Vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning ijtimoiy-falsafiy omillari


Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda an’anaviylik va zamonaviylik dialektikasi


Download 0.66 Mb.
bet8/19
Sana08.05.2023
Hajmi0.66 Mb.
#1443637
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   19
Bog'liq
Saidov Monografiya

2.3. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda an’anaviylik va zamonaviylik dialektikasi
Bugungi o‘zgarishlar sharoitida yoshlarni har tomonlama sog‘lom va barkamol qilib voyaga yetkazish nafaqat davlat siyosati darajasidagi vazifa, balki umummilliy strategiya hisoblanadi. Ularni ma’naviy va ma’rifiy jihatdan yetuk, milliy qadriyatlarimizni oqilona idrok etadigan, tafakkuri keng insonlar etib kamolga yetkazish, g‘ururli va or-nomusli, fikr va g‘oyalarini mustaqil ravishda aniq ifoda eta oladigan shaxslar sifatida rivojlantirish dolzarb ijtimoiy vazifadir. Ushbu maqsadlarga erishishda eng avvalo, an’anaviy va zamonaviy qarashlarni o‘zaro uyg‘unlashtirish muhimdir. Falsafiy tafakkurning ijtimoiy-siyosiy asoslari har qanday jamiyatning ijtimoiy ongini o‘zgartirishga hamda uning pirovardida maqsadlariga xizmat qilishga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasining hozirgi davri, bundan keyingi taraqqiyoti va istiqboli hamda mustaqilligining ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, madaniy-ma’naviy zamin va qadriyatlarini mustahkamlash uchun yosh avlodga dunyo standartlari darajasida bilim berish hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalash har doim jamiyatning eng dolzarb muammolaridan biri bo‘lib kelgan. Mazkur vazifalarni o‘z o‘rnida, to‘la-to‘kis amalga oshirilmagan taqdirda ijtimoiy taraqqiyot ham ta’minlanmaydi. Chunki jamiyat manfaati yo‘lida o‘zidagi barcha bilim, qobiliyat va iste’dodini baxshida etadigan o‘z kasbi va yurtiga fidoyi, yuksak bilim va ko‘nikmaga ega, mustahkam hayotiy pozitsiyasi shakllangan, tadbirli va ishbilarmon yetuk kadrlargina O‘zbekistonni dunyodagi har tomonlama ilg‘or davlatlar safiga chiqib borishini ta’minlab beradi.
Vatanga muhabbat shundan iboratki, har bir yosh avlodni ma’rifatli qilib voyaga yetkazish va yurt ravnaqi yo‘liga safarbar etishdir. Shuning uchun Islomda haqiqiy fidoiylik, bu ilm yo‘lidagi jiddu-jahd hisoblanadi. Bu esa shubhasiz mamlakatning gullab yashnashiga ta’sir etadi.
Shuning uchun ham yoshlarda vatanparvarlikni tarbiyalashda ularning ijtimoiy mas’uliyatini oshirish, millat, xalq va vatan oldidagi majburiyatlarini tushuntirish talab etiladi. Mazkur jarayonda mas’uliyat falsafiy kategoriya sifatida ijtimoiy voqelikda insonning anglanilgan xatti-harakatlarini ifodalaydi. “Bu falsafiy kategoriya orqali insonlarning ijtimoiy-ma’naviy, moddiy-jismoniy, ruhiy-tabiiy mas’uliyat kabi xislatlari qamrab olinadi va tahlilga tortiladi”74.
Mas’uliyatning ijtimoiy-ma’naviy funksiyasi turli zamon va makonga qarab o‘zgacha mazmun kasb etib boradi. Bu bevosita shaxslararo, guruhlararo, davlat va jamiyatlararo munosabatlar tarzida namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga, shaxs ma’naviy taraqqiyotining har bir bosqichida o‘z ifodasini topgan mas’uliyat darajasi ham o‘zgarib boradi va shaxs ma’naviy faoliyati, uning turfa xususiyatlari bilan bir butunlikda kechadi. Demak, ijtimoiy mas’uliyat inson ma’naviy hayotining mazmun mohiyatini tashkil qiluvchi bosh omil hisoblanadi. Har bir shaxs o‘zining vatan, xalq, jamiyat oldidagi fuqarolik burchi vijdon ishi ekanligini his qilmog‘i lozim. Zero, o‘z burchini, mas’uliyatini yaxshi his qilgan odamlarning xalq, yurt oldida obro‘yi, qadr-qimmati, mavqeyi oshib, bunday shaxslarni barcha birday e’zozlaydi75.
Mutafakkir olim Abdurauf Fitrat mas’uliyatni shaxsning “ma’naviy xatti – harakatlari majmui” sifatida talqin etadi76. Darhaqiqat, inson ma’naviy mavjudot ekan, uning xatti – harakatlarida ham ma’naviylik aks etishi tabiiy holdir. Shaxs qachon o‘zining harakatlari oqibatini o‘ylasa va buning uchun ma’naviy javobgarligini vijdonan his etsa, ana shunda mas’uliyat haqiqiy ma’naviy xatti-harakatlar majmuasiga aylanadi. F.A.Mamadaliyeva tadqiqotida: “Mas’uliyatda shaxsning o‘ziga xos ma’naviy jihatlari namoyon bo‘ladi. Masalan iymon-e’tiqodlilik, vijdoniylik, or-nomuslilik, irodalilik, ruhan poklik, samimiylik, g‘ururlilik, insonparvarlik, vatanparvarlik”77. Demak, bugungi tahlikali bir davrda ma’naviy barkamol shaxsni shakllanishida mas’uliyatning o‘rni beqiyos.
Yoshlarda mas’uliyatni o‘stirish ularda mustaqillik, shijoatlilik, dominantlik, o‘ziga ishonchlilikni shakllantirishga xizmat qiladi. Psixolog olim N.S.Safoyev, “Inson hayot qonuniyatlarini bilish va ularni o‘z faoliyatida qo‘llashga qodir ekan, demak shu nuqtai nazardan uning xulq-atvorini ijtimoiy me’yorlar bilan boshqarish mumkin. Qolaversa, inson o‘z qilmishlari uchun mas’uliyatni his qilishi lozim”78 – deb ta’kidlaydi.
Yana bir psixolog olima N.Sagindikova “Mas’uliyat o‘zi va boshqalar, jamoa oldidagi o‘z xatti-harakatlari uchun mas’ullikni bo‘yniga olib, shaxsning o‘zini boshqarishi va xulq-atvorini shakllantiruvchi eng asosiy xarakter sifatidir”79 – deb ta’riflab o‘tadi.
“Mas’uliyat” arab tilidan olingan bo‘lib, “javob bermoq ”, “javobgar bo‘lmoq” degan ma’nolarni anglatadi. Mas’uliyat tushunchasi Yevropa ilmida ilk bora falsafiy tushuncha sifatida XIX asrning 2-yarmidan boshlab qo‘llanila boshlangan. “Mas’uliyat” tushunchasi birinchi marta falsafaga 1859 yilda Alfred Ben tomonidan kiritilgan80.
Psixolog olima N.D.Sagindikova, “mas’uliyat o‘zi va boshqalar, jamoa oldidagi o‘z xatti – harakatlari uchun mas’ullikni bo‘yniga olib, shaxsning o‘zini o‘zi boshqarishi va xulq–atvorini shakllantiruvchi eng asosiy xarakter sifatidir”81 – deya ta’rif beradi.
Bugun mamlakatimiz O‘zbekistonda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotgan bir davrda shaxsning jamiyat oldidagi mas’uliyatini yuksaltirish har qachongidan ham muhimligi namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, globallashuv sharoiti ta’sirida avj olayotgan “ommaviy madaniyat” kabi tahdidlarga qarshi turishda shaxsda mas’uliyat tuyg‘usini takomillashtirish bugungi davrning dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi. Darhaqiqat, insonni hayvonot olamidan farqlovchi jihati bu unda mas’uliyat hissining mavjudligidadir. Mana shu mas’uliyat tuyg‘usi orqali inson o‘zining ma’naviy mavjudot ekanligini anglab boradi. Inson o‘zining ma’naviy kamolot imkoniyatlarini yuzaga chiqarish lozimligini anglab yetgan sari o‘zligini anglay boshlaydi. Har qanday insonni shaxs deb atay olish qiyin. Shaxsga ijtimoiylik xususiyatlari xos. “Insonlar shaxs bo‘lib dunyoga kelmaydilar, ijtimoiylik xususiyatlari nasldan naslga o‘tmaydi, balki kishilar ijtimoiy muhitda, jamiyatda shaxs bo‘lib shakllanadilar. Inson jamiyatdagi kishilar bilan muloqoti jarayonida ijtimoiy munosabatlarga kirishadi va unda sekin asta individdan shaxsga aylana borish imkoniyati yuzaga keladi”82. Ijtimoiylashuv sababli insonda yangidan-yangi shaxsiy xislatlar paydo bo‘ladi, ya’ni o‘zining xatti-harakatlari uchun javob berish, o‘zini o‘zi nazorat qilish, o‘zi-o‘zini tarbiyalash, ijtimoiy faollik, mustahkam e’tiqodga, o‘z dunyoqarashiga egalik, mustaqil qarorlar qabul qilish va o‘z fikrlarini erkin bayon etish shaxsga xos xususiyatdir. Inson qachon o‘zining oila a’zolari oldidagi, millat oldidagi, Vatan oldidagi, jamiyat oldidagi va qolaversa, umuminsoniyat oldidagi mas’uliyatini jiddiy his etsa, uni tom ma’nodagi haqiqiy shaxs hisoblash mumkin. Shulardan kelib chiqib, shaxs mas’uliyati insonning haqiqiy mohiyatini belgilaydi, deb xulosa qilish mumkin.
Ma’lumki, jamiyat va mamlakatning barcha jabhalardagi rivojlanishida insonning ijtimoiy faoliyati, xususan, uning Vatan oldidagi mas’uliyati birinchi o‘rinda turishi kerak. Ana shu jihat qancha yuqori bo‘lsa butun jamiyatda farovon hayot kechirishga imkon yaratiladi, chunki jamiyatning eng katta boyligi ana shu insonlar va ularning go‘zal fazilatlaridir. Agarda yuksak ma’naviyatli jamiyat shakllanishiga qat’iy ishongan, bunga chuqur e’tiqod etadigan kadrlar yetishtirilsa, avvalo shunday jamiyat bo‘lishiga komil ishonchi va e’tiqodi bo‘lgan imonli, barkamol insonlarni tarbiyalay olinsagina ana shu jamiyat va davlatda barqarorlik, farovonlik, osoyishtalik, taraqqiyot tezlashadi. Shuning uchun ham mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab, toki bugungi kunga qadar bu masalaga davlat siyosati darajasida qarab kelingan. “Bugungi kunda farzandlarimizning ma’naviy olamini yuksaltirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash”83 masalasi biz uchun eng dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Ta’lim tizimining barcha bosqichlarida vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish o‘ziga xos xususiyatlarga egadir. Xoh u an’anaviy dialektik uslub bo‘lsin, xoh u zamonaviy dialektik uslub bo‘lsin, yuqoridagi ma’naviy-axloqiy fazilatlar oliy ta’limda yanada mustahkamlanadi va talabalarning hayotida faollik va sadoqat mezoniga aylanadi. Tarbiyaviy ishlarni to‘g‘ri tashkil etgan ta’lim muassasalarida talabalarda o‘z faoliyatida maqsadli kurash olib borish, mustaqil fikrga ega bo‘lgan fidokor, tarixni to‘g‘ri anglash, o‘z kuchiga ishonchni qabul qilish, islohotlarda faol ishtirok etish, urf-odatlarni, an’analarni asrash, atrofga hurmat bilan qarash, ezgu g‘oyalarga sadoqat, ma’rifatni yot g‘oyalarga qarshi qo‘ya bilish, ogohlikni, bunyodkorlikni, ma’naviy yuksaklikni namoyon etish, jamoa tashkilotlarida faol ishtirok etish, turli mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurash, globallashuvning salbiy jihatlarini to‘g‘ri tahlil qilgan holda kurasha olish, yurt tinchligi va taraqqiyoti yo‘lida o‘zini faol ishtirokchi sifatida namoyon eta olish fazilatlari shakllanib boradi.
Shuningdek, bugungi shiddatli o‘zgarishlar davrida mustaqillikni mustahkamlashning faol kurashchisi bo‘lib, milliy bayramlardan, g‘oyaviy targ‘ibotdan foydalanish, globallashuvning turli illatlariga, axborot xurujlarining har qanday ko‘rinishiga, «ommaviy madaniyat» tahdidiga nisbatan g‘oyaviy kurashchanlikni namoyon qilish, milliy o‘zlikni himoya qilish uchun kurasha olish, buzg‘unchi g‘oyalarga, xoinlikka, loqaydlikka, mahalliychilikka, terrorizmga, kosmopolitizmga qarshi kurashish, buyuk kelajakka ishonch hissi bilan yashash fazilatlari shakllanadi.
O‘zbekistonning yangi rivojlanish bosqichida inson omili bilan bog‘liq shunday muammolar yuzaga kelmoqdaki, ularning ko‘lami ijtimoiy falsafa sohasining muhim tadqiqot ob’yektiga aylandi. Insonning oliy tuyg‘ularidan biri sanalmish vatanparvarlik hissini shakllantirish va yuksaltirish masalasi ana shunday muammolar sirasiga kiradi. Vatanparvarlik tarbiyasida ijtimoiy muhit, an’ana, mafkura va g‘oyalar bilan bog‘liq jihatlarni ilmiy tadqiq etish muhim ahamiyatga ega. Ularni quyidagicha izohlash mumkin:
Birinchidan, mustaqillik tufayli yangi ma’naviy qadriyatlarning yaratilishi, inson erkinligi va qadr-qimmati bilan bog‘liq huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy tushunchalarning paydo bo‘lishi ma’naviy-axloqiy ongning mohiyatini ijtimoiy-falsafiy tahlil qilishni talab qilmoqda;
Ikkinchidan, yurtga sadoqat tuyg‘ularini ilmiy jihatlari keng ko‘lamli tadqiqotlarni taqozo etadi. Chunki, mamlakat taraqqiyotida vatanparvarlik, insonparvarlik an’analari va g‘oyalari bilan uyg‘un holda rivojlanishi o‘z o‘rnida, ijtimoiy-siyosiy, mafkuraviy vaziyat va muhit bilan bog‘liqdir. Shuning uchun turli an’ana, qadriyat va g‘oyalarning o‘zaro integrasiyasi ro‘y berayotgan hozirgi globallashuv sharoitida mazkur muammoni tadqiq etish har qachongidanda muhim ehtiyojga aylanib bormoqda;
Uchinchidan, xalqaro va davlatlararo ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy munosabatlarda asosan siyosiy va huquqiy mezonlar yetakchilik qilgan bo‘lsa, XXI asrga kelib bu jarayonlarga yuksak insoni fazilatlar ham katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu ta’sirning ijtimoiy-falsafiy asoslarini ilmiy tadqiq etish g‘oyatda muhim masalalar sirasiga kiradi;
To‘rtinchidan, insoniyatni birlashtiruvchi ma’naviy integrativ tizim yaratilayotgan bir paytda yoshlar ongiga ko‘rinishdagi tahdidlar kuchayib bormoqda. Bugungi kunda turli xil shakl va ko‘rinishlardagi bu tahdidlarga qarshi kurashning ilmiy fundamental asoslarini yaratish zarurligini taqozo etmoqda;
Beshinchidan, globallashuv o‘zining ijobiy jihatlari bilan birga ezgulik, bag‘rikenglik, shafqatlilik, muruvvatlilik kabi umuminsoniy axloqiy qadriyatlarga qarshi «ommaviy madaniyat» nomi ostida kosmopolitik dunyoqarash singari tahdidlar ham yuzaga keltirayotganligini unutmaslik zarur. Bu borada mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Albatta, biz mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallagan, mustaqil hayotiy pozitsiyaga ega bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Ammo, xolisona tan olib aytadigan bo‘lsak, bugungi kunda butun dunyoda aholining, birinchi navbatda, yoshlarning ongi va qalbini egallash uchun qanday keskin kurash borayotganini, diniy ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik, «ommaviy madaniyat» kabi tahdidlar kuchayayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, farzandlarimiz tarbiyasi, ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ishlarimizni bir zum susaytirmasdan, aksincha, ularni yangi bosqichga ko‘tarishimiz zarur»84, – deya ta’kidlaydilar.
Oltinchidan, yoshlarning zamonaviy qiyofasini shakllantirishda ma’naviy-diniy qadriyatlar, allomalarning ilmiy merosi hamda xalq tafakkuri ijtimoiy ahamiyatga ega. Vatanparvarlikning tub mohiyati deyarli barcha xalqlarning diniy va falsafiy, ijtimoiy-axloqiy tasavvur, tushuncha va qonun-qoidalari bilan uyg‘un holda o‘z ifodasini topgan.
Yettinchidan, bugungi kunda ta’lim tizimida bo‘layotgan o‘zgarishlar faqat o‘quv jarayonlarini takomillashtirishnigina nazarda tutmasdan, balki milliy falsafamizning yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlaridan oqilona foydalanishni ham taqozo qilmoqda. Bu jarayonda professor-o‘qituvchilar, sohaning boshqaruv xodimlaridan ham yuksak mas’uliyat talab etiladi. Demak, bugun yoshlar ongida vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish eng dolzarb masalalardan hisoblanmoqda. Vatanparvarlik va insoniylik fazilatlari ijtimoiy faoliyatda ko‘proq namoyon bo‘lib, u jamiyat ijtimoiy-ma’naviy hayotining yangilanishida yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi.
Axloqiy qadriyatlarning sermazmun va o‘ziga xos jihatlari ontologik, gnoseologik, aksiologik va etikaviy kabi turli yondashuvlarning o‘zaro bog‘liqligi natijasi sifatida birmuncha to‘la namoyon qilinishi mumkin. Ushbu vazifani amalga oshirish axloqiy qadriyatlarning ob’yektiv va sub’yektiv nisbati, mavjudligi va burchliligi, ma’naviy va amaliy atributiv xususiyatlarini aniqlashda muhim shart hisoblanadi. Ushbu umumlashmalar birmuncha keng falsafiy kontekst doirasida tadqiqot predmetiga nisbatan qo‘llaniluvchi axloqiy qadriyatlar ta’rifini aniqlashtirishga imkon beradi.
Globallashuv davrishuni ko‘rsatadiki, his-tuyg‘ular tarbiyalanganligi ko‘p jihatdan insonning boshqa insonlarga hamdardligi, boshqacha aytganda, insonlararo madaniy munosabatlarda sog‘lom-axloqiy muhit yaratish uchun zarur bo‘lgan sifatlarga bog‘liq. Shu ma’noda, vatanparvarlikni shakllantirishda axloqiy madaniyatning ustuvor bo‘lishi bilan bog‘liq masala sifatida qaralganda harbiyning shaxs sifatidagi fazilatlarini quyidagi komponentga ajratib ko‘rsatish mumkin:
a) ma’naviy-axloqiy bilimlar;
b) his-tuyg‘u, emotsiyalar;
v) xulq-atvor, xatti-harakatlar.
Mazkur komponentlarning dialektik nisbati va o‘zaro harakatida inson axloqiy madaniyati o‘zining mohiyatini ifodalaydi. “Inson real ijtimoiy erkinlik va faollikka ega bo‘lgan holda o‘z kasbiy faoliyati uchun shaxsiy mas’uliyatni his etishga majbur. Chunki, qaror qabul qilish, o‘z xulq atvorini rejalashtirish va xatti-harakatlarining o‘zi axloqiy faoliyatning asosiy bo‘g‘inlaridir”85. Shaxs axloqiy madaniyatining yana bir muhim yo‘nalishi insonda ko‘nikmalarni tarbiyalash va axloqiy xulq-atvorni egallashdadir. Insonning butun hayoti asosida axloqiy xulq-atvor madaniyati ijtimoiy tajriba to‘plashning uzluksiz jarayonini aks ettiradi.
Hozirgi davr sivilizasiyasi barcha soha vakillaridan aql, idrok, iroda, iqtidor va yuksak intellektni talab etadi. Bu ayniqsa, shaxsning ta’lim jarayonida shakllantiriladigan qobiliyati va fazilatlariga tobora bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Endilikda klassik fanlarning oliy maqsadlari va me’yorlariga muvofiq ravishda qurilgan ta’lim ushbu muammolarni hal etishga va bugungi tez o‘zgarib borayotgan dunyoda to‘liq harakatlanishga ojizlik qilmoqda.
Bugungi kunda ta’limni modernizasiya qilishga metodologik yondashuv xodimni tayyorlash uchun nafaqat tarbiya tadbirlari majmuidan, balki vatanparvarlik va ma’naviy-axloqiy tarbiya tizimini ham qo‘llash zarurligini taqozo etadi. Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotganlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimi yoshlarda faollikni maqsadli shakllantirishni ta’minlashga, ularni davlatning umumiy vazifalarini hal etishga har tomonlama jalb qilinishiga imkon berishga, ularda O‘zbekiston Respublikasi milliy manfaatlariga muvofiq ravishda harakat qilish ko‘nikmasini shakllantirish uchun sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Vatanparvarlik va ma’naviy-axloqiy ruhda tarbiyalash tizimi tegishli ijtimoiy tuzilmalarni, tarbiyaning me’yoriy-huquqiy va ma’naviy-axloqiy asosini, ta’lim va ma’naviy faoliyat darajasini, shuningdek, oliy ta’lim muassasasida ta’lim olayotganlarda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini qamrab oladi.
Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimining muhim tarkibiy qismi – bu tarbiyaviy ishlar bo‘linmalari asosida, fakultetlar, kafedralar, ijtimoiy harbiy qismlar, ilmiy va ijodiy birlashmalarning faol ishtirokida tashkillashtiriluvchi va amalga oshiriluvchi ommaviy vatanparvarlik ishidir. “Vatanparvarlik va ma’naviy-axloqiy ruhda tarbiyalashning me’yoriy-huquqiy ta’minoti me’yoriy bazaning takomillashtirilishini, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning ijtimoiy-huquqiy maqomining aniqlanishi, oliy ta’lim muassasasining har bir tarkibiy qismlarining mamlakat hayotining barcha jabhalarida yuz bergan o‘zgarishlar va o‘ziga xos xususiyatlarini e’tiborga olgan holdagi tarbiyaning yagona tizimining tarkibiy qismlari sifatidagi asosiy vazifasi ham ta’lim oluvchilarda vatanparvarlik tarbiyasini tizimli yo‘lga qo‘yishdan iborat”86.
Umuman olganda, falsafaning bosh masalasi hisoblangan tafakkur har doim vatanparvarlik ruhida tarbiyalanishning asosi va muhim ob’yekti bo‘lib kelgan. Shunday ekan, uning ko‘rsatkichlari va mezonlari – ta’lim oluvchilarning faolligi, ma’naviy qadriyatlarni anglashi, ajdodlarga hurmat va ayni paytda Vatanini buzg‘unchi ta’sirlardan himoya qilishi bilan belgilanadi. Buning asosiy mezoni shaxsning dunyoqarashi, qadriyatlarga munosabati, ma’naviy haqqi, insoniylik darajasida ko‘rinadi.
Axloqiy his-tuyg‘ular madaniyati boshqalar bilan hissiy ochiqlik, xayrixohlik ko‘rinishdagi muomalada namoyon bo‘ladi. Axloqiy ong madaniyati esa ijtimoiy amaliyot sub’yektlarining o‘zaro tushunish va hurmatga qodirligi sifatida namoyondir. Yoshlarning shaxslararo munosabatlari tahlili shuni ko‘rsatadiki, hurmat bilan munosabat jamoada ziddiyatli vaziyat yuzaga kelishining oldini olishga imkon beruvchi ichki intizom sifatida namoyon bo‘ladi.
Axloqiy o‘z-o‘ziga baho berish va o‘z-o‘zini intizomga chaqirish ko‘nikmalari tiyib turuvchi omil sifatida yuzaga chiqadi. Bu ko‘nikmalar o‘ylanmagan, kutilmagan favqulodda xatti-harakatlardan muhofaza qilishi bilan birga, shaxsning xulq-atvor madaniyati axloqiy va estetik uyg‘unlikni ham o‘z ichiga oladi. Ayniqsa, yoshlar faoliyatida axloqiy madaniyatning milliy ko‘rinishlarini shakllanishi jamiyatning istiqboliga, taraqqiyotiga xizmat qiladi. Bu quyidagilarda o‘z ifodasini topadi:
axloqiy madaniyatni shakllantirish orqali o‘zlikni anglash yuzaga keladi. O‘zini anglagan inson, jamiyatni va uning taraqqiyotini anglaydi;
axloqiy madaniyat asosida yosh kadrlarda o‘z ajdodlari oldida mas’uliyat hissi paydo bo‘ladi. Mavjud axloqiy tamoyillarni yanada rivojlantirishga harakat qiladi;
axloqiy madaniyat orqali vatanparvarlik shakllanadi. Yurtga, xalqqa, o‘zi tug‘ilib o‘sgan tuproqqa mehr bilan qaraydi. Uning osori atiqalari, qadriyatlarini ko‘z qorachig‘iday asrashga harakat qiladi. O‘z xalqiga muhabbat paydo bo‘ladi. O‘z millatini sevish o‘zga millatlarni yoqtirmaslik hisobiga yuz bermaydi. Zero, o‘z qadrini bilgan o‘zganing ham qadrini biladi;
axloqiy madaniyat shaxs tarbiyasiga yordam beradi. O‘z fikriga ega, dunyoqarashi keng shaxslar jamiyatni olg‘a siljitishga, insoniyat tajribasiga tayanib xulosalar chiqarishga, yurtning ertasiga xizmat qiladi;
axloqiy madaniyat orqali kishi o‘ziga hayotiy ideallar topadi. Ularning ishlarini o‘rganadi, ular singari bo‘lishga harakat qiladi. O‘zini to‘laqonli inson sifatida kashf etish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Tadqiqotchi olim O.Maxmudov vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirishga qaratilgan fikrlarida, “Kindik qoni to‘kilgan joydan arazlash dunyodagi og‘ir gunohlardan sanaladi... Vatanga mehr qo‘yishning darajasi bo‘lmaydi, ya’ni biroz kam yoki biroz ortiq sevilmaydi. Chunki Vatan yagona, Vatan bittadir”87 ekanligini alohida ta’kidlaydi. Bugungi kunda ko‘pchilik olimlar o‘z tadqiqotlarida globallashuv jarayonini shiddatli tus olayotgani odamlarda kosmopolitik qarashlarni shakllanishiga turtki bo‘layotgani haqidagi fikrlarni ilgari surmoqda. Bu borada ular qaysidir ma’noda haq. Sababi, globallashuv jarayonini ijobiy tomonlari bilan bir qatorda salbiy, xavfli jihatlari ham borki, bunda ta’lim, tarbiya muassasalari, mahalla o‘z-o‘zini boshqarish organlari, oila instituti, umuman barcha jamoatchilikda ulkan mas’uliyat yuklaydi. Shu bilan birga har bir fuqaroda ham xuddi shunday axborotlarni to‘g‘ri tahlil qilishda mustahkam fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lishini taqozo etadi.
Vatan xususida ma’rifatparvar jadidlardan bo‘lmish Abdulla Avloniy o‘z qarashlarida: “Har bir kishining tug‘ulub o‘sgan shahar va mamlakati shul kishining Vatani deyilur. Har kim tug‘ulgan, o‘sgan yerini jonidan ortiq suyar. Hatto bu Vatan hissi-tuyg‘usi hayvonlarda ham bor. Agar bir hayvon o‘z vatanidan - yurtidan ayrilsa, o‘z yeridagi kabi rohat-farog‘atda yashamas, maishati talx bo‘lub, har vaqt dilining bir go‘shasida o‘z vatanining muhabbati turar”88 – deya ta’rif berib o‘tadi. Vatan tushunchasi, uning inson qalbidagi ahamiyati beqiyos. Jadidlar o‘z davrida mamlakat mustaqilligi yo‘lida o‘z jonlarini xatarga qo‘yib kurash olib borgan. Ular aholini ilm-ma’rifatli qilish, yoshlarni taraqqiy etgan mamlakatlarga o‘qishga jo‘natish, diniy va dunyoviy bilimga yo‘naltirish, maktab ta’limini rivojlantirish va shu orqali aholi dunyoqarashini shakllantirishga erishishni maqsad qilgan. Ilmga, ma’rifatga intilgan jamiyatda ma’naviy dunyoqarash o‘z-o‘zidan shakllanib boradi.
XIX asrning oxirlari va XX asr boshlarida yurtimizda “jadidlar” oqimi vujudga keldi. Behbudiy, So‘fizoda, Avloniy, Cho‘lpon, Fitrat va boshqa jadidchilik harakati namoyondalari merosiga diqqat qilinsa, o‘sha davrda yurtimizda ma’naviy tushunchalarning ko‘lami qanchalik keng bo‘lganligini yaqqol ko‘rish mumkin. Ularning asarlarida gohida biz allaqachon esimizdan, tilimizdan va balki dilimizdan ham chiqarib yuborgan qadriyatlar, tushunchalarga duch kelamiz. Jadidlarning merosi xalqimiz madaniyatiga yanada kattaroq ta’sir ko‘rsatishi mumkin edi. Afsuski, bolsheviklar boshlagan siyosiy jarayonlar bu avlodning boy merosini o‘z domiga tortdi, uning taqdiri ayanchli kechdi, taqiqlab qo‘yildi. O‘tmish avlodlar ardoqlagan va buyuk ajdodlarimizdan meros qolgan sharqona qadrlash mezonlarini yuz o‘ttiz yil sarobga aylantirish uchun qilingan urinishlarning oqibatlari haligacha sezilib turadi. Faqat mustaqillik yillariga kelib, ushbu sohada ham ijobiy siljishlar boshlandi”89.
Tarixchi olim Narzulla Jo‘rayev tarixning o‘ziga xos falsafiy qoidalari xususida, Insoniyat tarixi turli davrlarda, turli shakllarda Uyg‘onish hodisasini boshdan kechirgan. Bir necha asrlik mustamlakachilikdan so‘ng yoxud milliy tanazzul iztiroblaridan keyin shunday hodisalar ro‘y beradiki, odamlar o‘zlarni anglay boshlaydilar. Fikriy mudroqlikka chek qo‘yadilar. Hayotni, olam rang-barangligini his qila boshlaydilar. Tafakkur qudrati bilan yashashga ehtiyoj sezadilar.
Ana shunday paytda inson hayoti tobora chuqurroq mazmun kasb etadi. Insonlikni anglash, odam bo‘lib tug‘ilib, odam bo‘lib yashash zarurati milliy ehtiyoj darajasiga ko‘tariladi. Natijada milliy ravnaqqa, umumbashariy taraqqiyotga turtki bo‘ladigan jiddiy o‘zgarishlar, umuminsoniy qadriyatlarni yangidan-yangi ne’matlar bilan boyitadigan tub burilishlar vujudga keladi”90 deb ta’kidlagan. Olim insoniyatning ma’naviy ehtiyojlarini to‘g‘ri ochib bergan. Haqiqatda ham tarix va vaqt oralig‘ida jamiyat turli sinovlardan o‘tishi bor gap.
Xulosa qilganda, geosiyosiy o‘zgarishlar va xalqaro terrorizm tufayli yuzaga kelgan xalqaro boshboshdoqlik va beqarorlikning kengayishi sharoitida jamiyatlarning ichki barqarorligi muhim omil hisoblandi. Bunday vaziyatda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim yo‘nalishlari, mazmun va natijalari kompleks tadqiq qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Download 0.66 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   19




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling