20-modda. Xavfsizlik choralarini bekor qilish tartibi
Xavfsizlik choralarini qo‘llashning ushbu Qonunning 16-moddasida ko‘rsatilgan asoslari
bartaraf etilgan taqdirda, shuningdek xavfsizlik choralarini ta’minlovchi organ himoya
qilinuvchi shaxs bilan ushbu Qonun 18-moddasining oltinchi qismiga muvofiq tuzgan kelishuv
shartlarining himoya qilinuvchi shaxs tomonidan buzilganligi oqibatida xavfsizlik choralarini
keyinchalik qo‘llash imkonsiz bo‘lgan taqdirda, xavfsizlik choralari bekor qilinadi.
Xavfsizlik choralari himoya qilishni ta’minlash to‘g‘risida qaror qabul qilgan organga
himoya qilinuvchi shaxs tomonidan yuborilgan yozma arizaga ko‘ra bekor qilinishi mumkin.
Xavfsizlik choralarini bekor qilishga faqat himoya qilishni ta’minlash to‘g‘risida qaror
qabul qilgan organning qaroriga (ajrimiga) yoxud jinoyat ishini yuritayotgan organning
qaroriga (ajrimiga) ko‘ra yo‘l qo‘yiladi.
Xavfsizlik choralarini bekor qilish to‘g‘risidagi qaror (ajrim) ustidan yuqori turuvchi
organga, prokurorga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin. Shikoyat berilgan paytdan e’tiboran
yigirma to‘rt soat ichida ko‘rib chiqilishi lozim.
Xavfsizlik choralarini bekor qilish to‘g‘risidagi qarorda (ajrimda) himoya qilinuvchi
shaxsning mulkiy huquqlarini va ular bilan bog‘liq shaxsiy nomulkiy huquqlarini tiklash
masalalari tartibga solinishi kerak.
Xavfsizlik choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror (ajrim) ushbu Qonun 5-moddasining
ikkinchi qismida ko‘rsatilgan organ mazkur choralarni bekor qilish haqida qaror qabul
qilguniga qadar amal qiladi.
Sud jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqarayotganda xavfsizlik choralarini bekor qilish
haqida yoxud mazkur choralarni bundan buyon qo‘llash to‘g‘risida ajrim chiqaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |