Zbekiston milliy universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi
Tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi
Download 1.89 Mb.
|
А.Жўраев Автореферат 14.03.2023
- Bu sahifa navigatsiya:
- Dissertatsiyaning tuzilishi va hajmi.
- “Tinchlikparvarlikning falsafiy-axloqiy mohiyati”
- “Tinchlikparvarlikning jamiyat axloqiy imidjiga ta’siri”
- “Tinchlikparvarlik – O‘zbekistondagi barqaror rivojlanishning tarbiyaviy omili sifatida”
Tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi. Tadqiqot natijalari jami 45 ta shundan, 2 ta xalqaro, 3 ta respublika va 2 ta xorijiy jurnallar va 19 ta respublika ilmiy-amaliy konferensiyalarida ma’ruza ko‘rinishida aprobatsiyadan o‘tgan.
Tadqiqot natijalarining e’lon qilinganligi. Dissertatsiya mavzusi bo‘yicha jami 45 ta ilmiy ish chop etilgan. Shundan, Oliy attestatsiya komissiyasining doktorlik dissertatsiyalari chop etish etishga tavsiya etilgan ilmiy nashrlarda esa 5 ta maqola (3 ta respublika va 2 ta xorijiy jurnallar) nashr qilingan. Dissertatsiyaning tuzilishi va hajmi. Dissertatsiya tarkibi kirish, uch bob, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat. Dissertatsiyaning hajmi 131 betni tashkil etadi. DISSERTATSIYANING ASOSIY MAZMUNI Dissertatsiyaning “Kirish” qismida mavzuning dolzarbligi va zarurati, respublika fan texnologiyalar rivojlanishining asosiy ustuvor yo‘nalishlariga mosligi, dissertatsiya bajarilgan oliy ta’lim muassasasi ilmiy tadqiqot ishlari bilan bog‘liqligi, muammoning o‘rganilganlik darajasi, tadqiqotning maqsadi va vazifalari, ob’ekti, predmeti, usullari yoritilgan. Shuningdek, ilmiy yangiligi, amaliy natijalari, tadqiqot natijalarining ishonchliligi va ilmiy-amaliy ahamiyati tavsiflangan. Dissertatsiyaning birinchi bobi “Tinchlikparvarlikning falsafiy-axloqiy mohiyati” deb nomlangan. Mazkur bobda tinchlikparvarlikning falsafiy mohiyati va axloqiy tamoyil sifatidagi talqini inson hamda jamiyat munosabatlari asosida ilmiy bayon etiladi. Tinchlikparvarlikning nazariyasi va amaliyotidan kelib chiqib, milliy g‘oyaning strategik prognozlash va hal etish yo‘llari tahlil qilinadi. Ijtimoiy hodisa sifatida tinchlikparvarlikning axloqiy ahamiyati va ijtimoiy zaruriyati, insoniyat uchun tinchlikni qadrlashga bo‘lgan xatti-harakatlar evolyutsiyasi, zamonaviy dunyoqarashga ega yoshlarning o‘z-o‘zini anglashiga erishish jarayonida tinchlikning o‘rnini bilishga qaratilgan falsafiy yondashuvlar tahlil qilingan. Tinchlikparvarlik to‘g‘risidagi asosiy g‘oyalar va qarashlar ilmiy-nazariy, metodologik jihatdan tadqiq etilgan. Hozirgi globallashuv sharotida tinchlikparvarlik tamoyilini anglab yetish, tinchlikni qadriyat sifatida anglash zaruriyati, avlodlar almashinuvi jarayonida axloqiy tamoyillarga munosabat, yuksak ma’naviyat, siyosiy madaniyat, millatning g‘oyaviy va mafkuraviy yetukligi tinchlik hamda barqarorlikni saqlashning muhim omili ekanligi asoslangan. Tinchlik va tinchlikparvarlik, hamjihatlik va ahillik inson kamolotini, xalq farovonligini, davlat ravnaqini ta’minlashga xizmat qilishi ochib berilgan. Tinchlik, tinchlikparvarlik va barqarorlik har qaysi davr ruhi, jamiyat qiyofasi va davlatning axloqiy asosi uchun muhim bo‘lib kelgan. Hatto davlatlar o‘rtasida tuzilgan ilk shartnoma ham tinchlik shartnomasi bo‘lganligi to‘g‘risida tarixiy manbalar guvohlik beradi. Chunonchi, Aflotun tinchlikparvarlikni tinchlikka erishish, yarashish natijasi, urush va nizolar oqibati asosida izohlaydi. U “Tinchlikka erishish birovlarning halokati va boshqalarning g‘alabasi evaziga bo‘ladimi yoki do‘stlik hamda tinchlik yarashuv natijasi sifatda paydo bo‘lib, barcha e’tibor tashqi dushmanlarga qaratilishi kerakmi?” – degan savolni qo‘yadi va urushni ham, o‘zaro nizoni ham rad etadi. Urush va nizoga ehtiyoj paydo bo‘lgan joyda inqiroz (mudhish ish) yuzaga keladi. Shuning uchun faylasuf “Tinchlik bu umum do‘stlikdir. Davlatning o‘z ustidan o‘zi g‘alaba qilishi, albatta, eng yaxshilikka emas, eng zaruriylik borasiga taalluqlidir. Bu holat xuddi birov o‘z badanining eng yaxshi ahvoli bu badan aziyat chekib, shifokorning da’vosiga, poklanishga muhtojlik deb o‘ylashi va bunga ehtiyoji bo‘lmagan badanga e’tibor berilmaydigan holatning o‘zidir. Xuddi shunga o‘xshash, butun davlat va xususiy shaxslar farovonligini nazarda tutib, avvalo, faqatgina tashqi urushlarga e’tibor beruvchi odam haqiqiy davlat odami bo‘la olmaydi. U yaxshi sohibi qonun ham bo‘lolmaydi, u urush harakatlari maqsadida tinchlikka taalluqli qonunlarni emas, tinchlik maqsadidagi urushga taalluqli qonunlarni o‘rnatadi, xolos”12. Aflotun qarashlarida tinchlikparvarlikning davlat darajasida qo‘llab-quvvatlanilishi, yangi qarashlar orqali tinchlikni qadrlash zarurligi e’tirof etilgan. Shuningdek, siyosiy jihatdan tinchlikka erishishning o‘ziga xosliga asoslangan. Bizning fikrimizcha, tinchlikning ta’minlanishi jamiyat hayoti uchun bir ne’matdir. Bu masalada Arastuning “Axloqi kabir” asarida bayon etilgan hayot ne’matlari bilan bog‘liq fikrlarga murojaat qilish o‘rinlidir. Faylasuf hayot ne’matlarining turlarini izohlaydi. Ne’matlarning ko‘ngilda bo‘lishini “fazilatlar” deb ataydi. U ne’matlar inson tanasida ham bo‘lishi mumkin: bular – sog‘liq va go‘zallik. Shuningdek, insonning ko‘nglidan ham, tanasidan ham tashqarida bo‘lgan ne’matlar bor: bular – boylik, hokimiyat, obro‘, martaba. Arastu inson ko‘nglidagi ne’matlarni eng oliy ne’matlar, deb ataydi va ularni uchta turga bo‘ladi: oqillik, go‘zal xulq, ruhiy lazzat13. Inson barcha ne’matlardan o‘zini anglash va yashash maqsadlarini beglilash uchun foydaladi hamda o‘zo‘zini shakllantiradi. Yunon falsafasidan farqli ravishda islom dinida “Tinchlik” so‘zi Qur’oni Karimda 40 marta uchraydi. Bu muqaddas kitobning “A’rof” surasi 56-oyatida shunday deyiladi: “Yer yuzida tinchlikni buzib, fasod-janjal qilmanglar. Haq taoloning rahmati yaxshi ehson qiluvchilarga yaqindir”.14 Umuman olganda, Islom ta’limotiga ko‘ra “jaholat”, “razolat”, “adovat”, “qabohat” va “fitna-fasod” kabi illatlar orqali tinch-osoyishta hayotni buzish to‘g‘ridan-to‘g‘ri Allohga qarshi isyon sifatida qabul qilingan. Tinchlikni ta’minlash insoniy fazilat ekanligini shu asoslarda ham ko‘rishimiz mumkin. Islom dinida “Tinchlik – inson qalbining tinchligidan boshlanadi”, degan nazariya muhim o‘rin tutadi. Qalbdagi bu tinchlik oilaga ko‘chadi. Bu ketma-ketlik va bir-birini to‘ldiruvchi ma’naviy jarayon bo‘lib, Islom oila tinchligi uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ishga soladi, oilalardagi tinchlik qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘lar orasiga ko‘chadi. Qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘lar bilan tinch yashash yo‘l-yo‘riqlari asosida tinchlikning mazmuni yanada boyitiladi. So‘ngra bu tinchlik jamiyatga o‘tadi. Har bir jamiyat o‘zaro tinchlikda yashash uchun nimalar qilishi lozimligi ham Islomda belgilab qo‘yilgan. Davlat miqyosidagi tinchlik va barqaror yashashga qalbi tinch, oilasi tinch, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘i tinch, jamiyati tinch bo‘lganda erishiladi. Bu borada Islom ta’limotida, xususan, Qur’onda, hadislarda urush (jihod) va sulh (tinchlik) masalalarini din hamda hurfikrlilik falsafasi nuqtayi nazaridan tadqiq etilgan. Ulug‘ muhaddis Muhammad ibn Iso at-Termiziyning “Sahihi Termiziy” to‘plamida ham umuman urush masalalariga, ular adog‘ida tuziladigan sulh (yarash)ga doir rivoyatlar talaygina. Jumladan, al-Muzaniy (r.a.): “Hazrat Rasululloh (s.a.v.) bunday dedilar: “Musulmonlar o‘rtasida halolni harom qilmagan, yo haromni halol qilmaydigan sulh (yarash) durustdur. Agar halolni harom qilmaydigan va haromni halol qilmaydigan shart bo‘lsa, musulmonlar o‘z shartlarida turishlari kerak”. Mashhur muhaddislardan Muslim ibn al-Hajjat “Sahih Muslim” deb atalgan majmuasida islom ta’limoti va amaliyotiga doir 135 banddan iborat mulohazalarini bayon etadi. Mazkur bandlarning yettinchisi “Halokatga olib boruvchi yettita gunohdan saqlaninglar” degan da’vatdan iborat bo‘lib, bu halokat, musibat, judoliklardan ikkitasi jihodga taalluqlidir. Bularning birinchisi – “Birovni nohaq o‘ldirmoq”, ikkinchisi – “Yov bilan bo‘layotgan jangdan qochmoq” 15 deb baholangan. Tinchlikparvarlikning axloqiy mohiyatiga doir qarashlar “Ikkinchi Arastu” nomi bilan mashhur alloma vatandoshimiz Abu Nasr Forobiy ta’limotida, jumladan, “Fozil odamlar shahri” asarida atroflicha bayon etilgan. U odamlarga nisbatan “Ularni birlashtirib turuvchi asos insoniylikdir, shu tufayli odamlar odamzod turkumiga oid bo‘lgani uchun ham o‘zaro tinchlikda yashamoqlari lozim”16 deydi. Mutafakkir o‘zining falsafiy tizimiga asoslanib insoniyatni bir butun Buyuk jamiyat deb qaraydi. Butun insoniyatni birlikka birlashtirish mutafakkirning orzusi edi. Insoniyat doimiy sinfiy, diniy, irqiy, milliy ziddiyatlar oqibatida doimiy urushlar tufayli turli guruhlarga bo‘linib ketgan davrda bunday g‘oyaga ega bo‘lish allomaning insonparvarligi va optimizmidan dalolat beradi. O‘tgan asrning 50-yillarida jahon urushining oldini olish uchun agressorlarga qarshi, xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash uchun kurashga juda keng ommani qatnashtirish, barcha tinchliksevar kuchlarning faolligini o‘stirib borish g‘oyatda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Ayniqsa, atom urushiga tayyorgarlik ko‘rishga qarshi norozilik shiori ostida 1949-yil bahorida vujudga kelgan tinchlik tarafdorlarining harakatlari turli siyosiy e’tiqod, din va qarashlardagi kishilarni qamrab olishga erishdi. Xususan, turli anjumanlar, kongress yig‘inlari, simpozium majlislarida gumanist olimlar, xalqaro tashkilot rahbarlari, diniy ulamolar, turli irq va millat vakillarining tinchlikni mustahkamlash hamda urushga qarshi bir maqsadga intilish – yangi jahon urushining oldini olishga, odamlar mehnati va aql-idroki bilan vujudga keltirilgan hamma narsalarning yemirilishiga yo‘l qo‘ymaslikka intilish niyatlarini birlashtirdi. Bunday tinchlikparvarlik harakatlariga jahon ilmiy jamoatchiligi o‘z munosabatini bildirgan. Bu borada 1955-yilning 9-iyul kuni Londonda imzolangan “Rassel-Eynshteyn Manifesti” nomi bilan tarixga kirgan hujjatning global axloqiy ahamiyati haqida quyidagi mulohazalarimizni bayon etish o‘rinlidir. XX asrning 60-yillarida, ya’ni “sovuq urush” ayni avjiga chiqqan davrda, butun insoniyat va xalqaro hamjdamiyatning diqqat e’tibori, asosan, yadroviy to‘qnashuvning oldini olishga qaratilgan edi. “Karib inqirozi” deb nom olgan SSSR va AQSh o‘rtasidagi mojarodan so‘ng yadro quroliga ega bo‘lgan “katta davlatlar” bir narsaga – atom, neytron, vodorod qurollarining oz miqdorda bo‘lsa ham ishlatilishi nafaqat raqibiga, balki o‘z uyining ham barbod bo‘lishiga olib kelishi mumkinligiga iqror bo‘lishdi. Ommaviy qirg‘in keltiruvchi qurollarning qo‘llanilishi va uchinchi jahon urushining boshlanishi yerdagi hayotning tugashi ekanligini butun insoniyat tushunib yetdi. Bu urushda na mag‘lublar va na g‘oliblarning bo‘lmasligi isbot talab qilmaydigan aksiomaga aylanib qoldi. 1955-yil 31-yanvarda fransuz fizigi, Butunjahon ilmiy tadqiqotchilar federatsiyasining sobiq prezidenti Fredirik Jolio-Kyuri ingliz faylasufi va jamoat arbobi Bertran Rasselga xat bilan murojaat qiladi. Xatda o‘sha davrdagi yadro halokatlarining insonga tahdidi borasidagi masalalar ko‘tarilgan va mana shu masala atrofida dunyo olimlari hamjihat bo‘lishi ta’kidlangan edi. Rassel bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq mazkur manifestga dunyodagi tengsiz olimlar imzo chekishlari talab qilinadi. Rassel ham shu o‘rinda mazkur manifestga biror bir siyosiy harakatga a’zo bo‘lmagan, aksincha, umummanfaat qarashlarini qo‘llaydigan kishilar imzo chekishlarini so‘raydi. Shundan keyin kapitalistik va sotsialistik dunyoning 11 nafar olimlari (barchasi Nobel mukofoti laureatlari edi) imzo chekkan manifest yuzaga keladi. Tinchlikparvarlikning axloqiy tamoyil sifatida insoniyat hayotida muhim ahamiyatga ega hodisa ekanligi axloq falsafasiga oid manbalarda bayon etilgan. Jumladan, faylasuf-axloqshunos Abdulla Sher tinchlikparvarlikni alohida g‘oya sifatida, urushni esa antigumanistik mohiyatda ta’riflaydi. “Urushning qon to‘kishning har qanday ko‘rinishini inkor etadi, tinchliksevar shaxsning tinch-totuv yashashga bo‘lgan ijobiy munosabati bilangina chegaralanib qolmaydi, balki dushmanlik va tajovuzkorlikka qarshi kurashni, zarba berishni taqozo etadi. Unda tinchlik haqida chiroyli gaplar aytish, yig‘inlarda ma’ruzalar qilish emas, balki faol xatti-harakat, uyushtiruvchilik, tashkilotchilik birinchi darajali zaruriy faoliyat hisoblanadi”17. Bundan anglanadiki, tinchlikparvarlikning natijadorligi: a) harakatchanlikka (o‘zaro hamkorlikka intilish); b) uyushtiruvchilikka (o‘zaro manfaatli munosabatlar); v) tashkillashtirishga (murosa, kompromis, vositachilik) bog‘liq. Tinchlikparvarlikning axloq falsafasining eng muhim tamoyili sifatidagi mohiyati uning umummilliy va umuminsoniy ahamiyat kasb etishida. Zero, u mohiyatan tinchliksevarlikdan farq qiladi: tinchlikni sevish hammaning ham qo‘lidan keladi, biroq uni saqlab qolishga barcha ham qodir emas. Tinchlikparvarlik tamoyilining axloqiy-ma’naviy xarakteri o‘zida inson kamoloti va ma’naviy xotirjamlikni inikos ettiradi. Bu tamoyilning o‘ziga xos urushlarga yo‘l qo‘ymaslik, davlatlararo nizo va mojarolarni siyosiy vositalar bilan hal etish, mamlakat ichidagi kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan bartaraf qilish, inson huquqi va qonun ustuvorligini ta’minlash kabi vazifalarni bajarishni ifodalaydi. Bizning fikrimizcha, tinchlikparvarlikning taktik xususiyatini harbiy mojaroni hal etish, ziddiyatlarni bartaraf qilish, vayronkorlikka qaratilgan tahdidlarning oldini olish, barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiluvchi faoliyat, harakat, intilish bilan izohlash mumkin. Tinchlikparvarlikning taktik xususiyati uning ijtimoiy dolzarbligi, zaruriyati va ahamiyatini ham belgilaydi. Chunki jamiyat tinchligini buzuvchi tahdidlarning oldini olish pirovardida inson va jamiyat barqarorligini ta’minlashning muhim omilidir. Bu omil milliy yuksalish jarayonlarida tinchlikparvarlikning axloqiy ehtiyojga aylanishini asoslash, umuminsoniy qadriyatga aylanish mohiyatini yoritish insoniy munosabatlar tizimida ma’naviyatning ustuvorligini ta’minlash imkonini beradi. Dissertatsiyaning ikkinchi bobi “Tinchlikparvarlikning jamiyat axloqiy imidjiga ta’siri” deb nomlanib, tinchlikparvarlikka erishishda ma’naviyat, siyosat, iqtisodiyot va milliy mentalitetdagi ma’naviy yangilanishlar, xalqaro ijtimoiy muhitning axloqiy manzarasini takomillashtirish hamda tinchlikparvarlikning jamiyat axloqiy imidjiga ta’siri bilan bog‘liq masalalar ilmiy bayon etilgan. Jamiyat axloqiy imidjining xususiyatlari tahlil qilinib, nazariy va ilmiy xulosalar chiqarilgan. Har bir davlatning boshqaruv tizimi o‘ziga xos bo‘lishi bilan birga tinchlikka qaratilgan siyosiy boshqaruvni ta’minlash ahamiyatiga ko‘ra yetakchi o‘rinni egallaydi. Bu holat, ayniqsa, mustaqillikka erishganiga uncha ko‘p bo‘lmagan davlatlar tajribasida kuzatiladi va yalpi yangilanishlar jarayoni quyidagi ikki o‘zaro uzviy bog‘langan yo‘nalishlarda amalga oshiriladi. Birinchisi – jamiyat hayotining barcha sohalaridagi bir butun tizimni yaratish, jamiyat hayotining barcha tizimlarida farovonlikni ta’minlash, fuqarolarning ishonchini oshirish vositasidagi tinchlikni ta’minlash, ikkinchi tomondan esa davlatlararo global darajadagi hamkorlikni ta’minlashga va yangi hamkorlik tendensiyalarini belgilashga erishish. Bizning fikrimizcha, O‘zbekistonning mustaqillik yillarida erishgan amaliy tajribasi bu tinchlikparvarlik yo‘lida olib borilgan oqilona siyosati hisoblanadi. Umumjahoniy yangilanishlar jarayoni avval muayyan mamlakat, keyin bir guruh davlatlar, oxir-oqibatda barcha mamlakatlar taqdiriga, jamiyatlar va jamoalar, alohida insonlar hayotiga bevosita hamda bilvosita ta’sir ko‘rsata boshlaydi. Dunyo ma’naviy yuksalish jarayonlariga har bir davlat o‘z taraqqiyot ko‘lami, ilmiy-ma’rifiy va ma’naviy-axloqiy saviyasi, kamoloti darajasidan kelib chiqqan holda qo‘shila boshladi. Bu xalqaro hamkorliklar mamlakatimizda o‘ziga xos imidjning yaratilishiga asos bo‘ldi. Urush va tahdid, zulm va zo‘ravonlik mavjud bo‘lgan joyda tinchlikparvarlikka har doim ehtiyoj seziladi hamda u axloqiy ehtiyojga aylanadi. Tadqiqotimizda ushbu ehtiyojlarning ayrim axloqiy paradigmalarini ko‘rib chiqamiz. Birinchisi – shaxs ma’naviy xavfsizligi paradigmasi. Tinchlikparvarlikning axloqiy ehtiyojga aylanishi “shaxs ma’naviy xavfsizligi”ni ta’minlashni taqazo etadi. Sababi, shaxsning o‘z ma’naviy dunyosini tudli ta’sirlardan xoli holda tasavvur qila olishi hamda uning asosiy yo‘nalishlarini aniqlash lozimdir. Ikkinchisi – ijtimoiy ahillik paradigmasi. Bugungi kunda tinchlikparvarlikning axloqiy ehtiyojga aylanishi “ijtimoiy ahillik” masalalarini axloqan tahlil qilishga ko‘p jihatdan bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Chunki ijtimoiy ahillik zaruriy hodisa sifatida barcha sharoitda ta’minlanishi zarurdir. Ayniqsa, bu ko‘pmillatli mamlakat hisoblangan O‘zbekistonda tinchlik, totuvlik va birdamlik siyosatining axloqiy mazmunini tashkil etadi. Sababi etnik va millatlararo sog‘lom muhit yaratilagnligi hamda davlat siyosatida buning aks etganligidir. Biroq jahonda sodir etilayotgan urushlar davlatning axloqiy mohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, urushning ko‘payishi axloqning inqiroziga olib keladi. Tinchlik madaniyati paradigmasi. Keyingi paytlarda tinchlikni saqlash va unda fuqarolarni ishtirokini ta’minlashda “tinchlik madaniyati” tushunchasi ilmiy muomalada qo‘llanila boshlandi. “Tinchlik madaniyati” falsafiy-axloqiy tushuncha bo‘lib, uning mohiyati “urushlarga yo‘l qo‘ymaslik, davlatlararo nizo va mojarolarni siyosiy vositalar bilan hal etish, mamlakat ichidagi kelishmovchiliklarni tinchlik yo‘li bilan bartaraf qilish, inson huquqi va qonun ustuvorligini ta’minlash”dan iborat. Xalqimiz orasida murosai madora, qo‘shnining haqi, xalqning mulki, yaxshilik va yomonlik dialektikasi bilan bog‘liq hikmatlar ko‘plab uchraydi. Jumladan, “Bir kun urush-janjal bo‘lgan yerdan qirq kun baraka qochadi”, “Yon qo‘shni – jon qo‘shni”, “Qo‘shning tinch – sen tinch”, “Tinchlikning boshi birlikda” kabi serma’no maqollar tinchlikparvarlikning asl mazmun-mohiyatini aks ettirib, tarbiyaviy-axloqiy ahamiyatga ega. Bundan tashqari, hozirgi tashqi siyosat ham aynan tinchlikparvarlik, yaxshi qo‘shnichilik prinsiplarini oqlaydi. Ayniqsa, hozirgi globallashuv davrida ma’naviy qadriyatlar va boyliklarni saqlab qolish uchun “tinchlik madaniyati”ning rolini kuchaytirishga erishish zarur. Tinchlik madaniyatida: birinchidan, ozodlik, adolat va demokratiya tamoyillariga asoslangan do‘stona hamda ittifoq madaniyati; ikkinchidan, zo‘ravonlikni qaytaruvchi va nizolar paydo bo‘lgan zahoti uni bartaraf etishga chorlaydigan, muammolarni muloqot va muzokaralar yo‘li bilan hal etuvchi madaniyat; uchinchidan, o‘z jamiyatining ichki rivojida uning barcha huquqini, har kishining to‘la miqyosda va imkoniyatlarini amalga oshirishda to‘liq ishtirokini ta’minlovchi madaniyatga erishishlik g‘oyasi asos qilib olinishi kerak. Bugun O‘zbekistonda tinch-totuv yashash tamoyili davlat siyosatining ajralmas qismi hisoblanadi. Bu jarayonda O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan “Harakatlar strategiyasi” hamda 2022-2027-yillarga mo‘ljallangan “Taraqqiyot strategiyasi” boshqa davlatlarga nisbatan munosabatlar yuzasidan O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim prinsiplarini – tinch-totuv yashash prinsiplarini belgilab berdi. Barcha xalqlar uchun ilm-ma’rifat, ta’lim va tarbiya kabi tinchlikparvarlik ham inson kamoloti hamda millat ravnaqining asosiy sharti hisoblanadi. Garchand, ta’lim-tarbiya anglashning mahsuli, tafakkur darajasi va uni rivojlanishini belgilovchi eng muhim omillar bo‘lsada, tinchlikparvarlik ham xalq va millat ma’naviyatini ifodalaydi. Bu tendensiyaning hayotiyligi xalqning tinchlik va tinchlikparvarlikka munosabatida, yondashuvida va harakatlantiruvchi kuch sifatidagi mohiyatida kuzatish mumkin. Dissertatsiyaning uchinchi bobi “Tinchlikparvarlik – O‘zbekistondagi barqaror rivojlanishning tarbiyaviy omili sifatida” deb nomlanadi va unda O‘zbekistonning global tinchlikni ta’minlash yo‘lidagi pozitsiyasining axloqiy paradigmalari hamda tinchlikparvarlik tarbiyasining milliy asoslariga doir ilmiy mulohazalar, boradagi istiqbollar tahlil etilgan. Ijtimoiy hamkorlikni ta’minlash zamirida global muloqotga kirishish uchun imkoniyat paydo bo‘lishi, mustaqillikni mustahkamlash, milliy ruhda birlasha olish, o‘z-o‘zini saqlab qolish, asrash-avaylash, demokratik jamiyatni qurish bilan bog‘liq g‘oyalar majmui sifatida namoyon bo‘lib borayotganligi ochib berilgan. Bizning fikrimizcha, tinchlikparvarlikning ma’rifiy-axloqiy paradigmalarini tahlil qilish orqali yangi hayot, yangi jamiyat qurish, xalqqa munosib hayot barpo etish haqida gap ketganda mavjud muammolar orasidan quyidagi asosiy to‘rt tamoyilni nazarda tutish lozim: Birinchi tamoyil – yurtimizdagi tinchlik-totuvlik, barqarorlikni ko‘z qorachig‘iday saqlash, yovuz, g‘arazli yomon ko‘zlardan – harakatlardan asrab-avaylash. Ikkinchi tamoyil – mulkchilik masalasida keskin va qat’iy o‘zgarishlar yasash, shu mulkni asrash uchun, himoya qilish uchun, uni ko‘paytirish uchun, uning shaxsga, oilaga, jamoaga xizmat qilishi uchun kurashish. Uchinchi tamoyil – odamlarning, faollarning, jamoatchilikning tafakkurini o‘zgartirish, yangicha fikrlaydigan odamlarni ko‘paytirish, shuning bilan birga boqmandalikka o‘rganib qolmaslik yo‘lidan borishga tomon intilish. To‘rtinchi tamoyil – odamlar, jamiyat mafkurasida Vatan, yurt g‘oyasi ustuvor bo‘lmog‘i, milliy g‘urur, milliy iftixor har qanday faoliyatimizning poydevori bo‘lishi. Shuni alohida ta’kidlash zarurki, mamlakatimizda tinchlikparvarlikning ma’rifiy-axloqiy paradigmalarining mustahkamlanishi qator ijobiy ishlarga asos solindi. Tinchlikni asrash va himoya qilishga qaratilgan faoliyat ta’lim sohasidagi natijadorlikning amaliy-pragmatik asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Tadqiqotimiz davomida mamlakatimizda tinchlikparvarlikni axloqiy asolarini aniqlashga qaratilgan savollar bo‘yicha jamoatchilik fikr-mulohazalariga e’tibor qaratdik. Joriy yilning avlust-sentyabr oylarida Toshkent viloyatida joylashgan ikkita oliy o‘quv yurtida (Chirchiq davlat pedagоgika universiteti, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti) professor-o‘qituvchilari, tahsil olayotgan talaba yoshlar va aholi o‘rtasida o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqotda 1000 nafardan ortiq respondentlar ishitirok etishdi. Ulapning javoblapidan bapchaci yapoqli deb topildi. So‘rovnomada ishtipok etganlapning 58 %ini erkaklar, 42 %ini esa ayollap tashkil etdi. Mamlakatimizda tinchlikparvarlikka qaratilgan siyosat doimiy takomillashib borayotganligini alohida ta’kidlash lozim. Chunki huquqiy-siyosiy va axloqiy jihatdan yurtimizda tarixiy tajriba takomillashmoqda hamda har bir fuqaroning erkin, farovon yashashiga imkoniyat sifatida amal qilmoqda. Ichki va tashqi siyosat jihatdan tigchlikni ta’minlashda alohida siyosatdan tashqari ijtimoiy zaruriyat sifatida tinchlikni qadrlash va uni saqlashda har bir fuqaroning o‘rni borligini ko‘rishimiz mumkin. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining asosiy g‘oyasi huquqiy demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini qurish hamda tinchlikparvar siyosatni olib borishdir. Taraqqiyot strategiyasida esa, o‘z navbatida, tinchlikparvarlikka qaratilgan aniq maqsadlarning qo‘yilganligi bilan ahamiyatlidir. Download 1.89 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling