Xx asr boshlari amerika adabiyoti


Download 54.54 Kb.
bet4/5
Sana17.06.2023
Hajmi54.54 Kb.
#1549960
1   2   3   4   5
Bog'liq
6-tema lekciya

ERNEST XEMINGUEY(1899 – 1961)Yirik Amerika yozuvchisi Ernest Xeminguey Ouk-Park shaharida vrach oilasida tug‘iladi. U maktabni bitirganidan sо‘ng, kichik bir gazetada ishlaydi, Yevropaga boradi: avval Fransiyada, keyin Italiyada joylashgan Amerika sanitar qismlarida turib, birinchi jahon urushida qatnashadi. Urushdan sо‘ng u Amerika gazetalarining muxbiri sifatida Parijda yashab ijod etadi. 20-yillarning oxirlarida о‘z mamlakatiga qaytib, Florida sohillarida istiqomat qiladi.
Xeminguey Ispaniya respublikachilarining fashist fitnachilariga qarshi olib borgan kurashlarida faol qatnashgan va bu haqda kо‘p asarlar yozgan, ikkinchi jahon urushi yillarida aviatsiya qismlarida muxbir bо‘lib ishlagan. Ittifoqchilar armiyasining Fransiyaga bostirib kirishida ishtirok etgan. Urushdan sо‘ng Amerikaga qaytgan va hayotining oxirgi yillarini Kubada kechirdi. Xeminguey ijodining boshlanishi birinchi jahon urushidan keyingi yillarga tо‘g‘ri keladi. «Bizning zamonda»(1925) kitobiga kirgan hikoyalarida yozuvchi, birinchidan, asarning lirik qahramoni Nik Adamsning yoshligi, о‘smirlik yillari, sevgisi va oilasi haqida hikoya qilsa, ikkinchidan, tinch hayothaqidagi xayollarga qonli urush voqealarini qarama-qarshi qо‘yadi. Individualistik xarakterda bо‘lsa ham, asarda qahramonning razil urushga qarshi noroziligi bayon etiladi.
Imperializm keltirib chiqargan bosqinchilik urushlarini nafratlashga bag‘ishlangan «Alvido, qurol!» (1929) romani yozuvchi ijodida muhim bosqichni tashkil etadi.
Asarda birinchi jahon urushi yillarida Avstriya-Italiya frontida rо‘y bergan voqealar hikoya qilinadi. Sanitar xizmati leytenanti amerikalik Genri urushning butun dahshatlari – ochlik, ifloslik, о‘zaro qon tо‘kish va son-sanoqsiz begunoh kishilarning о‘lib ketayotganliklarini kо‘rib, urush haqidagi fikrlarining puch xayollardan iborat ekanini biladi va umidsizlikka beriladi. Italyan soldat va ofitserlari bilan samimiy suhbat va aloqalar uni milliy xudbinlik va mag‘rurlikdan xoli qiladi. Shuning uchun leytenant Genri urushdan yuz о‘girib, qurolini tashlab, betaraf mamlakat Shveysariyaga о‘tib ketadi. Yozuvchi urush qabohatlariga shaxsiy hayotni qarshi qо‘yadi. Genri Ketrin Barkliga bо‘lgan sevgisi bilan urush dahshatlaridan ham, tashqi dunyo mashaqqatlaridan ham qutulishga intiladi. Lekin u shaxsiy hayot va muhabbatdan ham baxt topolmaydi. Ketrin tug‘ruqxonada о‘lganidan sо‘ng Genri butunlay umidsizlik ichida qoladi.
«Alvido, qurol!» romanida birinchi jahon urushi qoralangan bо‘lsa-da, lekin unda bayon etilgan norozilik shaxsiy yо‘sindadir.
«Bu kitobning muallifi,– deb yozadi Xeminguey asar sо‘z boshisida,– ongli suratda shu fikrga keldiki, urushlarda jang qilayotgan odamlar dunyodagi eng ajoyib odamlardir, frontning qizg‘in qismlariga kirib borganing sari bunday ajoyib kishilarga kо‘proq duch kela boshlaysan. Lekin urushni boshlaganlar, uning oloviga yana olov tashlab turganlar, iqtisodiy raqobatdan, foyda undirishdan boshqa narsani о‘ylamaydigan tо‘ng‘izlardir... Men urush olovini yoqqanlar... otib tashlanmog‘i zarur, deb hisoblayman».
Xemingueyning 30-yillarning о‘rtalarigacha bо‘lgan asarlarida u tashqi dunyoga munosabatida ziddiyatli va individualist ijodkorligicha qoladi. О‘sha yillari ocherk shaklida yozgan «Tushdan keyingi о‘lim» (1932) kitobida о‘lim temasi yana ham ochiq kо‘rinadi. Asarda buqalar urushi va unga bog‘liq qoidalar batafsil beriladi. Buqalarni о‘ldiruvchi matadorlar yoki matadorlarni halok etuvchi buqalar, otlarning yorilib ketgan qornidan otilib chiqayotgan qonlar, fojia ustiga fojia va ayniqsa, jarohatlangan odamning о‘limi oldidan kechirgan azoblari umidsizlik ruhida tasvirlanadi.
«Afrikaning yashil tepaliklari»da (1935) ham yuqoridagi kitobiga xos bо‘lgan о‘lim masalasi kо‘rsatiladi. Agar «Tushdan keyingi о‘lim» matador bilan buqa о‘rtasidagi olishuvda ikkalasidan birining halok etilishi bilan tugasa, bunda ovchi haqida gapiriladi va albatta, voqea ovchining g‘alabasi va hayvonning о‘limi bilan yakunlanadi.
Yolg‘izlik, umidsizlik yozuvchining boshqa hikoyalarida ham aks etadi. Masalan, «Toza va yorug‘ joyda» (1936) kitobi qahramoni kecha qorong‘iligidan vahimaga tushadi, uning uchun yagona makon toza va yorug‘ mayxona bо‘lib qoladi.
30-yillarning о‘rtalarida Xeminguey sotsial voqealarga murojaat etadi. Shu davrga xos romani «Hayot yoki mamot» (1937) qahramoni Garri Morgan о‘z oilasini boqish yо‘lida tinmay ishlaydi, kuchayib borayotgan iqtisodiy inqiroz uning xо‘jaligiga ham ta’sir etadi. Uning motorli qayig‘ini ijaraga oluvchi boy turistlarning kamayishi tufayli daromadiga putur yetadi. Endi Garri о‘ziga boshqa ish, xavfli kasbni tanlashga majbur. «Qonunlarni kim о‘ylab chiqarishini bilmayman. Lekin men odam och qolsin, degan qonunning yо‘qligini bilaman», deydi u. Garri yashashga bо‘lgan tabiiy ehtiyojini qondirish maqsadida jamiyatning vahshiylikka asoslangan qonunlariga tayanib о‘zini ham ayamaydi, boshqalarga ham shafqat qilmaydi, hatto odam о‘ldirishgacha borib yetadi. U faqat о‘zining shaxsiy kuchiga ishonadi. Kuba anarxistlari bilan tо‘qnash kelgan va qattiq jarohatlangaya Garri Morgan о‘limi oldidan yolg‘iz odam hech narsa qila olmaydi, degan fikrga keladi. Qahramonning fojiali halokati yozuvchidagi individualistik qarashlarning samarasizligini kо‘rsatadi.
Ilgari jamiyat hayotidan chetda turgan va faqat о‘z kuchiga ishongan Xeminguey endi ijtimoiy voqelikka qiziqib qaraydi. Ispaniyadagi hodisalar, respublikachilarning fashistlar tо‘dasiga qarshi kurashlari uning diqqat markazida turadi. Yozuvchi respublikachilarni qо‘llaydi, ularga moddiy yordam beradi, tez-tez frontga boradi. Bu voqealar endi uning ijodi uchun material bо‘lib xizmat qiladi. «Beshinchi kolonna» pyesasi bunga misol bо‘ladi. Asar qahramoni amerikalik Filipp Raulings qalban xasta, bо‘shashgan shaxslardan emas. U og‘ir ahvolda beshinchi kolonna agentlari bilan kurash olib boradi, josus va qо‘poruvchi shaxslarni qо‘lga tushiradi. Bu jasur kishi о‘zidagi individualizmni butunlay bartaraf etgan emas. Filipp Raulings yosh, boy va gо‘zal amerikalik ayol Dorotini kо‘rgach, о‘zgaradi. Bu ayol uni о‘zi bilan birga bu yerdan ketishga taklif qiladi. Jiddiy ishdan toliqqan Raulings bunday fikrga qо‘shiladi ham. Sо‘ngra u о‘zida tug‘ilgan bunday egoistik his-tuyg‘ularni bartaraf etadi va Dorotidan aloqani uzib, Ispaniyada qoladi. Maks uning kо‘pchilik uchun xizmat qilishi zarurligini eslatib, Raulingsni tetiklashtiradi. Shunday qilib, u о‘zining shaxsiy intilishlarini jamiyat manfaatiga bо‘ysundirgan, fashizm yirtqichlariga qarshi kurashuvchi haqiqiy ijobiy qahramon bо‘lib yetishadi.
Raulings Maks bilan fashistlarning kuzatuv punktiga dadillik bilan hujum uyushtirib, frankochi polkovnikni asir oladilar va fashistlarning yangi hujumini barbod etadilar. Bu asarida Xeminguey murakkab va chalkash ziddiyatli yо‘lni bosib о‘tadi va ijobiy qahramon yaratishda katta yutuqqa erishadi.
Xeminguey Amerika adiblarining II kongressida «Yozuvchi va urush» (1937) mavzuida sо‘zlagan nutqida fashizmni qonli jinoyatchilar tо‘dasi, deb qattiq qoraladi. U ispan respublikachilarining mag‘lubiyatidan aziyat chekdi. Fashistlarning zо‘ravonlik qilib davlatni bosib olganlaridan sо‘ng, yana unda yakka-yolg‘izlik qobig‘iga о‘ralib, umidsizlikka berilish sodir bо‘ldi. Bu hol «Qо‘ng‘iroq nimadan darak beradi» (1940) romanida kо‘rinadi. Asar qahramoni Robert Jordan demokratiya uchun kurashib, hayotni emas, о‘limni о‘ylaydi, g‘alabaga emas, balki о‘limga tayyorlanadi. Bu esa, shu davrda yozuvchi ongida tug‘ilgan g‘oyaviy parokandalikning kо‘rinishi edi.
«Daryoning narigi tomonidagi daraxtlar soyasida» (1950) asarida ijtimoiy hayotdan chetda turuvchi yakka qahramon paydo bо‘ladi. Bu ikki urushda qatnashgan amerikalik polkovnik Richard Kentuelldir.
Qissada Amerika harbiy qо‘mondonligi, shuningdek Amerika mA’murlarining Rossiyaga nisbatan tutayotgan nodо‘stona siyosatini qoralovchi tanqidiy fikrlar bor. Asar qahramoniga xos narsa shuki, u hamma vaqt о‘lim xayoli bilan yashaydi. Bu esa, povestning g‘amgin ruhini kо‘rsatadi. Xeminguey sо‘nggi «Chol va dengiz» (1952) qissasi uchun Nobel mukofotini olgan. Asar qahramoni chol Santyago baliq oviga chiqqaniga ancha kunlar bо‘lsa ham, lekin ishi yurishmaydi. Uningcha, yelkaniga «kо‘p yamoq tushgan» qayiqqa qanday qilib ham baliq ilinsin. Santyago keksa bо‘lsa ham, lekin о‘zi tetik. Shuning uchun yozuvchi bu odam «taslim bо‘lmaydi», deb uqtiradi. Chol tо‘riga katta baliq tushganda cheksiz sevinadi. «Baliq,– deb chaqirdi u sekingina,– о‘lsam о‘lamanki, sendan ajralmayman». Chol butun kuch-g‘ayratini ishga solib, baliq bilan olishadi va yengadi. Uning: «Odamzodni yanchib tashlash mumkin, lekin uni bо‘ysundirish mumkin emas», degan sо‘zlari inson qudratiga yozuvchining cheksiz ishonchini kо‘rsatadi.
Baliqqa bir gala akula hujum qilganida ham Santyago bо‘shashmasdan kurashini davom ettiradi. Bir akulani о‘ldirganida, ikkinchisi о‘ljaga tashlanadi, shu tariqa olishuv ancha davom etadi. Uning pichog‘i sinib, qо‘llari qonga belansa-da, tо‘qmoq bilan akulalarning boshiga urishda davom etadi. Santyago qirg‘oqqa yetib borganida katta baliqning faqat gavda suyagigina qolgan edi. «Kim ham seni yenga qoldi о‘zi, chol,– sо‘radi о‘zidan-о‘zi,– hech kim,– javob berdi u.– Aybim shuki, men dengizda haddan tashqari uzoqqa ketib qolibman».
Santyago uchun umidsizlik gunohdir. U kitobxon kо‘zi о‘ngida mag‘lubiyatni bilmaydigan, irodali inson timsolida namoyon bо‘ladi. Santyago shu jihatdan yozuvchining oldingi asarlari qahramonlaridan farq qiladi. Uni qirg‘oqda kutib olgan bola navbatdagi baliq ovida chol bilan birga borishni va undan kо‘p narsa о‘rganishi zarurligini aytadiki, bu – Santyagoning yolg‘iz emasligiga ishoradir.
Ernest Xeminguey bosib о‘tgan murakkab va ziddiyatli yо‘l kо‘p chet el yozuvchilari uchun xarakterlidir. Ular pulga asoslangan jamiyat qonun-qoidalarini tanqid qilish yо‘lidan boradilar. Xeminguey ham G‘arbning yirik gumanist yozuvchilari qatorida jamiyatning xususiyatini tobora kengroq tushunish bilan uning illatlarini о‘z ijodida aks ettirgan yirik realistlardan biridir.



Download 54.54 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling