi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling