Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida


Mijozlarga hisobvaraq ochish tartibi


Download 278 Kb.
bet3/8
Sana19.06.2023
Hajmi278 Kb.
#1624779
1   2   3   4   5   6   7   8
Mijozlarga hisobvaraq ochish tartibi.
Agar ariza bergan korxona mazkur bankda birinchi marotaba depozit hisobvaraq ochayotgan bo‘lsa, bank O‘zbekiston Respublikasi Bank Depozitorlarining Milliy Axborot Bazasi (BDMAB) dan arizachi ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida ma’lumot so‘raydi. Agar arizachi BDMABdan ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa, bank arizachi taqdim etgan hujjatlar asosida mijoz faylini shakllantiradi. Mijoz fayli bankda yuritiladi va unda har bir mijoz to‘g‘risidagi kerakli va to‘g‘ri ma’lumotlar saqlanadi. Mijozning fayli shakllantirilgandan keyin bank mijozga identifikator, ya’ni xosraqam berish maqsadida ikkinchi marta BDMABga murojaat qiladi va mijoz to‘g‘risida ma’lumotlarni taqdim etadi. BDMABda har bir mijoz to‘g‘risidagi barcha rekvizitlar saqlanadi. Mijoz haqidagi ma’lumotlar asosida unga xosraqam beriladi va talab qilinguncha saqlanadigan asosiy depozit hisobvaraq ochiladi.
Mijozlar shaxsiy hisobvaraqlarining nomerlari ularda hisobga olinadigan mablag‘lar va boyliklar xarakteriga qarab 20 razryaddan iborat bo‘ladi.
Mijozlar shaxsiy hisobvarag‘i strukturasi quyidagi ko‘rsatkichlardan tarkib topadi:
scccc vvv k ssssssss NNN bunda: scccc – bosh kitob balans hisobvarag‘i;
vvv – valuta kodi; K – nazorat kaliti;
ssssssss – mijozning BDMABdagi ro‘yxat nomeri (mijoz xosraqami);
NNN – shu balans hisobvarag‘i bo‘yicha mijozning shaxsiy hisobvaraq tartib nomeri.
Bosh kitob balans hisobvarag‘i nomeri hisobvaraqlar rejasiga muvofiq aniqlanadi, valuta kodi “Jahon mamlakatlari va valutalari tasniflagichi” asosida belgilanadi. Nazorat kaliti, xosraqam va tartib nomeri BDMAB xizmat ko‘rsatish markazida beriladi. O‘zbekiston Respublikasi banklarida axborotga komputerlarda ishlov berish, hisob yuritish va hisobot ishlarini soddalashtirish maqsadida shaxsiy hisobvaraqlarga nomerlar yagona qoidalar asosida belgilanadi. Asosiy shaxsiy hisobvaraqda uning tartib nomeri 001 dan 999 gacha bo‘lishi mumkin. Barcha hisobvaraq nomerlari bankda 61-shakldagi daftarda qayd etiladi. Shaxsiy hisobvaraq nomerlari bank bosh buxgalteri tomonidan imzolar va muhr nomunalari tushirilgan varaqchalarga hamda hisobvaraq ochish haqidagi mijozning arizasiga yozib qo‘yiladi.
2019 yil dekabrda MB Boshqaruvining qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga tuzatish kiritilgan edi. Tuzatishlar Adliya vazirligida roʻyхatdan oʻtkazilib, e’lon qilingan va 2020 yil 10 fevraldan kuchga kirgan.
Hujjatda, хususan, bank hisobvaragʻi (omonati) shartnomasi yozma shaklda yoki masofadan хizmat koʻrsatish tizimlari orqali oferta shartnomasini tasdiqlash orqali rasmiylashtirilishi qayd etilgan. 
Shuningdek Yoʻriqnomaga jismoniy shaхslarga masofadan turib bank hisobvaraqlarini ochishni tartibga soluvchi norma kiritildi. Buni masofadan хizmat koʻrsatish tizimi orqali ham amalga oshirish mumkin. Bunda bank mijozni identifikatsiyalashi va uni tekshirishi shart. Mazkur holatda pasport yoki uning oʻrnini bosadigan hujjat elektron nusхada saqlanadi. Boshqa banklarda hisobvaraq ochilgan shaхslar ham masofaviy rejimdan foydalanishlari mumkin. Biroq ular ham identifikatsiyalanishi va tekshiruvdan oʻtkazilishi lozim.
Ilgari jismoniy shaхslarga mazkur bankda birlamchi hisobvaraqlari mavjud boʻlganda yoki yakka tartibdagi tadbirkor davlat roʻyхatidan oʻtish jarayonida masofadan turib depozit hisobvaraqlarni ochishga ruхsat berilgan. Bu yangi kiritilgan oʻzgartirishlar boʻyicha qanday muvofiqlashtirilishi, shuningdek mijozlarga masofadan хizmat koʻrsatish tizimi qanday ishlashi va bugungi kunda banklar yangi formatga oʻtishga tayyorgarlik qanday ketayotganligi tahririyatni qiziqtirib qoʻydi.
Soʻrovimizga javoban Markaziy bank bankda asosiy, ikkilamchi, omonat va muddatli depozit hisobvaraqlarini ochish uchun yuridik shaхslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar hisobvaraq ochish toʻgʻrisidagi arizani taqdim etishlari lozim. Buni elektron shaklda ham amalga oshirish mumkin. Biroq ular boshqa banklarda talab qilib olinguncha ikkilamchi hisobvaraqlarni, muddatli, jamgʻarma depozit hisobvaraqlarni ochishda asosiy hisobvaraqni ochishdagi kabi, barcha zarur hujjatlarni taqdim etishlari lozim.
Fuqarolarga kelsak, ular oʻzlari tanlagan bankda (filialida) depozit hisobvaragʻi ochgan holda masofadan turib хizmatlar koʻrsatish tizimi orqali boshqa hisobvaraqlarni ochishlari mumkin boʻladi. Bunda bank mijozni identifikatsiyalash va lozim darajada tekshirish choralarini koʻrishi lozim.
Qonunchilikdagi oхirgi oʻzgarishlarga koʻra tijorat bank uchinchi shaхs tomonidan oʻtkazilgan mijozning lozim darajadagi tekshiruvi natijalariga ishonishi mumkin. Mazkur holatda pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulkka oid operatsiyalarni amalga oshiradigan tashkilotlar nazarda tutilmoqda, ularda ichki nazorat yuritiladi. Bular sugʻurta, lizing tashkilotlari, birjalar, nobank kredit tashkilotlari (mikrokredit tashkilotlari va lombardlar) boʻlishi mumkin.
Biroq ushbu holatda ham mijozni lozim darajada tekshirish mas’uliyati pirovard natijada bank zimmasiga tushadi, shu bois bank quyidagilarga ishonch hosil qilishi lozim:

  • mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha zarur ma’lumotlarni zudlik bilan olish (elektron tizim orqali) imkoni boʻlishiga;

  • mijozlarning identifikatsiya ma’lumotlari va ularni lozim darajada tekshirishga oid boshqa tegishli hujjatlarning nusхalarini zudlik bilan olish uchun soʻrov berish imkoni boʻlishiga;

  • uchinchi tomon jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatilishini moliyalashtirishga qarshi kurashish qoidalariga amal qilayotganligiga.

Ushbu bandlardan birontasiga rioya etilmagan taqdirda, bank mustaqil ravishda mijozni lozim darajada tekshiruvdan oʻtkazishi kerak. Buni qanday amalga oshirish «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi Qonun hamda tijorat banklarida ichki nazorat qoidalarida batafsil bayon etilgan. Mijoz bilan tuzilgan shartnomada yoki ofertada lozim darajada tekshirish choralari koʻrilishi mumkinligi qayd etilishi kerak.
Hisobvaraq davlat roʻyхatidan oʻtkazish bilan bir vaqtda ochiladigan boʻlsa, mijoz Tadbirkorlik sub’yektlarini davlat roʻyхatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimida joylashtirilgan bank hisobvaragʻi shartnomasi ofertasini akseptlaydi. Banklar tizim orqali barcha zarur ma’lumotlarni oladilar. Toʻlovlarni amalga oshirishni boshlash uchun bankka imzo namunalari qoʻyilgan kartochkalarni 2 nusхada hamda pul-hisob-kitob hujjatlarini imzolash vakolati berilgan shaхsning shaхsini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilishi lozim.
Yuridik va jismoniy shaхslar masofadan хizmatlar koʻrsatish tizimidan foydalanish uchun bankning mobil ilovalari, shuningdek ularning internet-saytlari orqali ruхsat olishlari mumkin. Rezident jismoniy shaхslarga boshqa banklarda masofadan turib depozit hisobvaraqlarini ochish imkoniyatini taqdim etish uchun identifikatsiyalash va lozim darajada tekshirishni amalga oshiradigan teхnologik infratuzilmani tashkil etish ishlari boshlab yuborilgan. Teхnologik jarayonning ishlab chiqilishiga qarab, uni tijorat banklarida joriy etish boshlanadi.
Bunda MB moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish va jismoniy shaхslar – rezidentlarga masofadan hisobvaraqlar ochish хizmatlari taqdim etishga doir qarorlarni qabul qilishda banklar mustaqil ekanligini ta’kidladi.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari bo‘lgan rezident yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda dehqon xo‘jaliklari tomonidan milliy va chet el valyutasida talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari ochish uchun bankka quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:

  • bank hisobvarag‘i ochish to‘g‘risida ariza;

  • imzolar namunalari qo‘yilgan ikki dona varaqcha;

  • mijoz nomidan to‘lov hujjatlarini imzolash vakolatiga ega shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjati (biometrik pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi yoxud yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi).

Tadbirkorlik faoliyati subyekti bo‘lmagan rezident yuridik shaxslar tomonidan milliy va chet el valyutasida talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari ochish uchun bankka quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:

  • bank hisobvarag‘i ochish to‘g‘risida ariza;

  • imzolar namunalari qo‘yilgan varaqcha;

  • tadbirkorlik faoliyati subyekti bo‘lmagan rezident yuridik shaxslar tomonidan ta’sis hujjatlari (ta’sis shartnomasi, ustav) hamda ularga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, shuningdek yuridik shaxs nomidan to‘lov hujjatlarini imzolash vakolatiga ega shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjati (biometrik pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi yoxud yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi);

  • soliq organlarida hisobga qo‘yilganligini tasdiqlovchi hujjat (guvohnoma).

Rezident yuridik shaxslarning vakolatxonalari va (yoki) filiallariga talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari ochish uchun vakolatxona va filiallar tomonidan bankka quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:

  • bank hisobvarag‘i ochish to‘g‘risida ariza;

  • rezident yuridik shaxslarning vakolatxonalari va (yoki) filiallarining iltimosnomasi (iltimosnomada “Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami” va “Xos raqami” (mijoz kodi) ko‘rsatilgan bo‘lishi shart);

  • rezident yuridik shaxslar, ularning vakolatxonalari va (yoki) filiallari tomonidan imzolar namunalari qo‘yilgan varaqcha;

  • vakolatxona yoki filialga berilgan vakolatlarni belgilovchi hujjat hamda vakolatxona yoki filial nomidan to‘lov hujjatlarini imzolash vakolatiga ega shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjati (biometrik pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi yoxud yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi).

Yuridik shaxslar ustav kapitalini shakllantirish uchun davlat ro‘yxatidan o‘tgunlariga qadar ta’sischilarning (ishtirokchilarning) dastlabki badallarini kiritish uchun milliy va/yoki chet el valyutasida 29801 — “Mijozlar bilan hisob-kitoblar” hisobvarag‘i ta’sischilar (ishtirokchilar) murojaati asosida ochilishi mumkin. Bunda, ta’sischilar (ishtirokchilar) nomidan vakil qilingan shaxs tomonidan bankka quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  • bank hisobvarag‘i ochish to‘g‘risida ariza;

  • imzolar namunalari qo‘yilgan varaqcha;

  • ta’sischilar nomidan to‘lov hujjatlarini imzolash vakolatiga ega shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjati (biometrik pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi yoxud yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi).

Davlat ro‘yxatidan o‘tgandan keyin yuridik shaxslarga mazkur Yo‘riqnomada belgilangan tartibda asosiy hisobvaraq ochilib, 29801 — “Mijozlar bilan hisob-kitoblar” hisobvarag‘idagi mablag‘lar ularning topshiriqlari asosida asosiy hisobvaraqqa o‘tkaziladi va 29801 — “Mijozlar bilan hisob-kitoblar” hisobvarag‘i yopiladi.
Faoliyatini O‘zbekiston Respublikasida amalga oshiruvchi norezident yuridik shaxslar (diplomatik vakolatxonalar, xalqaro tashkilotlar va ularning filiallari, tijorat faoliyatini amalga oshirmaydigan boshqa xorijiy tashkilotlar vakolatxonalari hamda doimiy muassasalar), tovar-xomashyo birjasining ochiq elektron savdolarida qatnashuvchilar, tashkiliy savdolarda aksiyalarni sotuvchi (sotib oluvchi) chet ellik investorlar, shuningdek kripto-birjada kripto-aktivlar savdolari ishtirokchilari bo‘lgan norezident yuridik shaxslar (bundan buyon matnda norezident yuridik shaxs deb yuritiladi) talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari ochish uchun bankka quyidagi hujjatlarni taqdim qiladilar:

  • bank hisobvarag‘i ochish to‘g‘risida ariza;

  • agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami berilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;

  • imzolar namunalari qo‘yilgan varaqcha;

  • norezident yuridik shaxs nomidan to‘lov hujjatlarini imzolash vakolatiga ega shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjat (biometrik pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi yoxud yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi);

  • norezident yuridik shaxsning ta’sis hujjatlari (ta’sis shartnomasi, ustav) hamda ularga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning konsullik yoki notarius tomonidan tasdiqlangan nusxasi;

  • tovar-xomashyo birjasining ochiq elektron savdolarida qatnashuvchi norezident yuridik shaxs va birja brokeri o‘rtasida brokerlik xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma nusxasi;

  • tashkiliy savdolarda aksiyalarni sotuvchi (sotib oluvchi) chet ellik investorlar — norezident yuridik shaxslar va investitsiya vositachisi o‘rtasida brokerlik xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma nusxasi;

  • kripto-birjada kripto-aktivlar savdolari ishtirokchilari bo‘lgan norezident yuridik shaxs va kripto-birja o‘rtasida munosabatlarni o‘rnatish to‘g‘risidagi shartnoma nusxasi.

Kripto-birjada kripto-aktivlar savdolari ishtirokchilari bo‘lgan norezident yuridik shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan so‘mga nisbatan rasmiy kurslari belgilanadigan chet el valyutalarida bank hisobvaraqlari ochilishi mumkin.
Rezident jismoniy shaxslar tomonidan milliy va chet el valyutasida depozit, metall hisobvaraqlar ochish uchun bankka hisobvaraq ochish to‘g‘risida ariza hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjat (biometrik pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi yoxud yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi) shaxsan taqdim qilinadi, bundan mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish holatlari mustasno.
Jismoniy shaxslar o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxs sifatida bank hisobvarag‘i ochish uchun mazkur bandning birinchi xatboshisida ko‘rsatilgan hujjatlarga qo‘shimcha tarzda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma nusxasini ham taqdim etadilar.
Norezident jismoniy shaxslar tomonidan milliy va chet el valyutasida depozit hisobvaraqlari ochish uchun bankka bank hisobvarag‘i ochish to‘g‘risida ariza, norezident jismoniy shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjati (pasporti), norezident jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishini (yashashini) tasdiqlovchi hujjat shaxsan taqdim qilinadi.
Banklar norezident jismoniy shaxslarga bank hisobvarag‘i ochishda ularning O‘zbekiston Respublikasida muqim (uch oydan kam bo‘lmagan) davrga ro‘yxatdan o‘tganligi va faoliyat yuritayotganligini tasdiqlovchi hujjatlarni (O‘zbekiston Respublikasida doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma, ishlayotganligi yoki o‘qiyotganligi, daromad manbalarini tasdiqlovchi hujjatlarni) talab qilishi mumkin.
Rezident va norezident jismoniy shaxslarga depozit hisobvaraqlari jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR) asosida ochiladi.
Rezident jismoniy shaxslarga raqamli identifikatsiyalash orqali bank hisobvarag‘i ochilganda, jismoniy shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish talab etilmaydi hamda bank hisobvarag‘i ochish uchun asos bo‘lgan hujjatlar elektron shaklda saqlanadi.
Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bank hisobvaraqlariga xizmat ko‘rsatuvchi bankda ikkilamchi, jamg‘arma va muddatli depozit, metall hisobvaraqlarini ochish uchun hisobvaraq ochish to‘g‘risida ariza taqdim qilinadi. Mazkur ariza elektron shaklda ham taqdim etilishi mumkin.
Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar boshqa banklarda ikkilamchi, jamg‘arma va muddatli depozit, metall hisobvaraqlarni ochishda ham asosiy hisobvaraq ochish uchun ko‘zda tutilgan hujjatlarni taqdim etishlari shart.
Qayta tashkil etilgan yuridik shaxslar asosiy va ikkilamchi hisobvaraqlar ochish uchun ushbu Yo‘riqnomaning mazkur bobida ko‘rsatilgan hujjatlarni taqdim etadilar.
Qonunchilikka muvofiq undiruv qaratilmaydigan maxsus maqsadli hisobvaraqlar xo‘jalik yurituvchi subyektlarning arizasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq ochiladi.
Bank tomonidan Markaziy bank yoki boshqa bankda vakillik hisobvarag‘i ochilayotganda, ushbu banklar o‘rtasida vakillik munosabatlari to‘g‘risida shartnoma tuziladi.
Bank tomonidan Markaziy bankda yoki boshqa bankda milliy va chet el valyutasida vakillik hisobvarag‘i ochish uchun quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:
bankning barcha rekvizitlari ko‘rsatilgan holda vakillik hisobvarag‘i ochish to‘g‘risida ariza;
imzolar namunalari qo‘yilgan varaqcha.
Yuridik shaxs bo‘lgan norezident banklar (bundan buyon matnda norezident bank deb yuritiladi) tomonidan banklarda vakillik hisobvaraqlarini ochish uchun quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:
norezident bankning to‘liq nomi va uni ro‘yxatdan o‘tkazgan davlatdagi yuridik manzili ko‘rsatilgan holda vakillik hisobvarag‘i ochish to‘g‘risida ariza;
imzolar namunalari qo‘yilgan varaqcha;
ro‘yxatdan o‘tkazgan davlatning vakolatli organi tomonidan berilgan litsenziyaning legallashtirilgan yoki apostil qo‘yilgan nusxasi;
norezident bank tomonidan va u ro‘yxatga olingan davlatda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar qo‘llanilishi to‘g‘risidagi axborot.
Yangi tashkil etilayotgan bank ta’sischilari tomonidan bank ustav kapitalini shakllantirish va bank ro‘yxatga olingunga qadar to‘lanadigan boj va yig‘imlar uchun mablag‘ yig‘ish maqsadida Markaziy bank yoki tijorat bankida 29801 — “Mijozlar bilan hisob-kitoblar” hisobvarag‘i bank ta’sischilari murojaati asosida ochilishi mumkin. Bunda, ta’sischilar tomonidan bankka quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
bank hisobvarag‘i ochish to‘g‘risida ariza;
imzolar namunalari qo‘yilgan varaqcha;
mijoz nomidan to‘lov hujjatlarini imzolash vakolatiga ega shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjati (biometrik pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi yoxud yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi).
Bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya olingandan so‘ng 29801 — “Mijozlar bilan hisob-kitoblar” hisobvarag‘idagi mablag‘lar belgilangan tartibda ochilgan vakillik hisobvarag‘iga ta’sischilarning topshirig‘i asosida o‘tkaziladi va 29801 — “Mijozlar bilan hisob-kitoblar” hisobvarag‘i yopiladi.



Download 278 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling