1.2. HFXning aksiomalari yoki uning istiqboli haqida
Ma’lumki, xavflar odamga uyida, shaharda, ish joyida uzoq muddat (sutka, ish kuni va h.k.) davomida ta’sir qiladi. Shuning uchun zararli omillar bo‘yicha yashash muhiti holati ko‘rsatkichlarini muntazam ravishda tekshirib turish kerak. Buning uchun monitoring sistemasini yaxshi yo‘lga qo‘yish kerak bo‘ladi.
Monitoring – bu yashash muhiti holatini nazorat qilish va nohush vaziyat vujudga kelayotganligi haqida ogohlantirishdir.
Aholi sog‘lig‘ini mustahkamlash va kasallanishning oldini olish bo‘yicha davlat informatsiya siyosati quyidagi tadbirlarni o‘z ichiga olishi kerak:
Yashash muhitidagi xavflar haqida muntazam informatsiya;
atrof – muhitga chiqarib yuborilayotgan zaharli chiqindilar haqida muntazam informatsiya;
ishlovchilarga korxonada ajralib chiqayotgan nohush omillar va ularning kishi sog‘lig‘iga zarari haqida muntazam informatsiya;
hudud aholisining sog‘lig‘i holati va kasbiy kasalliklari haqida informatsiya,
xavflardan himoyalanish usul va vositalari haqida informatsiya;
korxona va xavfsizlik xizmati rahbarlarining xavfsiz yashash muhiti yaratish javobgarligi haqidagi informatsiya.
Ma’lumki, inson sog‘lig‘i ijtimoiy qadriyatlar sistemasida muhim ro’l o‘ynaydi.
Real vaziyat, voqea va omillarning tahlili, insonning texnosferadagi hayotiy faoliyat xavfsizligi haqida prof. Belov S.V. [2] quyidagi aksiomalarni keltiradi.
1-aksioma. Qachonki, texnosferadagi kundalik modda, energiya va informatsiya oqimi chegaraviy qiymatlardan yuqori bo‘lar ekan, texnogen xavflar mavjud bo‘ladi.
Xavflarning chegaraviy yoki yo‘l qo‘ysa bo‘ladigan qiymatlari inson va tabiiy muhitning funksional va tarkibiy butligini ta’minlashga qaratilgandir. Ularga rioya qilish insonga xavfsiz hayotiy faoliyat shartlarni yaratadi va texnosferaning atrof muhitga noxush ta’siridan asraydi.
2-aksioma. Texnosfera elementlari texnogen xavflar manbaidir.
Xavflar, texnik sistemadagi nosozlik va nuqsonlar mavjud bo‘lganda, ularni noto‘g‘ri ishlatilganda va zararli chiqindilar chiqarganda paydo bo‘ladi. Texnik sistemalardagi nosozlik va nuqsonlar jarohatlanish xavfini tug‘dirsa, zararli chiqindilar (chang, gaz, oqava suvlar, energetik nurlanishlar va maydonlar) ajralib chiqishi insonga, tabiiy muhitga va texnosfera elementlariga zararli ta’sir qiladi.
3-aksioma. Texnogen xavflar makon va zamonda ta’sir qiladi.
Jarahatlovchi omillar, odatda, cheklangan makonda qisqa vaqt ichida va to‘satdan, kutilmaganida ta’sir qiladi.
Ular avariya va falokatlarda, portlash, bino va inshoatlarning to‘satdan buzilish hollarida paydo bo‘ladi. Ularning ta’sir doirasi, odatda, cheklangan bo‘ladi. Lekin ayrimlari juda katta maydonlarga tarqalishi mumkin.
Zararli ta’sirlarning xarakterli tomoni shundaki, ular uzoq muddat yoki vaqti-vaqti bilan odamga, tabiiy muhitga va texnosfera elementlariga noxush ta’sirini o‘tkazadi. Ularning makondagi ta’sir doirasi juda katta, ya’ni kichik bir ish zonasida va yashash zonasidan yer sharini o‘rab turgan fazogacha bo‘lishi mumkin. Bularga ozon qatlamini yemiruvchi “issiqxona samarasi” hosil qiluvchi gazlar, radioaktiv moddalarning atmosferaga tarqalishi va boshqalar misol bo‘la oladi.
4-aksioma. Texnogen xavflar odamga, tabiiy muhitga va texnosfera elementlariga baravar salbiy ta’sir qiladi.
Odam va uni o‘rab turgan texnosfera o‘zaro moddiy, energetik va informatsiya almashuvida bo‘lar ekan doimiy (odam-texnosfera) fazoviy sistemasini vujudga keltiradi. Bir vaqtning o‘zida “Texnosfera-tabiiy muhit” sistemasi ham mavjud. Texnogen xavflar tanlab ta’sir qilmaydi. Ular yuqoridagi sistemalar tarkibida va elementlarga baravar salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
5-aksioma. Texnogen xavflar odamlar salomatligini yomonlashtiradi, jarohatlarga, moddiy talofatlarga va tabiiy muhitning tanazzuliga olib keladi.
Jarohatlovchi omillarning ta’siri odamlarni jarohatlanishi yoki o‘limiga olib keladi. Bu odatda tabiiy muhit va texnosferadagi cheklangan buzilishlar tufayli yuzaga keladi.
Zararli omillarning ta’siri odatda, uzoq muddatli bo‘lib, salomatlik holatiga salbiy ta’sir qiladi, kasbiy yoki regional kasalliklarga olib keladi. Tabiiy muhitga ta’sir qilib, tabiat va hayvonot olami, hamda biosfera elementlarining tanazzuliga olib keladi.
Zararli moddalarning yuqori konsentratsiyalarida yoki energiyaning katta oqimlarida zararli omillar o‘zlarining ta’sir qilish xarakteri bo‘yicha jarohatlovchi omillarga tenglashadi. Masalan, zaharli moddalarning suvdagi, havodagi va oziq-ovqatdagi konsentratsiyalari odamni zaharlashi mumkin.
6-aksioma. Texnogen xavflardan himoyalanish xavf manbalarini mukammallashtirish, xavf manbai bilan himoya ob’ekti orasidagi masofani uzoqlashtirish va himoya choralari qo‘llash bilan amalga oshiriladi.
Modda, energiya va informatsiya oqimini kishi faoliyati zonasida kamaytirish uchun bu oqimlarni xavf manbaidan chiqishini kamaytirish yoki ular orasidagi masofani uzaytirish bilan amalga oshirish mumkin. Bularni amalga oshirish mumkin bo‘lmagan hollarda himoyalovchi texnik, tashkiliy tadbirlar va shaxsiy hamda kollektiv himoya vositalari qo‘llanadi.
7-aksioma. Odamlarning xavflar va ulardan himoyalanish borasidagi chuqur bilimlari – hayotiy faoliyat xavfsizligini ta’minlashdagi zarur shartidir.
Texnogen xavflarning xilma-xilligi va ularni tez sur’atlar bilan ko‘payib borishi, ulardan himoyalanishni tabiiy mexanizmlarini yo‘qligi, odamda xavflarni oldindan sezish va ulardan himoyalanish malakasiga ega bo‘lishni talab qiladi. Bunga uni hayoti davomida faqat o‘qitish, o‘rgatish va malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash bilangina erishib bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |