Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet1/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   52

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
1
 
 
Pirimqul Qodirov 
 
HUMOYUN VA AKBAR
 
(Avlodlar dovoni) 
 
Tarixiy roman 
 
Birinchi qism: HUMOYUN 
 
A G R A 
HAMIDA BONU AROSATDA 
 
Hijriy 935-yilda* Agraga ko‘chib kelgan Xonzoda begim o‘n yildan beri Hindistonda 
istiqomat qilayotgan bo‘lsa ham, hanuzgacha bu yerdagi yil fasllarining g‘aroyibligiga 
o‘rganolmaydi. Uning nazarida, Agraning kuzi va qishi yo‘q, bahori bilan yozi esa yil bo‘yi 
davom etadi. Kech kuzda, begimning yoshligi o‘tgan Farg‘ona vodiysida, daraxtlar 
bargini duv to‘kadigan xazonrezlik paytida Agraning yam-yashil xurmozorlari xuddi 
yozdagidek meva berib turadi. Qishda, Samarqandning moviy gumbazlari oppoq qor 
bilan bezanadigan paytda Jamna bo‘ylarida donli ekinlar boshoq tortadi, toklar esa gulga 
kiradi. Xut oyining oxirida Toshkentda qish qirovlari endi tugaydigan kezda Hin-
distonning janubida ertaki uzumlar pishadi. Navro‘z kirganda esa bozorga yangi qovun 
chiqadi va hind dalalarida arpa o‘rimi boshlanadi. 
Agradagi Zarafshon bog‘ida baland gulmohur daraxtlari bor. Bu daraxtlar navro‘z 
arafasida butun barglarini birdan to‘kadi-yu, novdalaridagi shig‘il g‘unchalar 
birvarakayiga ochiladi. Shunda yaproqsiz novdalarning hammasi yirik-yirik qizil gullar 
bilan qoplanadi. Ulkan gulmohur daraxtlari qip-qizil gulxanlarga o‘xshab ko‘zni yondiradi. 
Shuning uchun bu ajoyib daraxtni olovli mohur ham deyishadi. 
Mana shu gulmohurlar yonidagi tillakori tolorda* yoshi oltmishlardan oshgan, sochlari 
oqarib, jussasi kichik bo‘lib qolgan Xonzoda begim xomush bir qiyofa bilan yolg‘iz 
o‘ltiribdi. 
Bog‘ juda orasta, yo‘lkalarga oltinrang qumlar solingan, marmar ariqlardan tiniq suvlar 
jildirab oqadi. Chorchamanlarda mamlakatning eng noyob gullari muattar hid taratib 
ochilib turibdi. Lekin bu hammasi Xonzoda begimga juda omonat tuyuladi. Inisi Bobur 
qonli janglarda barpo etib ketgan ulkan davlat hanuzgacha hind yeriga teran ildiz 
otolgan emas. Fotihlik qilichining yaralari tezda tuzalmas ekan. Mamlakatning turli 
o‘lkalarida Humoyun va uning inilariga qarshi ketma-ket isyonlar bo‘lmoqda. Shu xatarli 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
2
vaziyatda og‘a-inilar inoq bo‘lish o‘rniga bir-birlari bilan chaplashib, hokimiyat 
talashadilar. Xonzoda begim ularni murosaga keltirolmay qiynaladi. Hozir bog‘da 
o‘ltirgan paytida ham, butun xayoli og‘a-inilarning nizolaridan beri kelmaydi. 
Begimning parishon nazari tushib turgan ko‘kalamzor maydonda esa bir to‘p otliq qizlar 
chavgon* o‘ynamoqda. Ular Xonzoda begimday mashhur kayvoni o‘yinga qarab 
turganidan ruhlanib, jon-jahdlari bilan chavgon to‘pini muxoliflar darvozasiga kiritishga 
intiladilar. 
Bir taraf darvoza bo‘z otliq qizlar himoyasida. Qora otliqlarga ikkinchi darvoza berilgan. 
O‘yinchilarni farq qilish oson bo‘lishi uchun bo‘z otliq qizlar sariq rangli cholvor va 
nimcha kiyishgan. Qora otliqlar esa qizil kiyimda. 
Hindol mirzoning yoshgina xotini Sultonim begim maydon atrofida saman otini yo‘rttirib, 
o‘yinga hakamlik qiladi. Uning qo‘lida zargarlar bulbulga o‘xshatib chiroyli qilib yasagan 
oltin hushtak. Qoidani buzganlar shu hushtak bilan ogohlantiriladi. 
Bir payt to‘p bo‘z otliqlarning darvozasiga kiritildi-yu, o‘yinning shiddati oshib ketdi. 
Xonzoda begim chavgoncho‘plarning bir-biriga shaq-shuq urilayotganini, bo‘z otliqlar 
juda qattiq hujumga o‘tganini ko‘rganda, «biron kor-hol bo‘lmasin tag‘in», deb beixtiyor 
xavotirlandi. Bu xavotirlik endi uning e’tiborini o‘yinga tortdi. 
Tapir-tupur ot chopayotganlar — bo‘y yetgan xushro‘y qizlar. Ularning orasida Gulbadan 
begim ham bor. Qizlarning hech biri Xonzoda begimning ko‘zi oldida mag‘lub bo‘lib, 
uyalib qolishni istamaydi, hammasi to‘pni boshqalardan tortib olishga intiladi. Shunda 
otlari bir-biriga urilib, ayqashib ketadi, goho biron ot urilish zarbidan gandiraklab 
yiqilgudek bo‘ladi. Bu qaltis holatlar Xonzoda begimni iztirobga sola boshladi. 
Axir bu qizlar eng nufuzli bek-u a’yonlarning oilasidan. Agar birontasining yuz-ko‘ziga 
chavgoncho‘p tegib yarador qilsa, chandiq qoldirsa yoki birontasi otdan yiqilib, tuyoq 
tagida ezilsa mutaassib shayxlar yana fisq-u fasodni ko‘paytiradi. Ular qizlarning doim 
parda ichida — uy asirasi bo‘lib o‘ltirishini talab qiladilar. Lekin parda ichida xonanishin 
bo‘lib beharakat yashaydigan ayollar notavon va mo‘rt bo‘lishini, baquvvat nasl 
berolmasligini Xonzoda begim yaxshi biladi. Begim bilan birga bu yerlarga kelgan el-
ulusning qizlari esa qadimdan otliq yurib o‘rganganlar. Hozir ham Xonzoda begim 
biladigan ayollarning bir yerda muqim turadiganlari oz. Erlar qatori ayollar ham hali 
Xurosonda, hali Kobulda yashaydilar, hali Badaxshonga ketib, hali Agraga keladilar. Bu 
uzoq o‘lkalar orasida ikki-uch oylik yo‘llarni ko‘pgina qizlar otliq bosib o‘tadi. Taqdir 
taqozosi shundoq bo‘lgach, ota-bobolar udumi bo‘yicha qizlarni ham yoshligidan 
chavandozlikka o‘rgatish, ular orasida ham poygalar, musobaqalar o‘tkazish joiz 
emasmi? Albatta, qizlarni otdan yiqilish-u mayib bo‘lishdan ham ehtiyot qilish kerak! 
Xonzoda begim shuni o‘ylab, o‘yinni hayajon bilan kuzatgani sari qizlar xavf-xatarni 
unutib, to‘daga dadil tashlanishar, qamchi o‘rniga chavgoncho‘p bilan otlari sag‘risiga 
urib, muxolif tomonga hamla qilishardi. 
Bo‘z otliq qizlardan Hamida degani o‘yinchilar g‘ij-bij bo‘lib turgan to‘daga o‘qday yorib 
kirdi-yu jilovni qo‘yib yubordi. Chavgoncho‘pni ikki qo‘llab tutganicha, uzangiga oyog‘ini 
tiradi-da, uloqchilardek pastga engashdi. Bu qiz qoplon kabi chaqqonlik bilan to‘pni 
chavgoncho‘pga ilintirib to‘dadan olib chiqqanda, Xonzoda begimning zavqi kelib «o!» 
deb yubordi. Narigi darvoza himoyasiz qolgan edi. Hamida «go‘y» deb ataladigan to‘pni 
o‘sha tomonga chir-pirak qilib olib o‘tdi. Uning oti ham shamolday uchmoqda edi. Qora 
otliqlar quvib yetganicha bo‘lmay, Hamida bonu to‘pni darvozaga shunday chapdastlik 
bilan urib kiritdiki, buni ko‘rgan Xonzoda begim: 
— Balli, sherqiz! — deb qarsak chaldi. 
Otini burib orqaga qaytayotgan Hamida bonu Xonzoda begimning so‘zini eshitmagan 
bo‘lsa ham, uning qarsak chalganini ko‘rib, o‘zida yo‘q suyundi. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
3
Tillakori tolorda o‘ltirgan begimning jussasi kichkina ko‘rinsa ham, Hamida bonu uchun 
ayol zoti orasida undan salobatlisi va qudratlisi yo‘q. Sultonim begim Hamidaga yaqin 
kelib: 
— Eshitdingizmi? — dedi. — Hazrat onam sizga «sherqiz!» deb tahsin aytdilar. 
— Chindanmi, a? 
— Men ham eshitdim! — dedi bo‘z otliq Gulbadan begim. 
Hamida bonu hayajon ichida otini tolor tomonga burdi-da, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, 
Xonzoda begimga qulluq qildi. 
Bu kayvoni begimning boshidan qanday dahshatli fojialar kechganini Hamida yaxshi 
biladi. O‘ttiz to‘rt yoshida beva qolgan va yolg‘iz o‘g‘li Xurramshohdan judo bo‘lgan 
Xonzoda begim keyinchalik Sultonimni farzandlikka olgan. Sultonim aslida andijonlik 
me’mor, mavlono Fazliddinning jiyan avlodidan edi. Qizcha ikki yasharligida ota-onasi 
vaboga uchrab o‘lib ketishgan, mavlono ularga juda qattiq kuygan edi. Voqeadan xabar 
topgan Xonzoda begim mavlononing hurmati uchun ikki yashar Sultonimni o‘ziga qiz 
qilib oldi, unga butun mehrini berib, o‘n to‘rt yil tarbiyaladi. Bultur jiyani Hindol 
mirzoning Sultonimga ko‘ngli borligini sezib, Humoyunning maslahati bilan ularning 
to‘ylarini o‘tkazdi. Bu to‘y shunchalik katta bo‘ldiki, unga borgan mo‘tabar begimlarga 
obu oshdan tashqari kumush barkashlarda bir siqimdan oltin tangalar tortildi. Har bir 
begim siqimiga siqqanicha oltin olganini, boshqa yoshroq qizlar orasiga oltin-kumush 
tangalar sochqi tarzida sochilganini Hamida bonu o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Oyog‘i tagiga 
kelib tushgan bitta oltin tangani u ham yaxshi niyat bilan esdalikka olib qo‘ygan. 
Uni to‘yda eng hayron qoldirgan narsa shu ediki, davlat boshlig‘i bo‘lgan Mirzo Humoyun 
o‘sha kuni to‘yxonaning baland joyiga qo‘yilgan hashamatli shohsupada Xonzoda 
begimni o‘z yoniga o‘tqazib, uni podshoga tenglashtirib e’zozladi. Bu voqeani ko‘rgan 
keksalar: «Musulmon podsholarining kamdan kami ayol zotining hurmatini bu darajada 
baland ko‘targan», deb hali ham aytib yuradilar. 
Hamida bonu uchun shunday bir qo‘l yetmas balandlikda yurgan Xonzoda begim endi 
uning chavgon o‘ynashiga qiziqishi, yana «sherqiz!» deb tahsin aytishi kutilmagan bir 
baxt bo‘lib tuyuldi. Bu baxtdan Hamidaning vujudiga yangi kuchlar quyulib kela boshladi. 
U har to‘p urganda bilagida sherning ku-chini sezganday bo‘lar, tagidagi bo‘z oti ham 
maydon bo‘ylab o‘qday uchardi. 
Tolorda o‘ltirgan Xonzoda begim Hamida bonu bilan o‘zining orasida alohida bir e’zoz va 
qiziqish kuchayib borayotganini sezib turardi. Hamida uning e’tiboridan ruhlanib yaxshi 
o‘ynagani sari Xonzoda begimning dili ham yayramoqda edi. Boyagi og‘ir o‘ylar, vujudini 
bo‘shashtirgan keksalik charchoqliklari esidan chiqib, ularning o‘rnini yorug‘ bir zavq 
egallamoqda edi... 
Hamida bonu muxoliflari darvozasiga ikkinchi marta to‘p kiritganda Xonzoda begim bu 
qizga butunlay mahliyo bo‘lib qoldi. Hozir bo‘z ot ustida Hamida emas, yoshlikdagi 
Xonzoda begim o‘ltirganday tuyuldi. Begimning ko‘zi oldida o‘n olti yashar qizlik paytlari 
gavdalandi. Uzoqlarda qolib ketgan Andijon, Qoradaryo bo‘yidagi chorbog‘, o‘n bir 
yoshlik o‘spirin inisi Bobur mirzo... va uning mulozimlari bilan chavgon o‘ynagan 
chavandoz kiyimidagi go‘zal qiz Xonzoda... Bu hammasi bulutlar orasidan yarq etib 
ko‘ringan oftob bo‘lib begimning qalbini yoshlik nurlariga to‘ldirdi... 
Xonzoda begimga go‘yo yoshligini qaytib bergan bu qiz kim ekan? Begim uning 
Gulbadan va Sultonim bilan birga yurganini ilgarilari ham ko‘rgan, lekin ko‘pda e’tibor 
bermagan edi. Endi u bilan yaqindan tanishgisi keldi-yu o‘yin tugagandan keyin kanizini 
yuborib, Hamida bonuni tolorga chaqirtirdi. 
 
_________ 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
4
* Hijriy 935-, milodiy 1528-yilga to‘g‘ri keladi. 
* T o l o r — yozlik shiypon. 
* Ch a v g o n — ot minib o‘ynaladigan va ba’zi jihatlari chim xokkeyni eslatadigan qadimiy o‘yin.
 
* * * 
 
Kechki dim havoga o‘yinning tafti qo‘shilib, Hamida bonu bo‘g‘riqib ketgan, qora 
qoshlarining ustida ter munchoqlari yiltirar edi. Podsho darajasida mashhur bo‘lgan 
Xonzoda begimning oldiga cholvor kiyib, terlab-pishib borish Hamida bonuga joiz 
emasdek tuyuldi. U kanizga: 
Bir lahza muhlat bering, kiyimlarimni almashtirib kelay! — dedi. 
— Yo‘q, hazrat begim sizni shu kiyimda taklif qildilar! O‘zlari ham yoshliklarida chavgon 
o‘ynaganlar. Ko‘p andisha qilmang, yuring! 
Hamida kanizga ergashib tolor tomon borar ekan, ipak durra bilan tang‘ib chambar 
qilingan ikki o‘rim uzun sochlarini yelkasiga tushirdi. Durraning uchi bilan qoshi ustidagi 
ter rezalarini artdi. 
U tolor zinapoyasidan ko‘tarilayotganda Xonzoda begim o‘rnidan turib, unga tomon 
yurdi. Hamida bonu uch-to‘rt qadam narida to‘xtab kelinlarday egilib ta’zim qildi. 
Xonzoda begim unga kulimsirab yaqinlashdi-da, qo‘l berdi. Odatga binoan, Hamida bonu 
uning qo‘lini ikki qo‘llab oldi-yu, bir tizzasini yerga tirab, bayroqni o‘pgandek ixlos bilan 
o‘pdi. Qiz boshini eggan paytda yo‘g‘on qora socharining biri yelkasidan sirg‘alib 
ko‘kragiga tushdi. 
Xonzoda begim ikkinchi qo‘li bilan uni belidan quchib sekin tikka turg‘izdi va zarbof 
ko‘rpachaga taklif qildi. 
Shu orada Sultonim begim ham tolorga chiqib keldi. Begimlar to‘rga o‘tib o‘tirganlaridan 
so‘ng Hamida bonu oyoqlarini taqimi ostiga olib, odob bilan cho‘kkaladi. Shunda uzun 
sochlarining jingalak qilingan uchlari ko‘rpacha ustiga tushdi. Qiz har qimirlaganda 
sochlarining uchi zarbof ko‘rpachani supurayotganday bo‘lar va Xonzoda begimga 
alohida bir zavq berar edi. U Hamidani g‘alaba bilan muborakbod qilgandan keyin, 
kimning qizi ekanini va Agraga qayerlardan kelganini so‘ray boshladi. 
Hamidaning otasi faqih* Mirbobo Do‘st asli toshkentlik edi, Shayboniyxon qirg‘inlarida 
Xurosonning Jom shahriga kelib qolgan va shu yerlik qizga uylangan edi. Keyinchalik u 
Bobur mirzodan panoh istab Jomdan Kobulga ko‘chib boradi. Boburning suyukli xotini 
Mohim begim ham jomlik bo‘lgani uchun Hamidaning onasi hamshahariga orqa qilib 
avval uning huzuriga kiradi. Keyin Mohim begimning tavsiyasi bilan Mirbobo Do‘stni 
Bobur qabul qiladi. Bobur unga fikh ilmidan savollar berganda, Mirbobo Do‘st arabcha-
forscha bitilgan qonun-qoidalardan tashqari, turkiy tilda yozilgan «Mubayyin»dan ham 
ko‘p misollar keltirdi. Boburning bu she’riy kitobini u boshdanoyoq yod bilar edi. Mirbobo 
Do‘st bolalarga faqat qonunshunoslikdan emas, tarix, mantiq va adabiyotdan ham 
yaxshi dars berishi mumkinligini sezgan Bobur uni kichik o‘g‘li Hindol mirzoga muallim 
qilib tayinladi, shundan beri bu oilaning butun taqdiri Hindol mirzoga bog‘liq bo‘lib qoldi. 
Hindol Badaxshonga borganda bular ham borishdi, Agraga kelganda bular ham birga 
kelishdi. Shu uzoq yo‘llarda Hamida kichikligidan ot minishga o‘rgandi va chavandozlikni 
mashq qildi. Hozir Mirbobo Do‘st Hindol mirzoning qonunshunoslik bo‘yicha 
maslahatchisi bo‘lib ishlaydi. Maoshi durust bo‘lsa ham, ikki o‘g‘il, bir qizni bekzodalar 
kabi kiyintirishga, besh-oltita ot, uch-to‘rtta xizmatkor asrashga yetmaydi. Shuning 
uchun Hamidaning onasi Hindol mirzoning haramida qissaxon bo‘lib xizmat qiladi. 
Sultonim begimga mashhur dostonlar va hikoyatlardan o‘qib beradi-yu, buning evaziga 
durustgina in’om va ulufa oladi. Hamidaning o‘zi ham Sultonim begimning tengdosh 
nadimalari qatorida yuradi. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
5
Xonzoda begim bu tafsilotlarni Sultonimdan va Hamidaning o‘zidan eshitgan sari bir 
narsadan taajjublanib qo‘ydi. Butun borlig‘idan latofat yog‘ilib turgan shunday qiz o‘z 
dargohlarida yurgan ekan-u haligacha nechun unga durustroq bir e’tibor berishmabdi? 
Xonzoda begim chavgonni yaxshi o‘ynaydigan boshqa chavandoz qizlarga latofat 
yetishmasligini, ba’zilari erkakshoda bo‘lishini biladi. Hamida bonu cholvor kiyib o‘ltirgan 
bo‘lsa ham, chavandozlik kiyimlari uning ingichka belini, bo‘liq ko‘kraklarini, novdaday 
egiluvchan yosh tanining kuchga to‘liq nafosatini behad go‘zal qilib ko‘rsatadi. Yo‘g‘on 
soch o‘rimlarining nozik bo‘yin ortida to‘lg‘anib turishi Xonzoda begimga zavq berdi: 
— Hamida bonu, sizni ko‘rib bir bayt she’r yodimga tushdi. Aytaymi? 
— Ayting, hazrat begim, jon qulog‘im bilan eshitgaymen! 
— O‘zi asli shu bog‘da bitilgan. Rahmatli inim Boburning gazalidan: 
 
Gul jamolin yopqon ul gulning ikki rayhonidur. 
G‘uncha sirin ochqon ul ikki labi xandonidur. 
 
Hamida bonuning ko‘zlarida yulduzlar charaqlab yonganday bo‘ldi. Lablari tabassum 
bilan ochilib, uning ichki sirini — bu she’rni yaxshi bilishini va yoqtirishini sezdirib qo‘ydi. 
— G‘azalning davomini siz ayta qoling! — dedi Xonzoda begim. 
Hamida iboli ko‘zlarini yerga tikib: 
— Mubolag‘a qilsam ma’zur tuting, hazrat begim,— dedi. 
So‘ng aruzning nafis qoidalarini o‘rniga keltirgan holda o‘sha g‘azaldan ikki satr aytdi: 
Sel emasdur yer yuzin tutkon ko‘zimning yoshidur, 
Ra’d emasdur* ko‘kka chirmoshqon ko‘ngul afg‘onidur. 
 
Xonzoda begim xandon urib kuldi-yu: 
— Bu so‘zlar siz uchun chindan ham mubolag‘a!— dedi. — Yer yuzin tutqon ko‘z 
yoshlaridin tangrim sizni asrasin! 
Xonzoda begim o‘z ko‘nglida esa: «Nechun Humoyun haligacha bu qizni ko‘rmabdir?» 
deb taajjublanib qo‘ydi. Chunki bir vaqtlar Boburni qiynab, fig‘onini ko‘kka 
chirmashtirgan quyunlar hozir Humoyunning atrofida aylanib yuribdi. Boburning-ku 
Mohim begimdek dono xotini bor edi, oila orqali keladigan ko‘p balolarga shu sadoqatli 
ayol balogardon bo‘lar, farzandlarini ham otaga ixlosmand qilib tarbiyalagan edi. 
Humoyunning esa xotin jo‘nidan hech baxti ochilmayapti. Uni o‘n sakkiz yoshidayoq 
tog‘asi Yodgorbekning Beka begim degan qiziga uylantirishgan edi. Kiborlar jamiyatida 
o‘sgan bu qizda nafis bir chiroy bor-u, ammo onalik uquvi yo‘qmi yoki yaqin qarindoshlar 
oila qursa nasli kasalmand va zaif bo‘ladi, deganlari rost ekanmi? Beka begimdan bir 
emas, ikki o‘g‘il tug‘ildi-yu, yoshligidayoq o‘lib ketdi. Shohlik udumiga binoan 
Humoyunning merosxo‘r o‘g‘li bo‘lishi kerak. Uni yana ikki marta uylantirdilar. 
Humoyunning o‘zi ham yor tanlashda adashyaptimi, xullas, uch xotinidan birontasi unga 
munosib bo‘lib chiqmadi. Humoyun o‘ttizga kirdi. Hamon o‘g‘ilga zor, xotinlaridan esa 
ko‘ngli yarimta. Amir-u umarolari uni may bazmlariga tortadi. O‘tgan kuni kechki payt 
Humoyun Xonzoda begimni ko‘rgani kelganda ancha kayfi bor edi. Kayfning dadilligi 
bilan ammasiga ichini yorib hasrat qildi: 
— Tole’im yo‘q ekan! Mamlakat to‘la qiz, tangri mening peshonamga birorta oqila-yu 
fozilasini bitmagani g‘alati! 
Xonzoda begim Hamida bonuning sehriga berilib, uning g‘azal o‘qishidan zavq qilayotgan 
paytda Humoyunning shu hasrati yodiga tushdi-yu, ikkovini yonma-yon qo‘yib tasavvur 
etdi. Humoyun ham ko‘hlik yigit, janglarda botirlik ko‘rsatib dong‘i ketgan, uni kuyov 
qilish orzusida yurgan sulton-u vazirlar ko‘p. Ularning podshoga qaynota bo‘lgilari kelib 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
6
yurganda Mirbobo Do‘stday oddiy mulozimga yo‘l bo‘lsin! Bundan tashqari, Hamidaning 
o‘zi uch xotinlik Humoyunga tegishni istarmikin? Balki uning boshqa biron ko‘ngil bergan 
yigiti bordir? Xonzoda begim she’r bahsini davom ettirib, Hofizdan, Dehlaviydan, 
Navoiydan goh forsiy, goh turkiy tilda baytlar keltirar ekan, bularning ko‘pi Hamida 
bonuga tanish ekanini, qiz juda farosatli va bilimli bo‘lishdan tashqari, ishqiy g‘azallarga 
alohida mayli borligini sezdi. So‘ng yarim hazil, yarim chin ohangda so‘radi: 
— Sizga atab she’r bitgan oshiq yigitlar ham bordir, Hamida bonu? 
Hamida iymanib bosh egdi-yu, yerga ko‘z tikdi. 
Shunda Sultonim begim Hamidaga oshiq bo‘lib she’riy maktublar yozgan bir 
bekzodaning tarixini onasiga aytib berdi. Junaid barlos nomli ulkan amirning o‘g‘li 
bo‘lgan bu bekzoda Hamidaga sovchi ham yubordi. Lekin Hamida uni xushlamas edi, 
oxiri Hindol mirzodan himoya so‘radi. Kichikligidan o‘z dargohida o‘sgan Hamidani 
avaylab yuradigan Hindol mirzo bekzodaning otasi bilan gaplashib, boshqa maktub ham 
yozmaydigan, sovchi ham yubormaydigan qildi. 
Xonzoda begim Hamidaning tutgan yo‘lini ma’qullab: 
— Shoshmaganingiz ham ma’qul, — dedi. — Inshoollo, sherqizga munosib arslon yigit 
uchrab qolgay. 
Begimning ko‘pni ko‘rgan tajribali ko‘zlari Hamidaga umid bilan tikilmoqda edi. Xonzoda 
begim uzoq umri davomida Shayboniyxon-u shoh Ismoildan tortib temuriy 
tojdorlargacha qancha-qanchasining oilaviy hayotlarini yaqindan ko‘rdi, ne-ne mashhur 
malikalarning toj-u taxt balolariga bardosh berolmay shikast yeganlariga guvoh bo‘ldi. 
Hamidaning husniga yarasha aqli ham yetuk, vujudidan kuch yog‘ilib turibdi. 
Humoyunning ichki va tashqi ziddiyatlarga to‘lgan mashaqqatli hayotiga balki shu qiz-
ning bardoshi yetar? Balki ular orzu qilgan o‘g‘ilni shu qiz tug‘ib berar? Xonzoda begim 
ularni qanday qilib bir-biriga yaqinlashtirsa ekan? Navro‘z kunlarida Humoyun kema 
sayriga ayollarni ham taklif qilgan. Xonzoda begim Sultonimga yuzlandi: 
— Qizim, bugun chavgon o‘ynagan dugonalaring bilan mashqni davom ettiringlar. Mirzo 
Humoyunni kema sayridan so‘ng shu boqqa taklif etgaymiz. Hamidalar qanday chavgon 
o‘ynashini hazrat bir ko‘rsinlar. U kishi bunday tomoshaga juda ishqibozlar. 
Hamida podshoning ko‘zi oldida ot chopib o‘ynashini tasavvur qildi-yu, birdan vahmi 
keldi: 
— Hazrat begim, men qo‘rqamen! 
Xonzoda begim kuldi: 
— Buncha qo‘rqmang, ertaga siz ham biz bilan kema sayriga borursiz. Hazratimni 
yaqindan ko‘rsangiz vahimangiz bosilib qolgay. Keyin yaxshi otlarga minib mashq 
qilgaysiz. 
Xonzoda begim kaniziga tomon o‘girilib: 
Otbegiga ayting, chavkarni oltin anjomlari bilan olib kelsin! — deb buyurdi. 
Sultonim onasiga hayron bo‘lib tikildi. Xonzoda begim Iroqdan keltirilgan chavkar otni 
o‘zi uchun ikki ming rupiyga sotib olgan edi. Bu pulga oddiy otlardan o‘ntasini beradi. 
Nahotki endi uni Hamidaga in’om etsa? Xonzoda begim qizining ko‘zlaridagi hayratning 
sababini sezdi-yu: 
— Mening boshqa otlarim bor, — dedi, so‘ng jilovdor yetaklab kelgan chavkar otni oltin 
anjomlari bilan birga Hamida bonuga in’om qildi. 
 
___________ 
* F a q i h — qonunshunos. 
* R a ’ d — yashin va momaqaldiroq.
 
* * * 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
7
 
Bu voqea og‘izdan og‘izga o‘tib, Hamidaning ota-onasiga ham ma’lum bo‘ldi, Qizlariga 
Xonzoda begimning nazari tushgani, erta-indin Hamidani Humoyun mirzo saroyiga taklif 
etmoqchi bo‘lishayotgani ularga tolening kulib boqishidek tuyuldi. Chevarlikdan xabari 
bor ona bugundan boshlab Hamida uchun qimmatbaho atlas-u muslinlardan yangi 
kiyimlar tikishga tushdi. Lekin bu ishlardan qizning o‘zi bezovta bo‘lardi. Axir Hamida 
Humoyunning go‘zal xotini Beka begimni, olti yashar qizchasi Aqiqani ko‘rgan. Oilali, 
farzandli yigitga xomtama bo‘lish... Yo‘q, yo‘q, Hamida buni o‘ziga mutlaqo ravo 
ko‘rmaydi! Hamida ixlos qo‘ygan shunday ulug‘ Xonzoda begim nahotki uni kundoshlik 
azobiga loyiq deb bilsa? «Balki ko‘ngil bergan yigitingiz bordir?» deb so‘radi-ya. Hamida 
uyalib «yo‘q» degani uchun endi o‘zidan ham norozi bo‘ldi. «Bor» deya qolsa osonroq 
qutulmasmidi? Ammo «kim?» deb so‘rasalar qanday javob beradi? Eshkakchi yigit 
Nizomga ko‘ngli borligi... Rostmi? Buni hali o‘zi ham aniq bilmaydi-ku, qanday aytadi? 
Arosatda qolganday iztirob chekayotgan Hamida bonu bog‘ning narigi chetidan limillab 
oqib o‘tayotgan Jamna daryosining sohiliga qarab ketdi. 
Bog‘ning uzoq burchagida daryo o‘zani qo‘ltiqqa o‘xshab ichkariga yorib kirgan xilvat joy 
bor. Oqim bu yerda juda sokin, suv tagi mayin qumloq, uncha chuqur ham emas. 
Hamida bu yerga yetti yashar qizaloq paytlaridan beri ko‘p keladi. Sohilni bir tomondan 
baland daraxtlar, ikkinchi tomondan bog‘ devori pana qilib turadi. Devor ortida kemachi 
bir odamning kichkina hovlisi va ikki eshkaklik qayig‘i bor. Yomg‘ir fasli tugab, quruq va 
issiq oylar boshlanganda Jamnada suv kamayib, qirg‘oq chetlari milkday ochilib qoladi. 
Shunda bog‘ devori tugagan joydan qo‘shni hovliga kirib chiqsa bo‘ladigan yo‘lak paydo 
bo‘ladi. 
Kemachining bolalari Zarafshon bog‘iga o‘tishga jur’at etolmaydilar. Shuning uchun 
Hamida sakkiz yashar qizcha ekanida haligi yo‘lakdan o‘zi o‘tib borgan, kemachining 
Nizom degan kattagina o‘g‘li uni qayig‘iga chiqarib daryoda sayr qildirgan edi. Hamidani 
onasi «hali bola-ku» deb uncha qattiq tergamas edi. O‘n yetti yoshli Nizom podsho 
bog‘ida turadigan Hamidaga o‘zining qanchalik chapdast ekanini ko‘rsatib qo‘ygisi keldi. 
— Bonucha, sizga baliq tutib beraymi? — deb ko‘ylagini yechdi-yu, qayiqdan suvga 
sho‘ng‘idi. Jamnaning qoramtil suvi shishadek tiniq edi. Hamida Nizomning suv tagida 
baliq quvib ko‘zi ochiq holda suzishini ko‘rdi-yu, hayron qoldi. Nizom sohil chetidagi 
qo‘ltiqqa qamab tutgan bir baliq uning qo‘lidan sirg‘alib chiqib ketdi. Ammo boshqa bir 
baliqni tutgan zahoti ikki qo‘llab qayiqqa qarab otdi. Uning qo‘llaridan sachragan suv 
zarralari Hamidaga ham tegdi. Kattagina baliq qizchaning oyog‘i ostiga tushib, patirlab 
o‘ynay boshladi. 
Nizomning suvda bu qadar yaxshi suzishini ko‘rib, Hamidaning unga havasi keldi. U 
suzishni bilmas edi. Buni eshitgan Nizom qayig‘ini uylari oldidagi qoziqqa yaqin keltirib 
bog‘ladi-da, daryo chetidan qulay joy tanlab, Hamidani suzishga o‘rgata boshladi. 
Hamida yengil harir ko‘ylakchasi bilan suvga kirdi. Nizom uni belidan, qo‘llaridan tutib, 
suv yuziga ko‘ndalang yotqizdi-da, oyoq-qo‘llarini qanday harakatlantirishni tushuntirdi. 
Keyin asta qo‘yib yubordi. Hamida bir-ikki qadam suzar-suzmas chokib keta boshladi. 
nizom engashib uni darhol suvdan chiqarib oldi. Shunda qizcha beixtiyor uning bo‘yniga 
qo‘lini solib nafasini rostladi. Bir vaqt xayolini yig‘ishtirib qarasa, Nizomning bag‘rida uni 
bo‘ynidan quchoqlab turibdi. Iymanib kuldi-da, uning qo‘lidan sirg‘alib chiqdi. Nizom 
ham kulib turar, lekin bo‘taloqnikiga o‘xshagan yuvosh ko‘zlari shunday samimiy va 
beg‘araz boqar ediki, Hamida to suzishni o‘rganguncha undan biror marta seskanmadi 
va birorta nojo‘ya qilig‘ini sezmadi. Dili pok bu suvchi yigit unga tobora jozibali 
ko‘rinadigan bo‘ldi. 
Shundan keyin ular uch-to‘rt yil ko‘risholmadilar. Chunki Hindol mirzoga agradan uch 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 

Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling