O‘zbekiston Respublikasi mustaqil tashqi siyosatining yo‘lga qo‘yilishi va tashqi siyosati tamoyili
Download 51.06 Kb.
|
4-mavzu
O‘zbekiston Respublikasi mustaqil tashqi siyosatining yo‘lga qo‘yilishi va tashqi siyosati tamoyili O‘zbekiston Prezildenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlab puxta o‘ylangan tashqi siyosatni izchil amalga oshirib kelmoqda. Uning zamirida o‘zbek xalqining ko‘p asrlik tarixi va madaniyati, an’ana va qadriyatlari, ezgu orzu-intilish va manfaatlari mujassamdir”. O‘zbekiston Respublikasining “Xalqaro shartnomalar to‘g‘risida” (1995), “O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi to‘g‘risida”gi (2012) Qonuni, Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF–4947-son Farmoni, 2018-yil 5 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda uning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonlari va sohaga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlar O‘zbekiston Respublikasining jahon hamjamiyati bilan hamkorligi huquqiy asosini belgilaydi. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi dunyoning 142 ta davlat bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. Toshkentda 44 ta chet el elchixonalari, 3 ta bosh konsullik, 8 ta faxriy konsullar, 17 ta xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, 13 ta xorijiy xalqaro hukumatlararo va hukumat tashkilotlari vakolatxonalari, 1 ta diplomatik maqomga ega savdo vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Xorijiy mamlakatlarda va xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining 55 ta diplomatik va konsullik vakolatxonalari mavjud. O‘zbekiston 100 dan ortiq xalqaro tashkilotlarning a’zosi bo‘lib, mamlakatimiz turli xil ko‘p tomonlama hamkorlik tuzilmalari bilan o‘zaro sherikchilik aloqalarini rivojlantiradi. O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining bosh maqsadi davlat mustaqilligi va suverenitetini, xalqaro maydondagi o‘rni va rolini mustahkamlash, yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, respublikaning tashqi iqtisodiy manfaatlarini faol tarzda ilgari surish. Tashqi siyosatimizning prinsipial pozitsiyasi - hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, boshqa davlatlarning harbiy bazalari va obyektlarini O‘zbekiston hududida joylashishiga yo‘l qo‘ymaslik, harbiy xizmatchilarimizning mamlakatimiz hududidan tashqaridagi tinchlikparvar operatsiyalarida ishtirok etmasligi, barcha ziddiyat va mojarolarni faqat siyosiy yo‘l bilan hal qilishga sodiq qolish bilan izohlanadi. O‘zbekiston hech qanday bloklarga a’zo bo‘lmasdan turib muloqot uchun ochiq va barcha sheriklari bilan tinchlik, taraqqiyot va farovonlik yo‘lida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor. 1992-yil 2-martda O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli subekti sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lib dunyo miqyosida tan olindi. 1993-yil fevral oyiga kelib Toshkentda BMT vakolatxonasi ochildi. Xolid Malik BMTning O‘zbekistondagi vakili etib saylandi. O‘zbekiston BMTning to‘laqonli a’zosi sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotining yig‘ilishlarida ishtirok etishi bilan o‘zining xalqaro hamjamiyatga kirish jarayonini davom ettirdi. 1993-yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 48-sessiyasidagi ma’ruzasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning ilgari surgan birinchi xalqaro tashabbusi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi adolatparvar siyosatidan darak berdi. U bu ma’ruzasida bir qator aniq takliflarni tashladi. Bularga Markaziy Osiyoda xavfsizlik va hamkorlik masalalari bo‘yicha BMTning doimiy ishlaydigan seminarini chaqirish, BMT xavfsizlik kengashida yuzaga kelayotgan mojarolarni tahlil qilish va istiqbolini belgilash bo‘yicha maxsus guruh tuzish, Markaziy Osiyoni yadrosiz zona deb e’lon qilish, bu mintaqada kimyoviy modda hamda bakteriologik qurolni ta’qiqlash bo‘yicha xalqaro nazorat o‘rnatish, Markaziy Osiyoda narkobiznesga qarshi hamkorlikda kurashish uchun BMTning mintaqaviy komissiyasini tuzish, Orol muammosini hal qilish masalasi bo‘yicha BMTning maxsus komissiyasini tuzish kabilar kirdi. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti I.A.Karimov 1995-yil BMTning ellik yilligi munosabati bilan Bosh Assambleyaning maxsus tantanali yig‘ilishida so‘zlagan nutqida ham asosiy e’tiborni bu tashkilotning faoliyatini yanada kengaytirish bilan bir qatorda yana mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik, ekstremizm, terrorizm, narkobiznesga qarshi kurash masalalariga qaratdi. O‘zbekiston BMTga a’zo bo‘lib kirgan yillari YeXHTning katta mansabdor xodimlari qo‘mitasining Pragadagi yig‘ilishida MDH tarkibidagi davlatlarni ushbu tashkilotga a’zo bo‘lib kirishi masalasi ko‘tarildi. 1992-yil 26-fevralga kelib O‘zbekiston ham bu tashkilot kengashining yakunlovchi hujjatiga imzo chekdi. O‘zbekistonning 1996-yil Lissabon Sammitida ishtiroki respublika rahbariyatining xavfsizlik doirasiga kiruvchi qarashlarini bayon etishga ham imkon berdi. Mazkur anjumanda O‘zbekiston xavfsizlik muammosiga doir o‘z qarashlarini bayon etish huquqiga ega bo‘ldi. Birinchi Prezidentimiz yig‘ilish ishtirokchilariga Markaziy Osiyo mintaqasini yadrosiz zona, deb yana bir bor e’lon qildi. O‘zbekiston rahbariyatining mojarolar kuchayib borayotgan yerlarga qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatish haqidagi fikri Lissabon uchrashuvining yakunlovchi hujjatiga kiritildi. 1999-yil 18-19-noyabr kunlari mazkur tashkilotga a’zo 54 mamlakat rahbarlari uchun Turkiyaning Istambul shahrida Oliy darajadagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu o‘rinda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligi masalasiga ham to‘xtab o‘tmoq joiz. Mazkur ittifoq bilan hamkorlik uchun tuziladigan bitim bo‘yicha ishlar respublikada 1995-yildan boshlangan bo‘lib, bu muzokaralar 1996-yilga qadar davom etdi. Bu muzokaralarning natijasi o‘laroq O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi bitim 1996-yil 21–22-iyun kunlari Italiyaning Florensiya shahrida YeI davlatlari rahbarlarining yig‘ilishida O‘zbekiston Birinchi Prezidenti I.A.Karimov tomonidan imzolandi. Mustaqil O‘zbekiston 2001-yilning iyun oyida “Shanxay beshligi” deb yuritilgan xalqaro tashkilotning XXRni Shanxay shahrida chaqirilgan sammitida bu tashkilotning to‘la huquqli a’zosi bo‘ldi. 1998-yili tashkil etilgan “Shanxay beshligi”ga Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalari a’zo edi. Shundan keyin “Shanxay hamkorlik tashkiloti” nomi bilan yuritilib bosh maqsad har tomonlama hamkorlik o‘rnatishdan iborat bo‘lib, ayni bir vaqtda xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda tashkilotning faoliyat markazida turadigan bo‘ldi. Terrorizmga qarshi kurash qarorgohi (shtabi) Bishkekdan Toshkentga ko‘chirildi. O‘zbekiston tashkilotning asoschilaridan biri, ulkan iqtisodiy va geosiyosiy salohiyatga ega davlat sifatida uning faoliyatida alohida o‘rin tutadi. O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga uch marotaba raislik qilgan. O‘zbekistonning tashkilotga birinchi raisligi ham ShHT faoliyatini yangi mazmun bilan boyitgan. 2004-yil 17-iyunda Toshkentda bo‘lib o‘tgan sammit doirasida poytaxtimizda tashkilotning doimiy faoliyat yurituvchi organi – Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi ochilgan. Xavfsizlik kengashlari kotiblari uchrashuvi yo‘lga qo‘yilgan. Bu ishlar ShHTning asosiy maqsadlaridan bo‘lgan tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, turli tahdid va xavf-xatarlarning oldini olishda muhim omil bo‘lmoqda. 2004-yildagi sammitda Pokiston, Hindiston, Eron va Mo‘g‘ulistonga ShHT huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomi berilgan. Islom Karimov tashabbusi bilan o‘sha yilgi sammitga Afg‘oniston rahbari ilk bor mehmon sifatida taklif qilingan. Keyinchalik Afg‘oniston ShHT huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomiga ega bo‘ldi. 2005-yilning 2-iyul kuni Qozog‘istonning Astana shahrida “Shanxay hamkorligi” tashkilotining o‘ninchi marta uchrashuvi o‘tdi. Sammitda doimiy a’zo davlat rahbarlaridan tashqari Mo‘g‘uliston Respublikasining vakili kuzatuvchi sifatida qatnashdi. Kengash Hindiston, Pokiston va Eron davlatlarini tashkilotga kuzatuvchi sifatida qabul qildi va ularning vakillari sammitda ishtirok etdi. 2016-yil 23-24-iyun kunlari Ko‘ksaroyda Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘ldi. Majlis O‘zbekiston Respublikasi raisligida o‘tdi. Majlisda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, terrorizm, diniy ekstremizm va separatizmga qarshi kurashish, ShHT faoliyatini kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Hindiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasining ShHTga a’zo davlat maqomini olish yo‘lidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandumlar imzolangani Toshkent sammitining muhim voqealaridan bo‘ldi. 1991-yil 8-dekabrda Minsk shahri yaqinida sobiq ittifoqning barham topishi munosabati bilan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga asos solindi. MDHning vujudga kelishi haqidagi hujjatga dastlab Rossiya Federatsiyasi, Ukraina va Belorusiya davlatlari imzo chekdilar. 13-dekabrda Ash-xobodda o‘tgan O‘rta Osiyo va Qozog‘iston Respublika rahbarlarining kengashida hamdo‘stlikni kengaytirish zarur deb topdi. Natijada shu yili 21-dekabrda Almatida o‘tgan uchrashuvda MDH bitimini ja’mi 11 davlat MDHga a’zo bo‘lib kirdi. Ular bu bitimda davlatlarning hududiy butunligini tan olish, amaldagi chegaralar, ularning ochiqligi, fuqarolarning harakati erkinligiga, xalqaro tinchlik va havfsizlikni ta’minlash, harbiy harakat va qurol-yarog‘ tarqatishning oldini olishda birgalikda harakat qilishga kelishib oldilar. 1993-yil Markaziy Osiyo rahbarlarining Almatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan so‘ng Markaziy Osiyo hamdo‘stligiga asos solindi. Hamdo‘stlikka a’zo bo‘lgan davlatlarga milliy mudofaani kafolatlashga, ilmiy texnika taraqqiyoti yutuqlari va aloqa vositalari, yangi texnologiyaga erishish, xorijiy davlatlardan mahsulot tashish, zarur xomashyo va tayyor mahsulotlarni keltirish hamda o‘z mahsulotini jahon bozoriga olib chiqish, tabiiy ofatlar oqibatini tugatish, ekologiya sohasida tadbirlarni birgalikda o‘tkazish uchun imkoniyatlar yaratildi. Keyinchalik Markaziy Osiyo Hamkorlik Tashkiloti nomini olgan bu tashkilot 2006-yilda tugatildi. Tashqi siyosatimizning bosh ustuvor yo‘nalishi Markaziy Osiyo mintaqasidir. O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi siyosati mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga, mintaqaviy xavfsizlikning muhim muammolarini hal etishga, shu jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatni hal qilishga ko‘maklashishga qaratilgan. O‘zbekiston mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaning transport va tranzit infratuzilmasini rivojlantirish, Markaziy Osiyo transchegaraviy daryolarining suv-energetika resurslaridan oqilona va kompleks foydalanish hamda mintaqaning ekologik barqarorligini ta’minlash, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayonini yakuniga yetkazish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiradi. O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri, MDH mamlakatlari, Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlar, Yevropa Ittifoqi va Yevropa davlatlari, Turkiya davlati, Osiyo-Tinch okeani hududi mamlakatlari, xususan Koreya Respublikasi va Yaponiya, Janubiy-Sharqiy Osiyodagi mamlakatlar – Malayziya, Indoneziya, Singapur, Vetnam kabi davlatlar, Janubiy Osiyo mamlakatlari, xususan Hindiston va Pokiston, musulmon dunyosi davlatlari bilan keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Download 51.06 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling