15. 2023 yil 1 apreldan boshlab respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli (umumiy quvvati 50 kVt gacha) quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) amalga oshirilsin.
2023 yilda 37 ming aholi xonadonlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish rejasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Dastur doirasida:
a) jismoniy shaxslarga tegishli ob’ektlarda o‘rnatilgan quyosh panellarida ishlab chiqarilgan va o‘z iste’molidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga Davlat byudjetidan 1 000 so‘mdan subsidiya ajratiladi (keyingi o‘rinlarda – subsidiya).
Bunda:
subsidiya har oy yakuni bilan jismoniy shaxslar tomonidan yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan energiya hajmi va tizimdan iste’mol qilingan elektr energiyasi hajmi o‘rtasidagi ijobiy tafovut miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi;
subsidiya to‘lovlari jismoniy shaxslarning jami daromadlari tarkibiga kiritilmaydi;
subsidiya soliq organlari tomonidan har oyda “Soliq” mobil ilovasi orqali hisobot oyidan keyingi oyning 25-sanasiga qadar fuqarolarning bank plastik kartalariga o‘tkazib beriladi;
b) jismoniy shaxslar tomonidan yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasi hajmi:
oy davomida yagona elektr energetika tizimidan iste’mol qilingan elektr energiyasi hajmidan ko‘p bo‘lgan taqdirda, shu oy uchun elektr energiyasi bo‘yicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga to‘lov qilinmaydi;
oy davomida yagona elektr energetika tizimidan iste’mol qilingan elektr energiyasi hajmidan kam bo‘lgan taqdirda, shu oy uchun elektr energiyasi bo‘yicha to‘lovlar iste’mol qilingan va uzatilgan elektr energiyasi farqidan kelib chiqib hisoblanadi;
v) “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan tekinga olingan elektr energiyasi daromad sifatida hisobga olinmaydi.
16. Belgilansinki:
Dastur doirasida subsidiyalarni ajratish va hisob-kitob qilish tizimining to‘laqonli ishlashi Markaziy bank (M.Nurmuratov), Soliq qo‘mitasi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ (U.Mustafoyev) tomonidan ta’minlanadi;
Dasturni amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti daromadlari bo‘yicha prognozning oshirib bajarilgan qismi hamda 2023 yil I chorak yakunlari bo‘yicha Davlat byudjeti xarajatlarini maqbullashtirish hisobidan moliyalashtiriladi;
Dasturning bajarilishini ta’minlash bo‘yicha shaxsiy javobgarlik Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari zimmasiga yuklatiladi;
Dasturning uzluksiz va shaffof ishlashini nazorat qilish Bosh prokuror o‘rinbosari Sh.Aminov zimmasiga yuklatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |