17-modda. Ekologik audit buyurtmachisining huquq va majburiyatlari
Ekologik audit buyurtmachisi quyidagi huquqlarga ega:
ekologik audit o‘tkazish uchun ekologik auditorlik tashkilotini mustaqil ravishda tanlash;
ixtiyoriy ekologik audit chog‘ida ekologik auditning yo‘nalishi va ish hajmini belgilash;
ekologik auditorlik tashkilotidan ekologik audit xulosasi qaysi qonunchilik hujjatlari normalariga asoslanganligi to‘g‘risidagi zarur axborotni olish;
ekologik audit xulosasini olish.
Ekologik audit buyurtmachisi:
ekologik auditorlarga ekologik auditni o‘tkazish uchun tegishli shart-sharoitlar yaratishi;
ekologik auditni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar va materiallarni taqdim etishi;
ekologik audit rejasini tasdiqlashi;
ekologik auditorlik xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq ekologik audit o‘tkazish xizmatlari uchun haq to‘lashi shart.
18-modda. Ekologik audit subyektining huquq va majburiyatlari
Ekologik audit subyekti quyidagi huquqlarga ega:
ekologik auditning yo‘nalishi, ish hajmlari va rejasi bilan tanishish;
ekologik auditorlardan tabiatni muhofaza qilishga oid tadbirlarni ishlab chiqish va o‘tkazish, ekologik audit o‘tkazish chog‘ida aniqlangan kamchiliklar hamda qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha maslahatlar va tavsiyalar olish.
Ekologik audit subyekti:
ekologik auditorlarni ekologik auditni ekologik auditorlik xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomada belgilangan muddatlarda o‘tkazishi uchun tegishli shart-sharoitlar bilan ta’minlashi;
ekologik auditorlarga texnologik asbob-uskunalarning ishga yaroqliligi va samaradorligini aniqlash nuqtai nazaridan ko‘zdan kechirishi, chiqindilar to‘planadigan va saqlanadigan joylarni, atmosfera havosini, suv va yer resurslarini ifloslantiruvchi manbalarni tekshirish, biologik resurslarni saqlash maqsadida hududni o‘rganishi, shuningdek laboratoriya sinovlarini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan namuna va nusxalar olishi uchun imkoniyat berishi;
ekologik audit jarayonida aniqlangan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar talablarining buzilishlarini bartaraf etishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |