3.2 TARKIBIY (STRUKTURAVIY) ISHSIZLIK
Ishsizlikning ikkinchi turi tarkibiy (strukturaviy) ishsizlik bo’lib, u iqtisodiyotning ba’zi tarkibiy tuzilma va sohalaridagi o’zgarishlar natijasida vujudga keladi. Ba’zi bir mahsulot yoki xizmat turlariga bo’lgan ehtiyojning qisqarib, hatto umuman yo’qolib borishi bu mahsulot (xizmat)larni ishlab chiqarishni qisqartirilishga yoki umuman to’xtalishiga natijada uni ishlab chiqaruvchilarning ishsiz qolishiga olib keladi.
Friktsion ishsizlik bilan tarkibiy ishsizlikda ma’lum o’xshashliklar va farqli jihatlar mavjud. O’xshashligi shundaki, har ikkala ishsizlik har qanday iqtisodiyot uchun, xatto barqaror rivojlanib borayotgan iqtisodiyot uchun ham xos bo’lib, ularni umuman bartaraf etib bo’lmaydi. Asosiy farqi shundaki, friktsion ishsizlikda xodimlarda ma’lum tajriba mavjud bo’ladi va ular bu tajribadan foydalanib, qisqa vaqt ichida o’z ishchi kuchini sotishi yoki ish topishi mumkin. Tarkibiy ishsizlikda ishchi kuchi darhol yoki qisqa muddat ichida ish topa olmaydi. U malakasini o’zgartirishi, qayta malaka oshrishi, ma’lumot olishi, yangi kasb egallashi lozim. Ayrim hollarda xatto yashash joyini o’zgartirishga ham to’g’ri keladi. Friktsion ishsizlikda ishchi kuchi qisqa vaqtda ish bilan ta’minlanishi mumkin bo’lsa, tarkibiy ishsizlikda ishchi kuchi uzoq davr mobaynida qayta ma’lumot oladi va jiddiyroq qayta tayyorlanadi.
Tarkibiy ishsizlikka yaqin o’n yil ichida guvohi bo’layotgan jarayonni oddiy misol sifatida keltirish mumkin: komp’yuter texnikasining keng yoyilishi bugungi kunda yozuv mashinalarida ishlovchi texnik xodimlarni, bosmaxonalardagi harf teruvchilarni ishsiz qoldirmoqda. Fan-texnika taraqqiyotining jadal sur’ati sharoitida bunday misollarni yana juda ko’plab keltirish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |