1. Geografik o ‘rni, tabiiy sharoiti va aholisi


Download 0.74 Mb.
Pdf ko'rish
bet9/18
Sana02.01.2023
Hajmi0.74 Mb.
#1075338
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   18
Bog'liq
1-МАРУЗА

3. Buyuk kolonizatsiya.


Temir qurollarning xoj’alikda keng qo‘llanila boshlanishi dehqonchilik, ayirboshlash, 
hunarmandchilik rivojlanishiga olib keldi. Yunonlar ilk bor egey dengizi havzasiga chiqa 
boshladilar. Mil.avv. I ming yillikning boshlarida ilk bor finikiyaliklar begona hududlarda 
o‘zlarining tayanch nuqta (koloniya – manzilgoh)larini barpo qila boshladilar. Finikiyaliklardan 
so‘ng yunonlar ham bu jarayonda faol ishtirok etdilar. Koloniyalar begona hududlarda ularni 
tashkil etgan finikiyalik va yunon savdogarlari uchun savdo-sotiq olib boriladigan tayanch 
nuqtalar bo‘lib xizmat qilgan. Yunonlarning koloniyalarni barpo qilish faoliyati mil.avv. VIII–VI 
asrlarga to‘g‘ri keladi. Bu vaqt Buyuk yunon kolonizatsiyasi davri deb ataladi. 
Koloniyalarni barpo qilishning bir necha sabablari bor edi. Birinchi navbatda
Yunonistonning bir necha viloyatlarida aholining haddan tashqari ko‘payib ketganligi edi. Arxaik 
davrining boshlanishida aholi sonining keskin o‘sishi natijasida demografik portlash yuz berdi. 
Ishlab chiqarish kuchlarining zaif rivojlanishi oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarning taqchilligiga 
olib keldi. Yunonistonning o‘zida dehqonchilik qilish uchun yaroqli bo‘lgan yerlar deyarli yo‘q 
edi. Shu sababli, aholining ortiqcha qismi begona hududlarga ko‘chib ketib, yangi yerlarni 
o‘zlashtirishga majbur bo‘ldi. 
Buyuk yunon kolonizatsiyasining yana bir ijtimoiy sababi bor edi. Kambag‘allashgan 
jamoachi dehqonlar o‘zlarining boyib ketgan zodagon qarindosh (evpatrid)lariga qarzi uchun qul 
bo‘lishni xohlamadilar. Ular o‘zlarining qarzlari uchun garovga qo‘yilgan bir parcha yerlarini 
tashlab ketishga majbur bo‘ldilar. Ular uchun yagona yo‘l boshqa hududlarga ketish edi. Arxaik 
Yunonistonning qishloqlari bu vaqtda ancha rivojlandi, ilk savdo, hunarmandchilik qilinadigan 
gavjum joy bo‘ldi. Ayirboshlash xo‘jalik hayotida sezilarli o‘rinni egallay boshladi. Boshqa joylar 
bilan mahsulot ayirboshlashni o‘ziga kasb qilib olgan kishilar paydo bo‘ldi. Shaharlar tarkib topdi. 
Yunon shaharlaridagi tabaqaviy ijtimoiy-siyosiy kurash kolonizatsiya jarayonini yana bir 
sababi edi. Shaharlarning iqtisodiy taraqqiyoti ijtimoiy tabaqalanishni kuchaytirdi. Shahar 
aholisining turli tabaqalari o‘rtasida ijtimoiy-siyosiy kurash kuchayib ketdi. Ayrim hollarda 
siyosiy kurashda yengilgan guruh shaharni tashlab ketishga majbur edi. Shuningdek, savdo-
hunarmandchilikning rivojlanishi xomashyoga bo‘lgan ehtiyoj va tayyor mahsulotni sotish uchun 
yangi hududlarni izlab topish zaruriyatini tug‘dirdi. Bundan tashqari, arxaik davrda 
Yunonistonning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlangan viloyatlarida fuqarolarni qarzi uchun qul 
qilish qonun bilan taqiqlandi. O‘sib borayotgan iqtisodiyotni arzon ishchi kuchi – qullarga bo‘lgan 
talabini qondirish uchun begona hududlardan qullarni olib kelish boshlandi. Yunon kolonistlari 
ko‘p hollarda yangi qul bozorlarining tashkilotchilari bo‘ldilar. 
Begona joylarda yunonlar o‘z tayanch nuqtalarini mahalliy aholi bilan kelishgan holda, 
ayrim hollarda kuch ishlatish yo‘li bilan barpo qildilar. Yunonlar begona hududlarda ba’zida 
mahalliy aholining qarshiligiga duch keldilar, ba’zida do‘stona aloqaga kirishdilar. Kiklad, 
Sporada orollari va Kichik Osiyo qirg‘oqlari dastlab yunonlar o‘zlashtirgani sababli, mil.avv. VIII 
asrda aholining ko‘chishi g‘arbda Sitsiliya va Janubiy Italiyaga, shimoliy-sharqda Qora dengiz 
qirg‘og‘iga tomon yo‘naldi. Janubiy Italiya mil.avv. VIII–VI asrlarda kolonizatsiya qilindi. Bu 
yerdagi kolonistlar o‘zlarining kelib chiqishlarini Pelepponnes axeylaridan deb hisoblar edilar. 
Yunonlarning koloniyalari asosan 3 geografik yo‘nalishda bordi: Shimoliy Qora dengiz havzasi; 
Kichik Osiyoning g‘arbiy qirg‘og‘i va Apennin yarim orolining janubi va Sardiniya, Korsika va 
Sitsiliya orollarining ayrim qismlari. 
Mil.avv. VII–VI asrlardagi kolonizatsiya jarayonida barpo qilingan yunon shaharlari 
xo‘jalikning bir necha yo‘nalishida rivojlandi. Janubiy Italiyadagi shaharlar qishloq xo‘jalik 
mahsulotlarini ishlab chiqarishga, Qora dengiz bo‘yidagi Milet koloniyalari savdoga 
ixtisoslashgan edi. Janubiy Italiyada Metapont va Sires, Sibaris, Posidoniya kabi yunon shaharlari 
qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanar edi. Bu yerda spartaliklar asos solgan Tarent shahri koloniyalar 
orasida yetakchi o‘rinni egalladi. Shahar Sparta shevasini va boshqaruv uslubini to‘liq saqlab 
qoldi. 
Sitsiliya orolida Evbey Xalkidasi yunonlari mil.avv. 735-yil atrofida Naksos, Katanu va 
Leontiano, Zankli (keyingi Messana) hamda Regiy koloniyalarini barpo qildilar. Shimolda Gaetan 
qo‘ltig‘ida Qum shahriga asos solindi. Loklar Italiyaning Zefir burnida Zefir Lokri (hozir Kap 


Spartivento)ni, Korinf aholisi Sitsiliyaga vaqt o‘tishi bilan yunon g‘arbining bosh markazi va 
metropoliya rolini o‘ynagan Sirakuza koloniyasini barpo qildilar. Sirakuza o‘z navbatida, Akr va 
Kamerina koloniyasini barpo qildi. Megara Gibliya Megarasi va Seluninga, rodosliklar Agrigent 
shahriga asos soldilar. Shunday qilib, yunonlar Sitsiliyaning sharqiy va janubiy qismini egalladilar. 
Orolning g‘arbida bu yerga yunonlardan ilgari kelgan finikiyaliklar hukmronlik qilgan. Vaqt 
o‘tishi bilan orolning g‘arbida Finikiya yerlari qisqarib, faqat Finikiyaning uch nuqtasi: Solunt, 
Panorm (hozirgi Palermo) va Motiya qoldi. 
Mil.avv. VI asrda yunonlarning Italiya va Sitsiliya koloniyalari gullab-yashnadi va Bolqon 
Yunonistonidan ko‘ra, bu yerda savdo-hunarmandchilik va dehqonchilik yuqori darajada 
rivojlanib, Buyuk Yunoniston nomini oldi. Bu koloniyalarning gullab-yashnashining asosi yaxshi 
yo‘lga qo‘yilgan qishloq xo‘jaligi, savdo, hunarmandchilik edi. Sitsiliya va Italiyadagi yunon 
koloniyalaridan g‘alla Yunoniston va Kichik Osiyoga chiqarildi. Mil.avv. VII asrda Liguriya 
qirg‘og‘idagi Rodan daryosi havzasida fokiyaliklar Massiliya (hozirgi Marsel), Janubiy Italiyada 
Eleya shaharlariga asos soldilar. 
Sharqda Xalkidika yarim oroli Evbeydagi Xalkida aholisi tomonidan, Epir qirg‘og‘idagi 
(hozirgi Korfu) Kerkira oroli korinfliklar tomonidan bosib olindi. Korinfliklar Ambrakiy 
qo‘ltig‘ida Ambrakiya va Anaktorn; Illiriya qirg‘og‘ida Appoloniya va Epidamn koloniyalariga 
asos soldilar. Qora dengiz qirg‘oqlarida Kichik Osiyodagi yunonlarning eng kuchli savdo markazi 
Miletning fuqarolari o‘nlab koloniyalarni barpo qildilar. Abidos, Sinop, Koteo, Kerasun va 
Trapezund; Qora dengiz shimoli, shimoliy-g‘arbiy qirg‘oqlarida Olviya, Appoloniya, Odessa, 
Toma, Tira, Feodosiya; Bosforda Kalxidon (megaralilar asos solgan); Qora dengizning Yevropa 
qirg‘og‘ida Vizantiy, Gerakleya koloniyalari qad ko‘tardi. Bu koloniyalarning asosiy mashg‘uloti 
savdo, hunarmandchilik va dehqonchilik edi. Qora dengiz shimolidagi yunon koloniyalari o‘z 
vatanlariga g‘alla eksport qildilar. Mil.avv. VII asrda Misrda ham yunonlarning tayanch nuqtalari 
vujudga keldi. Bu yerda Navkratis koloniyasi barpo qilindi. Shimoliy Afrikada Liviya qirg‘og‘ida 
shoir Kallimax va olim Eratosfenning vatani Kirenaga asos solindi. Ammo yunonlarning g‘arbga 
siljishini Karfagen, janubiy-sharqda esa Misr to‘xtatdi. Yunonlar janubiy Italiya, Korsika, 
Sardiniya va Sitsiliya orollari hamda unga yaqin joylarda etrusklar, finikiyaliklar va mahalliy 
aholining qarshiligiga duch keldilar. 
Buyuk kolonizatsiya deb atalgan jarayon bilan bog‘langan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy 
o‘zgarishlar qadimgi Yunonistonning keyingi taraqqiyotini belgilab berdi. G‘arb va Sharqda ko‘p 
sonli yunon koloniyalarining barpo qilinishi, O‘rtayer dengizi savdosidan finikiyaliklarning siqib 
chiqarilishi yunon savdosining o‘sishi, hunarmandchilikning yuksak taraqqiyotiga olib keldi. 
Tovar sotish bozorlari, hunarmandchilik mahsulotlari hajmi kengaydi. Ishchi kuchiga yanada 
ehtiyoj kuchayib, qullarning soni o‘sdi. Ellada iqtisodiyotining barcha sohalarida qul mehnati 
yetakchi o‘ringa chiqa boshladi. Zodagon oligarxiya ayrim polislarda boshqaruvni xalq tomonidan 
hokimiyat tepasiga chiqarilgan, o‘z shaxsiy hokimiyatini o‘rnatishga erishgan kuchli va faol 
shaxslar – tiranlarga topshirishga majbur bo‘ldi. Mil. avv. VI asrda arxaik davrning tugashi davrida 
ba’zi bir polislarda demokratik qurilishning ilk asoslari tashkil topdi. 

Download 0.74 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   18




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling