Vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning ijtimoiy-falsafiy omillari


I bob. YANGI O‘ZBEKISTONDA yoshlarni


Download 0.66 Mb.
bet3/19
Sana08.05.2023
Hajmi0.66 Mb.
#1443637
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   19
Bog'liq
Saidov Monografiya

I bob. YANGI O‘ZBEKISTONDA yoshlarni
VATANPARVARLIK RUHIDA TARBIYALASHNING NAZARIY -METODOLOGIK ASOSLARI
Bugungi global kurash jarayonida har bir jamiyat o‘zining ichki barqarorligini, birdamligini shakllantirishga qaratilgan turli tizimli islohotlarni amalga oshirishga majbur bo‘lib qolmoqda. Bu orqali ijtimoiy taraqqiyotni mustahkamlash, barqarorligini saqlab qolish va insonlar uchun yagona vatan g‘oyasi asosida birlikka erishish maqsad qilinmoqda.
Jamiyatda ijtimoiy birdamlik va hamfikrlikni shakllantirishning eng samarali yo‘li ijtimoiy ongda vatanparvarlik, vatanga sadoqat va vatanni sevish tuyg‘ularini rivojlantirish hisoblanadi. Shuning uchun ham vatanparvarlik tarbiyasi dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolaveradi.
Ushbu bobda vatanparvarlik tushunchasining mazmun-mohiyati, uning tarixiy ildizlari hamda ilmiy-metodologik asos vazifasini o‘tovchi tadqiqotlar tahlil qilingan. Shu bilan bir qatorda harbiy vatanparvarlik, vatanni sevish va vatanga sadoqat tushunchalarining axloqiy asoslari, farqli jihatlari va dialektik aloqadorligi tadqiq etilgan va ijtimoiy ahamiyati ochib berilgan. Bunda mintaqamizning uzoq tarixdan hozirga qadar insonni ma’naviy fazilatlarini ro‘yobga chiqarishga hissa qo‘shib kelayotgan asosiy manbalar, buyuk allomalarimiz asarlari orqali tahlil qilingan.
1.1.Vatanparvarlik tushunchasining mazmun-mohiyati va konseptual asoslari
Ijtimoiy taraqqiyot va milliy birdamlikni shakllantirish ijtimoiy dunyoqarashda mansublikka doir fikrlash tarzini yuzaga keltirish asosida ro‘y beradi. Aynan ijtimoiy munosabatlardagi mansublik, aynan qaysidir tarafda bo‘lish ijtimoiy maqsadlarning ahamiyatini ham ko‘rsatib beradi. Shuning uchun ham jamiyat a’zolarida o‘z yurti va xalqining tarixi hamda taqdiriga hurmat bilan, o‘zi mansub bo‘lgan jamoa, qatlam yoki turli ijtimoiy sinflarning hayot tarzi, qadriyatlari, urf-odatlarini e’zozlashga qaratilgan tarbiyaviy ishlarni takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur paragrafda vatanparvarlik tushunchasining mazmun-mohiyati, lug‘atlarda ta’riflanishini tahlil qilish maqsad qilingan. Bu ishni amalga oshirish uchun vatanparvarlik va vatanga xiyonat qilish tushunchalarining namoyon bo‘lishi, ijtimoiy ahamiyatini ko‘rsatib berish talab etiladi.
Milliy manfaatlar uchun raqobatlar bo‘layotgan global kurash muhitda yoshlarda yuksak insoniylikka asoslangan chinakam vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishning ob’yektiv shart-sharoitlari to‘g‘risida yanada chuqurroq o‘ylash taktik va strategik maqsadlarimiz sirasiga kiradi. Negaki, mamlakatimizning yangi taraqqiyot bosqichida, yangicha islohotlar sharoitida vatanparvarlik tarbiyasi jamiyatni rivojlanishining asosiy negizi sifatida baholanmoqda.
O‘zbek tilining izohli lug‘atida vatanparvarlik – “vatanparvarlarga xos ish, xatti-harakat, xislat” ekanligi qayd etilgan. Ushbu lug‘atda vatanparvar so‘zi bo‘lsa, “o‘z vatanini, ona yurtini, xalqini cheksiz sevuvchi, vatan manfaatlari uchun jonbozlik ko‘rsatuvchi”4 sifatida tarif berilgan. Shuningdek, lug‘atda vatan va vatanparvarlik bilan bog‘liq bir qancha tushunchalar, xususan vatangado (vatandan kechib, qochib, o‘zga ellarda darbadar yuruvchi, qochqin), vatangadolik, vatandosh, vatanjudolik (vatandan judo holatdagi hayot, shaxsning shunday hayot kechirishi), vatanfurush (o‘z vataniga xiyonat qiluvchi, vatanni sotuvchi), vatanfurushlik kabi so‘zlar ham keltirib o‘tilgan va izohlangan. Umuman olganda vatan bilan bog‘liq tushunchalarni ikkiga: vatanga sadoqatni ko‘rsatuvi va unga xiyonatni anglatuvchi tushunchalar ajratilar ekan. Shu ma’noda ularning tahlili, konseptual asoslarini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq ish bo‘ladi.
Islom ensiklopediyasida “Vatan kishilarning tug‘ilib o‘sgan joyi, yurti, mamlakati; tarixan muayyan xalqqa tegishli hudud, hamda uning tabiati, aholisi, o‘ziga xos taraqqiyoti, tili, madaniyati, turmushi va urf-odatlari majmui. Vatan ona kabi yagona, muqaddas. Vatan oldidagi qarzdorlik tuyg‘usi, mas’uliyati har bir yetuk insonga xos xususiyatdir. Vatanni sevish vatanparvarlikda namoyon bo‘ladi”5 sifatida ta’riflanadi.
Vatanparvarlik axloq falsafasining asosiy tamoyili hisoblanadi. Vatanparvarlik tamoyil sifatida: birinchidan, insoniy fazilatning ibtidosi, ilk sababi va asosidir; ikkinchidan, har qanday axloqiy xatti-harakat, xulq-atvor va axloqiy faoliyatning boshlang‘ich qoidasi. Vatanparvarlik xususiyat sifatida esa uchinchidan, bir qator axloqiy fazilatlarni bir-biri bilan bog‘laydi; to‘rtinchidan, fazilatlarning bir-birini to‘ldirishi va aloqasini ta’minlaydi. Shu ma’noda, vatanparvarlik barcha fazilatlar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Shu ma’noda, har qanday fazilat kabi vatanparvarlik ham muhabbat, burch, mas’uliyat, sadoqat, mardlik, jasorat, shafqat kabi tushunchalarga nisbatan xususiylikka hamda u mehr-oqibat, sodiqlik, ishonch kabi ayrim hodisalarning majmui, umumiy xossasi hamdir.
Vatanparvarlikning asosini harakat va maqsad sari intilish tashkil etgani uchun ham u dogmatiklikdan yiroq. Vatanparvarlik Vatan tushunchasini fidoyilarcha idrok etish, muayyan hudud va xalqqa muhabbat hissi kabi omillar asosida shakllanadi, rivojlanadi.
O‘zbekiston ham turli millat va elatlardan iborat mamlakat sifatida yagona vatan tushunchasini shakllantirishga harakat qilmoqda. Bu orqali turli millat va elatlar o‘rtasida tinch-totuv hayot, mas’uliyatli fuqarolikni yaratishga intilmoqda.
Umuman olganda, vatanparvarlik ma’lum bir mamlakatning titul millati uchungina emas, barcha yashayotganlar uchun daxldor tushuncha hisoblanadi. Ma’lum bir mamlakat fuqarosi o‘sha mamlakatdagi asosiy etnik guruh vakili bo‘lmasligi ham mumkin. Chunki, bugungi kunda turli shart-sharoit taqozosi bilan boshqa bir mamlakatdan kelib qolib ketgan fuqarolar yoki o‘z tarixiy vatanidan olisda tug‘ilganlar ham mavjud. Ularning ko‘pchiligida «tarixiy Vatan» tushunchasi xayoliy bir qo‘msash, shirin g‘ussa, o‘tkinchi intilish tarzida ifodalanadi. Aslida esa bu Vatanga muhabbat emas, balki o‘z ajdodlariga, olis xotiraga hurmatdan, ekzotik hissiyotlardan kelib chiqadi. Haqiqiy muhabbat esa, sharoit har ikki Vatandan birini tanlashni taqozo etganda, hozir yashab turgan Vatani va vatandoshlariga nisbatangina mavjud ekani ayon bo‘ladi. Shu ma’noda, vatanparvarlik – bu asrlar davomida o‘z vatanida yashagan insonlar manfaatlarining birligini anglash, o‘z xalqining tarixiy o‘tmishiga hurmat, uning yutuqlari uchun g‘urur va ajdodlari, zamondoshlari muvaffaqiyatsizliklari, falokatlari va xatolari uchun alamni his qilish, yangi, taraqqiy etuvchi narsalarni yaratishga bo‘lgan yuksak intilishning amalda ifodalashdir.
Vatanparvarlikni individual va ijtimoiy vatanparvarlik singari ikki guruhga ajratib tasniflash mumkin. Individual yoki shaxsiy darajadagi vatanparvarlik insonning ma’naviy dunyoqarashida, ezgu maqsadlarida, axloqiy intilishlarida muhim va barqaror xususiyat sifatida namoyon bo‘ladi. Ijtimoiy vatanparvarlik esa ijtimoiy tafakkurning jamoaviy kayfiyatlarida, hissiyotlarda, o‘z xalqiga nisbatan munosabatda, hayot tarzida, muhim qadriyatlar tizimida, boshqa xalqlar, ularning tili, tarixi, madaniyatiga bo‘lgan hurmatda namoyon bo‘lishini ifodalaydi.
Aslida chinakam vatanparvarlik muhabbatdan tashqarida namoyon bo‘la olmaydi yoki muhabbatsiz chinakam vatanparvarlikning bo‘lishi mumkin emas. Vatan ham, Vatanga muhabbat tuyg‘usi ham har bir kishiga aziz va muqaddasdir. Shu ma’noda, muhabbat ijtimoiy vatanparvarlik hamda barcha axloqiy fazilatlarning asosi hisoblanadi. Biroq, bizning fikrimizcha, vatanparvar bo‘lish – bu faqat Vatanni sevish bilangina kifoyalanmaydi. Qolaversa, sevgi mohiyatan chin insoniy tuyg‘u hisoblansa-da, insonni sevish bilan Vatanni sevish o‘rtasida farq bor. Sevgida inson o‘zi uchun eng bebaho bo‘lgan hayotining bir qismini – hissiyoti, bilimi, kechinmalarini o‘zga insonga bag‘ishlaydi. Shu ma’noda, vatanni sevadigan inson degan axloqiy sifatga qaraganda vatanparvar inson degan axloqiy sifatning qamrovi keng, mas’uliyati yuksak, maqsadi ham ulug‘roq bo‘ladi6.
Demak, vatanparvarlik va vatanni sevish tushunchalari o‘rtasida o‘xshash va farqli jihatlar mavjud. Ularni bir-biridan farqlash lozim.
Vatanni sevish – bu Vatan bilan birlashishni anglab yetishni, ya’ni Vatanni o‘zi bilan, o‘zini Vatan bilan birlashishini taqozo etadi. Bu sevgi muayyan shaklga tushgan axloqiylik ko‘rinishga ega bo‘lib, uning reallikka aylanishi insondan muayyan vaqt va sharoitni talab qiladi. Bu sevgi gohida qat’iy, gohida o‘tkinchi tuyg‘u – yoqtirib qolishga asoslanadi. Bundan tashqari, Vatanni sevish insondan juda kuchli iztirob, mashaqqatni talab etmaydi.
Vatanparvarlik fazilati esa, burch va mas’uliyat tushunchasi bilan chambarchas bog‘liq. Burch vatanparvar uchun so‘zsiz bo‘ysunishni, o‘zini axloqiy jihatdan takomillashtirishni, vazifani ongli ravishda bajarishni talab etadi. Vatanparvar, ayniqsa harbiy vatanparvarning burchi Vatan oldidagi mas’uliyatni to‘liq bajarish, Vatanni e’zozlash bilan belgilanadi. Bu mas’uliyat, ayni paytda, Vatanni dushmanlardan himoya qilishni, tahdidlarga qarshi kurashishni, Vatanni ravnaq toptirish, va unga sadoqat bilan xizmat qilishdek ezgu fazilatlarni qamrab oladi. Burchni anglab yetish esa, faqat bilim, tajriba, ko‘nikma, malaka orqali ro‘y beradi. Nemis faylasufi Immanuil Kant bunday burchni huquqiy burch va axloqiy burchga o‘xshatadi. Chunonchi, “huquqiy burchni bajarish tashqaridan majbur etilsa, axloqiy burch aksincha, fazilatga, ya’ni ichki hodisaga, ixtiyor erkinligiga bog‘liq. Shu bois insonning axloqiy burchga muvofiq xatti-harakat qilish qobiliyatini Kant fazilat deb atagan edi”7. Demak, vatanparvarlik ma’lum bir faoliyat, ijtimoiy faollik va mas’uliyatni talab etadi. Vatanni sevish shunchaki tuyg‘u hisoblanadi, u insonni ma’lum bir amaliy faoliyatga undaydi. Chunki, vatanparvarlik mohiyatan insonning kundalik mayda tashvishlardan yuksakka, ulug‘vorlikka ko‘tarilishidir. Zero, vatanparvar kishining burchi – xayrli ishlar qilishidan, ya’ni biror-bir mukofotga umid bog‘lamasdan, imkon qadar odamlarga yordam berishidan va ularning baxtli bo‘lishiga ko‘maklashuvidan iboratdir.
Vatanparvarlik va vatanni sevish o‘rtasidagi ikkinchi farq manfaatdorlik bilan o‘lchanadi. Ya’ni vatanni sevishda manfaatdorlik mavjud bo‘ladi. Bunday manfaatdorlik odatda “Vatan menga nima berdi?” degan aqidaga amal qiladi. “Vatanparvarlik” esa manfaatning har qanday ko‘rinishdan xoli bo‘lgan beg‘araz fazilat bo‘lib, unda olish emas berish ko‘proq ahamiyatga ega. Shuning uchun vatanparvarlik fazilati “Men Vatan uchun nima qildim?” – degan ezgu aqidaga javob topishga intiladi. Hozirgi davr aynan ikkinchi aqidaga qanday amal qilishga qarab insondagi vatanparvarlik tuyg‘usini baholamoqda.
Shu bilan birga, vatanparvarlik – insonning amaliy faoliyati ham hisoblanadi. Chunki, inson Vatanni o‘ylab, uning taraqqiyoti, yorug‘ kelajagi yo‘lida mehnat qilsa, kurashsa vatanparvarlik amaliy faoliyatga aylanadi. Bu faoliyat esa barcha xalqlar hayotida yuksak insoniy fazilat sifatida qadrlangan. Rus faylasufi A.N.Radishyev vatanparvarlik fazilatini boshqa fazilatlardan uchta sifat – belgisiga ko‘ra farqlaydi. Bular – sharaflilik, xushxulqlik, olijanoblik8. Shu ma’noda, “Chinakam vatanparvar” deganda xalq manfaatlarini ko‘zlab ish tutadigan insonlarni tushunish maqsadga muvofiq.
Vatanparvarlik tushunchasining mazmun-mohiyatini tahlil qilishda “xiyonat” tushunchasini ham ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Xiyonat juda ko‘p qirrali va murakkab hodisa bo‘lib, insonning dunyoni idrok etishining shaxsiy va aqliy jihatlarining madaniy jihatdan xilma-xilligida namoyon bo‘ladi. U insonning o‘zi tanlagan Vatanga sodiq qolish zaruriyatiga asoslanadi va shaxslararo ijtimoiy munosabatlarda, harakatlarda, so‘zlarda, fikrlarda ifodalanadi. Umuman olganda xiyonat deganda kimgadir u yoki bu narsaga sodiqlikni saqlash majburiyatlarini buzish tushuniladi: zino, davlatga xiyonat, umumiy ishga xiyonat, mamlakat manfaatlariga xiyonat.
Xiyonat tushunchasi axloqiy tushunchalar turkumiga kiradi. Turli mamlakatlar xalqlari orasida xiyonatga munosabat turlicha bo‘lib, bu farqlar shaxsning ma’lum bir yosh va ijtimoiy guruhga mansubligiga, kasbiga, ta’lim darajasi va sifatiga va boshqa omillariga bog‘liq9. Albatta, xiyonat ko‘p qirrali tushuncha bo‘lib, falsafiy, mantiqiy, dunyoviy, psixologik, axloqiy, gender, huquqiy jihatlarga ham ega.
Shu ma’noda, xiyonat – insoniy munosabatlarning qadriga yetmaslik, barcha xalqlarda mavjud bo‘lgan tushuncha bo‘lib, kapitalizmdan oldingi davrda o‘lim bilan jazolangan. Hozirgi vaqtda bu odatda jinoiy huquqbuzarlik hisoblanadi. Xiyonat tushunchasi insonning tabiiy huquqlari kategoriyasini bildiradi. Ya’ni insonga sotqindek munosabatda bo‘lish yoki uning qilmishini olqishlash har bir insonning vijdon erkinligi masalasidir. Demak, vatanparvarlikka qarama-qarshi tushuncha vatanga xiyonat qilish hisoblanadi. Jamiyatning ichki barqarorligiga tahdid soluvchi, birdamligini buzuvchi tajovuzlarga vatanga xiyonat qilish asosidagi axloqiy illat deb qarash mumkin.
Shu ma’noda vatanparvarlikni inkor etuvchi, xiyonatni anglatuvi so‘zlar jumlasiga bevafo (xiyonat), adashgan (xiyonat), ko‘rnamak (noshukurlik), zino (zino), zinokorlik. (zino qilish), xiyonatkor (xiyonat), murtad (murtad), xoinlik (xiyonat), maslakfurushlik (murtad), dindan chiqish (iymonga, e’tiqodga xiyonat qilish), tarki dunyo qilish (e’tiqoddan voz kechish), qasamni buzish (qasamni buzish), badaxloqlik (axloqsizlik), fosiqlik (buzg‘unchilik), fisqu-fasod (buzg‘unchilik, buzuqlik, axloqsizlik), xunuk qiliqlilik, makr (hiyla)10 kabilarni kiritish mumkin.
Tadqiqotlar vatanparvarlikni ijtimoiy ongga mansub tushuncha ekanligini quyidagicha izohlashmoqda:
birinchidan, “vatanparvarlik tuyg‘usi jamiyat yadrosi hisoblangan madaniy borliqning komponentlari – inson va jamiyat shu jumladan, fuqarolarning dunyoqarashiga ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va huquqiy madaniyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, mamlakat miqyosida Vatanni sevish, asrash va himoya qilishga qaratilgan umuminsoniy qadriyatlarni jamiyatda shakllanishiga va ma’naviy yuksalishiga xizmat qiladi”11;
ikkinchidan, “vatanparvarlik tuyg‘usi falsafiy va axloqiy kategoriya sifatida insonlarning bir-birlariga nisbatan munosabatlarida inson va uning umuminsoniy qadriyatlarini moddiy, siyosiy, huquqiy madaniyat asosida boshqaradi, tartibga soladi va yagona Vatan g‘oyasiga birlashtiradi. Oilaning muqaddasligiga tayangan holda fuqarolar qalbida yaratuvchanlik va bunyodkorlik hissini muntazam ravishda oshishiga xizmat qiladi”12;
uchinchidan, “mamlakatimizda vatanparvarlik fazilatini yuksaltirish hamda madaniy borliqning asoslarini yaratishda vatanparvarlik tuyg‘usi taraqqiyotning ob’yektiv zaruriyati hisoblanadi”13.
Vatanparvarlik har qanday sharoitda ham ulug‘vorligini, kelajakka ishonchni yo‘qotmaydigan, inson qalbida doimiy yashaydigan tuyg‘u bo‘lishini talab qiladi. O‘tish davridagi fazilatlar taraqqiyotga yo‘l ochib berishi bilan o‘z funksiyasini bajarib, tarix sahnasidan tushib qoladi. Ular shaxs umrining bir qismi, bir bosqichi hisoblanadi.
Insoniyatga qaratilgan jiddiy tahdidlar kuchayib borayotgan hozirgi paytda insonlarda vatanparvarlik tuyg‘usini tarbiyalash, ularni “Vatan” degan tushunchaning ma’nosini to‘liq anglab yetishga o‘rgatish, vatanparvarlik yuksak axloqiy tamoyil ekanini tushuntirish ilm ahli uchun dolzarb ijtimoiy vazifaga aylanmoqda. Holbuki, axloqiy tamoyillar ham axloqiy anglashning o‘ziga xos shakllaridan bo‘lib ularda axloqiy talab nisbatan umumiy tarzda ko‘zga tashlanadi. Ular jamiyat tomonidan shaxsga qo‘yiladigan talab tarzida namoyon bo‘lib, insonning axloqiy mohiyatini, uning hayoti mazmunini, odamlar bilan o‘zaro aloqalaridagi asosiy jihatlarni belgilab beradi. Natijada tamoyillar, inson xatti-harakatining umumiy yo‘nalishini ko‘rsatgan holda, ko‘pgina axloqiy me’yorlar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Axloqshunos olim Abdulla Sherning fikricha, “vatanparvarlik insonning o‘z Vataniga muhabbatini, uni asrab avaylashga bo‘lgan ishtiyoqini anglatuvchi axloqiy tushuncha. Har jabhada Vatan erishgan muvaffaqiyatlardan quvonch, muvaffaqiyatsizliklardan qayg‘u hissini tuyish, Vatan bilan g‘ururlanish, uning har bir qarich yeriga, binosining har bir g‘ishtiga, qadimiy obidalariga, ilm-fan va san’atdagi yutuqlariga mehr bilan qarash, ularni ko‘z qorachig‘idek asrab avaylash bular hammasi vatanparvarlikdir”14. Boshqa bir olim, Erkin Yusupovning fikriga ko‘ra, “vatanga muhabbat siyosiy mafkura emas, balki barkamol axloq va yetuk ma’naviyatdir. Shunga ko‘ra, vatanparvarlik tushunchasi tarkibiga kirgan barcha fazilatlar axloqiy qadriyatlar tizimiga ham kiradi. Shu sababli vatanparvarlik o‘z mohiyati jihatidan biror hududga, mamlakatga bo‘lgan oddiy hurmatdan chuqurroqdir. Vatanga bo‘lgan munosabat ma’naviyat darajasiga ko‘tarilib, inson faoliyatiga maqsad va yo‘nalish berishi – vatanparvarlikdir. Vatanparvarlik ayrim shaxslarning faoliyatida ham ko‘rinadi”15. Biroq bunday faoliyat ijtimoiylashib, ko‘pchilikka xos bo‘lgan ma’naviyat darajasiga ko‘tarilgandagina taraqqiyotning muhim omiliga aylanadi.
Yana bir olim, Qiyomiddin Nazarov vatanparvarlikni umumbashariy tushuncha sifatida talqin etadi va uni Vatan ravnaqi g‘oyasining xususiyatlari bilan bog‘laydi. Uning fikricha, “vatanparvarlik tarixiy taraqqiyot jarayonida paydo bo‘lib, tashqi muhit va davrlar ta’sirida shakllangan, kamolga yetib kelgan ijtimoiy-ruhiy tuyg‘udir. U har bir insonning butun umri davomida shakllanib, kengayib va takomillashib boradi. Albatta, inson ulg‘ayib, voyaga yetar ekan, u butun Yer yuzi odam bolasi uchun umumiy makon ekanini anglaydi, Ona zamin Quyosh sistemasida inson uchun yagona Vatan ekanini bilib oladi. Shu zaminni asrab avaylash lozimligini tushunadi. Bunday tasavvurga asoslangan vatanparvarlik umumbashariy tushunchadir”16. Demak, vatanparvarlik ijtimoiy ong qadriyatlari asosida shakllangan mansublikni qadrlashga asoslangan dunyoqarash hisoblanadi.
Shuni alohida ta’kidlash zarurki, vatanparvarlik xorijiy ilmiy manbalarda patriotizm (yunon. Patriotes– vatandosh, patris – Vatan) Vatanga muhabbat, tug‘ilib o‘sgan yurt bilan bog‘liqlik va unga sadoqat sifatida qo‘llaniladi. Biroq, patriotizm ko‘pincha Vatan dushmanlariga qarshi ma’naviy-mafkuraviy qurol, xalq milliy o‘zligining asosi hamda o‘z Vatanining tarixi, madaniyati, qadriyatiga bo‘lgan muhabbat sifatida talqin etiladi. Aslida esa, patriotizmga nisbatan vatanparvarlikning mazmun jihatdan qamrovi ancha keng – insonparvarlikning nisbatan muayyanlashgan shakli. U, nafaqat o‘z vatandoshlari erkini asrash uchun kurash, balki inson ozodligi yo‘lidagi xatti-harakatlardir. Shu ma’noda, Vatan himoyasi, bu – inson himoyasi, millat himoyasi. Lekin bu himoya, yuqorida aytganimizdek, faqat jang maydonida emas, balki barcha sohalarda ham namoyon bo‘lishi mumkin. Shu ma’noda, vatanparvarlik, vatanni ulug‘lashdan tashqari, uning qadr-qimmatini, mustaqilligini himoya qila bilishdir. Vatanparvarlikning ahamiyati Vatan taraqqiyotining eng mas’uliyatli davrlarida yaqqolroq ko‘zga tashlanadi. Shu ma’noda, vatanparvarlik – yetuk ma’naviyat hisoblanadi.
Tadqiqotchi olim E.Qalqanov vatanparvarlikni ijtimoiy hodisa sifatida talqin qiladi. Uning fikriga ko‘ra, “vatanparvarlik ijtimoiy ong formalarining atributiv xususiyati sifatida “Vatan” va “vatanparvarlik” tushunchalarining etimologik ma’nolari – ona-yurt va o‘z xalqini sevuvchi ma’nolari insonlarga xos tuyg‘u – ruhiy hodisa sifatida berilgan17. Shuningdek, vatanparvarlik kishining muayyan xalqlar va hududga yaqinlikni his etishi, o‘z-o‘zini anglashi va ona-yurt, xalqiga vafodorlikning shakllanishi, ularning o‘q ildizini esa sadoqat tashkil etishi, sadoqat vatanparvarlikning mavjudlik sharti ekanini aytadi. Chunonchi, vatanparvarlik va baynalmilallik inson qalbida ona-yurt, xalqiga xos sadoqatning aynan, bir-biridan farq qiluvchi va bir-birlarini taqozo qiluvchi ikki qarama-qarshi tomonlari ekanliklari, shuningdek, vatanparvarlikning falsafiy va tarixiy ongga ham xosligi tahlil qiladi va “vatanparvarlik” tushunchasiga quyidagi ta’rifni beradi: “Vatanparvarlik –muayyan geografik hududda, muayyan jamoa – elat, millat doirasida kishilar ruhiyatida yuzaga keladigan jamiyatning barcha sohalari bilan bog‘liq etnogenetik, tabiiy-huquqiy, axloqiy, iqtisodiy va siyosiy, imonlilik his-tuyg‘ularidir. U bir qator ijtimoiy ong shakllarining atributiv xususiyatlariga kiradi va muayyan e’tiqod, xatti-harakatning muvofiqlashuvi sifatida amal qiladi. Vatanparvarlik o‘ziga xos substansional bir butunlikka ega ruhiy hodisadir”18. Demak, vatanparvarlik fidoyilik va sadoqatlilik tushunchalari bilan ochiladi. Ularning namoyon bo‘lishi shaxsda vatanparvarlikni namoyon qiladi.
Vatanparvarlik tushunchasining axloqiy mazmuni bilan bog‘liq yana bir muhim masala – bu uning milliy g‘urur, or-nomus kabi axloqiy me’yorlar bilan bog‘liq jihatlardir. Ijtimoiy fanlarga doir o‘quv-uslubiy adabiyotlarda vatanparvarlik – xalqimizning qon-qoniga singib ketgan moʻtabar qadriyatlardan biri sifatida talqin etiladi. Shuningdek, vatanparvarlik tarbiyasi milliy mafkuraning ajralmas bir bo‘lagi bo‘lib, harbiy xizmatchilarni shu ruhda tarbiyalash juda muhim masala. Chunki, milliy istiqlol mafkurasining vazifalaridan biri “...vatandoshlarimiz tafakkurida o‘zlikni anglash, tarixiy xotiraga sadoqat, muqaddas qadriyatlarimizni asrab-avaylash, vatanparvarlik tuyg‘ularini kamol toptirish”dan iborat19. Demak, aslida vatanparvarlik tarbiyasi ideologik ta’lim dasturlari asosida amalga oshiriladi va jamiyatning rivojlanish mafkurasi asosida vatanparvarlik singdiriladi.
Islohotlar va ularning tom ma’nodagi mohiyatini esa birinchi navbatda yoshlarning ilg‘or vakillari bo‘lmish talabalar anglaydilar. Yosh avlodni yangicha ta’lim standartlari asosida, qalbida Vatanga muhabbat, uning kelajagiga ishonch, milliy iftixor tuyg‘usi jo‘sh urgan mutaxassislar qilib tarbiyalash ishi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarga ta’lim berish va ularni tarbiyalashning eng samarali usullarini amaliyotga joriy etish hamda shu orqali millatimiz ravnaqiga xizmat qiluvchi milliy istiqlol g‘oyasini ongga singdirishga oid muhim qonuniyatlarni bilish maqsadga muvofiqdir.
Bizning fikrimizcha, N.Jandildin milliy tuyg‘ularning ijtimoiy determinizm, ya’ni, tabiat, jamiyat hodisalari hamda inson irodasi, xulq-atvori qonuniyatlarining o‘zaro ta’siri, aloqadorligini to‘g‘ri ko‘rsatadi. Zero, o‘zligini anglay olgan millatgina o‘zga millatlarning urf-odatlari, an’analari, e’tiqodi, turmush tarzi va dunyoqarashini tabiiy qabul qiladi.
Milliy iftixor tuyg‘usi milliy mansublikni ifoda etishga xizmat qiladi. Manbalarda “milliy tuyg‘u, milliy mansublik milliy o‘z-o‘zini anglashdan hosil bo‘lishi, uning negizida o‘z millati, an’analari, urf-odatlari, madaniyati, turmush tarzi, milliy-ma’naviy qadriyatlarga mustahkam bog‘langanlik aks etishi, umumiy maydonga egalik qiladigan, bir xil hayot kechiradigan, bir tilda so‘zlashadigan insonlarning etnik birligi negizida shakllanishi”20ga urg‘u beriladi.
Milliy iftixor tuyg‘usi millatchilik emas, balki uning antonimi bo‘lgan ijobiy insoniy fazilat hisoblanadi. Zero, millatchilik asosida: 1) ma’lum millatni barcha millatlardan ko‘r-ko‘rona ustun qo‘yuvchi etnopsixologik yo‘l-yo‘riqlar majmuasi; 2) shovinistik kayfiyatdagi siyosiy g‘oyalar tizimi; 3) etnik buzg‘unchilik, shovinistik g‘oyalarga asoslanuvchi jamoatchilik harakati aks etadi. Millatchilik ijobiydan salbiyga tomon rivojlanib boruvchi quyidagi sifatlarga asoslanadi: Vatan uchun jon fido etish, millat hayoti va taqdiri uchun jonkuyarlik, ekstremal ko‘rinishdagi militaristik, shovinistik va hatto fashistik g‘oyalarda ham namoyon bo‘lishi mumkin. Millatchilik psixologiyasi milliy psixologiyadan mustaqil holda yoki o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. U siyosiy qiziqishlarning o‘ta yuqori darajaga ko‘tarilishi sababli yuzaga keladi va o‘z millati hamda o‘zga xalqlar, millatlar to‘g‘risida noto‘g‘ri tushunchalarga ega bo‘ladi.
“Milliy tuyg‘u, g‘urur va iftixor tuyg‘ulari Vatanni sevish, milliy madaniyatni anglashdagi quvonch, milliy rivojlanish va xalq manfaati uchun xizmat qiladigan siyosiy harakatlar va g‘oyalarning haqqoniyligini anglab yetish kabi tuyg‘ular negizida shakllanadi”21.
Shaxsda milliy iftixor tuyg‘usining shakllanishi uchun boshlang‘ich asos – bu milliy mansublik bo‘lib, u o‘zida muayyan millatga xos etnopsixologik xususiyatlarni namoyon eta olishni ifodalaydi.
Milliy iftixor tuyg‘usining shakllanishiga asos bo‘luvchi omil milliy o‘z-o‘zini anglashdir. Milliy o‘z-o‘zini anglash millatning rivojlanish va taraqqiyot tarixini yaxshi bilish, taraqqiyotning turli bosqichlarida erishilgan yutuq va muvaffaqiyatlar asosini to‘g‘ri talqin eta olish, milliy qadriyatlar mohiyatini anglay olish, ijobiy milliy-mental xususiyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lish, salbiy xislatlar (masalan, mustaqil fikrga ega bo‘lmaslik, ota-ona yoki yaqinlarga tobe bo‘lib yashash, o‘ta andishalilik, qat’iyatning yetishmasligi)ni ko‘ra olish, milliy madaniyatning jahon sivilizasiyasidagi o‘rnini yetarli darajada baholash, Vatan taqdiri uchun befarq bo‘lmaslik, uning istiqloli va istiqboli uchun kurashish demakdir
Milliy tuyg‘u nima o‘zi? Adabiyotlarda ko‘rsatilishicha, milliy tuyg‘uda sub’yektning ob’yektga bo‘lgan muhim munosabati aks etadi. “Shaxsning his-tuyg‘ulari psixofiziologik tabiatga ega, ijtimoiy psixologiyaning nodir hodisasi bo‘lgan milliy tuyg‘u sub’yektga xos individual his-tuyg‘ular ta’sirida shakllanadi”22. Milliy iftixor tuyg‘usi negizida kuyinchaklik, millat farzandi bo‘lganlikdan faxrlanish, odamlarga nisbatan mehr-muhabbat, o‘zaro g‘amxo‘rlik, rahm-shafqat, o‘zgalar manfaatidan o‘z manfaatini ustun qo‘yish, bag‘rikenglik, Vatan taqdiriga befarq bo‘lmaslik, millat tarixidagi fojialardan qayg‘urish, olijanoblik, fidoiylik, vatanparvarlik, baynalmilallik, mehnatsevarlik, hayratlanish, shonli tarix hamda milliy qahramonlardan faxrlanish tuyg‘ulari ko‘zga tashlanadi.
Rus faylasufi I.Ilin o‘z asarlarida milliy taraqqiyotni ta’minlashda millat vakillarining vatanparvarlik tuyg‘usiga ega bo‘lishlari muhim ekanligiga alohida urg‘u bergan holda, shaxsda bu tuyg‘usini shakllantirish zarurligini ta’kidlaydi. Olimning fikricha, vatanparvarlik: rasmiy vatanparvarlik, majburiy vatanparvarlik (majburiy harbiy xizmat) va haqiqiy vatanparvarlik kabi ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Avvalgi ikki ko‘rinish shaxsda hech qachon Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘usini uyg‘otmaydi, aksincha, turli majburiyatlarning shaxs zimmasiga ko‘r-ko‘rona yuklanishi evaziga Vatanga nisbatan salbiy munosabatni qaror toptirishi mumkin. Shu bois yoshlarda turli majburlovlarsiz Vatanga bo‘lgan muhabbat tuyg‘usini uyg‘otish zarur.
Muallif bu o‘rinda tarbiyachilarning roli alohida ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlagan holda uning yoshlar o‘rtasida Vatanga muhabbatli bo‘lish lozimligini targ‘ib qilishi emas, balki, o‘zi Vatanga e’tiqod qilishi, shaxsiy harakatlari bilan o‘rnak bo‘lishi kuchli ta’sir etishini aytadi. Biroq, muallif yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish yo‘llari, shuningdek, bu jarayonda etnopsixologik xususiyatlarning rolini yetarli darajada ochib bermaydi. Shuningdek, ishda ayrim millatlarning “vatanparvarlik” niqobidagi tor millatchilik, shovinistik, “katta og‘a bo‘lish orzusiga egalik” kayfiyatlarini bartaraf etishda baynalmilal tarbiya imkoniyatlaridan samarali foydalanish haqida fikr bildirilmagan.
Tadqiqot ishi doirasida vatanparvarlikning ayollarda namoyon bo‘lishini ko‘rib chiqish ham maqsadga muvofiq ish bo‘ladi. Bugungi kunda ayollarga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishi, ayollarning ijtimoiy munosabatlardagi o‘rni va faolligiga yangicha ehtiyoj shakllanayotgan sharoitda ulardagi vatanparvarlikning o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘rib chiqish zarur bo‘ladi.
“Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy va sotsial faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratish, huquq va qonuniy manfaatlariga so‘zsiz rioya qilinishini ta’minlash, onalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash”23, shuningdek, oila institutini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayollarning vatanparvarligi ularning sadoqati va fidoyiligi bilan belgilanadi. Ular uchun vatan o‘z oilasi va yaqinlari hisoblanadi. Jamiyatda sadoqat timsoli va avliyo sifatida tanilib, o‘zligini anglagan ayollarni “Sayyida”24 deb atalgan. Jumladan, “Momohavo yoki qadimiy yahudiycha “havvo” hayot manbai, Odamatoning xotini, birinchi ayol va inson zotining onasi bo‘lsa, Anbar ona esa xalq og‘zaki ijodi va islom an’analarida ayollar homiysi va piri, Bibi mushkulkushod – mushkulni oson qiladigan ayol, Bibi seshanba – oila baxtining himoyachisi, Maryam esa – taqvoli, siddiqa ayol, Oisha raziallohu anhu – Muhammad sallalohu alayhi vassallamning xotinlari, birinchi xalifa Abu Bakrning qizi, Fotima – Muhammad sallalohu alayhi vassallamning kenja qizlari. Robia al-Adaviya – zohidlarining taniqli vakilasidir. Robia al-Adaviyaning timsoli jamiyatning barcha ijtimoiy-ma’naviy munosabatga daxldorligi bilan ajralib turadi, u sadoqat bobida peshrav, oqila, matonat, iymon, pokizalik, shijoat timsoli sifatida gavdalanadi”25.
Sadoqat insonga xos eng ezgu ma’naviy-axloqiy xislat. “Ayolning sadoqati iymon, e’tiqod, shukur, sabr va matonatli bo‘lish kabi sifatlar orqali har qanday insonga namuna bo‘la oladi. Ayol shijoati shunchalik kuchliki, hech qanday to‘siq unga qarshilik ko‘rsata olmaydi. Shuning uchun bu shijoat hamisha yuksak ijobiy maqsadlarga xizmat qilishi kerak”26.
Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, nozik jins vakillari bilish jarayonlari (sezgi, idrok, xotira, tafakkur, xayol), ruhiy xususiyatlar (faoliyatni yo‘nalganligi, nutq turlari va diqqat) hamda shaxs o‘ziga xos xususiyatlarni boshqarish (mijoz, xulq atvor va hokazolar) kuchli jins vakillariga o‘ziga xos ustunlikka ega. Lekin shuni ham ta’kidlash joizki, to‘plangan ma’lumotlari qayta ishlash va xulosalashda qat’iylik hamda aniqlikda erkaklarning ustunligi ko‘plab holatlarda birmuncha sezilib turadi. Yuqoridagi fikrlardan mantiqiy xulosa chiqaradigan bo‘lsak, ayol va erkaklarni ruhiy tomondan ham bir birini to‘ldirib, qo‘llab quvvatlab, umrguzaronlik qilishga mos ravishda yaratilganligi kelib chiqadi.
Shuning uchun ham xotin-qizlarda vatanparvarlikni shakllantirish asosida ularni turli g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaslik, mafkuraviy tajovuz qurboniga aylanishidan asrash muhim ahamiyat kasb etadi. Ayollarda yot g‘oyalarga nisbatan mavkuraviy immunitetni shakllantirishning dastlabki bosqichi eshitgan narsalarga ko‘r-ko‘rona ishonib amal qilishdan avval uni ishonchli manbalar yordamida tekshirib olishga odatlantirish ekan27. Shuningdek, mafkuraviy immunitetni shakllantirishda qiziqishlarni inobatga olgan holda yondashish so‘ngra ustanovka (ko‘rsatma berish, yo‘naltirish) yoki anglanilmagan mayllarini hisobga olish lozim bo‘ladi. Yuqoridagilardan kelib chiqib ta’kidlash mumkinki, ayollarning faoliyatini kuzatish orqali ulardagi o‘zgarishlarni baholash asosida turli usullari orqali immunitetlarini shakllantirish mumkin.
Millat va mamlakatning kelajagi bo‘lgan yoshlar tarbiyasi ko‘p jihatdan ayollarga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan qaraganda, ekstremistlarning ayollarga bo‘lgan e’tibori ularning e’tiqodini o‘zgartirish orqali farzandlarining dunyoqarashini ham tegishli yo‘nalishda shakllantirish, millat, jamiyatning ertangi kunini muayyan yo‘singa solishga bo‘lgan intilish bilan belgilanishini ham ta’kidlash zarur28. Ayol shaxsi nihoyatda sodda, juda nozik, tabiatan mehribon o‘ta murakkab shu bilan birga tengsiz qahrli hamdir. Unda qanday xususiyat ustunlik qilishi ko‘p hollarda uni qurshab turgan hamjinslarga bog‘liq bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib ayolning atrofidagi ayollarga ham befarq bo‘lmaslik talab etiladi.
Yuqorida bildirilgan fikrlar asosida vatanparvarlikning falsafiy, axloqiy, ijtimoiy va ma’naviy mohiyatiga doir konseptual qarashlarni umumlashtirgan holda quyidagi xulosani aytish mumkin:
“Birinchidan, vatanparvarlik – davlat yashovchanligining jamiyat rivojlanishining muhim ichki safarbarlik manbasi, shaxsning faol fuqarolik qarashlari, uning o‘z vataniga fidokorona xizmat qilishga tayyorligi sifatida namoyon bo‘luvchi ma’naviy asos.
Ikkinchidan, vatanparvarlik – vatanga sadoqat bilan xizmat qilish, mamlakat yaxlitligi va suverenitetini ta’minlash, uning milliy xavfsizligi, barqaror rivojlanish, jamiyat va davlat manfaatlarining individual manfaatlar va intilishlardan ustunligini taqozo qiluvchi, hayotning oliy maqsadi sifatida shaxs, barcha ijtimoiy guruhlar va jamiyat qatlamlari faoliyatida namoyon bo‘luvchi burch, hamda majburiyat uchun asosiy mezon bo‘lgan ijtimoiy xulqi va o‘zini namoyon qiluvchi fazilatdir.
Uchinchidan, vatanparvarlik – fuqarolarning ijtimoiy, davlatga nisbatan individual erkinliklarining cheklanishi emas, balki rag‘bati sifatida, hamda fuqarolik jamiyatining har tomonlama rivojlanishining sharti sifatida namoyon bo‘luvchi, ongli va ixtiyoriy ravishda qabul qilinuvchi qarashlaridir”29.
Xulosa qilganda, yangicha yondashuvlar asosida vatanparvarlikni shakllantirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar olib borilishi muhim ekanligi ravshanlashadi. Bugungi jamiyatni kemiruvchi illatlar biz bilan yonma-yon ekan, unday illatlarga qarshi yuksak vatanparvarlik bilan mardonavor turib kurash olib borish har bir insonning vijdon ishi bo‘lib qolishi kerak.


Download 0.66 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   19




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling