DORIVOR MAHSULOTLARNI STANDART HOLIGA KELTIRISH
Dorivor mahsulotlar qabul punktlariga tayyorlov idoralari, jamoalar va ayrim shaxslar tomonidan turli ko‘rinishda, ya’ni standart talabiga javob bermaydigan holatda kelishi mumkin. SHuning uchun mahsulotlarni idishlarga joylashtirib (qadoqlab), omborlarga jo‘natishdan oldin ularni ma’lum talablarga javob beradigan holda keltirish zarur.
Dorivor mahsulotlarni standart holiga keltirish uchun quyidagi ishlar bajariladi:
Aralashmalardan tozalash. Tayyorlovchilarning tajribasizligi yoki shoshilib va pala-partish ishlashlari sababli qabul punktlariga topshirilgan dorivor mahsulotlar tarkibida turli aralashmalar bo‘lishi mumkin. Ular organik va mineral aralashmalarga bo‘linadi.
Organik aralashmalarga dorivor o‘simlikka o‘xshagan yoki uning yonida o‘sadigan boshqa o‘simliklar qismlari, xashak, somon, ko‘mir va boshqalar hamda shu dorivor o‘simlikning mahsulot bo‘lmagan qismi kiradi. Mineral aralashmalar odatda kesak, tosh, tuproq, qum hamda shisha, sopol, chinni bo‘lakchalaridan iborat bo‘ladi.
Mahsulotni standart holatga keltirish uchun uni aralashmalardan tozalash kerak. Buning uchun u mashinalar yordamida yoki qo‘lda elanib, aralashmalardan tozalanadi va navlapga ajratiladi, ayrim hollarda esa (o‘simlikning er ustki qismidan gul va barglarning aralashmasini ajratib olish uchun) mahsulot avval mashinalarda yanchilib, so‘ngra elanadi, poya va shoxlar ajratib tashlanadi.
2. Mahsulotning nuqsonli qismlarini ajratish. Agarda dorivor mahsulot yomg‘ir yog‘ib turgan vaqtda, yomg‘ir yog‘ib o‘tgan, lekin o‘simlik hali qurimagan va havoda namlik ko‘p vaqtda, o‘simlikdan ertalabki shudring hali ko‘tarilmaganda tayyorlansa, u quritish paytida sarg‘ayib yoki qorayib qolishi mumkin. Mahsulot to‘g‘ri, havo quruq vaqtda tayyorlansa, lekin noto‘g‘ri quritilsa ham ular sarg‘ayib yoki qorayib qolishi mumkin. Bu nuqsonlar tegishli GOST larda ma’lum miqdorda ruhsat etiladi. Agar ular ko‘rsatilgan miqdordan ortiq bulsa, bu mahsulot sifatiga ta’sir kiladi. SHuning uchun dorivor mahsulot navlarga ajratilib, qoraygan va sarg‘aygan qismlardan tozalanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |