9.6. O‘zbekistonda transmilliy korporatsiyalar faoliyati va moliya-sanoat guruhlarini tuzish istiqbollari
XX asrning 90-yillariga kelib, aksariyat mamlakatlarda yirik moliya-sanoat guruhlari shakllantirildi. Hozirgi kunda ular o‘zida turli sohalar sanoat korxonalarini, jumladan, metallurgiya, kimyo, mashinasozlik, energetika va boshqalarni birlashtirgan tarzda murakkab tuzilmalar shaklida faoliyat yuritadi. Moliya-sanoat guruhlari o‘zida yirik miqdordagi kapitalni to‘plagan holda, yanada diversifikatsiyalashga imkon beruvchi istiqbolli rivojlanish yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. Ta’kidlash joizki, moliya-sanoat guruhlari ishtirokchilarning haqiqiy imkoniyatlari va manfaatlarning umumiyligi asosida tashkil etilishi kerak.
Zamonaviy moliya-sanoat tuzilmalari, shubhasiz, mamlakatda va jahonda yirik iqtisodiy va moliyaviy markazga aylanishi mumkin. Ularning milliy va jahon iqtisodiyotiga qo‘shadigan hissasi yangi iqtisodiy hududlarning tashkil topishida, milliy va jahon moliya bozorlarining rivojlanishida muhim ahamiyatga ega. Yirik moliya-sanoat guruhlarining savdo aylanmasi dunyoning ko‘plab mamlakatlari YaIM hajmidan oshib ketadi. Dunyodagi ikki yuzta yirik transmilliy kompaniyalarning umumiy savdo aylanmasi AQSh, Yaponiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, XXR, Braziliya, Kanada, Ispaniyadan tashqari barcha mamlakatlarning YaIM hajmidan ortiqdir. So‘nggi 25 yilda ushbu ko‘rsatkich, mazkur tuzilmalardagi ishchilar soni 14,4% ga oshgani holda, deyarli 4 marta ko‘paygan178.
Moliya-sanoat guruhlari milliy iqtisodiyot tarmoqlari doirasida ishlab chiqarish resurslarini to‘plash, ishlab chiqarishning tashkiliy-iqtisodiy hamda texnologik sharoitlarini yaxshilashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, sanoatning yuqori o‘sish sur’atlariga erishgan ko‘pgina mamlakatlarda (Yaponiya, AQSh, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Italiya, Janubiy Koreya va boshqalar) moliya-sanoat guruhlari milliy korxonalar raqobatbardoshligini oshirish va butun iqtisodiyotda jadallashtirilgan iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga yo‘naltirilgan muhim omil sifatida qaraladi.
Moliya-sanoat guruhlarining milliy va jahon iqtisodiyoti uchun muhimligi ular shakllanishi va faoliyat yuritishi jarayonlarining tegishli ilmiy tahlilini talab etadi. Kapital va ishlab chiqarishning keng ko‘lamda bir joyga to‘planishi asosida yuzaga keluvchi birlashgan korporativ tuzilmalar bugungi kunda milliy va jahon iqtisodiyotining muhim sub’ektlari bo‘lib hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |