Vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning ijtimoiy-falsafiy omillari
Vatanparvarlik, harbiy vatanparvarlik va sadoqat tushunchalarining axloqiy asoslari, farqli jihatlari va dialektik aloqadorligi
Download 0.66 Mb.
|
Saidov Monografiya
1.2.Vatanparvarlik, harbiy vatanparvarlik va sadoqat tushunchalarining axloqiy asoslari, farqli jihatlari va dialektik aloqadorligi
Vatanparvarlik yuksak axloqiylikni namoyon etadigan tuyg‘u bo‘lib, uning mazmuni vatanga mehr qo‘yish, vatanni himoya qilish, uning xavfsizligi va yaxlitligini ta’minlashga bevosita va bilvosita mas’ullik orqali mustahkamlanadi. Shuning uchun ham chinakam vatanparvarlik o‘zidan oilani, oiladan Vatanni, Vatandan insoniyatni ustun qo‘yishi talab etadi. Vatanparvarlik bilan bog‘liq tushunchalar orasida vatanni sevish va vatanga sadoqat tushunchalari ajralib turadi. Mazkur paragrafda ularning axloqiy asoslari, farqli jihatlari va o‘zaro dialektik aloqadorligi tahlil qilingan. “Vatanga sadoqat axloqning oliy tamoyillaridan biri bo‘lib, ushbu tamoyillarni biron bir shaxs yaratmagan, muayyan ijtimoiy munosabatlarga muvofiq hayot jarayonida axloqiy ong shakllari sifatida vujudga kelgan qonun qoidalar hisoblanadi. Shunga ko‘ra umuminsoniy axloq prinsiplari deb jamiyatning ma’naviy ongida ishlab chiqilgan, insonning ma’naviy mohiyatiga, burchiga, hayotining mazmuniga va kishilar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning tabiatiga ta’luqli bo‘lgan umumiy talablarni aks ettiradigan, insonlar faoliyatining umumiy yo‘nalishini ko‘rsatib beradigan va muayyan xulq atvor normalariga asos bo‘lib xizmat qiladigan qonun qoidalariga aytiladi”30. Vatanga sadoqatga uyg‘un tushuncha sifatida fidoyilikni keltirish to‘g‘ri bo‘ladi. Bu bo‘yicha izohli lug‘atda, “Fidoiylik boshqalar manfaati yo‘lida o‘z qonuniy manfaatlarini, hatto hayotini qurbon qilishga tayyor turgan, jamiyat uchun umumiy bo‘lgan oliy maqsad va ideallarni deb o‘zidan kecha oladigan kishilar xatti-harakatlarini ifodalovchi ma’naviy tushuncha”31 – degan ta’rif keltiriladi. Umuman olganda inson qalbida mavjud fazilatlar o‘zaro uyg‘un bo‘lib, shaxs kamolotini yuksaltirishga xizmat qiladi. Fidoyilik badiiy va ommabop asarlarda ham ko‘p keltiriladi. Xususan, O.Maxmudov o‘zining “Farzandnoma” asarida keltirishicha, “fidoiylikning ilk belgisi – yurtparvarlik hisoblanadi. Ushbu buyuk insoniy fazilat fidoiyning fitratida mavjud. Yurtparvarlik bor joyda esa, Vatanga sodiqlik, uni ko‘z qorachig‘idek asrash g‘oyasi oliy maqsadga aylanadi. Ezgu maqsad yo‘lida mustahkam e’tiqod, yurtdoshlariga ishonch, lafz pokligi, mas’uliyatni zimmaga olishdagi jasorat – fidoyi umrining mazmunini tashkil etadi. Tabiiyki, bu toifadagi kishilarni fidoyilar deb ataydilar”32. Demak, ushbu fikrlardan ham ko‘rinib turibdiki, vatanparvarlik va fidoiylik fazilatlarining bir-biriga juda yaqin tushuncha ekanligini ko‘rish mumkin. Shu bilan birga vatanparvarlikni tadqiq etishda, fuqaro va harbiy vatanparvarlik tushunchalarining farqini bilib olish, ularning dialektik aloqadorligini tushunish va tarbiya tizimida farqli jihatlarini singdira olish muhim ahamiyat kasb etadi. Harbiy qomusiy lug‘atlarda vatanparvarlikning mazmuni “yurtga sodiqlik, Vatanga muhabbat, el manfaatlariga xizmat va mamlakatni dushmandan himoya qilish”33 deb talqin etiladi. Umuman olganda harbiy vatanparvarlikning mazmun-mohiyati shu ta’rifda mujassam bo‘ladi. Biroq, fuqaro vatanparvarligi – huquqiy madaniyat va qonunga itoatkorlik haqidagi bilimlar tizimi bo‘lib, jamiyat va davlatdagi siyosiy-huquqiy hodisa – jarayonlarning yangiligini baholash, fuqarolik pozitsiyasiga egalik, xalqiga xizmatda doimo tayyor turish va konstitusiyaviy burchini bajarishdan iborat”ligi ta’kidlanadi. Demak, “harbiy vatanparvarlik va fuqaro vatanparvarligi tushunchalari bir ma’noga egadek ko‘rinsa-da, aslida ularning maqsadi, o‘z ob’yektiga yondashuvi o‘rtasida farq bor: harbiy vatanparvarlikning fuqaro vatanparvarligiga nisbatan qamrovi keng. Bundan tashqari, harbiy vatanparvarlikning mohiyati davlat manfaatlari va davlat yaxlitligini himoya qilishga ko‘proq e’tibor qaratadi. Fuqaro vatanparvarligida esa, davlat va fuqaro o‘rtasidagi aloqadorlikka urg‘u beriladi”34. Shuni inobatga olganda, harbiylar O‘zbekiston fuqarosi sifatida ham “fuqaro vatanparvarligi”ni harbiy xizmatchi sifatida ham “harbiy vatanparvarlik”ni amalga oshiradilar. Shu bilan birga, harbiy vatanparvarlik – umumxalq, umummilliy vatanparvarlikning alohida turi va ajralmas qismi bo‘lib, u O‘zbekistonning davlat mustaqilligiga erishgan va uni mustahkamlash sharoitida yana ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ayrim tadqiqotchilar fikricha, vatanparvarlik tarbiyasidagi kompleks yondashuv maqsadga yo‘naltirilganlik va tabaqali yondashuvni taqozo etadi. Bunda vatanparvarlik komil insonni tarbiyalashga qaratilgan barcha tadbirlarning bosh maqsadi, ta’lim-tarbiya ishlarining ibtidosi bo‘lib xizmat qilishi zarurligi tahlil qilinadi. Yoshlarda vatanparvarlik va milliy iftixor tuyg‘usining kuchliligi ularning ma’naviy kamolotga bo‘lgan ehtiyojlarini mustahkamligini va barqarorligini ta’minlashi ko‘rsatib o‘tiladi35. Shuningdek “vatanparvarlik tarbiyasi davlat organlari, jamoat birlashmalari va tashkilotlarining yoshlarda yuksak vatanparvarlik ongi, o‘z vataniga sodiqlik hissi, fuqarolik burchini bajarishga, uning manfaatlarini himoya qilishga tayyorgarlikni shakllantirish bo‘yicha rejali, tizimli, maqsadga yo‘naltirilgan va uyg‘unlashgan faoliyatdir”36, degan ilmiy umumlashmalarda vatanparvarlikning ijtimoiy mazmuni, ilmiy zaruriyati va nazariy ahamiyati haqida yangi qarashlarilgari suriladi. Biroq, vatanparvarlikni tarbiya sub’yektlari nuqtai nazaridan yanada kengroq talqin etish mumkin. Hozirgi davrda vatanparvarlik ona yurtning, xalqning tarixi va taqdiriga chuqur hurmat bilan qaraydigan, Vatan manfaatlari yo‘lida fidoiylik namunalarini ko‘rsatishga qodir bo‘lgan yoshlarga xos fazilatga aylanishini talab etmoqda. Chunki, vatanga muhabbat va uning kelajagiga ishonch umumxalq manfaatlariga qaratilgan yagona maqsad asosida shakllangandagina vatanparvarlik o‘z taqdirini vatan, millat taqdiri bilan bog‘lagan barcha kishilar fazilatiga aylanadi. Shuning uchun vatanparvarlik fazilati barchani o‘z ishiga mas’uliyat bilan qarashni, Vatanni asrash va himoya qilishni, mamlakatda tinchlik, barqarorlik va osoyishtalikni saqlashga intilish hamda xalqaro munosabatlarda vatan, millat manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishni talab etadi. Fikrimizcha, vatanparvarlikni yanada yaqqolroq tasavvur qilishda kundalik faoliyatning axloqiy qadriyatlarini tahlil qilish lozim. Bunday fazilatlar qatoriga quyidagi vatanparvarlik, burch, mas’uliyat, sha’n, g‘urur, insonparvarlik, mehribonlik, birodarlik, e’tiqodlilik, olijanoblik, qat’iyatlilik, fidoyilik, vijdonlilik, ijrochilik, mas’ullik, mustaqillik, itoatkorlik, jonbozlik, beg‘arazlik, batartiblik, haqqoniylik, professionalizm, odillik, onglilik, mehnatsevarlik, samimiylik kabi ijobiy jihatlar kiradi. Shuningdek, vatanga sadoqatlilikni namoyon qiluvchi jangavor fazilatlar sirasiga mardlik, jasurlik, qo‘rqmaslik, qahramonlik, botirlik, kuchlilik, mardonavorlik, bardoshlilik, dovyuraklik va boshqa ijobiy jihatlar kiradi. Ta’kidlash joizki, vatanparvarlik milliy merosimizning qadimiy tarixi va ma’naviy manbalariga borib ulanadi. Chunki, yoshlarda g‘urur, or-nomus, sha’n, ishonch va sadoqat kabi axloqiy fazilatlarni shakllantirish bevosita vatanparvarlik shartlari asosida reallikka aylanadi. Bundan tashqari, Shiroq, Jaloliddin Manguberdi, Najmiddin Kubro, Temur Malik, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi bobokalonlarimizning vatanparvarligini axloqiy ideal sifatida ulug‘lash, ularning vatanparvarlik fazilati bilan bog‘liq axloqiy qarashlari va hayotiy faoliyatlari aks etgan manbalarni chuqurroq tahlil qilish, yoshlarda vatanparvarlikni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. O‘zbek xalqining axloqiy qadriyatlarida vatanparvarlik yurt tarixi, taqdiriga chuqur hurmat bilan qarash, Vatan himoyasi yo‘lida fidoyilik namunalarini ko‘rsatishga qodir bo‘lgan shaxslarga xos fazilat sifatida qadrlanadi. Bu tuyg‘u “muhabbat”, “ishonch”, “sadoqat” kabi axloqiy tushunchalar asosida shakllanib, kishilarning qalbidan chuqur o‘rin olganligi uchun ham davrlar mobaynida o‘z mavqeyini yo‘qotmay kelayotgan falsafiy kategoriyadir. Vatanparvarlik o‘zida birlashtirish, yo‘naltirish, jipslashtirish, safarbar qilish kabi axloqiy sifatlarni mujassam etganligi uchun o‘zbek xalqi ma’naviy merosiga taalluqli barcha manbalarda ulug‘lanadi. Bunda yuksak ma’naviy qadriyatimiz hisoblangan Islom dini ham mustasno emas. Sharq axloqshunosligida vatanparvarlik fazilatiga xos bo‘lgan qator sifatlar ko‘rsatib o‘tiladi. Bu sifatlar o‘z navbatida, vatanparvarlikning axloqiy mazmunini boyitishga xizmat qiladi. Quyida ularning ayrimlarini tahlil qilamiz: Sir saqlash. Bu fazilat insonlar uchun juda ham zarur hisoblanadi. Chunki, sir saqlay bilish insonga nisbatan ishonchni bildiradi. U davlat, jamoa, oila yoki shaxsiy sir bo‘lishidan qat’iy nazar birovning sirini hech kimga aytmaslik kerakligini har bir shaxs anglashi zarur. Chunki, o‘zga tomonidan so‘zlangan sir omonat hisoblanadi va ayniqsa, o‘sha sir egasining iznisiz uni boshqa odamga aytish harbiy sohada hatto xiyonat sifatida baholanadi. Shijoat. Shijoat vatanparvarlikni yuzaga keltiruvchi va harakatlantiruvchi axloqiy asosdir. Shijoat mardlik bilan birga rahmdillik, botirlik, qahramonlik, jiddu-jahd, jasorat kabi axloqiy sifatlarni mujassam etadi va ayni paytda qo‘rqoqlikni inkor qiladi. Sobitqadamlik. Bu vatanparvarlik fazilatining ma’naviy-axloqiy mohiyatini tashkil etadi. Sobitqadamlik har bir insonda qat’iyatni hamda o‘z maqsadi va maslagidan og‘ishmaslikni talab etadi. Vatanparvarlik tuyg‘usining mustahkamligi o‘zaro ishonch va sobitqadamlikning uyg‘unligini taqozo etadi. Sobitqadamlik esa sadoqatni mustahkamlaydi. Sobitqadamlik bo‘lmagan joyda munofiqlik, riyokorlik, nomardlik yuzaga keladi. Ma’lumki, vatanparvarlikni shakllantiruvchi ma’naviy-axloqiy qadriyatlar tizimi modelini qurish borasidagi mulohazalarni ilgari surish imkoni beradi. Jumladan, muayyan darajada tizimlashgan majmua sifatida o‘rganiluvchi vatanparvarlikning ma’naviy-axloqiy qadriyatlar tizimining modeli bir necha komponentlarni o‘z ichiga oladi, jumladan quyidagi: vatanparvarlikning shakllanishi muhim jarayon bo‘lib, u tuzilmaviy yaxlitligini hosil qiluvchi ko‘plab elementlarni o‘z ichiga qamrab oladi; vatanparvarlikning shakllantirish birmuncha murakkab, tartibga solingan va o‘ziga xos tizimiga tushirilgan majmua; vatanparvarlik muayyan pog‘onaviy darajalarga ega bo‘lib, ushbu darajalar bir-biriga tobedir; vatanparvarlik doimo ichki va tashqi kuchlar ta’sirida bo‘ladi va uning rivojlanishi barqarorlikni saqlashni taqozo qiladi; vatanparvarlikning shakllanishi o‘zgaruvchan shartlariga moslashish nuqtai-nazaridan moslashuvchanlik xususiyatiga ega, zamon talablaridan kelib chiqib o‘z mazmunini boyitib boradi; vatanparvarlikning shakllanishi asosiy tizim hosil qiluvchi belgiga ega; vatanparvarlik o‘z-o‘zini rivojlantirish qobiliyatiga ega bo‘lib, o‘z ma’naviyatini boyitib boradi; vatanparvarlik tarixiy izchillik asosida rivojlanish xususiyatiga ega; vatanparvarlikning shakllantirish ko‘plab funksional vazifalarni amalga oshirishni taqozo qiladi va bir qator asosiy talablarni qondirishni shart qiladi. Mamlakat mustaqilligini saqlash, mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilgan islohotlar, qolaversa, bunda xalqimizning yuksak matonati xususida faylasuf olim Narzulla Jo‘rayev: “jamiyatni takomillashtirish, aholi dunyoqarashi va tushunchalarini yangi g‘oyalar bilan boyitish uzoq muddatli jarayon. Yoki, boshqacha qilib aytganda, O‘zbekistonning yangi asrdagi dasturiy faoliyatidir. O‘tish davridek hozirgi murakkab, ziddiyatli, keng miqyosli islohotlar avj olgan bir paytda esa davlat boshqaravida izchillikni saqlab turilishi, boshlangan og‘ir va xayrli ishlarni bir me’yorda olib borish va oxiriga yetkazish jamiyat hayotida ham, fuqarolar hayotida ham muhim ahamiyat kasb etadi”37 – degan fikrlarni bayon etadi. Bundan ko‘rinadiki, vatanga sadoqat tamoyili – shaxs, jamiyat va davlatning o‘zaro integrasiyasida samaraliroq natijaga erishadi. Keyingi yillar davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan, berayotgan yangilanishlar shiddati dunyo hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otdi. O‘z navbatida, erishilayotgan natijalar yuksak darajada e’tirof etilmoqda. Chunki islohotlar kirib bormagan soha deyarli qolmadi. Shahar-u qishloqlar qiyofasiga yangicha qiyofa qo‘shilib, odamlar tafakkuri, dunyoqarashi, hayot tarzi ham o‘zgarmoqda. Eng muhimi, xalqimiz bugun olib borilayotgan siyosat mazmun-mohiyatini tushunib yetmoqda. Daxldorlik tuyg‘usi kuchaydi. Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari dadil qadamlar tashlanayotganiga barcha birday guvoh bo‘lmoqda. Shuning uchun ham o‘zgarishlarga ozmi-ko‘pmi hissam qo‘shilsin, deya yeng shimarib ishga kirishganlar kam emas. Albatta, marralar qanchalik baland olinmasin, loyihalar nechog‘li istiqbolli bo‘lmasin, Vatanni sevadigan, chin yurakdan mehnat qiladigan fidoyi insonlarsiz ularni amalga oshirib bo‘lmaydi. Shukurki, bu borada ham maqtansa arzigulik misollarimiz ko‘p. Chinakam vatanparvarlarimiz safi juda keng deyishga to‘la haqqimiz bor. Vatanparvarlik fazilatining axloqiy mezonlarini fidoiylik, mas’uliyatlilik, qahramonlik, chidamlilik, sadoqat, oriyat va g‘urur tashkil etadi. Ilmiy tahlillar natijasida ushbu mezonlarning mazmunini quyidagicha izohlashni maqsadga muvofiq hisoblaymiz: Fidoiylik. Fidoiylik vatanparvarlik fazilatining muhim axloqiy mezoni bo‘lib, u o‘z vataniga, xalqiga, tanlagan yo‘li, maslagi, g‘oyasiga xizmat burchiga sodiqlik hamda unga o‘zini baxshida etishdir. Fidoiylik insonda katta yurak, g‘ayrat-shijoat, eng muhimi, o‘ziga, o‘zining kuch-qudratiga mustahkam ishonch bo‘lishini taqozo etadi. Yoshlarning vatanparvarligi fidoiy bo‘lishni, o‘zini buyuk maqsadlar sari charchamay, toliqmay tinimsiz safarbar etib borish, bu fazilatni doimiy, kundalik faoliyat mezoniga aylantirishni talab etadi. Burch. Ushbu tushuncha vatanparvarlik fazilatida bilvositaligi bilan ahamiyatli hisoblanadi. Chunki, vatanparvarlik burchi insonning jamiyatga, davlatga nisbatan ado etadigan mas’uliyatli vazifadir. Burchni his qilmaslik, mas’uliyatsizlik – Vatan, xalq manfaatlariga, istiqbol muammolariga befarq, loqaydlik bilan yondashish belgisi. Qadimgi ajdodlarimiz komil inson o‘z burchi va mas’uliyatini anglashi haqida butun bir axloqiy talablar majmuini, zamonaviy tilda aytsak, sharqona axloq kodeksini ishlab chiqqanlar. Mas’uliyatlilik. Mas’uliyat – burchni anglab, unga asoslanib faoliyat qilishga qaratilgan ma’naviy omil. Mas’uliyat ijtimoiy-ma’naviy ahamiyatga ega bo‘lgan vazifalarning bajarilishiga, uning oqibatiga xatti-harakat negizida yotgan axloqiy tamoyillarga amal qilinishiga shaxsan javobgarlikni bildiradi. Qahramonlik. Insonning jismoniy va ma’naviy jasoratini namoyon qilishi bevosita uning qahramonligini namoyon etadi. Qahramonlik esa jasurlikning belgisi. Chunki, kundalik hayotda jonkuyar bo‘lish, har kuni fidoiylik ko‘rsatish, ruhan hech qachon bukilmay, bu fazilatni hayot qoidasi darajasiga ko‘tarish, hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Buning uchun insondan buyuk qalb va metin iroda talab etiladi. Chidamlilik. Har qanday qiyinchilikka nafaqat chidash balki, uni Vatan manfaati yo‘lida bardosh bilan yengishdir. Sadoqat. Bu fazilat Vatanga, xizmat burchiga sodiqlik hamda hamjihatlik, birdamlik va do‘stlikni qadrlash orqali namoyon bo‘ladi. Sadoqat shaxsning Vatanga sadoqati, bag‘ri keng, halollik, vijdonlilik, oqibatlilik, yurt tashvishi bilan yashashi pirovardida jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni bilan bog‘liq qarash va bilimlarni shakllantiradi. Ularning axloqiy jihatdan el-yurtga sadoqat ruhida kamol topish va jamiyatning moddiy va ma’naviy taraqqiyotiga hissa qo‘shish bilan belgilanadi. Gʻurur. Bu fazilat xalq va millatning muvaffaqiyati, sha’ni, yutuqlari, qadriyatlaridan faxrlanish tuyg‘usi orqali reallikka aylanadi. Bu tuyg‘u quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi: millatning yutuqlari, obro‘-e’tibori bilan faxrlanish, uning muammolariga befarq qarab turmaslik; “o‘z eliga, millatiga jonkuyar bo‘lish; o‘z millatining moddiy, ma’naviy merosini asrab-avaylash; xalq odatlari, an’analari, qadriyatlarini hurmat qilish, ularni boyitish va takomillashtirish; o‘z millatiga mehr-muhabbatini amaliy faoliyatda namoyon qilish”38. Oriyat. Bu o‘ziga nomunosib yoki ep ko‘rmaydigan ish, narsa, so‘z, xatti-harakatdan tiyilish, xijolat tortish, uyalish; o‘z izzat-nafsini himoya qilmoq, obro‘ni qo‘ldan bermaslik. Bundan tashqari, vatanparvarlik fazilati jasurlik, daxldorlik, davlat siyosatiga hayrixoxlik singari ezgu fazilatlar asosida ham shakllanib boradi. O‘z navbatida, ularning har biri o‘z tarkibida bir qancha xususiyatlarni birlashtiradi. Jumladan: a) jasurlik. Vujudida yengilmas kuch-qudratni his etish, jasur degan nomga ega bo‘lmoqqa intilish, o‘z o‘g‘lonlarini mardlik va halollik, jasurlik kabi fazilatlarni insoniylik burchi darajasiga ko‘tarish bilan bog‘liq qarash va bilimlarni shakllantirish. Adolatni hamma narsadan ustun deb bilish, tarix va kelajak oldidagi mas’uliyatni his etadigan, vatanparvar va mard inson bo‘lishidir. b) daxldorlik. Vatan taqdiriga, yon-atrofda yuz berayotgan voqea-hodisalarga munosabatini tubdan o‘zgartirish, yuksak ma’naviy fazilatlar, demokratik qadriyatlarni mustahkamlashga, keng ko‘lamli yangilanishlarga daxldorlik, mamlakatimiz kelajagiga bo‘lgan ishonch hissini shakllantirish. Bugungi tez o‘zgarayotgan hayot voqeligiga ongli qarab, mustaqil fikrlashi va diyorimizdagi barcha o‘zgarishlarga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashni taqozo etmoqda. v) davlat siyosatiga xayrixohlik. Qudratli davlat barpo etishda fuqarolik burchini his etish, davlat siyosatini amalga oshirishda faol ishtirokchi bo‘lishdan iborat. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor maqsadi odamlarimizning ana shunday orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish, xalqimizga har tomonlama munosib turmush sharoiti yaratib berishdan iborat. Insonning axloqiy xatti-harakati va voqelikka axloqiy munosabati ayni paytda uning botiniy tuyg‘ulariga, qalb kechinmalariga bog‘liq. Bu kechinmalar, odatda shaxs faoliyatidagi yaxshi amallarga qarab –fazilatlar, yomon qilmishlariga qarab –illatlar deb ataladi. Fazilatlar insonni ijtimoiy mohiyat sifatida ulug‘lanishga loyiq zot ekanligini ko‘rsatsa, illatlar insonni ulug‘ligiga to‘sqinlik qiladi. Vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish, mustahkamlash va ro‘yobga chiqarishda fazilat bilan illat o‘rtasida keskin kurash ketadi. Bu azaliy kurash bo‘lib, u mohiyatan dialektik ziddiyatni taqozo etadi. Bu borada vatanparvarlikning axloqiy asosini belgilaydigan fazilat mezonlarini izohlash maqsadga muvofiq. Intizomlilik fazilati. Intizom inson tomonidan har bir ishni o‘z vaqtida tartib bilan amalga oshirishdir. Ma’rifatparvar alloma Abdulla Avloniy esa intizomni xalq, millat, Vatan taraqqiyoti bilan bog‘laydi. Ayni paytda, har bir millatning rivoji va ravnaqi hamma ishlarni o‘z vaqtida belgilangan talab va qoidalardan chetga chiqmagan holda tartib bilan ro‘yobga chiqarish ekanligiga e’tibor qaratadi: “Alhosil, har bir millatning taraqqiy va taoliysi ishlarini vaqtida nizomdan chiqarmay tartibi ila yuritmakg‘a bog‘liqdur. Chunki tartib va nizomni rioya qilmagan kishilarning ishlari hamma vaqt notamom, o‘zlari parishon bo‘lurlar39”. Qat’iyatlilik. Vatanparvarlik fazilatlari orasida bu fazilat muhim ma’naviy-axloqiy ahamiyatga ega. Mazkur tushuncha inson axloqiy faoliyatining asosini, xususan vatanparvarlik axloqining mezonini tashkil etadi. Bugungi yoshlar o‘zining axloqiy fazilatini qat’iyatli bo‘lish orqali namoyon etsagina chinakam vatanparvarlikni namoyon etgan bo‘ladi. Mardlik. Mardlik fazilatining yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlashdagi ahamiyati yuqoridagi fazilatlarga nisbatan keng qamrovliroqdir. Mardlik qator axloqiy mezonlar asosida yuzaga keladi. Mardlikda rahmdillik, fahmlilik, xushxulqlik, ochiqko‘ngillik, samimiylik, muruvvatlilik, oliyjanoblik kabi axloqiy sifatlar mujassam bo‘ladi. Davlat arbobi Mir Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarining “Tarbiyat topib, xaromnamakliq qilg‘on navkarlar zikrida” nomli o‘ttiz oltinchi faslida mardlik fazilati bilan bog‘liq axloqiy jihatlarni quyidagicha izohlaydi: “Navkarki, vali ne’matidin rioyat ko‘rgay va bek va maxdumidin tarbiyat va inoyat ko‘rgay. Erlik va insoniyat uldurkim, muqobalasida qulluq va hidmatkorlik, balki yakjihatliq va jonsiporliq qilg‘ay va tilagaykim, anga jon fido etgay to shafqati huquqin ado etgay. Hamiyat ul emaski, maxdum yana birovga ko‘prak multafit bo‘lg‘onidin shikoyat izhor qilg‘ay va gilamandlig‘ guftu guzori, to ish anga yetgaykim, ne’mat kufroni orog‘a tushgay va haq noshinosliq tug‘yoni mojarog‘a surushgay va bu odamiysizliq qochmoqqa munjar bo‘lg‘ay, aduv eshigiga borurg‘a muqarrar bo‘lg‘ay”40. Shuni alohida ta’kidlash zarurki, vatanparvarlik fazilatiga zid bo‘lgan illatlar ham borki, ular yoshlarning idealiga, balki jamiyat ravnaqiga, mudofaa mustahkamligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu illatlar natijasida mamlakat parokanda bo‘ladi, beqarorlik yuzaga keladi. Bu borada vatanparvarlik takomiliga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi illat mezonlarini izohlash maqsadga muvofiq. Shuningdek, vatanparvarlikning ziddi bo‘lgan illatlarni ham ko‘rib chiqish, ularning ijtimoiy barqarorlik uchun salbiy ta’sirini baholash ham muhim. Munofiqlik. Munofiqlikning illat sifatidagi ma’naviy zarari shu qadar kattaki, unda yovuzlik pinhona, zimdan, kutilmagan holatda amalga oshiriladi. Shu bois munofiqlar e’tiqodi buzuq odamlar sifatida qoralanadi. Masalan, Islom manbalarida “munofiqlik”ni odamlar ko‘z o‘ngida Islom diniga mansubligini e’lon qilib, hatto ba’zi amallarni ham qilib yuradigan, aslida e’tiqodi buzuq bo‘lgan kishilar sifatida baholanadi: “Munofiqlar esa, sirtdan musulmon bo‘lib ko‘rinadilar, odamning ichidagini bilib bo‘lmaydi, natijada ularga ham musulmoncha muomala qilishga majbur bo‘linadi. Bu bilan munofiqlar dinga katta zarar yetkazishlariga imkon yaratiladi”41. Beparvolik. Uning illat sifatida vatanparvarlikka zid ekanligining eng xavfli jihati shundaki, u doimo qo‘lga kiritilgan narsa bilan qanoatlanib qoladi, izlanmaydi, oldinga intilmaydi. Beparvolik — kishilar o‘zi uchun na ma’naviy, na moddiy javobgarlik sezmagan joyda vujudga keladi va u qabihlik bilan har vaqt yonma-yon yuradi. Shuning uchun bugungi yoshlar nafratlanishi, ma’qullashi yoki norozilik bildirishi mumkin, ammo hech qachon beparvo bo‘lmasligi kerak. Vaholanki, nafratni sir tutish oson, sevgini yashirsa bo‘ladi, beparvolikni esa sir saqlash juda ham mushkul, chunki, beparvolik millat, xalq va davlatning baxt-u omadini halok etishi mumkin. Qo‘rqoqlik. Qo‘rqoqlikni yoshlar uchun zarari shundaki, u irodani susaytiradi, shijoatni so‘ndiradi, foydali harakatlardan to‘xtatadi. Qolaversa, qo‘rquv va xushomadgo‘ylikni vujudga keltiradi. Odatda, qo‘rqoqlik nima qilish lozimligini bila turib, uni qilmaslik natijasida yuzaga keladigan nohush holat sifatida baholanadi. Shuning uchun askarning qo‘rqoqligi xoinlik va kurashda xiyonatkorlikka tenglashtiriladi. Shu bilan birga, bunyodkorlik va jasoratdan bosh tortgan odam ham qo‘rqoq hisoblanadi. Sotqinlik. Yoshlardagi vatanparvarlik tuyg‘usiga zid bo‘lgan eng katta illat – sotqinlikdir. Sodiq kishi sadoqatni qo‘ldan bermaydi, sotqin esa xoinlik qiladi, qahramon oxirigacha kurashadi, nomard esa yarim yo‘lda qochib ketadi. Ma’lumki, odamlarda kuch va zaiflik, mardlik va qo‘rqoqlik, qat’iylik va ikkilanish kabi fazilat va illatlar yonma-yon yuradi. Bunday illatlar gohida holatga, vaziyatga yoki real voqelikdagi harakatga qarab oqlanadi. Biroq, sotqinlik hech qachon oqlanmaydi. Ayniqsa, harbiy xizmat burchidagi sotqinlik davlat, jamiyat va millat taraqqiyotiga katta zarar yetkazishi mumkin. Sotqinlikning illatligi shundaki, u ma’naviyatning tayanch ustunlaridan hisoblangan vijdon, vafo va sadoqatni mohiyatan inkor etadi. Sotqin adolat va haqiqat, mehr-shafqat, insofu diyonat kabi tushunchalarni qaror topishiga to‘sqinlik qiladi. Sotqinning vijdoni uyg‘oq bo‘lmaydi, ya’ni yon-atrofida bo‘layotgan voqealarga, yordam va ko‘makka muhtoj insonlarning muammolariga, adolatning toptalishiga befarq qaraydi. Ayniqsa, el-yurt manfaatiga zarar yetkazadigan yovuz xatti-harakatlarga chetdan turib jim qarab turadi. Bunday holatlarni ko‘rganda vijdoni qiynalmaydi, kuyinmaydi, yonib yashamaydi, zarur paytda jon fido qilmaydi. Sotqinlikning ijtimoiy-axloqiy illat ekanligi ana shunda. Mamlakatimiz tarixiy taraqqiyoti bosqichlarida vatanga sadoqat tuyg‘usining rivojining o‘ziga xos dinamikasini kuzatish mumkin. Vatanga sadoqat hissini yuksaltirishning eng samarali uslublari albatta, milliy manfaatlarga, vatan manfaatlariga xizmat qilishi zarur. Shu bilan bir qatorda inson va uning farovonligi ham davlatning eng muhim siyosati bo‘lmog‘i shart. Umuman manfaatlar tizimiga, xususan, milliy manfaatlarga qanchalik keng, umumbashariy jarayonlar bilan bog‘liq holda qaralsa, u shunchalik o‘z ichki potensialini namoyon qiladi. Bunda inson, jamiyat va davlat manfaatlaridagi mushtaraklik omili katta ahamiyatga ega bo‘ladi. «Inson, jamiyat va davlat manfaatlaridagi mushtaraklik quyidagilarda namoyon bo‘ladi: farovon hayot barpo etish; tinchlik, barqarorlik, taraqqiyotni ta’minlash; teng huquqli va erkin yashash; ijtimoiy adolatni qaror toptirish; insoniylik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan munosabatlarni hayot tarziga aylantirish; milliy taraqqiyot manfaatlari nuqtai nazaridan davlatlararo va xalqaro munosabatlarni mustahkamlash; ilm-fan, madaniyat, ma’rifatni ustuvor qadriyatlarga aylantirish; hokimiyat institutlarini demokratlashtirishni davom ettirish va ular faoliyatini ijtimoiy nazorat qilish mexanizmlarini mudom takomillashtirib borish; iqtidorli, qobiliyatli, pokdomon kishilarni, ularning ijodiy yutuqlarni qo‘llab quvvatlash, ularning muvaffaqiyatlari xalqaro miqyosda namoyon bo‘lishiga yordamlashish; inson sha’nini yerga uradigan, shaxsini kamsitadigan zo‘ravonliklarga barham berish, eski urf – odatlarni, bid’atlarni bartaraf qilish; har qanday ijtimoiy mehnatni, mehnat kishisini ulug‘lash; inson kamolotini ijtimoiy taraqqiyot maqsadi va mezoni deb bilish va hokazo»42. Mamlakatimiz kelajagini belgilashda shijoatli, qat’iy, maqsadni aniq qo‘yib, shu asosda harakat qilayotgan yoshlarning o‘rni katta. Kelajak egalarining barkamol bo‘lib voyaga yetishi, ilm-u fan, zamonaviy texnika va texnologiyalarni puxta egallashi, davr talablari asosida ta’lim va tarbiya olishi, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun yetarlicha sharoitlar muhayyo etilmoqda. Zero bugungi globallashuv sharoitida inson ongi va qalbini zabt etish uchun kurashlar keskin tus olayotgan bir davrda xalqaro maydonda yoshlarni har qanday xavf va tahdidlardan asrash, ularning mustaqil fikri, e’tiqodini va qat’iy hayotiy pozitsiyasini shakllantirish eng muhim va kechiktirib bo‘lmas vazifalardan bir bo‘lmoqda. Darhaqiqat, vatanparvarlik yoshlarda fuqarolik burchi, shaxsiy mas’uliyat hissi, Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini, faol hayotiy pozitsiya va qat’iy e’tiqodini, kasbiy mahoratini shakllantiradigan qudratli vositadir. Bundan unumli foydalangan holda yoshlarimizda yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish, Ona-yurt taqdiri uchun mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlash, ularni o‘z kasbiga sadoqatli va har tomonlama yetuk kadrlar etib tarbiyalash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rishimizni taqozo qilmoqda. Biz bugun o‘sib kelayotgan yosh avlod ongida vatanparvarlik hissini shakllantirish yo‘lida e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ysak, buning oqibatlari albatta, ayanchli bo‘ladi. Abdulla Avloniy Vatan, Ona yurt haqida: “Vatan. Har bir kishining tug‘ulub o‘sgan shahar va mamlakati shul kishining Vatani deyilur. Har kim tug‘ulgan, o‘sgan yerini jonidan ortiq suyar. Hatto bu Vatan hissi-tuyg‘usi hayvonlarda ham bor. Agar bir hayvon o‘z vatanidan - yurtidan ayrilsa, o‘z yeridagi kabi rohat-farog‘atda yashamas, maishati talx bo‘lub, har vaqt dilining bir go‘shasida o‘z vatanining muhabbati turar”43 –degan ta’rifni berib o‘tganlar. Bugungi kunda yosh avlodni Vatan va uning kelajagi haqidagi o‘y fikrlari, vatanparvarlik tuyg‘usini his qilishi avvalo: shaxsiy manfaatlarini Vatan manfaatlari bilan bog‘lashda; milliy g‘urur va milliy iftixor tuyg‘usining mustahkamligida; Vatan ravnaqi yo‘lida fidoiylik ko‘rsatishda; yurt tinchligini asrash, himoya qilish uchun kurashda yaqqol namoyon bo‘ladi. Islom dinida vatan masalasiga alohida to‘xtalib o‘tilganini ko‘rishimiz mumkin. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni vatanga bo‘lgan sevgilari juda ham kuchli bo‘lgan. Shu bois Rasululloh sallallohu alayhi vasallam “Vatanni sevmoq iymondandir” deb marhamat qilganlar. Ammo, ba’zi manbalarda ushbu hadis bo‘lmaganligi iddao qilinadi. Biz bu haqda bahslashmaymiz. Xususan, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyning “Al Jome’ as-sahih”ining 7-bobida, “Sevishlik iymondandir”44 – deyilgan. Ya’ni, bunda ota-onaga, yorga hamda tug‘ilib o‘sgan vataniga nisbatan muhabbat nazarda tutilgan bo‘lsa ne ajab. “Vatanni sevmoq iymondandir”jumlasi hadisi-sharif o‘laroq Jaloliddin Rumiyning Masnaviylarida ko‘p uchraydi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Vatanni sevmoq – iymondandir” jumlasiga “Hadis va Hayot” kitobining birinchi juzida, “...hadis emas islomiy hikmatlardandir”45 – deb javob berganlar. Avvalo, Islom dini insonparvarlik, ma’rifatparvarlik, bag‘rikenglik singari insoniy fazilatlarni qo‘llab-quvvatlovchi moʻtadil din bo‘lib, uning muqaddas manbasida inson oliy mavjudot sifatini saqlab qolishga ko‘rsatmalar bayon etiladi. Qur’oni Karimda va hadisi shariflarda vatan kalimasi bir kishining tug‘ilib voyaga yetgan, uning qalbida shu joyga doimiy talpinish hissi yonib turgan bir maskanga nisbatan ishlatiladi. Fiqhiy kitoblarda kishining tug‘ilib o‘sgan va uylanib yashagan joyiga nisbatan “Vatani asliy” kishining o‘n besh kundan ortiq turish ila otlangan diyorlariga “vatani iqomat”, kishining o‘n besh kundan oz qoladigan joyiga nisbatan “vatani sukunat” deyiladi. O‘tmish ajdodlarimizdan qolgan meroslarda yoshlar tarbiyasiga oid yuqoridagi fikrlardan tashqari, milliy qadriyatlarimiz, an’ana va udumlarimizga hurmat insonning ona yurtiga bo‘lgan mehr-muhabbatini oshirishda muhim omillardan biri deb baholanadi. Bunday asarlar sirasiga: Nizom ul-Mulkning “Siyosatnoma”, Nosir Xisravning “Saodatnoma”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk”, Sa’diyning “Guliston”, Ahmad Yugnakiyning “Hibatul haqoyiq”, Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub”, Voiz Koshifiyning “Axloqi Muhsiniy”, Davoniyning “Axloqi Jaloliy” kabi asarlarini kiritish mumkin. Yuqoridagi asarlarda falsafa, tarix, fiqh, riyoziyot, siyosat kabi fanlarga oid ma’lumotlardan tashqari, ta’lim-tarbiya, xususan, vatanparvarlik tarbiyasining shakl va metodlari haqida qimmatli ma’lumotlar olish mumkin. Umuman qadimda ajdodlarimiz yoshlar tarbiyasiga jiddiy qarab, bu har bir davrning muhim va dolzarb muammosi ekanligini o‘z asarlarida ta’kidlab o‘tganlar. Markaziy Osiyoning buyuk ma’rifatparvarlari, olimlari, shoirlari, san’at arboblari Abu Rayhon Beruniy, Muhammad Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Muslihiddin Sa’diy Sheroziy, Alisher Navoiy, Bobur va boshqalar o‘sib kelayotgan yosh avlod uchun insonning axloqiy kamolotini ijodiy anglashda manba bo‘lib kelmoqda. Ular o‘z asarlari orqali yosh avlodda vatanparvarlik, mehnatsevarlik, do‘stlikka sadoqat, sofdillik, haqiqatgo‘ylik, mardlik va jasoratlik, ota-ona, qarindoshlarga hurmat kabi fazilatlarni tarbiyalash zarurligini ularga toshbag‘irlik, yovuzlik, tekinxo‘rlik, yalqovlik, baxillik kabi yaramas odatlar ta’sir ko‘rsatishining oldini olish kerakligini asarlarida uqtirib o‘tganlar. Buyuk mutafakkirlar insonni sevishga, qadrlashga, unga e’tibor bilan qarashga va rahmdil bo‘lishga chaqirdilar. Shu tariqa o‘tmish ma’rifatparvarlari xulq-atvor va xatti-harakat qoidalarini, “shaxs ma’naviy hamda jismoniy barkamolligi uchun xalq an’analari va urf-odatlari ahamiyatini anglashga va kishilar ongiga singdirishga harakat qiladilar, o‘zlarining nodir, ma’rifatparvarlarga xos ijodlari bilan insonning baxt-saodati va farovonligi uning ma’naviy hamda axloqiy pokligiga, xulq-atvori va xatti-harakatlariga bog‘liqligi”46ni ta’kidlaydilar. Xulosa qilganda, vatanparvarlik, harbiy vatanparvarlik va vatanga sadoqat tushunchalarining axloqiy asoslari, farqli jihatlari va dialektik aloqadorligi asosida ularning konseptual farqli jihatlari borligi kelib chiqadi. Shu bois yoshlarda vatanparvarlikni shakllantirishda ularning qarashlari, milliy va etnik sifatlaridan kelib chiqish, shu asosida yondashish talab etiladi. Download 0.66 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling