Fransiyada huquqning asosiy belgilari. Huquqning tipik belgilari shakllangan. Huquq manbalarining ko‘pligi yagona milliy huquqiy tizimning tashkil etilishiga to‘sqinlik qilgan. 1789-yilgi inqilobga qadar fransuz huquqi ko‘p sonli huquqiy tizimlardan iborat bo‘lgan. Ular muayyan doiradagi shaxslar yoki hududlarga tarqalgan.
Huquqning asosiy manbai odat hisoblangan. X asrga kelib haqiqatlarning o‘rnini huquqiy odatlar (kutyumlar) egallaydi. Ularga rioya qilish nisbatan erkin bo‘lgan. Odatning tan olinishi uchun unga 40yil o‘tishi talab etilgan.
Normandiyada katta kutyum 1255-yilda tuzilgan va sud amaliyotida keng foydalanilgan. Shu davrdan boshlab huquqning asosiy yozuvlari shakllana boshlanadi. Ular 1253-yilda yozilgan «do‘stga maslahat» hamda mashhur, keng tarqalgan odat huquqi to‘plami – 1283-yilgi «Bovezi kutyumlari va boshqalar edi. XVI asrda 60 ga yaqin katta va 200 ga yaqin kichik kutyumlar to‘plamlari tuzilgan.
Mamlakatda rim huquqi va kanonik huquqi me’yorlari huquq manbai hisoblangan. Shahar xartiyalari asosida shakllangan shahar huquqi amal qilgan.
Qirollarning qonun hujjatlaridan nizomlar, ordonans (qirol hujjatlari), ediktlar, buyruqlar, deklaratsiyalar va boshqalar ham hokimiyat mustahkamlanib borishi bilan katta rol o‘ynagan.
XVIII asrda kodifikatsiya ishlari yuksaladi. Qo‘shimcha huquq manbai sifatida parlamentlarning maydonidan ham foydalaniladi.
Yer huquqi sohasida keyingi davrlarga kelib yerga egalik huquqi ancha erkinlashtiriladi. Majburiyat huquqi esa asosan shartnomalar asosida kelib chiqqan.
Oila-nikoh munosabatlari asosan kanonik (diniy) huquq bilan tartibga solinardi. XVI–XVII asrlarga kelib nikoh fuqarolik holati dalolatnomasi sifatida ham ko‘rila boshlanadi. Oilada ota to‘la hukmron bo‘lib, otaonalar farzandlari ustidan hokimiyatga ega bo‘lgan. Ota vasiyat qoldirishi mumkin bo‘lib, meros katta o‘g‘ilga o‘tgan.
Jinoyatlar uchun nazarda tutilgan jazolar ko‘proq yetkazilgan zararni qoplashga qaratilgan. XI–XII asrlarga kelib jinoyat huquqining feodal belgilari to‘liq namoyon bo‘ladi. Feodal tartibni buzish jinoyat deb qaraladi. Davlat markazlashuvi bilan jinoyat huquqi tobora faqat jazo qo‘llaniladigan xarakter kasb eta boshlaydi. Og‘ir deb hisoblanuvchi jinoyatlar turi ko‘payadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |