1-§. Yaponiyaning XIX asr 60-yillarigacha davlat tuzumi


Tovar-pul munosabatlarining o‘sishi


Download 103.92 Kb.
bet15/19
Sana08.02.2023
Hajmi103.92 Kb.
#1176604
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   19
Bog'liq
1-§. Yaponiyaning XIX asr 60-yillarigacha davlat tuzumi

Tovar-pul munosabatlarining o‘sishi. Yapon feodalizmi va uning timsoli bo‘lgan Tokugavalar tuzumi yangi shakllanayotgan hayotiy voqealar bilan ayovsiz qarama-qarshiliklarga tobora ko‘proq kirishayotgandi. Yaponiyada yuz berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar butun feodal iqtisodning qulaganligidan, tuzumning ijtimoiy tayanchlari yemirilib borayotganligidan va tovar-pul munosabatlari barqaror rivojlanayotganligidan dalolat berardi.
Yapon qishloqlarida ham jiddiy o‘zgarishlar yuz berayotgandi. Tovar-pul munosabatlari rivojlana borishi bilan ichki tabaqalanish jarayoni tezlashdi. Hali XVIII asr boshlaridayoq shaharlarda ko‘pchilik soliqlarni pul bilan to‘lay boshladilar.
Аsta-sekin to‘lovlar pul-mahsulot aralash shaklini ola boshladi. Pulga bo‘lgan ehtiyoj dehqonlarning savdo-sudxo‘rlik kapitaliga qaramligini oshirardi. Odatda qarz yerni garovga qo‘yish evaziga berilganligi tufayli dehqonlar tobora katta miqdorda o‘z yer maydonlaridan ayrilar, yersiz arendatorlarga va to‘lay olmaydigan qarzdorlarga aylanardi. Och dehqonlarning katta qismi kun ko‘rish chorasini izlab shaharlarga intilishardi. O‘sha zamonlarda ularni obrazli qilib, «suv ichayotgan dehqonlar» deb atashardi.
O‘sha paytlardagi yapon qishloqlarida boy dehqonlarning kam sonli, lekin iqtisodiy kuchli bo‘lgan qatlami o‘sib borar va shaharlik savdogarlar hamda sudxo‘rlar qatorida kambag‘al dehqonlarning asosiy qismini ezar, yerlarini egallab olardi. Bular «gono»lar boy dehqonlar va «gosi»lar-erlarini o‘zlarida saqlab qolgan, oddiy samuraylardan chiqqan yer egalari edilar. Biroq asosiy yer sotib oluvchilar, o‘z hosildor yerlarini tez ko‘paytirib borayotgan va dehqonlarni cho‘llarni haydashga majbur qilayotgan savdogarlar hamda sudxo‘rlar edi. Shunday qilib, ko‘rinishdan «o‘zgarmas» bo‘lgan tokugava qishloqlaridagi feodal munosabatlar qobig‘i ostida asosan savdogar-sudxo‘rlardan bo‘lgan amaldagi yer egalarining yangi sinfi paydo bo‘la boshladi. Bunda yerni egallab olish yoki hatto sotib olish ham noqonuniy edi, chunki feodal Yaponiyada yerni sotish va sotib olish taqiqlangandi. Shuning uchun kelishuvlar muhlatsiz ijaraga berish, sovg‘a qilish, yerdan voz kechish va shu kabilar ko‘rinishi ostida rasmiylashtirilardi.
Hali XVIII asrdayoq kasanachilik keng tarqalganligi yuqorida aytib o‘tilgandi. Ularning tashkilotchilari bo‘lgan savdogar-sudxo‘rlar ko‘pincha dehqon ayollarni xomashyo bilan taʼminlar va ulardan tayyor mahsulotlarni yig‘ib olardi. Yaponiyaning turli hududlari tovarlarning qatʼi belgilangan turlarini ishlab chiqarishga mutaxassislashgan bo‘lib, bu tovarlar yirik firmalarning qo‘llarida to‘planar, keyin bozorga chiqarilardi.
Syogunat iqtisodiyotidagi katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan eng muhim omil shahar manufakturasining paydo bo‘lishi edi. Birinchi manufakturalar XVIII asr oxirlarida, avvaliga soya qaynatish va vino tayyorlash sanoatida paydo bo‘la boshladi. Sanoat ishlab chiqarishidagi navbatdagi qadam XVIII–XIX asrlar chegarasida, Kiotoda birinchi to‘quvchilik ustaxonalarining yaratilishi edi.
Ularda ham asosan ayollar ishlardi, tadbirkor-savdogar esa ularga maosh to‘lardi. Tez orada to‘qimachilik manufakturalari – avvaliga to‘quv va yigiruv, keyinroq bo‘yoqchilik va kulolchilik bo‘yicha paydo bo‘ldi. Bu manufakturalarning aksariyatida yollanma ishchilar mehnat qilardi. Bu korxonalardagi ishchilar soni 20–30 kishidan oshmasdi.
Dehqonlarning shaharlarga qochib ketishlari, hunarmandlarning xonavayron bo‘lishlari, roninlar sonining oshganligi tufayli shaharlarda o‘z ishchi kuchini sotishga tayyor bo‘lgan kishilarning ko‘pchiligi to‘plangandi. Shunday qilib, kapitalistik turdagi manufakturalarning paydo bo‘lishini osonlashtiruvchi juda muhim shart yaqqol ko‘rinib turardi.
Hali XVIII asr o‘rtalarida hukmdor sinfning – uning eng ko‘p sonli guruhi – samuraylarning ichki tabaqalanish jarayoni sezilarli kuchayganligi yuqorida taʼkidlab o‘tilgandi. Аyniqsa, roninlarning va oddiy samuraylarning tabaqalanishlari va aytish mumkinki, burjuacha qayta dunyoga kelishi tez yuz barayotgandi. Qarzlaridan qutulmoqchi bo‘lgan, o‘z iqtisodiy ahvollarini yaxshilashga uringan oddiy samuraylar, shon-sharaf qoidalarini buzib savdo qila boshladilar, turli xil mayda hunarmandchilikni – chiroqlar, o‘yinchoqlar, yozish uchun mo‘yqalamlar, yomg‘irpo‘shlar va shu kabilar ishlab chiqarishni boshladilar. Samuraylarning oddiy shaharliklar bilan turmush qurishlari odatiy hol bo‘lib qoldi.
Tokugavalar davrining oxiriga kelib, knyazliklarning bir mahsulot turini ishlab chiqarish bo‘yicha mutaxassislashishi uzil-kesil o‘rnatildi. Shu ravishda Kaga tumani – lok, Tosa knyazligi – qog‘oz, Satsuma knyazligi – ip-gazlama bo‘yicha mutaxassislashdi.
* * *
Shunday qilib, alohida hududlar o‘rtasida mehnatning taqsimlanishi umumyapon milliy bozori yaratilishiga olib keldi. Shu bilan birga dehqonlar va hunarmandlarning zo‘rlik bilan o‘z ishlab chiqarish vositalaridan ajratilishi va bu ishlab chiqarish vositalarining kapitalga aylantirilishi mablag‘ning, yaʼni kapitalistik munosabatlar kurtagining dastlabki to‘planishiga asos yaratdi. So‘nggi Tokugavalar davrida yollanma mehnat sezilarli rol o‘ynay boshladi.

Tokugavalarga qarshi muxolifatning kuchayishi va hokimiyat inqirozi. XIX asrning boshlarida Yaponiyada jamiyatning turli qatlamlari o‘rtasidagi ziddiyatni aks ettirgan bir qator suronli qo‘zg‘olonlar ro‘y berdi. XIX asr 30-40-yillariga kelib Tokugavalarga qarshi dehqonlar qo‘zg‘olonlarining soni sezilarli oshdi. Shu bilan birga shaharlarda «guruch isyon»lari ham tobora ko‘paydi. Shahar savdosi rivojlanib, sanoat burjuaziyasi hali savdodan to‘la ajralmagan bo‘lsa-da, ancha oyoqqa turdi. Syogunatning siquvidan qutulishga urinayotgan burjuaziya Tokugavalarning mutlaq hokimligidan norozi bo‘lgan ularning raqiblari - todzama-daymiolar bilan birlashishni istashardi.


Iqtisodiy ahvoli yomonlashayotgan samuraylar ham endi Tokugavalar tuzumining ishonchsiz suyanchiqlariga aylangan va ko‘pincha syogunlarga qarshi chiqayotgan edi. 1837 yili Osakada hukumatga qarshi Osio Heyhatiro boshchiligida qo‘zg‘olon bo‘ldi. Osio samuraylardan bo‘lib, shahar qo‘riqchilari boshlig‘i edi. Lekin samuraylarning ham og‘ir iqtisodiy ahvoli ularning bir qismini hukumatga qarshi chiqishga majbur qildi. Osioning qo‘zgoloni bostirildi. Uning o‘zi va do‘stlari jangda halok bo‘ldilar, ammo ular shaharda bir qator yirik yong‘inlarni uyushtirishga erishdilar. Jumladan, g‘oyatda keng miqyosda sanoat va bank faoliyati bilan shug‘ullangan ikkita qudratli yapon savdo firmalari - Mitsui va Konoike xonadonlari ham yoqib yuborildi.
Osioning qo‘zg‘oloni yagona emasdi. Syogunatning bevosita homiyligidagi yirik savdo-sudxo‘rlik burjuaziyasiga qarshi chiqishlar butun mamlakatni qamrab olgandi. XIX asrning o‘rtalariga kelib Tokugavalar tuzumining siyosiy va iqtisodiy
tanazzuli aniq ko‘rinib qoldi.
Muxolifatning rasmiy markazi imperator saroyi edi. Lekin amalda u faqat «g‘oyaviy niqob» rolini o‘ynardi, xolos. Chunki muxolifat uchun syogunning «uzurpatorligiga» qarshi imperatorlik hokimiyatining qonuniylik va legitimlik maqomidan foydalanish qulay edi. Shuning uchun ham muxolifat imperatorlik hokimiyatini qayta tiklash uchun kurash shiori ostida chiqdi. Tokugavalar tuzumi to‘lik yakkalanib qolgan edi. Bunga syogunat ichki siyosatining barbod bo‘lishigina emas, uning tashqi siyosatdagi muvaffaqiyatsizliklari ham sabab bo‘lgandi.

Download 103.92 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   19




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling